2.2 Amir Temur va Islomiy hukm Shubhasiz, Amir Temur qurgan davlat sof islomiy davlat bo‘lgan emas. Sof islomiy davlat to‘rt xalifalar davrida va yuzinchi hijriy yillarda qisqa muddat xalifa bo‘lgan Umar ibn Abdulazizning davrida bo‘lganligi Islom olamida ma’lum. Undan keyin bu davlatning sof islomiyligi buzilib, oilaviy mulkka, merosxo‘rlikka aylangan. Vaqt o‘tishi bilan ko‘proq buzilib boravergan. O‘z zamonasining odami sifatida Amir Temur ham o‘zi qurgan davlatda o‘sha zamonning uslublaridan foydalanadi. Shu bilan birga, o‘sha davr taomuli va o‘z ilmiga binoan islomiy omillardan ham foydalanadi. Uning saltanatining muvaffaqiyatlarida aynan ushbu islomiy omillar asosiy rol o‘ynagan bo‘lsa, ajab ermas15.
Amir Temur Islomning hamma dinlar va tuzumlardan ustun ekanligiga to‘la ishongan muxlis inson edi. U bu ma’noda, hamma mazhablar-dinlar ham bir, degan Jaloliddin Rumiyni tanqid qiladi. Taassub jihatidan emas, ilmga va tajribaga suyangan holda Islomning ustun ekanligini ta’kidlaydi. Sohibqironning fikricha, Iysoviy mazhab - ya’ni xiristian dini faqat oxiratga e’tibor beradi. Musoviy mazhab - ya’ni yahudiy dini, esa faqat bu dunyoga e’tibor beradi. Islom esa, ham bu dunyoni, ham u dunyoni o‘z ichiga olgandir. Shuning uchun ham u kishi Islomga qo‘lidan kelganicha amal qilishga harakat qiladi.
Avvalo, Amir Temur e’tiqod masalasida mahkam turadi. Ahli sunnat va jamoat aqiydasini mahkam tutar, turli buzg‘unchi fikrlarni qattiq qoralar edi. Sohibqiron o‘z yurishlari davomida duch kelgan turli dinlarga e’timod qiluvchilar bilan gaplashar, ularning e’tiqodlari haqida so‘rar va xatolarini bayon qilar edi. Turli buzuq mazhablarga nisbatan ham shunday yo‘l tutar edi. U kishi e’tiqodni sof bo‘lishi, turli bidat-xurofotlar bo‘lmasligi tarafdori edi. Bunga bir misol keltirishimiz yaxshidir.
Amir Temur Sherozga yurish qilganda u yerning amri Sulton Shoh Mansur Muzaffariy, shahardagi eski masjidga kirib olib Amir Temur ustidan g‘olib bo‘lishini tilab o‘tiraveradi. Sohibqiron esa uning yurtini egallab oladi va bu tasarrufini tanqid qiladi. Amir Temurning fikricha faqat duo bilan ish bitmaydi. Agar faqat duo bilan ish bitadigan bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam duo bilan ish bitirar edilar. Ammo, U zot sallollohu alayhi vasallam duo qilish bilan birga askar to‘plab, sovut kiyib, qilich-qalqon olib jangga kirganlar.
Amir Temur o‘z tasarruflarini Qur’oni Karim oyatlari va Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning sunnatlariga to‘g‘ri kelgan joylarini eslatish bilan Qur’on va sunnatga muvofiq ish ko‘rishga harakat qilganini bayon qiladi. Amir Temur urushlardan birida, kim shayx Hisomiddin Sabzavoriyning uyiga kirib olsa, omon qoladi, degan amrni chiqardi. Mazkur shayx Hisomiddin Sazavoriy shiya bo‘lgan. Sohibqironning uning uyiga kirganlar omon bo‘ladi, deyishi esa shayx uchun katta obro‘ edi. Tabiiyki, o‘sha davr o‘lchoviga ko‘ra, bir shiya odamga nima uchun shunchalik hurmat, degan savol paydo bo‘ladi. Amir Temur buni Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning qilgan ishlariga moslab qilganligini bayon qiladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam Makkai Mukarramani fath qilgan kunlari, kim Abu Sufyonning uyiga kirsa omon qoladi, deb e’lon qiladilar. Abu Sufyon o‘sha paytda mushrik - kofir edi. Shunday bo‘lsa ham Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam uning uyini omonlik joyi deb e’lon qildilar. Men, bir shiya odamning uyini omonlik joyi desam nima bo‘libdi, deydi16.
Shuningdek, Amir Temur Islom hukmiga amal qiluvchilarni ko‘rsa ham juda mamnun bo‘lar edi. Bu narsa ayniqsa Xuroson janubidagi Bishraveyh shahriga bo‘lgan munosabatida yaqqol ko‘rinadi. Sohibqiron u shaharga yaqinlashganda uni yo‘l chetida sodda kiyingan bir necha odam kutib oladi. Amir Temur ulardan «Shaharning amiri kim?», deb so‘raydi. Ular, amirimiz yo‘q, o‘zimiz qo‘limizdan kelganicha Qur’onu sunnatga amal qilib yashamoqdamiz, deyishadi. Bu gap Sohibqironni qiziqtirib qoladi-da, shahar bilan yaqindan tanishishga qaror qiladi. U yerning Imomi Husayn ibn Is’hoq bilan birgalikda hamma narsa bilan yaqindan tanishib chiqadi. Aholining barchasi yoshu qari, erkagu ayol ilmi bo‘lib, o‘qish-yozishni biladigan, bo‘sh vaqtini ilmga sarflaydigan bo‘ladi. Hamma halol mehnat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Amir Temur ularga oltin bersa, hurmat qilganinggiz uchun rahmat, ammo bu tillolarga hojatimiz yo‘q, o‘zimiz ishlab topganimiz yetadi, deyishadi. Aholining rahbari, imom Husayn ibn Is’hoq ham qo‘liga ketmon olib dehqonchilik qiladigan bo‘ladi. Unga Amir Temur bir ot sovg‘a qilsa uzr aytib olmaydi, ot mina olmayman, eshak minib o‘rganib qolganman deydi. Bu narsalardan xursand bo‘lgan Amir Temur sharoit bilan yanada yaqinroq tanishadi. Sohibqiron bir do‘kondorning ayol xaridorga narsa tortib berayotib «Voy lullil mutaffifin» - «Torozudan urib qoluvchilarga voy bo‘lsin» oyatini o‘qiganini eshitadi. Ayol ketganidan keyin borib do‘kondordan, «o‘zing o‘qigan oyatning ma’nosini bilasanmi?», deb so‘raydi. U, bilaman, deb, oyat ma’nosini aytib beradi. Bir oz savol-javobdan so‘ng, do‘kondor, torozu tortishda xiyonat qilib qo‘ymay, deb har kimga bir narsa tortganimda shu oyatni o‘qib turaman, deydi. Shuningdek, Amir Temur bir attorning oldidan o‘tib ketayotib uning «Vazinuu bil qistosil mustaqiym» ya’ni, «Va adolat tarozusi ila vazn o‘lchanglar» oyatini o‘qiganini eshitib qoladi va o‘sha attor bilan ham yuqoridagi o‘xshash suhbat va savol-javoblardan so‘ng Amir Temurga ko‘pgina o‘zini xursand qiladigan narsalar ayon bo‘ladi.
Bishraveyhda qulf va qarovul yo‘q ekan. Odamlarni Islomga amal qilib yashaganlari uchun bunga ehtiyoj yo‘q ekan. Shuningdek, qozi ham yo‘q ekan. Yoshi ulug‘ bo‘lib qolgan Husayn ibn Is’hoq birovning so‘kishganini yoki urishganini eslay olmasligini aytadi. Bu yerda oila buzilishi - taloq ham, birovning haqqini tortib olish ham yo‘q ekan. Bu haqiqatlarni bilib Amir Temur nihoyatda xursand bo‘ladi. Qur’on va sunnatga amal qilib yashayotgan bu muxlis - musulmon aholini taqdirlashga qaror qiladi. Amaldorlarini to‘plab majlis o‘tkazadi.
Bishraveyhni «Dorul ilmi val omon» deb elon qiladi. Modomiki, Temur xonadoniga mansub hokimlar bor ekan, bu shahardan xiroj olinmaydi, hech kim, hech qanday bahona bilan bu yerga hujum qilmaydi, deb farmon chiqaradi.
Mana shuning o‘zi ham Amir Temurning Islomga, Qur’on va sunnatga amal qilib yashashni qanchalik ulug‘lashini ko‘rsatib turadi. Amir Temurning mazkur farmoni o‘sha shahar aholisining Qur’on va sunnatga amal qilib yashayotganlarini munosib taqdirlash bo‘lishi bilan birga, boshqa shahar va qishloqlar aholisini ham shunday yashashga targ‘ib qilish hamdir.
XULOSA Xulosa o`rnida shuni aytish lozimki, buyuk sarkarda Amir Temurning davlat boshqaruv sohasida, hamda ichki va tashqi siyosatda amalga oshirgan islohotlari o`z davrida uning saltanatini yanada mustahkam bo`lishiga olib kelgan. Hozirgi kunda kundan-kun gullab-yashnab borayotgan Mustaqil O`zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar ham davlat boshqaruv sohasida mamlakatimizning ertangi kuniga bo`lgan ishonchni yanada mustahkamlab, buyuk davlat arbobi Amir Temur tajribasini chuqur o`rganib, amalda buyuk bobolarimiz tajribasidan unumli foydalanilayotganining isbotidir. Bu esa xalqimiz kelajagi uchun adolatli turmush tarzi yaratib berish yo`lida qilinayotgan say-harakatlarning samarasidir.Shu o‘rinda birinchi prizidentimiz Islom Karimov va Amir Temur haqlarida yozilgan maqoladan parcha keltirishga ijozat bergaysiz. Jahon davlatchiligi tarixidan yaxshi bilamizki, bashariyatning kelgusi taraqqiyoti uchun yurtparvarlik, insonparvarlik siyosatini olib borib numuna bo‘lgan hukmdorlar sanoqli. XIV asrning eng yorqin siymosi – Amir Temur ana shunday ulug‘ va mo‘'tabar zotlardan biri hisoblanadi. Ammo oradan asrlar o‘tib, ulkan hududimiz mustamlakachilar qaramligiga o‘tganidan keyin sobiq sho‘ro tuzumi tufayli milliy tarix surbetlarcha soxtalashtirildi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur shaxsi sho‘ro mafkurachilari tomonidan salbiylashtirib, tarix darsliklarida, ilmiy va badiiy adabiyotlarda “qora bo‘yoqlar”da berildi. Mustamlaka iskanjasida qolgan millat ulug‘ ajdodini qadrlash, uning mislsiz merosidan kuch-madad olish imkonidan mahrum bo‘ldi. O‘z vaqtida dunyoni titratgan benazir shaxs, yurtning shavkatli farzandi tariximiz sahifalaridan qariyb o‘chirilib, unutishga mahkum etildi. Mustamlakachilarning asl maqsadi xalqimizning milliy ongi va milliy g‘ururini yo‘qotish edi. Lekin o‘zbek xalqi buyuk ajdodlarini, qahramonlarini unutmadi, hamisha yuragida, qalbining to‘rida saqlab keldi. O‘lkamizda Amir Temurning ulug‘vor ruhi kezib yurdi.
1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat rahbari, jasoratli yetakchi Islom Abdug‘anievich Karimov bu ulug‘ zotning xotirasini astoydil tiklashga kirishdi. Millat o‘zligini anglay boshladi, tarixiy xotirasiz kelajak o‘ta tumanli ekani yurtning birinchi yo‘lboshchisi tomonidan isbotlab berildi. “Yuksak ma'naviyatni qaytarish — O‘zbekistonda ochiq, zamonaviy, demokratik jamiyatni barpo etishda g‘oyat muhimdir”, dedi davlatimiz rahbari. Yuksak ma'naviyat bu – Amir Temur va Temuriylar davrida bunyod etilgan, yaratilgan muhtasham ma'naviy va moddiy boyliklar edi. Amir Temurning kuchli, markazlashgan davlatida amalga oshirilgan islohotlar, adolat g‘oyasi Turon hukmdorning nechog‘liq uzoqni ko‘ruvchi strateg bo‘lganini aniq ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Islom Karimov mustaqil O‘zbekistonning yo‘lchi yulduzi sifatida buyuk Amir Temurni tanladi. Endigina mustaqillikka erishgan yosh davlatning kuch-qudratga ega bo‘lishida, ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy yuksalishida Sohibqironning tarixiy merosi, shubhasiz, katta rol' o‘ynadi. Zero, Amir Temur siymosi zamonaviy O‘zbekiston davlati uchun erk va mustaqillik ramziga aylandi. “Men Samarqandda tug‘ilganman, menga Amir Temur buyuk dahosini aks ettiruvchi, tarovati va muhtashamligini tavsiflashga so‘z ojizlik qiladigan obidalar yurtida yashab, voyaga yetish nasib etdi. Ilk bolalik kezlarimdan jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan tarixiy obidalar, betakror madaniyatning uzoq va jo‘shqin davri bunyodkorligi nafasidan bahra olib yashadim”, degan edi Islom Karimov “Amir Temur jahon tarixida” deb nomlangan kitobning so‘zboshisida. Darhaqiqat, mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti mardligi, shijoatida buyuk Sohibqironning ruhi mujassamlashgandek edi. Yurt va millat uchun eng og‘ir damlarda kuchli iroda va qat'iyat, Vataniga cheksiz muhabbati bo‘lmagan rahbar 90-yillarning taloto‘pidan mamlakatni omon-eson olib chiqolmas edi. Ilk yillarda Islom Karimov siymosida shavkatli ajdodimiz Amir Temurning qudrati tajassum etdi, desak yanglishmaymiz.
Amir Temur yoshlik chog‘idan mard, dovyurak, g‘ururli, o‘tkir zehn va aqlu idrok egasi bo‘lib o‘sgan edi. U turli dunyoviy ilmlarni, harbiy san'atni egallagan, madrasada o‘qib, Qur'oni karimni yod olgan, hadis ilmini o‘rgangan edi. Ana shu iqtidori, tirishqoqligi tufayli iymon-e'tiqodli, halol-pok inson bo‘lib yetishdi. U yoshligidan boshlab o‘z oldiga Ona yurtini mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qilish maqsadini qo‘yish baravarida, yer yuzida buyuk saltanat sohibi sifatida ko‘plab elu davlatlarning boshini qovushtirdi. Mamlakat qudratini har sohada yuksaklikka ko‘tarib, dunyoga mashhur qildi. Og‘ir va mashaqatli yo‘lda qiyinchiliklarni yengib o‘tdi, bir dam bo‘lsa-da ortga chekinmadi. Amir Temurdagi ana shunday qat'iyat va kuchli iroda Amu bilan Sir o‘rtasidagi mo‘'jaz Movarounnahr davlatini ulkan imperiyaning markaziga aylantirdi. Milliy tariximizni chuqur bilgan, mard va olijanob ajdodlarimizning bunyodkorlik ishlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan Islom Karimov uchun Amir Temur va ul zotning faoliyati oliy namuna, andoza, taraqqiyot modeli bo‘lib xizmat qildi. O‘zbekistonda Amir Temur g‘oyalari qanot yoyib, yurtni azaliy orzulari sari yetaklay boshladi. Demak, Islom Karimov ham yurtimizda tajavuzkor sho‘ro mafkurasining zararli ildizlarini quritdi, odamlar ongida qotib qolgan qaramlikni yo‘q qildi va istiqlol tuyg‘usini uyg‘otdi.