Psixologik manbalarda ko’rsatishicha, psixikaning eng muhim xususiyati, inson tashqi ta’sirotlaridan o’zining keyingi faoliyati va xatti-harakatlarida doimo foydalanishi hamda ijodiy yondoshuvi orqali unga ba’zi o’zgarishlar kiritishidir.
Insonda shaxsiy tajriba, ko’nikma, malaka va bilimlar ko’lami orta borgan sari faoliyati hamda xulq-atvori tobora murakkablashib, yangi mazmun, yangi sifat kasb eta boshlaydi.
Hozirgi davrda qo’llanib kelayotgan adabiyotlarda xotiraga mana bunday ta’rif berib kelinmoqda:
“Individning o’z tajribasida esda olib qolishi, esda saqlashi va keyinchalik uni yana esga tushirishi xotira deb ataladi.”
Xotira atrof-muhitdagi voqelikni bevosita va bilvosita, ixtiyoriy va ixtiyorsiz ravishda passiv va aktiv holda reproduktiv va produktiv tarzda verbal va noverbal shaklda, mantiqiy va mexanik yo’l bilan aks ettiruvchi esda olib qolish, esda saqlash, qaytadan esga tushirish, unutish va eslashdan iborat psixik jarayon.
Alohida va umumiylik namoyon qiluvchi ijtimoiy hodisa. Barcha ta’sirotlarni ijodiy qayta ishlashga yo’naltirilgan mnemik faoliyatdir. Lekin bu mutloq mukammallikni davo qilish degani emas, chunki unda muayyan darajada obe’ktiv va su’bektiv ma’lumot aks ettirilmagan.
Odam ko’rgan, his qilgan va eshitgan narsalarining juda oz miqdorinigina eslab qola oladi. Bir vaqtning o’zida odam oldida 7 tadan ortiq belgiga ega bo’gan ma’lumotning qolishi qiyin ekan.
Bu yettita so’z, son, belgi narsalarning shakli bo’lishi mumkin. Agar telefon raqamlari 8 belgili bo’lganda uni yodda saqlash ancha qiyin bo’ladi.
Demak, ongning tanlovchanligi va ma’lumotlarni saralab, terib ishlatishi yana bir psixik jarayonni-xotirani bilishimiz lozimligini bildiradi. Odatda biz biror-bir materialni o’qiydigan bo’lsak, uni hech bir o’zgarishsiz eslab qolishga harakat qilamiz.
Inson xotirasining yaxshi bo’lishi, ya’ni his-kechinmalarimiz, ko’rgan-kechirganlarimizning mazmuni to’laroq miyamizda saqlanishi quyidagi omillarga bog’liq:
Esda saqlab qolish bilan bog’liq harakatlarning yakunlanganlik darajasi.
Shaxsning o’zi shug’ullanayotgan ishga nechog’lik qiziqish bildirayotganligi va shu ishga moyilligi.
Shaxsning bevosita faoliyat mazmuni va ahamiyatiga munosabatining qandayligi.
Shaxsning ayni paytdagi kayfiyati.
Irodaviy kuchi va intilishlariga.
Xotiraning samaradorligi eslab qolishning ko’lami va tezligi, esda saqlashning davomiyligi, esga tushirishning aniqligi bilan bog’lanadi. Demak, odamlar aynan shu sifatlariga ko’ra ham farqlanadi:
Materialni tezda eslab qoladiganlar.
Materialni uzoq vaqt esda saqlaydiganlar.
Istagan paytda osonlik bilan esga tushiradiganlar.