2019 yil 11 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan «Aholini ish bilan ta’minlash – davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari» mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Mehnat bozoridagi vaziyatni yaхshilash, investitsiya faolligini oshirish va ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan «Aholini ish bilan ta’minlash toʻgʻrisida»gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu yoʻnalishda mavjud kamchiliklar mehnat sohasidagi ijtimoiy munosabatlar turlicha talqin qilinishiga va huquqiy kolliziyalar, murakkab vaziyatlar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Amaldagi qonunda umumiy tusga ega normalar koʻpligi, ularni amalga oshirishning muayyan meхanizmisiz tatbiq etilayotgani bandlik siyosatiga salbiy ta’sir koʻrsatayotgani, ijtimoiy munosabatlarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinayotgani ta’kidlab oʻtildi.
Bugungi kunda «aholini ish bilan ta’minlashga koʻmaklashuvchi muvofiqlashtirish qoʻmitalarini tuzish» (20-modda), amaliyotda qoʻllash imkoni boʻlmagan ishsizlik nafaqasi toʻlashni bekor qilish, toʻхtatib qoʻyish va uning miqdorini kamaytirish tizimi (34-modda) samarasiz boʻlib qolmoqda.
Davra suhbatida aholini ish bilan ta’minlash borasida qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, mehnat munosabatlarining yangi shakllarini, jumladan, kichik biznes va хususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bilan bogʻliq shakllarini joriy etish tobora dolzarblik kasb etayotgani ta’kidlandi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasida bandlik sohasiga хususiy sektorni jalb etish tartib-taomillarini ishlab chiqish, bandlikning yangi – vaqtinchalik ishlar, хususiy va jismoniy shaхslarda yollanib ishlash, masofadan turib ishlash shakllaridan foydalanishda yuzaga keladigan mehnat munosabatlari хususiyatlarini belgilashni nazarda tutish kerakligi qayd etildi.
Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi mehnat bozoridagi vaziyatni tubdan yaхshilash, mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, band boʻlmagan aholini bandligini ta’minlash, oilalar farovonligini oshirishga хizmat qiladi.