3. Mahsulot tannarxini kalkulyatsiyalash tushunchasi va ob’ektlari
Kalkulyatsiyalash - ishlab chiqarish, bajarilgan ish va ko’rsatilgan xizmatlar tannarxini hisoblashdir.
Kalkulyatsiyalash jarayonida tannarx hisoblanadi:
- jami ishlab chiqarilgan mahsulotlar, bajarilgan ishlar va ko’rsatilgan xizmatlar;
- asosiy va yordamchi ishlab chiqarishlar, shuningdek xizmat ko’rsatadigan ishlab chiqarish va xo’jaliklarning alohida mahsulot turlari, bajarilgan ishlar va ko’rsatilgan xizmatlari; keyinchalik qayta ishlash yoki sotish uchun ishlab chiqarilgan yarim tayyor mahsulotlar;
- alohida bo’linmalarning mahsulotlari, ishlari, xizmatlari;
- tugallanmagan ishlab chiqarish.
Bu tannarx ko’rsatkichlari moliyaviy natijalar to’g’risida hisobotni tuzish, mahsulot tannarxini boshqarish, mahsulot (ishlar, xizmatlar) narxlarini aniqlash, shuningdek, korxona va uning alohida bo’linmalari faoliyat natijalarini aniqlash va boshqalar uchun foydalaniladi.
Rejali, smetali, normativ va hisobot, yoki haqiqiy kalkulyatsiya turlari mavjud.
Rejali kalkulyatsiya rejalashtirilgan davr (yil, chorak) uchun mahsulot yoki bajarilgan ishlarning o’rtacha tannarxini belgilaydi. Rejali kalkulyatsiyalar xom ashyo, materiallar, yoqilg’i, energiya, mehnat sarflari, uskunalardan foydalanish xarajatlarining progressiv normalari va ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatishni tashkillashtirish bo’yicha xarajat me’yorlariga asoslangan holda tuziladi. Ushbu xarajat me’yorlari rejalashtirilgan davr uchun o’rtacha hisoblanadi. Rejali kalkulyatsiyaning bir turi smetali kalkulyatsiya hisoblanadi, ular biron-bir mahsulot yoki ish narxini aniqlash, mijozlar bilan hisob-kitoblar va boshqa maqsadlar uchun tuziladi.
Me’yoriy kalkulyatsiya xom ashyo, materiallar va boshqa xarajatlarni me’yori bo’yicha oy boshidagi me’yorlari (joriy xarajat me’yorlari) asosida tuziladi. Joriy xarajatlar me’yorlari korxonaning bu bosqichidagi ishlab chiqarish imkoniyatlariga mos keladi. Foydalanilgan resurslarga nisbatan barqaror narxlar bilan yil boshidagi joriy xarajatlar me’yorlari, odatda, rejali kalkulyatsiyaga kiritilgan o’rtacha xarajatlar me’yorlaridan yuqori, yil oxirida esa aksincha, past bo’ladi. Shu sababli yil boshida me’yoriy mahsulot tannarxi, odatda, rejadagidan yuqori, yil oxirida esa – pastroq bo’ladi.
Hisobot yoki haqiqiy kalkulyatsiyalar mahsulot ishlab chiqarishning haqiqiy xarajatlari bo’yicha buxgalteriya ma’lumotlari asosida tuziladi va ishlab chiqarilgan mahsulot yoki bajarilgan ishlarning haqiqiy tannarxini aks ettiradi. Ishlab chiqarishning haqiqiy tannarxiga rejalashtirilmagan unumsiz xarajatlari ham kiradi.
Kalkulyatsiya ob’ektlari – bu tannarxini aniqlaydigan alohida mahsulotlar, mahsulotlar guruhlari, yarim tayyor mahsulotlar, tugallanmagan ishlab chiqarish, ishlar va xizmatlardir. Ishlab chiqarish xarajatlarining analitik hisobi, odatda, kalkulyatsiya ob’ektlari bo’yicha yuritiladi. Analitik hisobvaraqlarni har bir ob’ekt uchun emas, balki ularning guruhi uchun ochishga ruxsat etiladi.
Har bir kalkulyatsiyalash ob’ekti uchun to’g’ri kalkulyatsiyalash birligini tanlash kerak, bu esa:
- natural birliklar (tonna, metr, dona va boshqalar);
- shartli-natural birliklar, koeffitsientlar orqali hisoblanadi (ming shartli konserva bankasi, 100% li quvvatli spirt va boshqalar);
- qiymat birliklari (bir so’m sotilgan mahsulotga xarajatlar, ehtiyot qismlar qiymatining 1000 so’miga xarajatlar va boshqalar);
- mehnat birliklari (bir norma-soat, bir norma-smena).
Kalkulyatsion birliklar hisob natural birligi bilan bir xil bo’lmasligi mumkin. Qayta ishlash tashkilotlarida, masalan, hisob birligi 1 kg mahsulot, kalkulyatsion birligi esa 1 t yoki 1 ts. bo’lishi ham mumkin.