3.2. Tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish: milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmat ko’rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko’paytirish;
ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investisiya siyosatini olib borish;
yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xom-ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo’shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o’tkazish orqali sanoatni yanada modernizasiya va diversifikasiya qilish;
iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish;
prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o’zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash;
ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag’batlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o’rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperasiyasini kengaytirish;
iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish;
faoliyat ko’rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish;
xizmat ko’rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o’rni va ulushini oshirish, ko’rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o’zgartirish;
turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikasiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish;
eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikasiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish;
yo’l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish.