Pedagogik fanlar talim mazmunini belgilovchi me\'yoriy hujjatlar
1.2 Pedagogik fanlar mazmunini belgilovchi me’yoriy hujjatlar. Davlat ta’lim standarti Ta’lim mazmuni – belgilangan maqsadga muvofiq yo‘nalish va hajmiga ega bo‘ladi. U tegishli me’yoriy hujjatlar: davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja, dasturlar shaklida rasmiylashtirib, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadi1.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartining maqsadi — umumiy o‘rta ta’lim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, ma’naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
-umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
-milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
-o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
-kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash;
-ta’lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek ta’lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
-davlat ta’lim standartlari talablarining ta’lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti quyidagi asosiy printsiplarga asoslanadi:
- o‘quvchi shaxsi, uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligi;
- umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi;
- davlat ta’lim standartining ta’lim sohasidagi davlat va jamiyat talablariga, shaxs ehtiyojiga mosligi;
- umumiy o‘rta ta’limning boshqa ta’lim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va ta’lim mazmunining uzviyligi;
- umumiy o‘rta ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitligi;
- umumiy o‘rta ta’limning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya texnologiyalariga asoslanilganligi;
- o‘quvchilarda fanlarni o‘rganish va ta’lim olishni davom ettirish uchun tayanch va fanlarga oid umumiy kompetentsiyalarni rivojlantirishning ta’minlanganligi;
- rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ta’lim sohasida me’yorlarni belgilash tajribasidan milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:
- umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi;
- umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi;
- umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari;
- baholash tizimi.
Umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan o‘quv fanlari nomi, o‘quv yuklamasining minimal hajmi hamda ularning sinflar bo‘yicha taqsimoti belgilangan hujjat hisoblanadi.
Tayanch o‘quv reja umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining dars jadvalini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
Tayanch o‘quv reja umumta’lim fanlari bo‘yicha belgilangan ta’lim mazmunini o‘quvchiga yetkazish uchun ajratilgan o‘quv soatlari (davlat ixtiyoridagi va maktab ixtiyoridagi soatlar)ning minimal hajmini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2018 yil 9 avgustdagi 19-2018-son buyrug’iga asosan “Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g’risidagi” Nizom2 ishlab chiqildi. Talabalar bilimini baholashda malakaviy amaliyot, kurs ishi, fan (fanlararo) davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistratura bosqichida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlar hamda magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan baholash mezonlari qo‘llaniladi.
Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Oraliq nazorat semestr davomida ishchi fan dasturining tegishli bo‘limi tugagandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholash maqsadida o‘quv mashg’ulotlari davomida o‘tkaziladi. Oraliq nazorat turi har bir fan bo‘yicha fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda 2 martagacha o‘tkazilishi mumkin.
Oraliq nazorat turini o‘tkazish shakli va muddati fanning xususiyati va fanga ajratilgan soatlardan kelib chiqib tegishli kafedra tomonidan belgilanadi.
Oraliq nazorat turining topshiriqlari tegishli kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqiladi va mazkur kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Semestr davomida haftasiga 2 akademik soatdan kam bo‘lgan fanlar bo‘yicha oraliq nazorat turi o‘tkazilmaydi.
Talabaning amaliy, seminar, laboratoriya mashg’ulotlari va mustaqil ta'lim topshiriqlarini bajarishi, shuningdek uning ushbu mashg’ulotlardagi faolligi fan o‘qituvchisi tomonidan baholab boriladi. Talabani oraliq nazorat turi bo‘yicha baholashda, uning o‘quv mashg’ulotlari davomida olgan baholari inobatga olinadi.
Yakuniy nazorat turi semestr yakunida tegishli fan bo‘yicha talabaning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat turini o‘tkazish shakli tegishli fan bo‘yicha kafedra tomonidan belgilanadi.
Yakuniy nazorat turi oliy ta'lim muassasasining tegishli fakulьtet dekani yoki o‘quv-uslubiy bo‘lim tomonidan ishlab chiqiladigan hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor tomonidan tasdiqlanadigan Yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.
Talabalarning bilimi quyidagi mezonlar asosida:
talaba mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 5 (a'lo) baho;
talaba mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 4 (yaxshi) baho;
talaba olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 3 (qoniqarli) baho;
talaba fan dasturini o‘zlashtirmagan, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega emas deb topilganda — 2 (qoniqarsiz) baho bilan baholanadi.
Talabalar bilimini baholash 5 baholik tizimda amalga oshiriladi.