Yerning meliorativ holati yaxshilanmoqda



Yüklə 263,5 Kb.
tarix23.05.2023
ölçüsü263,5 Kb.
#120083
Yerning meliorativ holati yaxshilanmoqda

Jarqo’rg’onda yerning meliorativ holati yaxshilanmoqda


Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil olish melioratsiya va irrigatsiya ishlarining qay darajada tashkil etilgani bilan bevosita bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yilning 29 oktabrda qabul qilingan “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni aynan shu masalaga qaratilgan.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yiliga qariyb 40 ming tonna paxta, 60 ming tonna g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladi. O‘tgan yili har gektar yerdan 30 sentnerdan paxta, 54 sentnerdan g‘alla hosili olindi. Bunday ko‘rsatkichga erishish oson bo‘lmadi, albatta. Chunki hududdagi ekin maydonlarining katta qismi sho‘rlangan. Sizot suvlari yuqori ko‘tarilgani bois, ayrim maydonlarda hosildorlik pasayib ketgan.
Bu holga barham berish maqsadida Quyi Zarafshon Gidrogeologiya melioratsiyasi ekspeditsiyasining Xatirchi tuman bo‘limi hamda Miyonqoltos irrigatsiya tizimi boshqarmasi tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Oq oltin-11”, “Do‘stlik”, “Oq oltin-1”, “Bog‘chakalon” yo‘nalishlaridagi suv tizimini ta’mirlash va tiklash loyihasi tayyorlanib, shu asosda ish olib borilmoqda.
– Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilamay turib, mo‘l hosil olib bo‘lmaydi, – deydi Quyi Zarafshon gidrogeologiya melioratsiyasi ekspeditsiyasining tuman bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Boirov. – Bu yil tumanda 143 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo zovurlar va suv uzatish shoxobchalarini o‘zaro bog‘liq holda tozalash rejalashtirilgan. Bu yil 280,4 mln. so‘mlik ish bajarishni mo‘ljallamoqdamiz. Shu kungacha korxonamizda o‘nta ekskovator yordamida 50 kilometrdan ziyod zovur tarmoqlari tozalandi. Shu orqali yerosti sizot suvlarining ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik natijasida 22 ming 870 gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi va hosildorlik o‘sishiga erishiladi.
Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keng ko‘lamli tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida jahonning yirik moliyaviy institutlari sarmoyalari jalb qilinayotir. Bunda davlatimiz rahbarining 2009 yil 28 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2010 yilgi Investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va beg‘araz texnik ko‘mak jalb etilib, 9 loyiha doirasida ish olib borilmoqda.
2004-2013 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonning Drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj o‘tkazish” loyihasi ulardan biridir.
Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 74,55 million AQSH dollariga teng loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlaridan unumli foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish tuzilmasini takomillashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida Amudaryoga oqava suvlarning tashlanishiga barham berildi. Daryoning quyi qismida suvning minerallashuvi va “Baday-To‘qay” qo‘riqxonasidagi o‘simliklar hamda hayvonot dunyosining degradatsiyasi sezilarli darajada kamaydi.
Irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarida olib borilgan qurilish-ta’mirlash tadbirlari tufayli 400 dan ziyod suv o‘lchash gidroposti qayta ishga tushirildi. “Beruniy” va “Qizilqum” meliorativ nasos stansiyalari faoliyati to‘xtatildi. Bu esa ushbu stansiyalar uchun har yili davlat budjetidan sarflanadigan 1,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni tejash imkonini beradi.
– Magistral va xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarida bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida suvni tejash imkoniyati yanada kengaydi, – deydi “O‘zbekistonning Drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istonda drenaj o‘tkazish” loyihasi direktori Baxtiyor Yusupov. – Ilgari sug‘orish tarmoqlaridagi quloqlarga suv ochib-yopish qo‘lda bajarilib, tuproq bilan yopib qo‘yilardi. Endi bunga ehtiyoj yo‘q. Chunki zamonaviy suv o‘tkazgichlar va suv o‘lchash inshootlari o‘rnatildi.
Loyiha doirasida ish olib borilayotgan hududlarda yer osti sizot suvlari sathi pasayib, yerning sho‘rlanish darajasi kamaymoqda. Xususan, Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a tumanlarida kuchli sho‘rlangan maydonlar kamayib, 100 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Bu esa fermer xo‘jaliklari va aholining suvga ehtiyojini to‘la ta’minlab, qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan, g‘alla va paxtadan mo‘l hosil yetishtirishda qo‘l kelayotir. To‘rtko‘l tumanidagi “Farovonlik”, Ellikqal’a tumanidagi “G‘ulomjon Shomurodov”, Beruniy tumanidagi “Olmosbek-To‘lqinjon o‘g‘li”, “Jumaniyozov-27” kabi fermer xo‘jaliklarida tuproq holati yaxshilanishi evaziga g‘alla hosildorligi 40-45 sentnerni tashkil etdi.
Mazkur loyihada belgilangan tadbirlar yakuniga yetgach, 100 ming gektardan ziyod ekin maydonini suv bilan ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish imkoniyati yanada kengayadi. Shu bois irrigatsiya tarmoqlarini qurish-ta’mirlash, ekin maydonlarini tekislash va yumshatish ishlari jadal davom ettirilmoqda.





Yüklə 263,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin