Psixologiya va tabiiy fanlar Biologiya, fiziologiya, ximiya, fizika va boshqa fanlar psixik hodisalar va jarayonlarning tabiiy-fiziologik mexanizmlarini tushunish va shu orqali ularning kechishi qonuniyatlarini obyektiv o’rganish uchun material beradi. Ayniqsa, bosh miyaning hamda markaziy asab sistemasining psixik faoliyatlarini boshqarishda va ularni muvofiqlashtirishdagi rolini e’tirof etgan holda psixologiya fani tabiiy fanlar erishgan yutuqlar va ulardagi tadqiqot uslublaridan omilkorona foydalanadi. Masalan, shaxs qobiliyatlarini diagnostika qilish uning tug’ma layoqatlari hamda orttirilgan sifatlarini bir vaqtda bilishni taqozo etgani sababli, o’sha tabiiy layoqatning xususiyatlarini aniqlashda psixofiziologiyaning qator usullaridan (miya assimetriyasi qonunlari, miya bioritmlarini yozib olish, neyrodinamik hodisalarni aniqlash, qon aylanish va tana haroratini o’lchash metodlari) o’z o’rnida foydalanadi va biologiya, anatomiya, fiziologiya, neyrofiziologiya kabi fanlarning shu kungacha erishgan yutuqlaridan foydalanadi. Shuning uchun tabiiy fanlar sohasida erishilgan barcha yutuqlar psixologiyaning predmetini mukammalroq yoritishga o’z hissasini qo’shgan.