O‘rtacha narxlar strategiyasi. Bu strategiya narxlarni xaridorlar
tomonidan tovar qiymatini idrok etilishi darajasiga ko‘ra belgilashni
ko‘zda tutadi, ya’ni narx tovarning haqiqiy qiymatiga mos ravishda
belgilanadi.
O‘rtacha narxlar strategiyasi korxonada yuqori narxlar strategiyasini
ham (sifat darajasi boshqacha, xaridorlar o‘ta sezuvchan), past narxlar
strategiyasini ham (xaridorlar tovarning sifati past, deb tushunishlari,
raqobatchilar narxning past darajasiga o‘zlarining shunga o‘xshash
tovarlarining narxini pasaytirish bilan javob berishi mumkin) qo‘llash
imkoni qolmaganda foydalaniladi.
O‘rtacha narxlar strategiyasi bozorda bir-biriga o‘xshash,
raqobatlashuvchi tovarlar ko‘pligi tufayli ko‘pchilik korxonalar uchun
eng tipik strategiya hisoblanadi. Bu strategiya «narxlar urushi» imkonini
istisno qiladi. Bunday strategiyani o‘zining bozordagi faoliyati uchun
qulay iqlim barqarorligi va saqlanishidan manfaatdor va foyda olinishiga
uzoq muddatli siyosat, deb qarovchi korxonalar ko‘proq qo‘llaydi. Bu
strategiya yangi raqobatchilar paydo bo‘lishiga olib kelmaydi, xaridorlar
hisobiga «boylik orttirish»ga imkon bermaydi, shu bilan birga qo‘yilgan
kapitalga adolatli foyda olish imkonini beradi.
«Maqsadli» narxlar strategiyasi (maqsadli foyda). Bu strategiyada
maqsadli miqdor foydaning ma’lum (berilgan) summasi qo‘yilgan
kapitalga foydaning rejalashtiriladigan foizi hisoblanadi.
O‘zgarmas narxlar strategiyasi. Bu strategiyada firma o‘z tovari
narxini iloji boricha o‘zgartirmaslikka intiladi. Xarajatlar o‘sishi
kuzatilgan holatlarda firma narxni oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqish
o‘rniga hamma o‘ram (upakovka)larni kamaytiradi, tovar tarkibini
o‘zgartiradi va boshqalar. Shu bilan birga iste’molchi narx o‘sishining
bunday o‘zgarishini afzal ko‘radi, deb faraz qilinadi. Bu strategiya
narxning yashirin oshishini aks ettiradi.