Psixologiya va tarix Psixologiya va tarix fanlarining uzviy bog’liqligi ayniqsa, mustaqillik yillarida tarixni xolisona o’rganish va shu bilan birga inson shaxsining madaniy-tarixiy shart-sharoitlarga bog’liq tarzda rivojlanishi ayniyatini xalq ommasi ongiga yetkazishda namoyon bo’lmoqda. Yurtboshimiz I.Karimov o’zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” nomli asarida tarixning xalqlar taqdiri va rivojlanishidagi rolini obyektiv tarixiy omillar orqali tushuntirishning ahamiti va o’rni katta ekanligini ta’kidlash bilan bir qatorda, ana shu tarixni yaratuvchi inson psixologiyasini har bir davrda xolisona o’rganish zaruratini alohida alohida e’tirof etgan. Zero, inson ruhiyati va u vakil bo’lgan xalq va elat psixologiyasi orqali tarixiy voqyealarga baho berish milliy istiqlol g’oyalarini yoshlar ongiga singdirishning muhim vositalaridan biridir. Masalan, xalqimiz va davlatchiligimiz tarixida muhim o’rin tutgan temuriylar davri tarixini o’rganish uchun albatta, biz Buyuk Temur shaxsi va temuriyzodalarning insoniy fazilatlarini o’rganishimiz kerak. Ayniqsa, maktab yoshida tarixiy shaxslardagi takrorlanmas va ibratli sifatlar orqali o’sha davr tarixiy muhiti va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tushuntirish ancha samarali va ta’sirchandir. Shuning uchun ham tarixchi va arxeologlar u yoki bu davrni yoritish uchun o’sha davr ijtimoiy qatlamlari, mashhur shaxslari avtobiografiyasini o’rganishga katta ahamiyat bersalar, psixologlar, ayniqsa, ijtimoiy psixologlar katta guruhlar psixologiyasi va shaxsning ma’naviy va ahloqiy qiyofasini to’la o’rganish uchun shaxs mansub tarixiy shart-sharoitlar, xududiy o’ziga xosliklarni ham o’rganadilar. Shuning uchun ham mustaqillikning inson shaxsi kamolotiga berayotgan cheksiz in’omlarini tasavvur qilish uchun biz tariximizni va istiqlol yillarida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlarimizning obyektiv zaminlarini yaxshi o’rganishimiz kerak. Shundagina “O’zbekiston – kelajagi buyuk davlat” shiorining tom ma’nodagi mohiyatini teran anglaymiz.