Idrokning konstantliligi qonuni. Bu qonun ma’lum ma’noda oldingisiga bog’liq. Ya’ni bunda ham ilgarigi tajriba katta rol o’ynaydi. Ma’nosi: odam o’ziga tanish bo’lgan narsalarni o’sha xossa va xususiyatlar bilan o’zgarishsiz idrok qilishga moyildir. Masalan, samolyot ichida o’tirib yerga qaraganmisiz? Avtomobil yo’llari, ularda harakat qilayotgan mashinalar kichkina ko’rinadi, lekin biz ularni hozir kichrayib qolgan, deb idrok qilmaymiz-ku? Aslida ko’z qorachig’imizdagi aks kichkina bo’lsa-da, ularni o’zimiz “to’g’rilab” alohida predmetlar sifatida idrok qilaveramiz.
Bu o’rinda bir etnografning Afrikadagi kuzatishi xarakterli. U kunlarning birida pigmeylar deb ataluvchi qabila vakillaridan biri bilan quyuq o’rmondan chiqqan (bu qabilaning umri qalin o’rmonda o’tadi). Ro’parada yaylovda sonsiz mollar podasi o’tlab yurgan bo’lgan. Etnograf ularni oddiy mollar podasi sifatida idrok qilgan, pigmey esa ularni chumolilarga o’xshatib, ularning ko’pligi va kichikligidan hayratlangan. Olimda idrokning konstantligi namoyon bo’lgan bo’lsa, uning sherigida uning buzilganligi kuzatilgan.
Demak, idrokimizning konstantligi, ya’ni ilgarigi tajriba asosida narsalarning xossa va xususiyatlarini o’zgartirmay, turg’un holda yaxlit tarzda idrok qilish xususiyati bizga tashqi muhitda to’g’ri moslashuvimiz, narsalar dunyosida adashmasligimizni ta’minlaydi. Konstantlik – “constanta” so’zidan olingan bo’lib, o’zgarmas, doimiy degan ma’noni bildiradi.
|