4. Oylik (mezotsiklli) va haftalik (mikrotsiklli) rejalashtirish
1. Rejalashtirish mazmuni va uning turlari
Rejalashtirish, nazorat va hisobot sportchini tayyorlashni boshqarishning tarkibiy elementlaridir. Sportchilarni rejalar ishlab chiqishga, bajarilgan ishlarni ma’lum vaqtda tahlil qilishga e’tiborlarini qaratishda, jalb qilishda shug‘ullanuvchilar rejalashtirish va nazoratni qay tarzda tushunishlariga, uni mazmun va texnologiyasining ahamiyati qandayligini anglashlariga alohida e’tibor berish kerak.
Rejalashtirish deganda, avvalambor, turli vaqt oralig‘iga mo‘ljallangan rejalar tizimini ishlab chiqish jarayoni tushuniladi. Ushbu rejalar tizimi asosida bir-biri bilan uzviy bog‘liq maqsad va vazifalar mazmuni hamda mashg‘ulot mohiyati kiradi. Sportchini tayyorlash jarayonida mashg‘ulotning maqsad va vazifalari, vosita usullari, mashg‘ulotlar va musobaqa yuklamasi hajmi, sportchi tanasidagi ichki va tashqi o‘zgarishlar, mashg‘ulotlar samaradorligi, o‘quv-mashg‘ulot ishlari, dam olishlar soni, tiklanish jarayonlari tizimi, nazorat normativlari, tarbiyaviy ishlar, mashg‘ulot va musobaqa sharoitlarini rejalashtirish predmetlari hisoblanadi.
O‘z navbatida, mashg‘ulot rejasi alohida hujjat hisoblanib, unda mashg‘ulotli va mashg‘ulotlardan tashqaridagi mashqlarning ma’lum yo‘nalishi, mazmuni, tizimi, ketma-ketligi va bajarilish muddatlari joy olgan bo‘ladi, ular murabbiy va sportchi oldiga qo‘yilgan katta va kichik, yaqin va uzoq vazifalar bilan bog‘liqdir. Ilmiy asoslangan rejalar murabbiy va sportchi harakatlarida kutilmagan qo‘polliklar salbiy oqibatlarini daf etishga yordam beradi. Suningdek ortiqcha vaqt, kuch va moddiy harakatlarning sarflanmasligiga, tanlangan sport turida yuqori natijalarga erishishda ham yordam beradi. Mashg‘ulot alohida sportchiga yoki bo‘lmasa jamoaga rejalashtirilayotganiga qarab individual hamda umumiy (guruhli) rejalashtirishga bo‘linadi. Aralash rejalar (individual guruhli) kamdan-kam hollarda ishlab chiqiladi.
Rejalashtirilayotgan davr davomiyligiga qarab quyidagi turdagi rejalarni ajratish mumkin: ko‘p yillik, yillik, oylik (mezotsiklga), haftalik (mikrotsiklga), bir kunlik, bitta mashg‘ulotga atalgan. Individual rejalar qisqa davrga ham (mikrotsikl, mezotsikl, bosqich, davr, yil), uzoq davrga ham (4 yil va undan ko‘proq) ishlab chiqilishi mumkin. Uzoq muddatli individual rejalar asosan juda tajribali sportchilarga tegishli bo‘ladi (sport ustaligiga nomzod va undan yuqori). Guruhli rejalashtirish avvalambor jamoada ishlab chiqiladi (sport o‘yinlarida).
Shuni e’tiborga olish lozimki, rejalashtirish murabbiy ning o‘quv mashg‘ulot jarayonini boshqarishdagi eng yetakchi va muhim omil hisoblanadi (2-jadvalga qarang). Boshqarishning markaziy nuqtasi, yadrosi mashg‘ulot dasturi, mashg‘ulot dasturi esa sport pedagogi (murabbiyi) va uning o‘quvchilarni boshqaruvi hisoblanadi. Uning yordami bilan murabbiy sportchilar tayyorgarligining rivojlanishini, natijalarning o‘sishini boshqarib turadi. Ba’zi paytlarda murabbiy dasturga yoki rejaga majburiy yoki majburiy bo‘lmagan o‘zgarishlar kiritishi kuzatiladi. Bunday paytlarda sportchi rejalashtirilgan vazifani yoki ortig‘i bilan (oldinroq) bajaradi yoki kechroq yakunlashiga to‘g‘ri keladi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, rejalashtirish, nazorat va hisobot (bashoratlash) uzviy bog‘liq va bir-birini to‘ldirib turadi. Sportchi larning mashg‘ulotni rejalashtirish jarayoni bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
sportchining bo‘lajak holati, modelini tuzishga qaratilgan mashg‘ulot loyihasini ishlab chiqish bosqichi;
tayyorgarlik rejasini ishlab chiqish bosqichi;
uni o‘zgartirish va unga tuzatishlar kiritish bosqichi.
Mazkur bosqichlar sportchi mashg‘ulotini rejalashtirishning barcha ko‘rinishlariga tegishlidir. Biroq, bosqichlarning tuzilishi, bajarilish rejasiga qarab turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘p yillik mashg‘ulot rejasini tuzish tarkibi, bir yillik mashg‘ulot rejasidan farqlanadi. Bunda bosqichlar soni, yosh chegarasi, mashg‘ulotlarning davomiyligi asosiy farqlab turuvchi hisoblanadi.