13.3. Sindikatli kreditlash va uning yuzaga kelish tarixi. Sindikatli kreditlash xususiyatlari.
13.3. Sindikatli kreditlashni tashkil etish.
Loyihaviy moliyalashtirish mazmunini o’rganishda ba’zi iqtisodchi-olimlarning fikr-mulohazalarni o’rganish maqsadga muvofiqdir.
Rossiyalik iqtisodchi-olim I.Mazurning “Upravlenie proektami” kitobida: “loyihaviy moliyalashtirish- bu investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida moliyaviy resurslarni kredit ko’rinishida taqdim etishdir”, deb ta’rif berilgan. Bu erda, kredit qarz oluvchiga nisbatan hech qanday regressiz, cheklangan yoki to’liq regressli bo’lishi mumkin, deb yozilgan. D.Morozov asarlarida “loyihaviy moliyalashtirish - bu loyihani turli shakllarda kreditlashdir, bunda kreditlarning qaytarilishi ta’minoti loyihadan keladigan daromadlardir”, degan fikr ilgari surilgan.
O’zbekistonlik iqtisodchi-olim D.G’ozibekovning mulohazalariga ko’ra, “loyihaviy moliyalashtirish o’zining murakkab moliyaviy munosabatlari bilan (sindikatlashtirilgan kredit yoki qarz berishda ko’p tomonlarning qatnashishi) kreditorga moddiy kafolatlar berish, loyihalar evaziga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish bo’yicha uzoq muddatli shartnomalar asosida moliyalashtirishdir”. Bundan tashqari, D.G’ozibekov asarlarida loyihaga kiritilgan qarz mablag’larining qoplanishi manbai loyiha ishga tushganidan so’ng olinadigan daromadlar hisoblanishi ta’kidlab o’tilgan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida investitsiyalarni loyihaviy moliyalashtirish - moliyalashtirishning eng taraqqiy etgan zamonaviy shakllaridandir. Shunday ekan, loyihaviy moliyalashtirishning mazmuni nima? Unga qanday ta’rif berish mumkin? Masalan, Doyche bank (Germaniya)ning tarkibiy moliyalashtirish boshqarmasi xodimlarining fikricha, loyihaviy moliyalashtirish - loyiha bo’yicha asosiy vositalarni sotib olishni, tashkil etishni yoki qurilishni moliyalashtirish bo’lib, unda kreditor asosan quyidagilarga e’tibor beradi:
- kreditni qaytarish manbasi sifatida, loyihani tatbiq etish natijasi bo’yicha olinadigan sof pul oqimiga (mablag’larning qaytish darajasiga);
- loyihani moliyalashtirish uchun berilgan kreditning xavfsiz qaytishini ta’minlaydigan manbasiga, ya’ni mijozning qobiliyatiga garov, kafolat va boshqa ta’minotlarga”.
Loyihaviy moliyalashtirish mazmuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining yo’riqnomalarida quyidagicha izohlanadi: “loyihaviy moliyalashtirish - bu bank tomonidan kreditni berish, baholash va monitoringini olib borish jarayoni bo’lib, bunda kredit ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish ob’ektlarining normal ishlashi uchun qurilish, qayta ta’mirlash yoki texnik qayta qurollantirish, shu jumladan, asbob-uskunani sotib olish yoki asosiy fondlarni tashkil etish hamda ishchi kapitalni sotib olishga yo’naltiriladi”.