II BOB. AMIR TEMURNING ISLOM TARIXIDAGI O‘RNI
2.1 Amir Temurning Islomga bog‘lanishi va shaxsiyati
Dunyodagi boshqa yurtlar qatori qo‘hna Movarounnahr tuprog‘ida ham qanchadan qancha hokimlar, podshohlar o‘tgan. Bu yurtda hukmronlik qilgan podshohlarning asli tub aholidan bo‘lganlari ichida Sohibqiron Amir Temurdek zabardasti, shuhratlisi, keng va qudratli, ko‘rkam va davomli davlatga ega bo‘lgani yo‘q. Shuningdek, Amir Temurdek nohaq ravishda ko‘p tanqidga uchragani, orqasidan so‘kish eshitgani, turli salbiy sifatlar bilan sifatlangani ham bo‘lmasa kerak. Amir Temurning tug‘ilganiga 660 yil to‘lishi munosabati ila yozilayotgan ushbu maqolada biz u kishining keng va qudratli hamda ko‘rkam va davomli davlat sohibi bo‘lishining ba’zi sabablari haqida to‘xtalmoqchimiz.Asosiy maqsadga o‘tishdan avval qisqacha bo‘lsa-da, turli salbiy sifatlari bilan sifatlanishiga sabab bo‘lgan ba’zi omillar haqida fikr bildiraylik. Avvalo, shuni aytish kerak-ki, Amir Temur o‘z zamonasining odami bo‘lgan, o‘sha vaqtdagi hukm uchun kurashganlar o‘ylagan o‘ylarini o‘ylagan, aytgan gaplarini aytgan, qilgan ishlarini qilgan.Qisqa qilib aytganda o‘zi yashagan zamon taomiliga ko‘ra ish ko‘rgan. Ehtimol, ushbu taomilda boshqalardan ustun bo‘lgani uchun ko‘pchilik zamondosh podshohlar ustidan g‘olib kelgandir9. Hamma urush qilganidek, Amir Temur ham urush qilgan, lekin urushni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq qilgani uchun ko‘proq g‘alabaga erishgan. Amir Temur ham boshqa podshohlarga o‘xshab, o‘ziga qarshi ko‘tarilgan isyonlarni shafqatsiz ravishda bostirgan, bu ishda balki boshqalardan ko‘ra qattiqqo‘lroq bo‘lgandir. Amir Temurning boshqa tasarrufotlarini ham shunga taqqoslab chiqish mumkin. Lekin, nima uchun boshqalardan ko‘ra Amir Temur ko‘proq tanqid qilingan? Nima uchun uni dunyodagi eng vahshiy, eng qonxo‘r, eng zolim podshohlardan biri sifatida ta’rif qilib kelingan? Albatta, bunday bo‘lishining o‘ziga yarasha omillari bor. Ehtimol tarixchilarimiz bu savollarga atroflicha javob berarlar.
Bizningcha, bunday bo‘lishining sabablaridan biri - Amir Temurning arab yerlariga qilgan yurishlari hamda Usmonli turk sultoni Boyazid Yildirimni yengib, asir olishidir. O‘sha davrda bu ikki taraf, ya’ni arablar va usmonli turklar o‘ziga xos tashviqot markazlari bo‘lib, dunyoga xohlagan fikrlarini yoyish, targ‘ibot qilish imkoniga ega bo‘lganlar. Amir Temurdan zarba yegan bu ikki taraf uni madh eta olmasliklari tabiiy edi. Shuning uchun ham arab va usmonli turk tarixchilari o‘sha qadim zamonlardan tortib hozirgacha Amir Temurni so‘kib, tanqid qilib turli salbiy sifatlar bilan sifatlab kelmoqdalar10. Ushbu ikki tarafning o‘sha paytlardagi fikriy dunyoda tutgan o‘rni va roli juda ham katta edi. Aynan shu omil dunyoda Amir Temur haqida salbiy fikrlarni keng tarqatishga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lsa ajab ermas. Adolat yuzasidan aytish lozimki, turk tarixchilari oxirgi davrda bu ishga ancha chek qo‘ydilar.
Ovrupodagi buyuk uyg‘onishdan keyin sharq hamma narsada g‘arbga qaram bo‘la boshladi. Har bir narsada g‘arbning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladigan bo‘ldi. Harbiy, siyosiy ustunlik samarasi o‘laroq madaniy va ilmiy sohada ham Ovrupo ustunligi boshlandi. Jahongir Amir Temurning yurti Movarounnahr Rus istilosi ostida qoldi. Rus istilosi o‘z qo‘l ostidagi yurtlarni past, xalqlarni qoloq hisoblash asosida ish olib bordi. Ruslar hech qachon, biz kechagina hech gap emas edik, endi safga qo‘shilib qoldik, deya olmas edilar. Balki, o‘z mustamlakasi bo‘lganlarga, siz hech kim emassiz, biz sizlarga ilm-ma’rifat, fan-madaniyat o‘rgatgani keldik, deyishardi. Ular bu da’volarining puch ekanligini yashirish maqsadida tarixni buzib ko‘rsatishga zo‘r berar edilar. O‘z navbatida bu ish, Movarounnahrning islomiy tarixini buzishga, soxtalashtirib, qoloq qilib ko‘rsatishga harakat qilishardi. Movarounnahr tuprog‘idan chiqqan buyuk davlat arbobi, muhtasham imperatorlik asoschisi sifatida Amir Temur shuhrati mustamlakachilarga tinchlik bermasligi turgan gap edi. Shuning uchun ham, ular Amir Temurni qoralashda, yovuz, madaniyatsiz, yirtqich, odam o‘ldirishdan boshqani bilmaydigan shaxs sifatida ko‘rsatishda hech narsadan qaytmadilar.
Chor Russiyasi o‘rnini olgan bol’shovoy mustamlakachilar dinni xalqlar afyuni, deb elon qildilar. Dinga bog‘liq hamma narsani zararli, dedilar. Dindor bo‘lgan odamlarni esi past, dedilar. Shu bilan, Islom asosida dunyoga dong taratgan Movarounnahr madaniyati, davlatchiligi, buyuk shaxslari, jumladan Amir Temur va uning ishlari ham afyun, qoloqlik, dahshat deb vasf etila boshladi. Bora-bora yurtimizga tegishli har bir narsa eskilik sarqiti, qoloqlik, madaniyatsizlik, deb elon qilindi. O‘zimizdan chiqqan sotqin kommunistlar tashabbusi ila madaniyatimiz asosi - harflarimiz ham qoloqlik sababchisi, deb rus harflariga almashtirildi. Qarabsizki, bir kunda asrlar davomida dunyo madaniyatida peshqadam bo‘lgan butun boshli bir aslzoda xalq savodsiz, deb e’lon qilindi. O‘z tarixidan ajradi. Endi, bu sho‘rli «savodsiz» xalq, o‘zining «ilmli» akasidan ilm o‘rgana boshladi. Jumladan, o‘z tarixini ham yangitdan mustamlakachi talqin asosida o‘rgana boshladi. Kommunistlar hech qachon Amir Temurni haqiqiy vasfini qilmas edilar. Dunyo tarixida ularchalik tarixni buzganlar bo‘lmagani bugungi kunda hech kimga sir emas. Ular hamma narsani, jumladan Amir Temurga tegishli tarixni ham xohlagancha buzdilar.
Menimcha, Amir Temur to‘g‘risidagi haqiqatni yashirib, nohaqlikni taralishida asosiy aybdorlar uning merosxo‘rlaridir. Ming afsuslar bo‘lsinkim, Sohibqirondek ulug‘ kishilarni yetishtirib chiqargan bu yurtning keyingi avlodi, o‘z ajdodlariga munosib farzandlar bo‘la olmadilar. Bu nobop farzandlar o‘zlarining buyuk ajdodlarini yetarli darajada avaylab-asrab, e’zozlay olmadilar. Ularni hech bo‘lmasa, dushmanlarning fikriy hujumlaridan, bo‘hton-tuhmatlardan himoya qila olmadilar. Bu ham yetmaganidek Sovet davriga kelib movarounnahrliklarning o‘zlari dushmanlariga qo‘shilib olib o‘z o‘tmishiga, tarixiga, buyuk ajdodlariga, jumladan Sohibqiron Amir Temurga tosh ota boshladilar. Ulardan ba’zilari Gerasimov, Viyatkin kabi mustamlakachi olimlarga shogird tushib, ularning atroflarida girdikapalak bo‘ldilar. Sohibqironni haqorat qilib, go‘rini ochishganda ketmon va belkuraklarni tutib astoydil ishladilar. Amir Temurni bemehr, shafqatsiz shaxs qiyofasida suvratini chizishganda bo‘yoqlarini ushlab turdilar va xursand bo‘lib chapak chaldilar. Ustozlaridan o‘rgangan uydirmalarga o‘zlaridan turli yolg‘on-yashiqni qo‘shib chatib safsata sotdilar.
O‘n oltinchi asrdayoq buyuk ingliz dramaturgi Kiristofer Marlo tomonidan «Sohibqiron Temurman» tragediyasi yozilib, Londonda har yili teatr mavsumi shu asar bilan boshlanishi odat bo‘lganiga qaramay, o‘zimizda Buyuk vatandoshimizni yomonlash bilan ovora bo‘lindi. Hatto, Ibrohim Mo‘minovdek g‘ayratli olimning, marksizm, leninizm mafkurasini muqaddima qilib, Amir Temurni Ovruponi ikki marta hujumdan saqlab qolgan qilib sifatlab, uning haqida iliq so‘z aytishi ham mustamlakachilarga yoqmadi. Ular o‘zimizdagi dumlari yordamida I. Mo‘minovni tazyiqqa oldilar.11
Xuddi, ana o‘sha sotqinlar «Guliston» jurnalida «Temur tuziklari» chop etila boshlaganda, Sohibqironga qarshi yangi hujum uyushtirdilar. Asarning tarjimoni marhum Alixon to‘ra Sog‘uniyga tuhmatlar qildilar. Tarjimani uyushtirishda, uni «Guliston» jurnalida chop qilishda jonbozlik ko‘rsatgan yozuvchi, marhum Rustam Rahmonni va tahririyatning boshqa a’zolarini quvg‘in qilishdi. Bugunga kelib o‘sha shavvozlar Sohibqiron Amir Temur maddohlarining birinchi safida turibdilar. Ular xuddi 20-30 yil muqaddam hech nima yuz bermagandek,o‘zlarini fidoyi qilib ko‘rsatmoqdalar. Ular go‘yo Sohibqiron sha’niga loy chaplamaganlar, go‘yo halol tarixchi olimlar yo‘liga to‘g‘onoq qo‘ymaganlar. Zamon o‘zgarishi bilan ular ustilariga qo‘y terisini yopdilar. Bu ham yetmaganidek, «Sohibqiron Amir Temur tarixini faqat men yaxshi bilaman», degan da’vo bilan yana boshqa olimlarni bu sohadan surishga urindilar. Lekin ilmiy omonat maddohlik emas, haqiqatni talab qiladi. Bugungi kunda bir dumalab maddohga aylanib qolish ham ilmiy omonatga xiyonat bo‘ladi. Balki, omonatga xiyonat qilmay, ilmiy asosda, hujjat va dalillarga suyangan holda tarixni to‘g‘rilikcha tahlil qilmoq kerak. Jumladan, Amir Temurga hamda u qurgan davlatga ana o‘sha asosda baho berish lozim. Mutaxassislar bu vazifani asta-sekin bajaradilar, degan umiddamiz. Zotan hozir bu muhim ishning boshlang‘ich bosqichida ba’zi ilmiy bahslar paydo bo‘lmoqda. Mulohaza qilinishicha, ana o‘sha bahslarda Amir Temurning hayoti va faoliyatidagi turli qirralarni yoritishga harakat bo‘lmoqda. Ammo, eng muhim narsalardan biri - Sohibqironning Islom diniga bo‘lgan bog‘lanishi va undan kelib chiqadigan tahlillar haqidagi bahslar kelajakka qoldirilayotganga o‘xshaydi. Biz endi ana o‘sha muhim mavzu haqida so‘z yuritmoqchimiz.Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyatini to‘laligicha o‘rganish, tahlil qilish yurtimiz tarixidagi, eng muhim bosqichlardan birini o‘rganish va tahlil qilish demakdir. Chunki, Amir Temur yurtimizning asl farzandi o‘laroq eng katta shuhrat qozongan podshoh hisoblanadi. U qurgan davlat Movarounnahr yeridagi eng katta, eng quvvatli va markazlashgan hamda rivojlangan davlat hisoblanadi. Albatta, bunday shaxs va davlatning tajribasini o‘rganish foydadan holi bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan «Amir Temurga qaysi omillarga suyangan holda bunday saltanat qurish nasib etdi, ekan?» degan savol paydo bo‘ladi. Ma’lumki, har qanday davlatning asosini hokim bilan mahkum, ya’ni, podshoh bilan fuqaro orasidagi aloqa tashkil qiladi. O‘z fuqarolarining mehru-muhabbatini qozongan, ularning hurmat va ezoziga sazovor bo‘lgan podshohgina muhtasham va har taraflama rivojlangan saltanat qurishi mumkin. Albatta fuqarolarning mehru-muhabbatini faqat ularga zulm o‘tkazish, ularni doimiy qo‘rqinchda ushlab turish yoki askariy kuch hamda mirshabu jallodlar yordamida qozonib bo‘lmaydi. Bunga zamon va makonlardagi kishilar ittifoq qilganlar. Fuqarolarni rozi qiladigan podshoh bo‘lish uchun ularning ruhiy holatiga, dunyo qarashiga, e’tiqodiga, insonlarni, xususan hokimlarni baholashdagi qo‘yadigan talablariga javob bera oladigan shaxs bo‘lishi lozim. Sohibqiron Amir Temurning Movarounnahrdek qadimdan Islom yurti bo‘lib kelgan zaminda, uning o‘z dini bilan faxrlanib kelgan musulmon aholisi bilan hamkorlikda, o‘sha davrning tabiri bilan aytganda, yetti asosiy omillardan biri Islom omili edi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Bu fikrni haqiqatga yaqin yoki undan yiroq ekanini bilish uchun Amir Temurning hayotida Islomning tutgan o‘rniga muxtasar nazar tashlab chiqaylik.12
Amir Temurni otasi mahalladagi boshlang‘ich madrasaga berganda u eng yosh talaba edi. Lekin, yoshligiga qaramay aql zakavoti va o‘tkir zehni bilan hammadan ajrab turar edi. U berilgan vazifalarni zudlik bilan yodlab olar, mudarrislar tomonidan berilgan savollarga hammadan ko‘ra puxtaroq va aqlliroq javoblar berar edi. Mudarrislar uning aqliga, o‘tkir zehniga qoyil qolishar edilar. Ular Temurning otasiga, o‘g‘lingiz bizda bor ilmni olib bo‘ldi, endi uni bizdan ko‘ra peshqadamroq ustozga bering, deb maslahat berishadi. Amir Temur juda yosh chog‘ida, uch yilda Qur’oni Karimni to‘liq va puxta yod oldi. U Allohning kitobini shu darajada yod oldiki, hozirgacha Amir Temur qilgan tajribani boshqa odam qila olgan emas. Amir Temur har bir surani avvalidan oxirigacha bexato o‘qiganidek, oxiridan avvaligacha ham, ya’ni teskarisiga ham bexato o‘qir edi. Bu ish hech kim tomonidan rag‘batlantirilmasa ham, Sohibqironning qanchalik puxta qori ekanini ko‘rsatib turuvchi dalildir. Qadimdan qorilar musulmonlar ommasi tomonidan qanchalik e’zozlanishi hammaga ma’lum. Endi o‘sha e’zozga sazovor qori, davlat boshlig‘i bo‘lsa, xalqning unga bo‘lgan hurmati qanchalik bo‘lishini bilib olaverish mumkin.
Amir Temur faqat Qur’oni Karimni yodlabgina qolmay, balki uning ma’nosini ham juda yaxshi bilar, boshqa ilmlarni ham puxta egallagan edi. Ayniqsa, fiqh ilmida shuhrat qozongan edi. Bu esa, o‘z navbatida uning obro‘siga obro‘ qo‘shar, xalq ommasining u kishiga bo‘lgan izzat, ehtiromini yana ham orttirardi.Eng muhimi, Amir Temur og‘zida emas, haqiqatda, gapda emas, amalda chin musulmon edi. Uning o‘zi mustahkam islomiy aqiyda sohibi bo‘lishi bilan birga, boshqalarning ham bu aqiydaga putur yetkazishga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilardi. Amir Temur mashhur shoir Hofiz Sheroziyni ko‘pchilik ichida, ilmiy majlisda, ba’zi baytlarini o‘qib, aqiydaga zararli ekanini aytib, tanqid qilgani ma’lum va mashhur. Bu esa, Amir Temurga musulmon shaxs, olim sifatida vazifa bo‘lsa, podshoh sifatida ham vazifa, ham obro‘ keltirar, xalq ommasining unga bo‘lgan muhabbati, ehtiromi va itoatini orttirar edi.
Avval aytganimizdek, Sohibqiron og‘zida emas, amalda musulmon edi. U musulmon shaxs sifatida diniy takliflarni to‘liq ado etardi. Amir Temurning olim ekanini, diniy talablarini o‘z shaxsida amalga oshirishini uning ashaddiy dushmanlari va tanqidchilari ham tan oladilar. Ularning ta’kidlashlaricha, Sohibqiron vaqtida namozini o‘qib, ro‘zasini tutar, yolg‘on so‘zlamas, harom ichkilik ichmas, harom yurmas, ahdini buzmas edi. Amir Temur o‘z hayotining eng tanbanlik bilan o‘tgan davrida, ayshu ishratga berilgan, deb vasf qilingan paytida ham shariatga xilof ish qilmagan. Albatta, Islom dinining hukmlariga amal qilish ila Amir Temur, avvalo o‘zining bandalik burchini ado etar, Alloh taolo tomonidan shoh bo‘lsin, gado bo‘lsin har bir bandaga farz - vojib etilgan amrlarni bajarar edi. Shu bilan birga, bu islomiy sifatlar uning xalq o‘rtasida obro‘sini orttirar, hukmini mustahkamlashga omil bo‘lardi. Misol uchun namozni olib ko‘raylik. Musulmon jamiyatida benamoz amaldorlar musulmonlar ommasi tomonidan hech qanday izzat ehtirom topa olmagan. Ro‘za ham xuddi shunday. Ro‘za tutmaydigan shaxs musulmonlarning e’tiborini qozonishi mumkin bo‘lmagan.
Yolg‘on gapirish esa, nafaqat musulmonlar, balki barcha boshqa xalqlarga ham yoqmagan. Yolg‘onchilik hamma zamonlarda, hamma makonlarda, hamma xalqlar tomonidan yomon ko‘rilgan sifatdir. Bu sifat o‘z sohibi shoh bo‘lsin, gado bo‘lsin obro‘sini tushirgan. Ayniqsa, el-yurt ichida martabaga, obro‘ga ega bo‘lgan kishilarning yolg‘on gapirishlari alohida noqulaylik tug‘dirgan. Yolg‘onchilik sifati, ayniqsa musulmonlar orasida, qattiq qoralangan. Musulmonlar ichida «Yolg‘onchi - Xudoning dushmani», degan gap qadimdan bo‘lib kelgan. Yolg‘onchilik Sohibqiron yod olgan Allohning kalomi Qur’oni Karimda qayta-qayta tanqid qilingan. Payg‘ambarimiz tomonidan qattiq qoralangan. Shuning uchun ham Amir Temur musulmon shaxs sifatida yolg‘on gapirmagan. Bu unga gunohni chetlashda yordam berishi bilan, xalq ommasi ichida obro‘sini ortdirgan, do‘stu-dushmanning unga bo‘lgan e’tirofini kuchaytirgan.
Harom ichkilik ichish va harom yurish, ya’ni zino ham shunga o‘xshash, hamma tomondan qoralanadi. Hatto, bu narsalar harom hisoblanmagan xalqlar ichida ham, davlat boshliqlarining bu ishlarga qo‘l urishi qattiq qoralagan. Shuning uchun ham mazkur ishlarni qilganlarning xalq o‘rtasida obro‘si to‘kilgan. Islom shariatning bu ikki ishni qat’iyan harom qilgani hammaga ma’lum va mashhur. Shundan kelib chiqib, qadimdan musulmonlar ichida mayxo‘r va zinokorlarga tahqirlash nazari bilan qaralgan. Ularga obro‘-e’tiborga emas, jazoga sazovor shaxslar sifatida munosabatda bo‘lingan. Ahdga vafo qilmaslik ham hech kimga, hech qachon obro‘ keltirmagan. Bu yomon sifat ayniqsa musulmonlar orasida, qattiq qoralanadi. Chunki, Qur’oni Karimning, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam sunnati mutahharalarining hukmi shu. Albatta, harom ichimliklar ichmaslik, harom yurmaslik va ahdga vafo qilish sifatlari Amir Temurning o‘z fuqarolari oldida obro‘sini haddan ziyoda oshirar edi. Biz Sohibqironning ko‘pchilik tarixchilar tomonidan e’tirof qilingan ba’zi islomiy sifatlari haqida to‘xtaldik. Bu boshqalar qatori Amir Temurdagi yaxshilik sifatlar ham uning dini Islom tufayli ekanini ko‘rsatadi. Bu bilan biz Amir Temur aybsiz edi, uning shaxsiyati faqat barkamol sifatlardan iborat edi, demoqchi emasmiz. Lekin, u kishining do‘stu dushmanlari e’tirof qilgan sifatlarini Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning: «Vafot etganlaringizning yaxshi sifatlarini eslang», degan hadislariga amal qilib eslamoqdamiz. Shu bilan birga Sohibqironning hukmdagi muvaffaqiyatlarida ushbu sifatlar asosiy omil bo‘lganligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Chunki shaxsiy sifatlar har bir narsada ta’sirli ekani hammamizga ma’lum13.
Amir Temur va uning jamiyatdagi islomiy aloqalari Sohibqiron Amir Temur Islomni faqat shaxs bilan Alloh orasidagi yashirin aloqa deb qaramagan. Balki, u Islom ijtimoiy aloqalarida hamma narsadan ustun turish lozim ekanligini yaxshi tushingan. Shuning uchun u kishi, o‘z yaqinlarini, fuqarolarini doimo Islomni o‘rganishga, unga amal qilishga chaqirar edi. Bu ma’noda Amir Temur o‘ziga yarasha, podshoh-davatchi edi. Sohibqironning farzandlariga, yaqin kishilariga Islom dinini tinmay o‘rganish, unga amal qilib yashash zarurligi haqidagi nasihatlarini tarixchilar ko‘plab keltiradilar. Shuningdek, u kishi o‘z amaldorlari, askarlari va fuqarolarini ham shunga da’vat qilar edi. Birgina misol keltiraylik. Bir kuni, sahroda harbiy mashq o‘tkazilayotganida qor yog‘ib qoladi. Mashqlarni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Shunda, Amir Temur o‘z odamlarini chodirga to‘plab turib, kim Qur’oni Karimdan qor haqidagi oyatni topib bersa, bir miqdor oltin mukofot berishini e’lon qiladi. Odamlar chodirlarga tarqalib, kun bo‘yi Qur’on o‘qish bilan ovora bo‘ladilar. So‘ng Sohibqiron ularni qayta to‘playdi va Qur’oni Karimga alohida e’tibor ila yondashmaslikda tanqid qiladi. Qur’oni Karim issiq, qor yog‘maydigan o‘lkada nozil bo‘lgani uchun unda qor haqida oyat bo‘lishi mumkin emasligiga e’tibor bermaganlarini eslatadi. Ularni Qur’oni Karimga, Islom diniga ixlosini kuchaytirishga chaqiradi va turli diniy savollariga javob beradi.
Amir Temurning jamiyatdagi islomiy aloqalari haqida gapirar ekanmiz, Islom dinida aynan shu aloqalarni rivoji uchun joriy qilingan jamoat va juma namozlariga bo‘lgan munosabatini aytib o‘tishimiz lozim. Sohibqiron doimo jamoat namozidan qolmaslikka harakat qilar edi. Xuddi shu maqsadda doimo o‘z yurishlarida ko‘chma masjid olib yurar edi. Qayerga borib tursalar, maxsus kishilar darhol o‘sha ko‘chma masjidni o‘rnatishar va hamma birga Amir Temur boshchiligida jamoat bilan namoz o‘qishar edilar. Sohibqiron o‘z safarlaridan birida Bishraveyh nomli shahar bilan tanishish uchun o‘sha yerning rahbari Husayn ibn Is’hoq bilan yurgan paytida namozga azon aytiladi. Husayn ibn Is’hoq borib jamoat bilan namoz o‘qib kelishga izn so‘raydi. Shunda Amir Temur men ham jamoat bilan namoz o‘qiyman, deb birga jo‘nadi.
Boshqa bir joyga juma kuni boriladi. Juma namozi yaqinlashishiga qaramay odamlar ko‘rinmayotganini sezgan Sohibqiron taajjubga tushib, o‘sha yerning diniy rahnomasini olib kelishga amr qiladi. Salla kiygan bir kishini olib keladilar. Amir Temur undan, aholi qaysi dinga etiqod va amal qilishini so‘raydi. U odam musulmonchilikka, deb javob beradi. Amir Temur, «namoz o‘qiysizlarmi?», deb so‘raydi. U, «ha o‘qiymiz» deydi. Amir Temur, «bugun juma, ammo hech kim ko‘rinmaydi, nima, juma namozi o‘qimaysizlarmi?», deydi. Haligi odam «har kim o‘z uyida o‘qiydi», deb javob beradi. Shunda Sohibqiron gap nimada ekanligini tushunib yetadi-da, haligi odamni din orqali qorin to‘yg‘izishni odat qilib olganlikda ayblab, ancha koyiydi. Alloh juma namozini jamoat bilan o‘qishga amr qilganini aytib, Qur’oni Karimdan bu haqidagi oyatni o‘qib tushuntiradi va azon ayttirib, o‘zi odamlarga juma o‘qib beradi. Albatta, bunga o‘xshash ishlar va tasarruflar Jahongir sultonning obro‘, hurmatiga hurmat qo‘shar va musulmon xalqning ishonchini yana ham ko‘proq qozonishiga sabab bo‘lar edi.
Amir Temurning jamiyat va fuqarolar bilan aloqasining asosiy qismi ulamolar orqali bo‘lar edi. U kishi ulamolarni haddan ziyod hurmatlar edi. Nomi ulamo bo‘lsa, o‘ziga yarasha taqdirlar edi. Bu borada amirning o‘zlari amal qilgan ahli sunna va jamoa mazhabi ulamolari bo‘lishi shart emas edi. Shiya, rofiziy mazhablari hatto nasroniy yoki boshqa dinlarning ulamolarini ham taqdirlar edi. U kishi Sultoniya nasoralari bosh rohibini o‘z huzuriga chorlab mehmon qilgani, rohib unga qattiq gap so‘zlar aytib ko‘pchilik orasida beodoblik qilsa ham hurmatini joyiga qo‘ygani ma’lum va mashhurdir. Amir Temur ulamolarni ziyoratini kanda qilmas, ularga saxiylik bilan mukofot va hadyalar berar edi. Qayerga borsa, mashhur va o‘zi kitobini o‘qigan ulamolarning vafot etganlari bo‘lsa, qabrini ham ziyorat qilar edi. Sohibqiron tomonidan ulamolarning ehtirom qilishining yana bir ko‘rinishi, urush bo‘lgan joylarda yashaydigan ulamolarning uyiga kirganlarga omonlik berar, ularga tegmas edi. Amir Temur olim kishi sifatida o‘z davridagi kitoblarni o‘qib va tahlil qilib borardi. Ana o‘sha o‘zi kitobini o‘qigan ulamolarni tirik bo‘lsalar ham, o‘lik bo‘lsalar ham hurmatlarini joyiga qo‘yardi. Bir vaqtlar shayx Muhammad Shabistoniyning kitobini o‘qigani uchun, aybdor bo‘lsalar ham uning yurtdoshlariga tegmadi va yurtini vayron qildirmadi14. Sohibqiron Firdavsiyning «Shohnoma»sini ham o‘qigan edi. Uning yurtiga borganda qarovsiz qolib ketgan qabrni izlab topib ziyorat qiladi. Buyuk jahongir Amir Temurning ulamolarga bo‘lgan bunday munosabatlari u kishi olim bo‘lgani uchun, zar qadrini zargar biladi, ma’nosidagi tasarrufigina emas edi. Musulmonlar ommasi ichida ulamolarning obro‘ e’tibori hammaga ma’lum. Oddiy musulmonlar hamma narsadan kechib bo‘lsa ham, ulamolarning hurmatini qiladi. Doimo ularning fatvosi va gapi ila ish ko‘radi. Shu ma’noda ulamolar e’tiborini qozongan hokim uchun xalqning izzat-ehtiromiga sazovor bo‘lish osondir. Amir Temur ana shu omildan unumli foydalanardi.
Sohibqiron qayerga borsa, albatta o‘sha yerning ulamolarini to‘plab, ilmiy majlis o‘tkazardi. Ularga turli savollar berib, ilmiy saviyalarini sinab ko‘rar, dolzarb masalalarini muhokama qilar edi. Deyarli har bir majlisidan ulamolar Amir Temurning ilmiga, aql-zakovatiga, odobiga va ulamolarning ta’siri bor hamma joylarda Sohibqironning obro‘sini yanada oshishiga, o‘sha yerdagi xalqlarning u kishiga muhabbatini mustahkam bo‘lishiga olib kelar edi.Buyuk Jahongir, ulkan imperiya sohibi, katta olim Amir Temur kamtarin inson ham edi. U ilmiy muzokaralarda o‘zi bilmaydigan masala chiqib qolsa yoki fikrning noto‘g‘riligi ayon bo‘lsa, darhol qabul qilar, haq yo‘lni tanlar edi. Xurosonning Bishraveyh degan joyida namozga azon aytilganda odamlar kiyimlarini almashtirib, yaxshisini kiyib masjidga ketayotganini ko‘rib, bir do‘kondordan, «nima uchun bunday qilayapsizlar?», deb so‘raydi. Shunda u kishi: «Ey Amir, biz Allohning «A’rof»surasidagi (31-oyati)ga amal qilayapmiz», deydi. Sohibqiron imtihon qilmoqchi bo‘lib u kishidan oyatning ma’nosini so‘raydi. Do‘kondor oyat ma’nosini to‘g‘ri aytib beradi va Alloh ushbu oyatda, bizlarga «har masjid huzurida ziynatingizni oling», demoqda bu namozni go‘zal holatda o‘qing, degani, biz shunga binoan kiyimlarimizni almashtirmoqdamiz», deydi. Amir Temur, men hofizi Qur’on bo‘lsam ham, faqih bo‘lsam ham buni mulohaza qilmagan ekanman, endi qarorgohga borib kiyimlarimni almashtirib kelay, deydi.
Amir Temur Damashqda o‘sha vaqtning mashhur ulamolariga taklif yuborib, katta yig‘ilish o‘tkazdi. Bu yig‘ilishda o‘sha davrning atoqli olimlaridan, Imodiddin Mag‘ribiy, Siroj Iskandariy, Bahouddin Halabiy, Ibn Xaldun, Nizomiddin Shomiy va Arabshoh kabilar qatnashadilar. Amir Temur yig‘ilish avvalida ulamolarni qutlab, ularning har biriga alohida savollar berib sinab ko‘radi. So‘ngra asosiy masalaga ko‘chib, Qur’oni Karim oyatlarini nozil bo‘lish tartibiga ko‘ra qayta yozib chiqishni taklif qiladi. Ulamolar bu masalani bir necha kun bahs qilishib, oxiri hozirgi tartibni o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan qarorga kelishadi va buni oxirgi yig‘ilishda Amir Temurga yetkazishadi. Sohibqiron o‘z fikrini quvvatlab ulamolar bilan tortishadi. Keyin esa ulamolarning gaplaridan qoniqish hosil qilib, o‘z fikridan qaytadi va Qur’on oyatlari tartibi doimo o‘z holida qolajagini hammaga e’lon qiladi.
Bunday tasarruflar albatta, Amir Temurning obro‘siga obro‘ qo‘shar, musulmonlar ommasining unga bo‘lgan muhabbatini ziyoda qilar edi. Shubhasizki, yuqorida zikr etilgan narsalar Amir Temurning davlatchilik borasidagi ulkan yutuqlariga asosiy omil bo‘lgandir.
Dostları ilə paylaş: |