Binolar deganda, turli mehnat faoliyatiga, dam olishga, daryo o'tkazishga va boshqa maqsadlarga mo'ljallangan yer usti imoratlari tushuniladi.
Turar joylar, maktablar, sanoat korxonalarining sexlari va boshqalar binolar jumlasiga kiradi.
Texnik maqsadlarga mo'ljallangan qurilishlarga: to'g'onlar, ko'priklar, domna pechlari, machtalar na shunga o'xshashlarga inshootlar deyiladi.
Quriladigan binolar va inshootlar o'z vazifasiga aniq mos kelishi va quyidagi talablarni qondirishi lozim:
funksional talablar – texnologik jarayonni tegishlicha tashkil etish, sanitariya-gigiyena va boshqa ekspluatasion sharoitlar yaratishni o'z ichiga oladi;
texnik talablar – xonalarning tashqi muhit ta'siridan himoyalanishini, yetarlicha mustahkam, turg'un, uzoqqa chidaydigan, o'tga chidamli bo'lishini hamda nagruzkalar (og'irlik, bosim) ta'siriga qarshilik ko'rsata oladigan bo'lishini ta'minlaydigan talablar;
arxitektura (me'moriy) talablari – bunda qurilish materiallarini oqilona tanlash, ishni sifatli bajarish, bino yoki inshootni atrof muhit bilan uyg'unlashtirish va hokazolar hisobiga uning tashqi ko'rinishi bilan bajaradigan vazifasining o'zaro muvofiqligini ta'minlash ko'zda tutiladi;
iqtisodiy talablarda bino va inshoot qurishda mehnat sarfini kamaytirish, qurilish materiallarini hamda vaqtni tejash ko'zda tutiladi.
Binolar quyidagicha klassifikasiyalanadi: 1. Vazifasiga ko'ra: grajdan binolari (turar joy, kinoteatr, maktab binolari va hokazo), sanoat binolari (ustaxonalar, garajlar, sex va boshqalar), qishloq xo'jaligi binolari (molxona, parrandaxonalar, teplisa va boshqalar).
2. Qavatlari soniga ko'ra: kam qavatli (1-2 qavatli), o'rtacha qavatli (3-5 qavatli), ko'p qavatli (6-10 qavatli), juda baland (11-16 qavatli) va osmono'par (qavatlar soni 16 dan ham ko'p) binolar.
3. Devorlarning konstruksiyasiga ko'ra: devorlari mayda element (g'isht, sopol bloklar, mayda blok va hokazo) lardan, yirik element (yirik bloklar, panellar, hajmiy blok va hokazo) lardan qurilgan binolar.
4. Qurish texnologiyasiga ko'ra: tayyor temir-beton konstruksiyalardan yig'ilgan binolar, zavodda tayyorlangan industrial konstruksiyalardan montaj qilingan binolar, devorlari g'isht, mayda blok va shu kabi boshqa mayda elementlardan tiklanadigan binolar.
5. Klassiga ko'ra: binolar chidamlilik darajasiga, xalq xo'jaligi ahamiyatiga molikligiga va boshqa ekspluatasion sifatlariga qo'yiladigan talablarga binoan to'rt klassga bo'linadi; shu bnlan birga, I klassga – yuksak talablarni qondiradigan binolar, IV klassga – eng oz talablarni qondiradigan binolar kiritiladi.
Yirik sanoat korxonalari binolari, yuqori ekspluatasion va me'morlik talablari qo'yiladigan 9 qavatli va bundan ham baland binolar I klassga mansub.
Balandligi 9 qavatdan oshmaydigan kichikroq korxona binolari, turar joy va jamoatchilik binolari II klassga kiradi.
O'rtacha ekspluatasion va me'moriy talablar qo'yiladigan, balandligi 5 qavatdan oshmaydigan binolar hamda turar joylar III klassga mansub.
Eng kam ekspluatasion va me'moriy talablar qo'yiladigan muvaqqat imoratlar esa IV klassga kiritiladi.
Binoning klassini loyiha tuzishni topshiradigan tashkilot belgilaydi. Loyihalanayotgan binolarni turli klassga kiritish haqidagi ko'rsatma, shuningdek, ekspluatasion talablar, asosiy konstruktiv elementlarning uzoqqa chidamlilik va o'tga chidamlilik darajasi bino va inshootlarni loyihalash normalarida ko'rsatib qo'yiladi.