Keywords: upbringing, values, “mass culture”, the hero of the time Sharqda, jumladan, O‘zbekistonda oila chinakam oila bo‘lib shakllanganidan boshlab hozirgi davrga
qadar ko‘p qirrali va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Har bir tarixiy davrda oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari
xilma-xil mazmun bilan boyib bordi hamda oila davrning chigalli sinovlaridan omon o‘tib, jamiyatning
negizi sifatidagi xususiyatini saqlab qoldi.
Sharq allomalari o‘z asarlarida farzandlarga tarbiya va ta’lim berish, ularni ma’rifat-u madaniyatga
yetaklash muammolariga alohida e’tibor berganlar.
Buyuk mutafakkirlar farzand tarbiyasi, go‘zal axloqning inson kamolotiga sabab bo‘luvchi yuksak
fazilat ekanini ta’kidlaganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad” hadislar to‘plami, Abu Lays
Samarqandiyning “Tanbeh ul g‘ofiliyn” asarlarida farzandlar ongida yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish
masalalari tarannum etilgan.
Yurtimiz ulamolari o‘z asarlarida farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona, uni muntazam
ravishda husni xulq asosi bo‘lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borishi muhim
ekanini alohida ta’kidlaganlar:
– farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso‘z, muloyim, bosiq va kamtar bo‘lishiga e’tibor
qarating;
– odamlar xursandchiligini baham ko‘rish, g‘am-anduhidan qayg‘urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik,
yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun
farzandingizga ana shu xislatlarni bolalikdan singdirish payida bo‘ling;
– farzandingizga o‘zgalar bilan muomala chog‘ida boshqalarni g‘iybat qilish, o‘zgalarni mensimaslik,
obro‘si, boyligi yoki mansabiga qarab munosabat ko‘rsatish ham odobsizlik ekanini uqtirib boring;
– yoshi ulug‘ kishilar, ustozlar bilan muomalada ularning ko‘ziga tik boqmay, gaplarini jim tinglash,
savollarigagina javob qaytarish, buyruqlarini sidqidildan bajarishni ham bolalar qalbiga jo qilishga e’tibor
bering.
Ota-bobolarimiz azaldan o‘g‘il qizlarning go‘zal xulqli, odobli bo‘lishiga katta ahamiyat berganlar.
Binobarin, islom dinida ham axloq imon qatoriga qo‘yiladi.