Xalq xo’jaligi, uning umumiy ta'rifi


Qishloq xo'jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilanishi



Yüklə 55,59 Kb.
səhifə3/3
tarix13.12.2023
ölçüsü55,59 Kb.
#174822
1   2   3

Qishloq xo'jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilanishi.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 sentabr kuni qishloq xo'jaligini 2020-2030yillarda rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan

yig'ilish o'tkazdi.


Mamlakatimiz qishloq xo'jaligi bo'yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to'kin, xalqimiz rizqi mo'l-ko'l bo'lishidan
tortib eksportdan qo'shimcha daromad topishgacha bo'lgan juda ko'p masalalar shu soha bilan bog'liq.
Keyingi yillarda qishloq xo'jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo'yicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko'paytirilgani natijasida manfaatdorlik oshdi. Paxtachilik va g'allachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi.
Yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida 76 ta paxta-to'qimachilik klasterlari tashkil etildi.
Joriy yilning o'zida 25 ming gektar paxta maydonlarida suv tejovchi yangi sug'orish tizimi joriy qilindi. Foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yerni qayta ishga kiritish bo'yicha sa'y-harakatlar boshlandi.
Bular, albatta, yaxshi natijalar, lekin mazkur ishlar – islohotlarning birinchi bosqichi.
Prezidentimiz faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham o'ylab, uzoqni ko'zlab islohotlarni yangi bosqichga ko'tarish vazifasini qo'ymoqda. Shu maqsadda qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o'sish nuqtasi, "drayveri" bo'ladi. Ming- minglab ish joylari yaratiladi, odamlarning daromadi oshadi.
Yig'ilishda mazkur strategiyani amalga oshirish uchun zarur bo'lgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Bunda, avvalo, qishloq xo'jaligi yerlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish lozimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, "Yergeodezkadastr" qo'mitasiga 2021 yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida yerni hisobga olish ishlarini yakunlash, yer hisobini yuritish bo'yicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.
Qayd etilganidek, unumdorlikni oshirishga, ko'p yillik mevalar yetishtirishga intilishi uchun yer egalarining ertangi kunga to'la ishonchi bo'lishi kerak. Shu bois Prezidentimiz qonunchilikni qayta ko'rib chiqib, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga bo'lgan huquqning kafolatlanishini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.
Qishloq xo'jaligida suvdan to'g'ri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga ko'ra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yo'naltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga yetib boradi, 40 foizi sug'orish tizimlarida va sug'orish jarayonida yo'qotiladi.
Jahon suv resurslari instituti tahminlariga ko'ra, 2040 yilga borib O'zbekiston suv o'ta tanqis bo'lgan 33 mamlakat qatoridan joy olishi mumkin.
Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e'tibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini ta'kidladi. Ushbu yo'nalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada o'z aksini topishi kerakligi aytildi.
Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, budjet mablag'larining asosiy qismini yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm- fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi ko'rsatib o'tildi.
Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.
Masalan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot yetishtiriladi. O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim bir xil standartdagi tovar yetkazib berish yo'lga qo'yilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti.
Yig'ilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Bu borada tomorqa xo'jaliklari ham katta rezerv ekani, "bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida joylarda logistika xizmati va kooperatsiya tizimini keng joriy qilish lozimligi qayd etildi.
Xizmat ko'rsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yo'qligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchining tanlash imkoniyati yo'q.
Shuning uchun mineral o'g'itlarni yetkazib berish, o'simliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini ko'paytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlandi.
Joriy yilda boshlangan yerni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020 yil yakuniga qadar to'liq oxiriga yetkazish darkor. Bu tizim vegetatsiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida to'liq ma'lumotlarni berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi.
Mutasaddilarga ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha bo'lgan jarayonlarni to'liq raqamlashtirish tizimini joriy etish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Yuqoridagi vazifalar bajarilishini samarali tashkil etish uchun eng avvalo malakali kadrlar kerak. Xalqaro tajriba asosida sohaga ixtisoslashgan oliy o'quv yurtlarida o'qitishning yangi metodikasini tatbiq etish, professor-o'qituvchilar ishtirokida sayyor o'quv darslari hamda seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Ilmiy-tadqiqot institutlarida ertapishar mahsulot turlari va hududlar iqlimiga mos chorva zotlarini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo'yicha ham ko'rsatmalar berildi.
Umuman olganda, yangi strategiya qishloq xo'jaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilib, ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, eksportni ko'paytirish, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi.
Yüklə 55,59 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin