To’g’ri fikrlash tarzi
Fikrimizcha, sog’lom turmush tarzi madaniyati avvalo shaxsning fikrlash tarzidan kelib chiqadi, ya’ni, tafakkurga bog’liq. Psixologiya fani har bir insonda tafakkur borligini e’tirof etadi. Shu bois bo’lsa kerak, barchamiz baholi qudrat o’zimizni, o’z salomatligimizni ma’lum me’yorlarda, darajada ushlab turamiz, saqlaymiz. Masalan, qishning qirovli kunida ko’chada o’tirmaymiz, o’zimizni himoya qilishning barcha vositalarini aql - idrok bilan ishga solamiz. Lekin shunday bo’lsa-da, nega odam o’z salomatligiga ba’zan yengil-yelpilik bilan qaraydi? Sport bilan shug’ullanish maqsadga muvofiqligini, kundalik badan tarbiya kerakligini, jismoniy ish bilan aqliy ish mutanosibligiga rioya qilishni, vaqtida ovqat tanavvul etib, vaqtida uxlash lozimligini, ko’zni, quloqni, kerak bo’lsa, tanni favqulodda xatarlardan, yomon so’z, yomon ko’z va jismoniy ta’sirlardan asrashni, chekish, ichish ziyonligini, hamma-hammasini bilamiz, lekin bila turib, sog’lom turmush tarzi qoidalarini har qadamda buzaveramiz. Nima, aqlimiz, tafakkurimiz tanimizga zidmi?
Birinchidan, har bir shaxsning nazarida bu qoidalarni hamma buzayotganday tuyuladi: “men ham hamma qatori”. Masalan, Amerikada chekuvchilar va chekmaydiganlar o’rtasida so’rov o’tkazilgan. Chekishning inson organizmiga zarari bor ekanligini har ikkala toifa ham 100 foiz biladi, lekin hattoki chekmaydiganlar orasida ham uning zararli tomoni xatarli emasligini yoqlaydiganlar, chekadilar orasida esa teng yarmi aslida chekish unchalik xavfli emas, chunki “hamma chekadi-ku” degan fikrda bo’lganlar. Ya’ni, tafakkur o’zi tan olib turgan narsalarga o’z egasini ishontira olmaydi, qolaversa, chekish tufayli xastalangan bemorlarni hozir, ayni damlarda chekayotgan ko’zi bilan ko’rmaydi, ulardan uzoqda yashaydi, bu o’rinda “ko’zdan nari – aqldan nari” degan tamoyil ishlaydi.
Ikkinchidan, odamlarning sog’lom turmush tarziga rioya etishlariga to’siq bo’luvchi omillardan biri – odamlarda sog’lom yashashga nisbatan sabab (motiv), omillarning kuchsiz ekanligi. Ya’ni, ko’pchilikda sahar turib badan tarbiya bilan shug’ullanish istagi tonggi shirin uyqudan ko’ra kuchsiz keladi. Yoki bo’lmasa, hozirgi kunda yoshlar uchun alohida, xotin-qizlar uchun alohida maxsus sog’lomlashtirish maskanlari, sheyping guruhlari mavjud, lekin ularning ko’pchiligi pulli, pulni yaxshisi boshqa narsaga, masalan, mayda-chuyda ruzg’or buyumlariga, bezaklarga sarflash undan ko’ra osonroq, yoqimliroq va kerakroqday tuyuladi odamga. Shuning uchun sog’lig’ingizni yo’qotsangiz, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqalarga faloncha ketadi, deb tushuntirishlar odamlarga tezroq ta’sir qiladi.
Uchinchidan, tafakkurdagi analogiya, o’xshatish kabi xususiyatlar sog’lom turmush tarzi mezonlarini qabul qilishga yordam beradi. Masalan, televideniye yoki radio orqali sog’lom turmush tarzini hayotiy tamoyiliga aylantirgan va bu ishda katta muvaffaqityalarga erishayotgan odamlar ibrati ancha ta’sirchandir. Chunki odam o’zini o’sha ibratli odam o’rniga qo’yishga moyillik sezadi va “men ham shunday sog’lom bo’laman”, degan fikr uyg’onadi.
To’rtinchidan, ta’lim maskanlari, OAVlarining asosiy vazifasi targ’ibotdir. Bunday targ’ibotning ta’sirchanligini ta’minlash lozim. Kerak bo’lsa, odamning erta keksayishi, yuzlardagi ajinlar, xastalik va boshqalar oxir oqibat barvaqt hayotdan ko’z yumishga olib kelishini aytaverish va uning oldini olishning yagona chorasi sog’lom turmush tarzi ekanligini yoshlikdan bola ongiga yetkazish kerak. Ba’zan televizor orqali u yoki bu xil reklama berilsa, ensamiz qotadi, chunki yaxshi ko’rib tomosha qilayotgan ko’rsatuvni bo’lgani uchun shunday salbiy hissiyot tug’iladi, aslida o’sha reklama parchalarida sog’lom turmush tarziga oid lavhalar ko’rsatilsa, masalan, zararli odatlardan voz kechishning foydasi, to’g’ri va vaqtida ovqatlanish, jismoniy mashqlarni bajarayotgan tanish, obro’li shaxslarni ko’rsataverish ham bunday lavhalarga ko’nikishga olib keladi. Demak, OAV va ko’rgazmali reklamaning ham roli bu o’rinda katta bo’lishi mumkin.
Yana bir sabab – odamlarda o’zlarining salomatligiga nisbatan haddan tashqari optimistik qarashlar bor. Ya’ni, to’rt muchchasi sog’ tug’ilgan farzandini ona kasal bo’lmaydi, deb o’ylaydi va ba’zan ehtiyotsizlik qilib qo’yadi. Sog’lom odamga “Sog’lig’ingizni saqlang” desangiz, u bunga o’ziga xos kinoya bilan ham qaraydi. Boshqa tomondan, hatto u yoki bu xastaligi bor yoki surunkali kasallikka chalingan odamga tibbiyot xodimining bergan tavsiyalari ham malol keladi. Buning ikkita sababi bor:
bemor vrachga ishonmaydi, uning so’zlarini qo’rqitish uchun aytilayotgan eslatmalarday qabul qiladi. Masalan, ko’p chekish o’pka rakini keltirib chiqarishi to’g’risidagi vrachning axborotini eshitsa ham, “bu narsa menga taalluqli bo’lmasa kerak, vrach meni qo’rqityapti” deb o’ylaydi;
bemorning o’ziga xos “ziyrakligi” ham xalaqit beradi. Masalan, bunday ziyraklik vrach tavsiyalariga nisbatan tanqidiy qarashga yoki u yozib bergan dori-darmonning kuchiga ishonmaslikda ham namoyon bo’lishi mumkin.
Oiladagi nosog’lom muhit juda ko’p illatlar qatori odamning o’z salomatligi holatiga bo’lgan munosabatini salbiy tomonga o’zgartirib yuborishi mumkin. Bunday o’zgarishlarning ham turlicha sabablari bor. Masalan, agar oila a’zolari ma’lum sog’lom turmush tarziga o’rgangan bo’lsalar ham, biror sabab bilan shu oilada nizo, janjal kelib chiqsa, bu holat barcha oila a’zolari tafakkurining salbiy tomonga o’zgarishiga olib keladi. Bu o’z navbatida umuman faollikning pasayishini keltirib chiqaradi: kundalik badan tarbiya uchun ham kuch qolmaganday, behollik his qilinadi, “hyech bir narsa yoqmayapti”, deya noliydi odam. Demak, o’zaro muomaladagi sog’lom ruhiyat, samimiyat mavjud ijobiy odatlarning barqarorligini kafolatlaydi.
O’zbek oilasi azaldan sog’lom turmush tarzi, muomala madaniyatini saqlab kelgan. Bu o’z navbatida ota-ona va farzandlar munosabatlarida hamda uy tutish, o’ziga o’zi xizmat ko’rsatish, ro’zg’orni bikir va saranjom tutish, ozodalik tamoyillarida o’z aksini topgan. Albatta, zamon bu an’analarga biroz o’zgarishlar kiritdi. Masalan, ko’pgina shahar oilalarida bitta yagona farzand tug’ilgan, bu bolaga (qizmi, o’g’ilmi farqi yo’q) onasi bir umr xizmatchi bo’lib qoladi, yoki bolaning o’qish yumushlari ko’p, uning o’z ko’rpasini, yegan ovqatini yig’ishtirish, yuvish, ko’ylagini dazmollash kabi odatlarga o’rgatish malol keladi, yaxshisi uni onasi qilgani ma’qul, deb hisoblanadi. Bu holatlar vaqti kelib bolaning zerikishiga, turli ko’cha guruhlari ta’sirida zararli odatlarga o’rganishiga olib keladi. Yoki balog’at yoshiga yetib, musofirlik yuki bo’yniga tushganida yoki armiyaga harbiy xizmatni o’tashga borganda tengqurlari orasida xijolat kechishiga olib keladi. Shuning uchun ham tibbiy madaniyat oilada gigiyenik, ma’naviy, axloqiy tarbiya va o’z o’ziga xizmat ko’rsatish malakalarini hosil qilish bilan barobarlikda olib borilishi lozim.
Biz yuqorida salomatlik psixologiyasini ham fan, ham amaliyot deb ta’kidladik. Agar unga fan sifatida nazariy nuqtai nazardan yondashsak, inson organizmini muayyan mo’tadillikda ushlashning sirlarini har tomonlama tasavvur etishga to’g’ri keladi. Ya’ni, nazariy psixologiya salomatlikning turli bosqichlarda, turli ko’rinishlarda ro’y beradigan somatik, organik, psixologik omillarning muvofiqligi sifatida qaraydi. Ana shu omillarning o’zaro muvofiqligi qay tarzda kechishini quyida bayon etamiz.
Dostları ilə paylaş: |