Kontrast qonuni. Masalan, televizor ko’rib o’tirib, birdan bir kanalning boshqasi bilan ulanib qolishi, ranglarning birdan almashinishi, xorij safari vaqtida kutilmaganda ona tilida kimnidir orqangizda turib gaplashishi kabilar idrokni aniqlashtirish va ubning uchun diqqatni o’sha narsaga qaratishga sabab bo’ladi. Yoki Toshkentning an’anaviy qiyofasida paydo bo’lgan o’ta zamonaviy bino, masalan, Banklar assosiyasiyasi binosi kontrast effekt beradi, chunki u boshqa obyektlardan tub farq qiladi. Shuning uchun ham diqqatimiz noan’anaviy, ajralib turadigan narsalarga idrokimizni, ongimizni yo’naltiradi.
Qaytaruv qonuni. Telefonda o’rtog’ingizga biror taklifni aytdingiz deylik. Agar u odatiy “xo’p” deyish o’rniga, qator qilib “xo’p”, “xo’p”, “xo’p” desa, darrov o’ylanib qolasiz, “buncha qaytarib qolding, zarda qilmayapsanmi?” deysiz ham. Saylov oldi jarayonlarida nomzodlar o’z fotosuratlari yoki siyosiy partiyalari haqidagi ma’lumotlarni har bir mahalla va katta ko’chalarga iladilarki, shu orqali ko’pchilikning diqqatini o’zlariga jalb qiladilar.
Yangilik qonuni. Ma’lumotning yangiligi, shaxs uchun kutilmaganda paydo bo’lishi ham diqqatni jalb etuvchi kuchli omil. Reklamada ham “Birinchi marta” deb berilgan ma’lumot, ijtimoiy jarayonlardagi yangiliklarning o’ziga xos betakrorligi, do’stingiz ustidagi yangi kostyum, bildirilgan yangi fikr yoki g’oya albatta, o’zgalar diqqatini o’ziga tortmay qolmaydi.