So’roqqa tayyorgarlik ko’rishning bir qator elementlari bor. 1. Mavjud ma’lumotlarning tahlili va so’roq predmetini belgilash So’roq samarali bo’lishi uchun tergovchi shaxsdan aniqlanishi kerak bo’lgan holatlar haqida yaxshi tushunchaga ega bo’lishi, bu borada ish bo’yicha qanday holatlar isbotlanishi lozimligini aniq belgilab olishi zarur. Buning uchun ish yurituvidagi jinoyat va tezkorqidiruv ishi materiallari bilan chuqur tanishib chiqish kerak.
2. So’roq qilinuvchining shaxsini aniqlash Tergovchi uchun so’roqda yuzmayuz bo’ladigan shaxs to’g’risidagi ma’lumotlarga ega bo’lish muhimdir. Chunki u haqda qancha ko’p ma’lumotga ega bo’lsa, uni shuncha yaxshi biladi va so’roq qilishning eng maqbul taktik usulini tanlash imkoniyatiga ega bo’ladi.
3. So’roq vaqtini belgilash So’roq vaqtini belgilashda tergovchi qonun talablaridan kelib chiqishi kerak. Chunonchi, gumonlanuvchi ushlanganidan so’ng 24 soatdan kechiktirilmasdan, ayblanuvchi esa ayb e’lon qilinganidan so’ng darhol so’roq qilinishi shart. Boshqa holatlarda esa tergovchi so’roq qilinadigan shaxsning qanday axborotlarga egaligi, o’sha paytda aynan nimalarni aniqlash muhimligi, vaqt va ish hajmining darajasiga qarab belgilaydi.
Umumiy qoidaga ko’ra so’roq kunduzi o’tkaziladi. Faqat kechiktirib bo’lmaydigan holatlardagina kechasi ham so’roq qilishga yo’l qo’yiladi.
4. So’roqqa chaqirish tartibi So’roq qilinishi lozim bo’lgan shaxs pochta yoki kuryer orqali yuboriladigan chaqiruv xati, telegramma yoki telefonogramma orqali chaqiriladi. Gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) qamoqda saqlanayotgan bo’lsa, muassasa rahbariyatiga rasmiy murojaat qilinadi.
Shuningdek, ishdan rasman chaqirib olish maqsadida shaxs ishlayotgan korxona rahbariyatiga murojaat qilish ham mumkin. Qonunga binoan tergovchining chaqiruvi bo’yicha so’roqqa yetib kelish majburiy hisoblanadi. Undan bo’yin tovlash belgilangan tartibda majburiy keltirishga sabab bo’ladi.
5. So’roq qilish joyi Qoidaga ko’ra so’roq tergov olib borilayotgan joyda (tergovchining yoki surishtiruv organi xodimining xizmat xonasida) amalga oshiriladi. Ayrim hollarda, vaziyatga qarab, masalan, vrach ruxsati bilan kasalxonada, hodisa sodir bo’lgan joyni ko’zdan kechirish jarayonida ham amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, ayblanuvchi saqlanayotgan muassasaning tergov uchun ajratilgan xonasida ham o’tkaziladi.