Yengil atletika — sportning eng ommaviy turlaridan biri. Turli masofalarga yugurish, sportcha yurish, sakrash (balandlikka, uzunlikka, uch hatlab, langarcho‘p bilan), uloqtirish (nayza, lappak, bosqon), yadro irg‘itish, ko‘pkurash (o‘nkurash, yettikurash) mashqlarini o‘z ichiga oladi. Yengil atletikada 50 dan ziyod mashq bor, ulardan 49 tasi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan (2000 yilgi Sidney olimpiadasida erkaklar Yengil atletikaning 22, ayollar 20 turida musobaqalashishdi). Bundan tashqari, Yengil atletika zamonaviy beshkurash va triatlon sport turlarining bir mashqini tashkil etadi, barcha sport turlarining mashgulot, ta’lim muassasalarining o‘quv, harbiy-tayyorgarlik, salomatlik mashqlari, o‘quvchi-yoshlarning «Alpomish» va «Barchinoy» sport sinovlari dasturidan joy olgan. Gomerning «Iliada», Ibn Sinoning «Tib qonunlari» va boshqa kitoblarda Yengil atletika mashqlariga oid ma’lumotlar uchraydi. Qadimgi Olimpiada o‘yinlarida (miloddan avvalgi 776 yildan milodiy 394 yilgacha) asosan Yengil atletika bo‘yicha musobaqalar uyushtirilgan. Zamonaviy Yengil atletikaning rivojlanishida 19-asrda Angliyada (1837 yildan) musobaqalar, Afinada (1859 yildan) umumgrek o‘yinlari o‘tkazilishi va olimpiada tiklanishi (1896 yildan)ning ahamiyati katta bo‘ldi. 1912 yilda Xalqaro havaskor Yengil atletikachilar federatsiyasi (IAAF) tuzilgan, unga 200 mamlakat a’zo (2001 yil; O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi 1993 yildan a’zo). IAAF 1977 yildan jahon kubogi (hozirgi kunda Gran-pri musobaqalari), 1983 yildan jahon birinchiligi musobaqalarini o‘tkazib keladi. O‘zbekistonda Yengil atletikaga qiziqish 1885 yilda Marg‘ilonda shu turga moslashtirilgan o‘yingoh barpo etilgandan keyin kuchaydi. Toshkentda 1902 yildan Yengil atletika musobaqalari, 1919 yildan mamlakat birinchiliklari, 1927 yildan spartakiada o‘tkazila boshlagan. O‘zbekistonda 135 mingdan ziyod kishi 140 dan ortiq murabbiy qo‘l ostida Yengil atletika bilan shug‘ullanadi, murabbiylardan 3 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 10 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi unvoniga ega (2001). O‘zbekistonlik Yengil atletikachilar 1952 yildan Olimpiada o‘yinlarida qatnashadi.
Olimpiadalarda Marina Shmonina (4x100 m ga estafetali yugurish, 1992) oltin, Rodion Gataulin (langarcho‘p bilan sakrash, 1988) kumush medalni qo‘lga kiritgan, Ramil G‘aniyev (o‘nkurash, 1996) 8-o‘rinni egallagan. Oleg Ryaxovskiy (uch xatlab sakrash), Roza Babich (200 m ga to‘siqlar osha yugurish) va Tatyana Biryulina (nayza uloqtirish) jahon rekordini yangilagan. Ashur Normurodov (uzok, masofaga yugurish) uch marta sobiq Ittifoq chempioni bo‘lgan (1967— 69). Osiyo o‘yinlarida 1994 yilda Svetlana Munkova (balandlikka sakrash), Ramil G‘aniyev (o‘nkurash), Oksana Yarigina (nayza uloqtirish), 1998 yilda Oleg Veretelnikov (o‘nkurash), Sergey Voynov (nayza uloqtirish) oltin medal bilan taqdirlangan Yengil atletika AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kuba, Xitoy kabi mamlakatlarda yaxshi rivojlangan.
Sport - Olimpiya, eng ko'p fanlarni o'z ichiga oladi (24 - erkaklar uchun, 23 ayollar uchun). Bunday xilma bilan adashish oson. Biz aniqlik kiritishimiz kerak. An'anaga ko'ra, u quyidagilarni o'z ichiga olgan kichik bo'limlarga bo'linadi.