1-Mavzu: Ta’limni tashkil etish masalalari.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida inson hayotining
barcha jabhasida misli
koʻrilmagan oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Ushbu silsilalar koʻp yillik shakllangan
qadriyatlar, anʼanalar va tamoyillarning “darz” ketishiga ham olib keldi. Xususan,
nufuzli olimlar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan yaqin va oʻrta istiqbolda
kurrai zamin taraqqiyotiga tahdid soladigan xavf-xatarlar boʻyicha berilgan prognoz
koʻrsatkichlari oʻz tasdigʻini topmadi. Aksincha, ular qaytadan koʻrib chiqilayotir.
Ammo shu narsa ayon: dunyo bir butunlikda harakat qilmas ekan, inson oʻta tahlikali
vaziyat qurboniga aylanishi hech gap emas. Yagona najot yoʻli esa toʻplangan bilim,
shakllangan koʻnikma va orttirilgan xulosalarni yagona maqsad sari yoʻnaltirish, ilm
hamda tajribalarni samarali uygʻunlashtira olishdir.
Bilim va ilmning shakllanishi esa bevosita taʼlim tizimiga borib taqaladi.
Taʼlim tizimi samaradorligini oʻqituvchi saviyasi, talaba ehtiyoji, oʻquv adabiyotlari
mazmuni hamda mustaqil taʼlimni shakllantirishga qaratilgan infratuzilma bevosita
taʼminlab beradi. Demak, ilgʻor kadrlarni tayyorlash,
ularni mehnat bozori
talablariga muvofiq raqobatdoshligini oshirish, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni
yetishtirish oʻquv dargohlarida yoʻlga qoʻyilgan taʼlim berish jarayoni bilan
chambarchas bogʻliq.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 8-oktyabrida “Oʻzbekiston
Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish
konsepsiyasini
tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu muhim dasturilamal hujjatda
“respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof
etilgan
tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings,
Times Nigher
Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1
000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish va oliy taʼlim
muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga
oʻtkazish” belgilab berildi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar respublikadagi barcha oliy taʼlim
muassasasi
(OTM)ning 85 foizi, jumladan, 2020/2021 oʻquv yilining oʻzida 33 ta oliy taʼlim
dargohini kredit-modul tizimiga oʻtkazish koʻrsatib oʻtildi.
Xoʻsh, bundan koʻzlangan maqsad nima? Bugun
va kelajak uchun mazkur
mexanizm qay darajada foyda keltiradi? U yangi Oʻzbekistonning strategik
maqsadlariga qanchalik mos? quyida ana shu savollarga
batafsil javob izlashga
harakat qilamiz.