Psixologiya va pedagogika Pedagogika bilan psixologiyaning o’zaro hamkorligi va aloqasi an’anaviy hamda azaliy xarakter kasb etib, ularning yosh avlod tarbiyasini zamon talablari ruhida amalga oshirishdagi roli va nufuzi o’ziga xosdir. Respublikamizda amalga oshirilayotgan “Ta’lim to’g’risidagi qonun” hamda “Kadrlar tayyorlashning milliy Dasturi”ni amalga oshirish ham bu ikkala fan hamkorligi va o’zaro aloqasini har qachongidan ham dolzarb qilib qo’ydi. Milliy dasturda e’tirof etilgan yangicha modeldagi shaxsnikamol toptirish, uning chuqur bilimlar sohibi bo’lib yetishishi, barkamolligini kafolatlovchi shart-sharoitlar orasida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayonlariga tadbiq etishda pedagogikaning o’z uslub va qoidalari yetarli bo’lmaydi. Shuning uchun ham psixologiya u bilan hamkorlikda yosh avlod ongining ta’lim olish davrlaridagi rivojlanish tendensiyalaridan tortib, toki yangicha o’qitish texnologiyalarini talaba tomonidan o’zlashtirilishi va undagi aqliy hamda intellektual qobiliyatlarga nechog’lik ta’sir ko’rsatayotganligini o’rganish, shu asosda ishni tashkil etish psixologiya metodlarini didaktik metodlar bilan uyg’unlashtirishni taqozo etadi. Ayniqsa, ma’naviy barkamollik tamoyillarini maktabda va yangi tipdagi ta’lim muassasalarida, xususan, Akademik lisey va Kasb-hunar kollejlarida joriy etish ham shaxs psixologiyasini teran bilgan holda o’qitishning eng ilg’or va zamonaviy shakllarini amaliyotga tadbiq etishni nazarda tutadi.