Zilzilabardosh bino, inshootlar va metropoliten loyihasida ularning tarhidagi koʻrinishi iloji boricha sodda boʻlishi kerak, chunki tarhi aylana, kvadrat yoki toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi binolar murakkab shaklli bino va inshootlarga nisbatan zilzilabardoshroq boʻladi. Agar meʼmorlik yoki foydalanish talablariga koʻra, murakkab shakldagi bino va inshootlar qurish lozim boʻlsa, u holda ularni antiseysmik choklar vositasida oddiy shaklli qismlarga ajratiladi.
Gʻishtin devorli binolarda barcha yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar (boʻylama va koʻndalang devorlar, yopmalar) birbiri bilan mustahkam bogʻlangan holdagina bino yaxlit fazoviy konstruksiya sifatida zilzila kuchlariga qarshilik koʻrsatadi. Agar bu bogʻlanish mavjud boʻlmasa yoki zaif boʻlsa, boʻylama devorlar koʻndalang devorlardan ajralib ketishi va baʼzi hollarda qulab tushishi mumkin. Devor qulagach, orayopmalar ham butunlay yoki qisman bosib qoladi. Antiseysmik choralar qoʻllanmagan binolarda bunday hodisalar koʻplab uchraydi. Binolarni zilziladan beshikast asrab qolish uchun maxsus choralar koʻriladi. Masalan, binoning perimetri boʻylab antiseysmik kamarlar ishlanadi, yopmalar birbiriga va devorlarga puxta bogʻlanadi, devor burchaklariga hamda kesishuv yerlariga armatura qoʻyiladi va h. k. Gʻishtin devorlarni tiklashda devor orasiga vertikal yoʻnalishda temirbeton elementlar — oʻzaklar qoʻyib, kompleks konstruksiya hosil qilinadi. Gʻishtin devorlar ostiga qoʻyiladigan gidroizolyasiya qatlami sement qorishmadan ishlanadi; bu maqsadda tol ishlatish tavsiya etilmaydi.
Yirik panelli binolarni yuqori darajada mexanizatsiyalashtirish imkoniyati katta boʻlganligidan binokorlikning bu uslubi seysmik va noseysmik hududlarda keng qoʻllaniladi. Bino vaznining yengilligi (gʻishtin devorli binolarga nisbatan 1,2—2 baravar yengil), devor materialining mustahkamligi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarning soddaligi va yuk (kuch) ning butun sirtga bir meʼyorda tarqalganligi tufayli seysmik zonalarda shunday binolar koʻplab quriladi.