2. Komil Xorazmiy va uning avlodlari
XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod qilgan juda ko’pgina xivalik shoirlar, olimlar va boshqa ilm ahlining ko’pchilik qismi Xivadagi madrasalarda o’qib, jamiyat uchun kerakli insonlar bo’lib etishganlar.
Quyida biz shoir va bastakor Komil Xorazmiy va uning avlodlarini hayoti va ijodi bilan tanishamiz. Komilning ko’ngli beg’ubor tuyg’ularga to’lib toshdi, xuddi kuy, navo, qo’shiqning o’zidek sexrli kuch uni ohangrabodek og’ushiga tortdi. Bir ezgu istak, ishonch, maqsad, g’urur bilan oldin ulug’ pir Pahlovon Mahmud maqbarasiga qadam ranjida qildi. Zabardast siymo xoki poyini tavob etdi, ruhi pokiga Qur’on tilovat qildi. Ulug’ pir dargohidan qushdek engil, ruhan tetik bo’lib chiqar ekan, go’yo unga boshlayotgan buyuk ishiga Puryoyvaliyning o’zi oq fotiha berib qolganday tuyuldi. Kelajakda o’zining abadiy oromgohiga aylanadigan hujrasiga qaytib qo’sh tabaqali derazani ochib yubordi, xonaga bahorning mayin, toza havosi ufurdi, Komilning ko’ngli ham bahorday yashnab, tozalanib ketganday edi shu tobda. Davot, qog’oz-qalam olib ishga kirishmoqchi edi. Lekin shu lahzalarda ko’ngliga yaxshi bir o’y keldi, o’zidan oldin o’tgan ustozlarini yodga oldi. Aslida unda musiqa san’tiga bo’lgan mexrni Sayid Muhammadxon uyg’otgan. Xiva madrasalaridan birida mudarris bo’lib ishlaydigan otasi Abdulla Oxund uni komil inson bo’lib etishmog’ini orzu qilib yaxshi tarbiya berdi, savodini erta chiqarish harakatida bo’ldi. Madrasa qoshidagi maktabga o’qishga berdi, so’ng madrasasiga olib bordi, u erda ham ixlos bilan saboq ola boshladi. Uyda otasi yonida o’qiganlarini, o’rganganlarini takrorlab aytib berar, o’g’lini xotirasi, ilm olishga ishtiyoqi balandligidan quvongan otani o’zi ham unga arab, fors tillarini o’rgatib borardi, adabiyotga bo’lgan havas ham otasining qimmatli o’git, maslahatlari bilan osha bordi. Mumtoz shoirlarni, ayniqsa g’azal mulkining sultoni Alisher Navoiyni o’ziga ustoz bilib qunt bilan o’rgana boshladi. Hatto buyuk shoirga mehri tobora oshib unga taqlid qilib she’ru g’azallar mashq qila boshladi. Otasi o’z jigarbandining she’riyat atalmish nafosat gulshanida shaydo bo’lib, ana shu jannatiy bog’dan o’ziga xos guldastalar saralayotganidan mamnun bo’lardi. Madrasada o’g’lining hattotlik san’atini, musiqani ixlos bilan o’rganayotganidan quvonardi. Madrasani bitgazganidan keyin noyob iste’dod uchqunlarini ko’rgan Xiva hukmdori Sayid Muhammadxon uni saroyga ishga chorladi. Komil hattot bo’lib xizmat qila boshladi. Afsuski, bunday ehtiromga sazovor bo’lganligini padari buzrukvori ko’ra olmadi. Uzoq davom etib kelayotgan kasallik tufayli madrasani bitkazishi arafasida dunyodan ko’z yumdi.
Mana ota vafotidan 26 yil o’tib, Muhammad Rahimxon davrida, 56 yoshda (1881) maqomlarni notaga tushirish sharafiga muyassar bo’lib turibdi”. Komil Xorazmiy yuqorida aytib o’tilganidek, Sayid Muhammadxon zamonasida saroyda oddiy hattot bo’lib, keyin mirzaboshilik mansabiga ko’tarilgan, so’ngra esa bosh devonbegi sifatida katta ijtimoiy-siyosiy, madaniy ishlarni amalga oshirgan. Xonning bevosita qo’llab-quvvatlashi natijasida, ajdodlar tomonidan yaratilgan 12 maqomning 24 ta sho’’balari jamlanib, olti maqomga joylangan, u ham qog’ozga muhrlanmagan edi. 1880 yilda mirzaboshilik mansabiga tushirilgan Komil 1881, 1883 yillarda Toshkent, Moskva, Sankt Peterburg shaharlarida bo’lib, rus xalqi madaniyati va hayotini, jumladan nota yo’llarini mukammal o’rgandi va Xivada “Tanbur chizig’i” nomli notani yaratishga zamin yaratdi.
Komil va uning shogirdlari tomonidan xalqning bebaho mulki-maqomlarning notalashtirilishi Feruz zamonasining eng gullagan, musiqa madaniyati eng yuqori cho’qqiga ko’tarilgan vaqtda yaratilgan bo’lib, ushbu yaratilgan “Tanbur chizig’i” jahon musiqa xazinasiga qo’shilgan bebaho boylikdir.
“Tanbur chizig’i” ni yaratishda faol qatnashgan va uni oxiriga etkazgan yana bir buyuk shaxs Komil Xorazmiyning katta o’g’li Muhammad Rasul Mirzodir. Mirzo yoshligidan sozga, adabiyotga katta ixlos ko’rsatib, ota kasbiga mehr qo’ydi, o’z mehmonxonalaridagi fozilu fuzolalar suhbatidan bahramand, ijro etilgan maqomlardan “quloq qondi” bo’lib o’sdi va mashaqqatli mashqlar evaziga zamonasining peshqadam mashshoqi, musiqashunos olimi, zabardast shoiri bo’lib etishdi.
Yunus Yusupov – Ayyomiy Mirzo xususida shunday yozadi: “Muhammad Rasul Mirzo otasi Komil ixtiro etgan shashmaqom chiziqlari - notani qog’ozga ko’chirib chiqdi va uni kitob holiga keltirdi. Bir vaqt mavjud olti maqom (shashmaqom)ga Xorazm bastakorlari yarim maqom yangi kuylar bastalab, uni olti yarim maqom deb yuritganlar. Mirzo yarim maqom hisoblangan “Panjgoh” maqomiga yana bir qancha kuylarni qo’shib, uni bir maqom holiga keltirdi. Shunday qilib, Muhammad Rasul Mirzoning ijodkorligi va jiddiy tashabbusi bilan maqomlar 7 taga etkazildi. Mirzo bastakor sifatida “Rost” maqomiga “Sab’”va “Ufori” nomlarida ikki kuy bastalagandir. Qariyalarning aytishlariga qaraganda, Mirzo tanbur va g’ijjakda favqulodda zo’r mahoratga va iste’dodga ega bo’lgan. Shuningdek, usul-childirma chalishda ham katta mahorat qozongan. Mirzo musiqa bo’yicha Feruzning muallimi bo’lgan”.
Mirzo inson sifatida to’g’riso’z, kamtar, muloyim, dilkash odam bo’lgan. Uning zamondoshi Xodim bu to’g’rida shunday yozadi: -“Muhammad Rasul Mirzaboshi o’rta bo’yli, chechak bashara odam bo’lsa ham chiroyli, xushsurat odam edi. O’zi o’taketgan saxiy odam bo’lib, so’zlashib o’tirsangiz, yonidan sira ketmasam deb, orzu qilar edingiz”.
Muhammad Rahimxon Mirzoni juda hurmat qilgan, o’ziga yaqin olib, turli safarlarda birga bo’lishgan. She’riyat va musiqa oqshomlari usiz o’tmagan. Bu to’g’rida Bayoniy shunday ma’lumot beradi: - “Ondog’kim. Yusuf Hoji oxund va Ismoilxo’ja oxund va Xudoybergan oxund va olimu ulum ma’qul va mankulda Mulla Muhammad Rasul va faqiri haqir majlisi humoyunlariga haftada ikki martaba hozir bo’lib kitobxonlik qilur erduk. Goho domla Muhammad Rasul bila ikkovimiz kirib, suhbati humoyunlarida kitobxonlik bo’lur erdi va sipohiylar va to’ralarni ham kitobxonlik etarga targ’ib etdilar. Bas, hamma kitobxon bo’ldilar”.
Mana shunday ijobiy hamkorlik dono va zukko mamlakat hukmdorining e’tibori tufayli Xivada o’z davrining etakchi shoir va tarixchilari, tarjimon va hattotlari etishib chikdilar. Mirzo ana shu ijodkorlarning peshqadam vakillaridan biri bo’lib, shoir sifatida “Devoni Mirzo” nomli devon yaratdi. “Ra’no va Zebo”dostonini o’zbek tiliga mahorat bilan tarjima etdi. U ancha xushxat bo’lib, hattotlik ilmini yuqori pog’onaga ko’tardi, o’nlab shogirdlaridan etuk hattotlar tarbiyalab etishtirdi.
Isfandiyorxon davri (1910-1918) da Mirzo saroydagi ishlardan chetlashtirilgan, uning o’rniga o’g’li Abdulla mirzaboshi bo’lgan. 1916 yil 10 yanvardagi turkmanlarning hujumi tufayli Mirzoning uyi talangan va o’g’li Abdulla otib o’ldirilgan. Uning o’rniga amakisi Abdurasul “Pirkomil” Gurlan tumani hokimligidan ozod qilinib mirzaboshilik lavozimiga ko’tarilgan (Shoir Pirkomil bayoni: shoir Abdurasul qorasoqol, o’rta bo’yli, xushsurat kishi bo’lgan, u besh ilmga ega bo’lgan: - eski maktabni bitkazgan, madrasa ta’limini olgan, nota maqomlarini bilg’on. U devon tartib berg’on. Shoir 65 yoshida vafot etdi, jasadi Toza Urganchda vafot etgani uchun, shu erdagi Oxunbobo qabristoniga qo’yilgan).
Xorazmning ulug’ farzandlari qatorida, Xiva “Majmuatush-shuaro”sini tuzgan Ahmadjon Tabibiyning ta’biri bilan aytganda “She’r elining allomasi”, “Saboqi nazmda pir”, “Shoir ahlining ustodi” Muhammad Rasul Mirzo 1922 yilda 83 yoshida vafot etadi va “o’z xususiy madrasasiga dafn qilinadi”. Lekin Bobojon Tarroh Azizov – Xodim “Xorazm navozandalari” nomli asarida shoir 70 yoshida vafot qilgan, jasadi Muhammad Rahimxon II ning qabri yaqinidagi Chodirli Eshon qabristoniga qo’yilgan deb yozadi. Shoir tomonidan qurilgan madrasadagi go’rxonani nazardan qochirmasak Tabibiyning yozganlari to’g’ri bo’lib chiqadi. Muhammad Rasul mirzaboshi o’zining madrasasini Ichon qal’aning o’rtasida joylashgan Pahlavon Mahmud maqbarasining janubiy-g’arbiy tomonidagi qorixonalarni qarshisida, oddiy uslubda hech qanday bezaksiz peshtoqini shimolga qaratib qurdirgan. Shuning uchun ham adabiyotlarda bu madrasa musulmonlarning muqaddas qadamjosi bo’lgan Pahlavon Mahmud maqbarasi majmuasi safiga kiritilgan.
Devorlari 27x27x4,5 sm o’lchamdagi pishgan g’ishtlardan terilib, oralari hajja bilan suvalgan va asosiga er osti namgarchiligidan saqlanishi uchun qamishdan chipta to’qilib 6 qavat qilib gidroizolyatsiya qatlam qilingan. Madrasa oddiy qilib trapetsiyasimon shaklda qurilgan. Uning kirish dahlizi bittagina xonadan iborat bo’lib, ichki hovliga to’g’ri to’rtburchak ochiqlik (yo’lak) orqali chiqiladi. Kirishdagi dahlizning chap tomonidagi xonada go’rxona joylashgan, Madrasa hujralarining o’lchamlari har xil bo’lib, jami 3 ta. O’rta hovlining janubiy-sharqiy burchagida to’rtburchak shaklda qurilgan masjid joylashgan, hozirgi vaqtda yangi ayvon olingan. Umumiy o’lchamlari: old qismi 10 metr, yon tomonlari 12,5 metr, orqa tomoni 15 metr.
Shoir va bastakor Komil Xorazmiy va o’g’li Muhammad Rasul mirzaboshi o’zbek adabiyoti, san’ati, madaniyati rivojiga katta va betakror hissa qo’shgan shoir sifatida o’zbek mumtoz adabiyotida o’ziga xos salmoqli o’rin egallab, xushxat hattot, mohir musiqachi, bilimdon bastakor va davlat arboblari sifatidagi xizmatlari bilan ham tarixda o’chmas iz qoldirganlar.
XULOSA
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Sharq musiqiyshunosligining so‘nggi vakili Darvish Ali Changiy XIX asrda Buxoroda yaratilgan musiqiy risolalar, mohiyatan musiqiy ilmiga doxilsiz she’riy bayozlardan bo‘lak narsa emas, degan xurofiy fikr hukm surib kelayotgan edi. Tanbur chizg‘ilari ishonchli dalil sifatida buni to‘la inkor etib, masalaning mohiyati boshqa tomonda ekanligi ko‘rsatadi. Mohiyat shundan iboratki, o‘z vaqtida Forobiy, Xorazmiy, Ibn Sino kabi bobokalon allomalar asos solgan musiqiy ta’limot bizgacha jonli meros sifatida kelgan maqomlar mag‘zida vujud topdi. Tanbur chizg‘ilari esa bir vaqtlar uzilib qolgan va zo‘ravonlik bilan amaliyotdan chetlashtirilgan ana shu izchil ta’limotning nazariy asoslarini amalda ko‘rsatib beradi. Demak, mo‘‘tabar urf-odatlar asliga qayta boshladi. Ular ona zamin ravnaqi va ma’naviy istiqboli uchun uzoq muddat xizmat qilajak.
Dostları ilə paylaş: |