O’zbekistonRespublikasita’limmuassasalarida mobiltelefonlardanfoydalanish tartibi to’g’risida NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb – hunar va oliy ta’lim muassasalarida (keyingi o’rinlarda ta’lim muassasasi deb ataladi) mobil telefonlardan (keyingi o’rinlarda telefon deb ataladi) foydalanish tartibini belgilaydi hamda sifatli ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlikka ega bo’lishda, davlat va jamiyat manfaatlari yo’lida o’quvchi yoshlarning sog’lig’ini saqlashda xavf – xatarlarni kamaytirishda o’quvchilar va talabalarning (keyingi o’rinlarda ta’lim oluvchilar deb ataladi) konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga yo’naltirilgan.
2. Ta’lim – tarbiya jarayonini tashkil etish samaradorligiga erishish va o’quvchi yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini qaror toptirish uchun shart – sharoitlar yaratish ushbu Nizomning maqsadlari hisoblanadi.
3. Ushbu Nizom davlat va nodavlat ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi hamda ta’lim oluvchilarga, shuningdek ta’lim muassasalarining barcha toifalardagi xodimlariga nisbatan amal qiladi.
4. Telefonning saqlanishi uchun faqat uning egasi (ota – onalar) javob beradilar.
5. Ushbu Nizomning maqsadlariga muvofiq uni ishlab chiqish quyidagi vazifalarni hal etishga yo’naltirilgan:
a) boy intellektual meros asosida yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, milliy mustaqillik g’oyalarini hurmat qilish va ularga sadoqat ruhida tarbiyalash;
b) o’quv jarayonida, shu jumladan ta’lim oluvchilar tomonidan telefonlardan foydalanish bilan bog’lqq quyidagi salbiy hodisalarning oldini olish va bartaraf etish:
o’quv materiallarini ulardan shpargalkalar sifatida foydalanish uchun, shuningdek mashg’ulotlar vaqtida ta’lim oluvchilar foydalanishadigan turli o’yinlarni yozib olish va telefon xotirasida saqlash;
yoshlar o’rtasida ma’naviy – axloqiy xislatlarni buzuvchi, zo’ravonlik, shafqatsizlik va pornografik, shuningdek reaktsion – sektant, soxta diniy mafkurani targ’ib qiluvchi, atrofdagilarni salbiy harakatlarga undovchi materiallardan iborat bo’lgan, ko’rgazma, fon sifatida xizmat qiluvchi rasmlar, audio – video yozuvlar, chizma va suratli tasvirlar, ovozli video roliklarni namoyish etish, tarqatish, qo’llanish;
d) ta’lim muassasalarining ichki tartib – qoidalariga rioya etishni ta’minlash uchun ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilar tomonidan telefonlardan foydalanishni tartibga solish.
II. Ta’lim muassasalari hududi va xonalarida telefonlardan foydalanish tartibi
1. Ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar o’z telefoni abonentining chaqiruv ovozini to’liq o’chirib qo’yishi (telefonni «ovozsiz» rejimga o’tkazishi) shart.
2. Ta’lim muassasalarida o’tkaziladigan o’quv mashg’ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchilar:
telefonini o’chirib qo’yishi;
telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo’yishi shart.
3. Ta’lim oluvchilarga quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:
a) telefonini bo’yniga osib olish, ko’krak cho’ntaklarida, shim, yubkalari cho’ntaklarida va shu kabilarda saqlash;
b) telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun ta’lim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash;
d) telefoni yordamida:
atrofdagilarga zo’ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ’ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
ta’lim muassasasining nufuziga, shu jumladan zo’ravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yo’li bilan zarar etkazish;
f) o’quv mashg’ulotlari vaqtida:
telefon orqali so’zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo’natish;
telefonni stol ustiga qo’yish;
musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash;
surat va video tasvirlarni ko’rsatishda telefondan foydalanish (o’yinlar bilan shug’ullanish), tasvir (matn, rasm, videoyozuv va fotosuratlar) ko’rish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha kabilar sifatida foydalanish;
suratga olish va video tasvirga tushirish;
telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.
1. Ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilarga mashg’ulotlar va tadbirlar oralig’ida faqat asosli va kechiktirib bo’lmaydigan zarur holatlarda ota – onasi (ularning o’rnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, ta’lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog’lanish maqsadida telefonlardan foydalanishga (qo’ng’iroq qilishga, SMS, MMS, GPRS jo’natishga, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi.
2. Mashg’ulotlar va turli tadbirlar oralig’ida telefon orqali so’zlashish uchun xonadan yo’lakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.
3. Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.
4. Ta’lim muassasasining o’qituvchilari va boshqa xodimlari:
o’quv mashg’ulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas;
darsdan tashqari vaqtda ta’lim oluvchilar ishtirokida telefondan foydalanishni imkoni boricha cheklashlari shart.