2. O’zbekistonda mustamlakachilikka asoslangan iqtisodiy siyosatning oqibatlari.
Respublika iqtisodiyoti tabiatan agrar tusga ega, sanoati asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalaridan iborat bo’lib, uning uchdan ikki qismini paxtachilik sanoati tashkil qilar edi. O’lkaning ishlab chiqarish hayotida usta-hunarmandchilik ishlab chiqarishi hamon oldingi o’rinni egallab, aholining poyafzal, kiyim-kechak va uy-ro’zgor buyumlariga bo’lgan ehtiyojlarini qondirar edi. Hunarmandlar bozorga chiqarilgan poyafzalning 86%ni, oshlangan terining 76%ni, kiyim-kechak va bosh kiyimlarining 85%ni, idish-tovoqlarning 60%ni ishlab chiqarar edilar. 1925 yilning oxiriga kelib sobiq SSSRda xalq xo’jaligini tiklash ishlari asosan o’z nihoyasiga yetkazildi. 1925 yilning dekabrida bo’lib o’tgan VKP (b) XIV qurultoyi sotsializm g’alabasining asosiy sharti sifatida sho’rolar mamlakatida "sotsialistik industrlashtirishni avj oldirishga e'tiborni qaratdi. Sanoatlashtirish O’zbekistonda dastlab sekinlik bilan amalga oshirildi. Chunki kosib-hunarmandchilik ustuvor soha edi. Mamlakatni jadal industrlash uchun mablag’ masalasi keskin munozaralarga sabab bo’ldi. Industrlashtirishni jadallashtirish tarafdorlari mablag’ni qishloq xo’jaligi hisobidan olish rejasini ilgari surdilar, muxolif taraf esa sanoatlashtirish siyosatini yoqlagan holda uni aholining moddiy ahvolini, turmush sharoitini yaxshilash va qishloq xo’jaligida kooperatsiyani astasekin ixtiyoriy ravishda amalga oshirish bilan birgalikda olib borishni taklif qildi. Keskin siyosiy bahs-munozaralardan keyin mablag’ni agrar sektordan olishga qaror qilindi. O’zbekiston iqtisodiyoti agrar xarakterda edi, zero 1927-28 yillarda iqtisodiyotda qishloq xo’jaligining hissasi 61,6%ni, sanoatniki esa 38,4%ni tashkil qilar edi. Respublikada mavjud sanoatning 90% qishloq xo’jalik xom ashyosini ishlashga ixtisoslashgan edi, mahsulotlarni qayta ishlash korxonalaridan iborat bo’lib, uning ikkidan uch qismini paxtachilik sanoati tashkil qilardi.
Birinchi besh yillik (1928-1932) da 289 ta yangi sanoat korxonasi, jumladan, Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozlik zavodi, Quvasoy sement va ohak zavodlari ishga tushirildi, Chirchiq qurilish, Olmaliq qurilish, Toshkent to’qimachilik kombinati qurilishi davom etdi. Farg’onada to’qimachilik fabrikasi va yog’ zavodi, Toshkent, Buxoro, Marg’ilon va boshqa shaharlarda tikuvchilik fabrikalari ishga tushirildi. Sanoatlashtirish yillari respublika paxta tozalash zavodlarining texnik imkoniyatlari oshib, 1927-28 yillarda 3363 tonna paxta tolasi yetishtirdi va paxta tozalash sanoatining yalpi mahsuloti esa 165,7 mln rublni tashkil etgan edi.
Respublikani sanoatlashtirishda elektrlashtirish ham muhim o’rinlardan birini egallaganligi tufayli elektrostansiyalar qurilishi avj oldirildi. Masalan, Toshkent yaqinida quvvati 4 ming kilovatni tashkil etgan Bo’zsuv GESi barpo etildi. 1932 yilga kelib esa elektrostansiyalarning soni 49 taga yetdi. Shuningdek, respublikada neft sanoati ham jadal sur'atlar bilan o’sdi, 1925-26 yillarda neft ishlab chiqarish 5,6 tonna bo’lgan bo’lsa, 1927-28 yillarda bu ko’rsatkich 47,7 tonnani tashkil etdi.
Ayrim sanoat mahsulotlari bo’yicha O’zbekiston sobiq Ittifoqda yetakchi o’ringa chiqdi. 1932 yilda paxta tolasining 89,7%, sementning 54,2%, o’simlik moyining 56,4%, xom ipakning 42% ishlab chiqarildi.
Faqatgina birinchi besh yillikning o’zida yirik sanoatdagi ishchilar soni deyarli 3,5 baravar ko’paydi. Lekin ular orasida mahalliy millat vakillari ozchilikni tashkil qilganligi bois, ularni tayyorlashga yordam tariqasida Ittifoqdosh respublikalar, asosan Rossiyadan ko’plab sanoat mutaxassislari kela boshladi. 1926 yildan 1940 yilgacha O’zbekiston aholisi yangi kelganlar hisobiga 750 ming kishiga yoki 10%dan ortiqrog’ ko’paydi. Markazning rusiyzabon aholini ko’chirib keltirishida milliy o’lkalarda o’zining tayanch ijtimoiy qatlamini vujudga keltirish hamda ruslashtirish siyosatini amalga oshirish manfaati yotar edi.
Sanoatni jadal rivojlantirish natijasida O’zbekiston Markazni rangli va nodir metallar, oltingugurt, ozokerit, volfram, molibden, paxta tolasi, xom ipak bilan ta'minlaydigan va sho’rolar mamlakatini xom ashyo qaramligidan xalos etishga yordam beradigan yirik xom ashyo mintaqasiga aylandi. O’zbekistonning oltin sanoati butun mamlakatning to’lov balansini mustahkamlash uchun katta mablag’lar berib turdi. Biroq aholining ijtimoiy ehtiyojlari nazar-pisand qilinmadi, uning moddiy farovonligiga e'tibor berilmadi, bu esa turmush darajasining pasayib ketishiga olib keldi.
Sho’rolar davrida shahar va portlarni birlashtiruvchi yangi temir yo’l liniyalari qurilishiga ham e'tibor berildi. Farg’ona (Iskobil)-Quvasoy (1922), Qarshi-Kitob (1924), Amudaryo (Samsonovo)-Termiz (1925), 1928-29 yillarda paxtachilikni rivojlantirish maqsadida Asaka-Shahrixon, Sirdaryo-Paxtaorol temir yo’llari qurildi, shuningdek, Qorasuv-Osh (1935) va boshqa temir yo’l liniyalari qurilib foydalanishga topshirildi. 1929-1931 yillarda uzunligi 1452 km bo’lgan Turkiston-Sibir (Turksib) temir yo’li qurildi.
20-yillardan O’zbekistonda avtomobil transporti vujudga keltirildi. 1921 yilda respublika avtomobil transporti ixtiyorida 40 yengil va 15 yuk avtomobili hamda Toshkent avtomobil ta'mirlash ustaxonasi bor edi. 1940 yilgacha Lenin nomidagi katta avtomobil yo’li (710 km), Farg’ona avtomobil yo’li (343 km) qayta ta'mirlandi va bir qancha yangi yo’llar qurib bitkazildi.
1924 yilga kelib respublikadagi avtomobil korxonalarida 223 avtomobil bo’lib, 145 ming tonna yuk tashildi. 30-yillarda avtomobil rivojlanishi bilan qattiq qoplamali yo’llar qurilishi boshlandi, ta'mirlash va texnik xizmat ko’rsatish korxonalari, kadrlar tayyorlaydigan o’quv yurtlari ochildi.
Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) tufayli O’zbekiston qishloqlaridagi ahvol ancha yaxshilandi, dehqonlar o’z mahsulotini sotish va boshqa ekin maydonlarini kengaytirish orqali turmush darajasini yaxshilash imkoniyatiga ega bo’lishdi. Biroq 20-yillarning ikkinchi yarmidan YaIS (NEP) o’z mohiyatini yo’qotib, erkin savdo va xususiy tadbirkorlikka chek qo’yila boshladi. Sho’rolar boylarning yerlarini musodara qilish hisobiga kambag’al dehqonlarni yer bilan ta'minlash orqali qishloqda "sotsialistik ijtimoiy tuzum"ning asosi bo’lgan jamoa bo’lib xo’jalik yuritishni rivojlantirishni ko’zlab keng miqyosli agrar islohatni avj oldirdilar. 1925 yil 2 dekabrda O’zSSR MIQning favqulodda sessiyasida "Yer va suvni natsionalizatsiya qilish" to’g’risidagi dekret qabul qilindi.
Yirik yer egalaridan tortib olingan yerlarda 60603 dehqon xo’jaligi tashkil etildi. Bulardan tashqari, yangi va tiklangan sug’orma yerlarida yana 14751 batrak va yersiz dehqonlar xo’jaliklari tuzildi.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi yer-suv islohati davomida sug’oriladigan 20 ga va 45 ga ortiq yerlar, sobiq amir va xon xizmatchilari, ruhoniy hamda savdogar, sudxo’rlarning xo’jaliklari musodara qilindi. Umuman, 1925-29 yillardagi yer-suv islohatini o’tkazish natijasida O’zbekistonda pomeshchik turidagi 4801 xo’jaliklar tugatildi, 23036 xo’jaliklarning ortiqcha yerlari musodara qilindi, yer jamg’armasi 474893 desyatina yerga ega bo’ldi, 89729 xo’jaliklar yer bilan ta'minlandi. Yer bilan birga ko’pgina xo’jaliklar mol-mulk, urug’, asbob-uskunalarga ham ega bo’ldilar.
Biroq islohat o’tkazishning repressiv-majburiy usullari, boy dehqonlarning davlat tomonidan terror qilinishi o’z navbatida ularning keskin norozilik chiqishlariga sabab bo’ldi. Shu tariqa yer-suv islohati qishloqda sinfiy kurashning keskinlashuviga olib kelgan edi. Davlat o’z navbatida "boy-quloq unsurlari"ning qarshiliklarini bartaraf etish uchun o’zining bor kuchini ishga soldi. Tortib olingan yerlarning asosiy qismi kolxozlar va sovxozlar ihtiyoriga topshirilgan edi.
Islohatning jiddiy salbiy oqibatlaridan qishloq iqtisodiy hayotining qashshoqlanishi, fermerlik kurtaklarining bo’g’ib qo’yilishi, bozor-savdo munosabatlari rivojlanishining to’sib qo’yilishi hamda ijara imkoniyatlarining cheklanishi bo’ldi.
Shunday qilib, 1925-29 yillardagi yer-suv islohati sho’ro hukumatining mulkdor sinflarni tugatish, sinfsiz jamiyat qurish uchun qilgan chora-tadbirlaridan biri bo’ldi. Ushbu jarayon keyingi yillarda qishloq xo’jaligini majburiy jamoalashtirishga zamin yaratgan edi.
1929 yil tarixga qora belgi ostidagi "buyuk burilish yili" deb nom olgan yil bo’lib kirib keldi. Bu dehqonlar sinfini ijtimoiy qatlam va mehnatkash omma sifatida maqsadi yo’q qilishning boshlanish davri edi. Bunda "quloqlar" va "boylar" toifasiga asosan yangi iqtisodiy siyosat sharoitida o’z ho’jaliklarini oyoqqa turg’azib olgan o’rtahol dehqonlar kiritildi. Chunki birmuncha badavlatroq qatlamlar oldingi yillarda tugatilgan edi. 1929 yilning yozida "quloqlar"ni jamoa xo’jaliklariga (kolxoz) kiritishni taqiqlovchi qaror qabul qilinadi. O’sha yilning 7 noyabrida Stalinning matbuotda bosilib chiqqan "Buyuk burilish yili" nomli maqolasi hamda 27 dekabrda qishloq xo’jalik xodimlarining ilmiy konferensiyasida so’zlagan nutqi "quloqlar"ni sinf sifatida tugatish va jadal jamoalashtirish siyosatini boshlab berdi. Yoppasiga jamoalashtirish bu - boy va o’rtahol dehqonlarga tegishli ishlab chiqarish vositalari, mollar, uy-joy qishloq xo’jalik mahsulotlari va urug’ zaxiralarini tortib olish hisobiga kolxozlar tuzish degani edi.
O’zbekistonda jamoalashtirish O’zKP MIQning 1930 yil fevralda qabul qilgan "Kollektivlashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish" to’g’risidagi qarori e'lon qilingandan so’ng boshlab yuborildi.
Yoppasiga jamoalashtirishni tezlashtirish hamda "quloqlar" bilan kurash olib borishni kuchaytirishga yordam tariqasida Markaz O’zbekistonga tashkiliy-siyosiy tajribaga ega bo’lgan rus ishchilarini yuboradi "25 mingchilar" asosan Moskva, Leningrad, Ivanovo-Voznesensk va SSSRning boshqa sanoat markazlaridan bo’lib, shulardan 433 ishchi O’zbekistonga jo’natildi. Ulardan tuzilgan brigadalar o’zbek qishloqlarida kolxozlar tuzish hamda "quloq qilish" kampaniyasida "faol" ishtirok etdilar.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda 1930 yilning o’zidayoq respublikada 2648 ta boy va "quloq" xo’jaliklari tugatilib, qishloq ahlining tadbirkor qismi oyog’iga bolta urildi. "Quloq qilish" siyosati dehqonlarda ishonchsizlik va xavotirlikni kuchaytirdi. Ko’plab dehqonlar o’z xo’jaliklarini tashlab qochdilar. Chorva soni keskin kamayib ketdi.
Respublikadagi siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. Dehqonlarning noroziligi 1930 yil 25 fevralda Farg’ona okrugida g’alayonga aylandi. Norozilik chiqishlari Andijon, Toshkent, Xorazm, Samarqand okruglariga ham yoyildi. Masalan, Chust va Olmosda boy dehqonlar chorva mollarini yoppasiga sotishni avj oldirdilar. Jamoalashtirishga qarshi bu harakat ba'zi joylarda sovet hokimiyatiga qarshi chiqishlarga aylandi. Mana shunday norozilik chiqishlarining oldini olish uchun 1930 yilda O’zKP MIQ qoshida "quloq" va boylarni yo’q qilish bo’yicha maxsus respublika komissiyasi tuziladi va "quloq qilish" siyosati yanada shiddatliroq tus oladi.
O’zbekistonda jamoalashtirish asosan 1932 yilning oxiri 1933 yilning boshlarida tugallandi. Bu davrga kelib respublikaning 79 tadan 61 tumanida barcha dehqon xo’jaliklarini kolxozlarga birlashtirish nihoyasiga yetkazilgan edi. O’zbekistonda jamoalashtirilgan xo’jaliklar jami 74,9%ni tashkil etdi. Birinchi besh yillik (1928-1932) oxirlarida respublikada 9734 kolxoz va 94 ta sovxoz tashkil etilgan edi.
1930-33 yillarda O’zbekistonda 5550 dehqon xo’jaligi hibsga olinib, quloq qilinadi va Ukraina, Sibir, Qozog’iston va boshqa joylarga zo’rlik bilan ko’chirildi. Lekin shuni ham aytish joizki, bunda nafaqat o’ziga to’q, mol-mulkka ega dehqonlar, balki o’rtahol, ayrim hollarda esa batrak xo’jaliklarga mansub kishilar ham "quloq" sifatida surgun qilindi.
Dostları ilə paylaş: |