XVI-XIX ASRLARDA SAMARQANDDA IJTIMOIY-IQTISODIY VA MADANIY HAYOT 1.Samarqand – shayboniylar hukmronligi davrida. 2.Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand. 3.Mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand. Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan Samarqand qadimiy Sharq ilm-fan va madaniyatining tan olingan markazi edi. Samarqand shahri shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar davlatida kechgan siyosiy jarayonlarda ham muhim rol o‘ynagan.
Shayboniylar sulolasi vakillari avvaliga Samarqandni o‘zlariga poytaxt sifatida tanladilar, so‘ngra poytaxtni Buxoroga ko‘chiradilar. Shayboniylar sulolasi vakillari 1500-1601 yillarda hukmronlik qilib, Samarqand ushbu sulola vakillari tomonidan 1501-1533 va 1540-1556 yillarda poytaxtga aylantirilgan. Bu orada alohida ikki xonlik, ya’ni, Samarqand va Buxoro xonliklari faoliyat ko‘rsatishgan. Shayboniylar sulolasi avval Samarqandda, so‘ng Buxoroda, keyin ikki poytaxt alohida holda, oxirida esa yana Buxoroni poytaxt etib hukmronlik qilishgan.
XV asrning ikkinchi yarmida Dashti Qipchoq hukmdorlari va oliy hokimiyat da’vogarlari temuriyzodalar orasida shiddatli kurash boshlanadi. Shayboniylar davlatining asoschisi Abulxayrxon (1428-1468)ning o‘limi tufayli boshlangan taxt talashishlar oqibatida to‘qnashuvlar vujudga kelib, bu davlatni parokanda qila boshladi.
Abulxayrxonning to‘ng‘ich nabirasi (Shohbekxon) Shayboniyxon (1501-1510) hokimiyatga kelib, bu urushlarga barham beradi. Keyinchalik, temuriylar orasidagi nizolardan foydalangan Shayboniyxon Movarounnahrni qo‘lga kiritish uchun harakat boshlaydi. U qudratli qo‘shin to‘plab, Movarounnahr viloyatlarini bosib ola boshlaydi. 1499 yilda temuriy Sulton Ali bilan bo‘lgan jangda g‘olib chiqib, Samarqandni egallaydi va bu shaharni o‘z davlati poytaxti deb e’lon qiladi. XVI asr boshlarida Movarounnahr va unga tutash bo‘lgan katta hududlarni qo‘lga kiritish uchun temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur ham harakat qilganligi ma’lum. 1500 yilning kuzida Shayboniyxon harbiy safardaligida Bobur mirzo Samarqandni egallaydi.
1501 yilning bahorida Shayboniyxon bilan Bobur o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi va Bobur mag‘lubiyatga uchraydi. Natijada, Samarqandni jangsiz topshirish sharti bilan Bobur mirzo va askarlarini shahardan tinch chiqib ketishga kelishishadi. Muhammad Shayboniyxon Samarqandga kirgach, shaharni rasman o‘zining poytaxti deb e’lon qilgan. Keyinchalik shaharni tashlab chiqib ketgan Bobur Afg‘onistonga so‘ngra Hindistonga borib, u yerda Boburiylar saltanatiga asos solgan.
Muhammad Shayboniyxonning hukmronligi davrida shaharda ayrim sohalarda jonlanish sodir bo‘ldi. Oliy hukmdor Samarqanddagi qurilishlarga alohida e’tibor bergan. Shayboniyxonning poytaxtda madrasa qurdirganligi haqida unga zamondosh tarixchi «shaxsan Shayboniyxonning o‘zi qurdirgan Madrasayi Oliyaga» borganini yozib qoldirgan.
Shayboniyxon 1510 yil dekabrda Eron shohi Ismoil bilan bo‘lgan jangda Marvda vafot etgan. U halok bo‘lgach, qizilboshlilar tomonidan boshi tanasidan judo etilib, tanasi Samarqandga yuboriladi va o‘zining Qo‘sh madrasasi sathida dafn etiladi. XX asrning 60-yillarida Samarqanddagi Toshkent ko‘chasini kengaytirish arafasida uning madrasa vayron etilgan. Shayboniyxon va shayboniy sultonlar ko‘milgan dahma esa Sherdor va Tillakori madrasalari yonboshiga ko‘chirilgan.
Shayboniyxonning 1510 yildagi fojiali o‘limidan keyin, shayboniylar orasidagi sarosimalikdan foydalangan Zahiriddin Muhammad Bobur Eron shohi Ismoil Safaviyning yordamida Movarounnahrni qo‘lga kiritadi. Ammo, shahar ahlining noroziligi tufayli Samarqandni tashlab ketishga majbur bo‘ladi.
Natijada taxt uchun kurashlar avj olib, bu kurashlarda faollik ko‘rsatgan Shayboniyxonning jiyani Ubaydulla Sultonning siyosiy mavqei kuchayadi. Ubaydulla sulton Buxoro viloyatining hukmdori Mahmud Sultonning o‘g‘li bo‘lib, 1512 yil Ubaydulla va Mirzo Bobur o‘rtasida Buxoro yaqinida jang bo‘lib o‘tadi. Jangda Ubaydullaxonning qo‘li baland kelgan. Bu haqida Muhammad Yusuf Munshiy shunday yozadi: «Bobur qochdi va butun Movarounnahr shayboniy sultonlar hukmronligiga o‘tdi. Ular uning hamma viloyatlarini o‘zaro taqsimlab oldilar, natijada Ubaydullaxonga hukmronlik uchun Buxoro, Karmana va Miyonqol tegdi».
Dastlab, xonlik va Samarqand taxti sulolaning yoshi ulug‘i Ko‘chkunchixon ibn Abulxayrxon qo‘liga o‘tadi. Shayboniylar sulolasining qolgan sultonlariga martabasiga qarab boshqa viloyatlar bo‘lib berilgan.
Eronlik qizilboshlar va temuriy Bobur mirzoning tahdidlari bartaraf etilgach, Ko‘chkunchixon 18 yil davomida Samarqandni boshqargan. 1530 yilda Ko‘chkinchixon vafot etgach, Samarqand taxtiga uning o‘g‘li Abu Saidxon ibn Ko‘chkunchixon (Ubaydulloxonning xohishiga ko‘ra) o‘tirdi. U davlatni 1533 yilgacha boshqargan. Ko‘chkunchixon va Abu Sa’idxon ibn Ko‘chkunchixonlar Registon maydoni qarshisida o‘zlari bunyod etgan «Ko‘chkunchixon madrasasi»da dafn etilgan.
Ubaydulla sulton 1533 yilda oliy hukmdorlik unvonini oladi va 1540 yilgacha, rasman poytaxt Samarqand bo‘lsa-da, davlatni Buxorodan turib boshqaradi. Shunday bo‘lsa-da Samarqand, davlat poytaxti va hukmron sulolaning eng katta vakili – xon qarorgohi sifatidagi mavqeini saqlab qoldi.
Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon (14511510) temuriy hukmdorlarni mintaqadan uzoqlashtirgunga qadar kechgan 10 yillik davrda bir asrdan ortiq davr mobaynida temuriylarning bosh markazi sifatida bo‘lib kelgan Samarqand yana bir necha o‘n yilgacha o‘z mavqeini yo‘qotmaydi. Xususan, Shayboniyxonning o‘g‘li Temur Sultonni valiahd deb e’lon qilib, unga Samarqand boshqaruvini berganligi ham ushbu shaharning yangi sulola nazdida qanchalik ahamiyalia bo‘lganligidan darak beradi. Shu tariqa, dastlabki paytlarda Samarqandni markaz qilgan holda, Xuroson va Badaxshonga yurishlar uyushtira boshlagan shayboniylar, keyinchalik poytaxt sifatida Buxoroni tanlagan bo‘lib, aynan qanday omillar bunga sabab bo‘lganligi masalasida tadqiqotchilar orasida hozirgacha yakdil fikr yo‘q. Shuningdek, geografik jihatdan qulay, mo‘tadil iqlimli, qadimdan mashhur sulolalarning poytaxti bo‘lib kelgan Samarqanddek bir joy turib, Shayboniy hukmdorlarning poytaxtni boshqa bir shaharga ko‘chirishlariga aynan qanday omillar sabab bo‘lganligi masalasi ham haligacha bahsli mavzu bo‘lib kelmoqda.
1540-1551 yillarda Samarqandda mustaqil xonlik markazi bo‘ldi. 1540 yilda Ubaydulloxon vafot etgach, Movarounnahrda ikki xonlik vujudga keladi. Movarounnahrda hukm surgan siyosiy parokandalik mamlakatda ikki hokimiyatchilikning vujudga kelishiga olib keldi. Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon (1541–1550) Buxoro taxtida, Samarqandda Ko‘chkunchixonning o‘g‘illari – avval Abdullaxon I (1541 yil mart – 1541 yil sentabr), so‘ngra Abdullatifxon (1541–1551 yy.) hukmronlik qildilar. Natijada ham Samarqand ham Buxoro poytaxt shahar vazifasini bajardi. Abdullatifxonning o‘limidan so‘ng Samarqand taxtiga Baroqxon nomi bilan Navro‘z Ahmadxon (1551-1556 yy.), Buxoroda Ubaydullaxonning nabirasi Burhon sulton taxtga o‘tirgan. 1556 yilda Baroqxon Zarafshon daryosining Darg‘om kanaliga olinish joyida Ravotxo‘ja to‘g‘onini tuzatish uchun kelganda vafot etadi.
Davlat boshqaruvidagi bu vaziyat haqida turk admirali Seydi Ali Raisning quyidagi ma’lumotlari saqlanib qolgan: - «...Samarqand podshohi Abdullatifxon vafot etib, Baroqxon Samarqandda xonlik taxtiga o‘tirgan, Balxda Pirmuhammadxon, Buxoroda esa Sayid Burhonxon o‘z nomlariga xutba o‘qitganlar, davlatni qo‘riqlash, hamma qo‘shin va aholining ahvoli haqida qayg‘urmaganlar».
Burhon Sulton 1557 yil yaqin amirlardan birining fitnasi oqibatida o‘ldiriladi. Shu davrdan boshlab, Abdulla sultonning Movarounnahr siyosiy hayotidagi roli oshib boradi. Uning otasi shayboniylardan Jonibek sultonning o‘g‘li Iskandarxon edi. Movarounnahrdagi markazlashgan hokimiyatni tiklash Abdulla sultonning bosh maqsadi edi. U 1557 yilda Buxoroni egallaydi, an’anaga ko‘ra Jonibek sulton avlodidagi eng keksa vakil – Pirmuhammadxonni oliy hukmdor etib tayinlaydi (1557-1560).
Bu davrda Samarqandda avval Muhammad Ibrohim Sulton ibn Abdullatifxon (1556 y.), so‘ngra Boboxon ibn Navro‘z Ahmadxon (1556-1557), Gadoyxon (1557) va Javonmard Alixon (1557) hukmronlik qilishgan.
Balxda yashab kelgan Pirmuhammad rasman hukmdor bo‘lsa-da, haqiqiy hokimiyat Abdullaxon qo‘lida edi. 1560 yilda Abdullaxon Buxoro taxtiga otasi Iskandarxonni (1560–1583) o‘tkazadi va rasmiy hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoladi. Xojamqulibek Balxiy bu voqeani shunday tasvirlagan: «Jonibek sultonning o‘g‘li Iskandarxon o‘z o‘g‘lining harakatlari natijasida shavkatli shaharda taxtga o‘tirdi. Xutba va tangalar uning nomi bilan bezandi».
Iskandarxon g‘ayratli, taqvodor inson bo‘lib, tariqat ishlariga berilgan edi. U ham otasi Jonibek Sulton kabi Naqshbandiya tariqatining mashhur murshidi Maxdumi A’zam Dahbediyga murid tushgan edi. Iskandarxon siyosiy ishlarga uncha aralashmay, hamma ishni o‘g‘li Abdullaxon bajargan. Iskandarxon 1583 yilda vafot etgan. Iskandarxonning o‘limidan so‘ng Abdullaxon Buxoro taxtiga yagona voris sifatida o‘tiradi. Shayboniylarning eng mashhuri, Amir Temurdan so‘ng «Sohibqironi soniy» sharafli nomga sazovor bo‘lgan. U davlatni parokandalik va siyosiy inqirozdan olib chiqishga harakat qiladi. Abdullaxon katta hududlarni o‘z ichiga olgan markazlashgan davlat tuzishga erishgan.
Shayboniylar davrida Samarqandni quyidagi hukmdorlar boshqargan: Muhammad Shayboniyxon ibn Shohbudoq Sulton ibn Abulxayrxon (1501-1510), Ko‘chkunchixon ibn Abulxayrxon (1512-1530), Abu Sa’idxon ibn Ko‘chkunchixon (1530-1533). Buxoro va Samarqand alohida ikki xonliklar poytaxti davrida Samarqandda Abdullatif ibn Ko‘chkunchixon (1540-1552) alohida xonlik tuzib hukm surgan. Samarqandning shayboniy xonlari va sultonlari: Ahmad Sulton ibn Ubaydullo Sulton, (1501-1506), Muhammad Temur Sulton ibn Muhammad Sulton (1506-1511), Abdullatifxon ibn Kuchkunchixon, (1540-1552), Sulton Sa’id ibn Abu Sa’idxon, (1552-1555), Navro‘z Ahmadxon ibn Suyunchxo‘ja, (1555-1556); Muhammad Ibrohim Sulton ibn Abdullatifxon (1556); Boboxon ibn Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon), (1556-1557), Javonmard Ali Sulton ibn Abu Sa’idxon (1557).
Shayboniylar hukmronligi davrida mamlakatda yer-suv sohasida bir qancha islohotlar o‘tkazilgan. O‘z hukmronligining dastlabki 10 yilida Shayboniyxon tomonidan soliqlar og‘irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo‘jaliklar yerlarini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilgan. Shayboniyxon 1507 yilda pul islohotini o‘tkazdi. Bunga ko‘ra mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil - 5,2 gramm bo‘lgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa-pullar zarb qilinib, muomalaga chiqarilgan.
Bu islohot iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida o‘tkazildi. Islohot markaziy hokimiyatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirishga, mahalliy hokimlar mavqeini esa kuchsizlantirishga, dehqonlarning soliq to‘lash imkoniyatini oshirishga, davlat va aholi mulkini ko‘paytirishga imkon berardi.
XVI asrning birinchi o‘n yilligida Shayboniyxon davrida soliq daromadlari qisqarib ketganligi sabab qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun bir qancha choralar ko‘rilgan edi. Yerlarni tashlab ketgan dehqonlar qaytarildi va ular olinadigan soliqlar yengillashtirildi. 1503 yilda Samrqand yaqinida Zarafshon daryosida suv ayirg‘ich qurdirdi va daryoni ikkiga Oqdaryo hamda Qoradaryoga bo‘ladi.
Shayboniyxon davrida Zarafshon daryosidagi suv miqdorini oshirish uchun ko‘prik qurildi. Sun’iy sug‘orish ishlariga Abdullaxon II davrida katta e’tibor berilib, katta ishlar amalga oshirilgan. Abdullaxon buyrug‘i bilan Zarafshon daryosiga «Abdullaxon bandi» nomli to‘g‘on qurildi. Bu esa Nurotaning sharqiy hududlariga suv chiqarish imkonini berdi. Bu davrda hukmronlik qilgan xonlarning sug‘orish tizimidagi olib borgan siyosati natijasida sug‘oriladigan yerlar miqdori oshdi. Suvni teng taqsimlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 1583 yilda Nurota tog‘larining shimoliy tomonlaridagi Oqchobsoyda katta sug‘orish inshooti qurilishi natijasida ko‘p yerlar suv bilan ta’minlandi. Shuningdek, Zarafshon daryosida Puli Karmana, Puli Mehtar Qosim va Puli Choharminor hamda boshqa suv taqsimlovchi inshootlarning qurilishi katta ahamiyat kasb etdi. Bu vaqtda Zarafshondan Jizzax vodiysiga Tuyatortar kanali qazildi.
Samarqand va uning atroflarida uzumning serobligi may va sharob tayyorlashning rivojlanishiga olib kelgan. Manbalarda aytilishicha, Samarqand bog‘ va uzumzorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ular ayrim joylarda bir necha chaqirimgacha yetgan. Muhammad Solihning Shayboniynoma asarida Samarqandlik yirik zamindor Xoja Abdulmatkarim xo‘jaligi tasvirlanadi. Uning shahar atrofidagi bog‘laridan olinadigan hosilning yarmidan ko‘pi musallas qilingan, qolganidan uzum shinnisi tayyorlangan. Shaharda uzum saqlanadigan maxsus binolar qurilgan.
Camarqandda hunarmandchilikning o‘nlab turlari: to‘qimachilik, bo‘yoqchilik, tikuvchilik, misgarlik, zargarlik, ko‘nchilik, etikdo‘zlik, maxsido‘zlik, kashtachilik, duradgorlik, beshikchilik, sandiqchilik, temirchilik, taqachilik va boshqa turlari keng tarqalgan edi. Shahar aholisining anchagina qismini hunarmandlar tashkil etib, ular iqtisodiy hayotida muhim rol o‘ynaganlar. Dehqonchilik bilan hunarmandchilik bir-birlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, iqtisodiy hayotda asosiy omillar hisoblangan. Bu ikkita yo‘nalish ichki va tashqi savdoning borishini belgilab berardi. Hunarmandlar dehqonchilik xom-ashyosi asosida turli mahsulotlar ishlab chiqarib, ichki va tashqi bozorning talablarini qondirib kelgan. Hujjatlarda Samarqandda cho‘yan quyuvchi ustaxonalar mavjudligi haqida so‘z boradi. Bu O‘rta Osiyo uchun yangi soha bo‘lib, rudani qayta ishlashning temir, po‘lat, cho‘yandan tashqari metalsozlikda bronza va misdan ham keng qo‘llanilgan. Bronza va misdan chiroyli ishlangan va badiiy jihatdan katta qiymatga ega bo‘lgan ko‘za, kosa, tovoq kabi mahsulotlar tayyorlangan hamda bu mahsulotlar chet ellarda ham talab katta bo‘lgan.
To‘quvchilik bilan shug‘ullangan ustalar ishlanadigan gazmol turiga qarab baxmalbofon, kimxobgaron, futabofon, chahorgulbofon kabi kasblarga bo‘lingan. Kiyim-bosh va uning bo‘laklarini tayyorlovchi mutaxassislar ham turlicha edi. Masalan, chopon tikuvchilar – jomado‘zon, bichiqchilar – darziyon, telpakchilar – taqiyado‘zon, po‘stin to‘quvchilar – po‘stindo‘zon. XVI asr tarixchisi Fazlulloh ibn Ruzbehxon qunduz, olmaxon va boshqa xil po‘stinlar, shuningdek, ko‘pdan-ko‘p bezaklar solingan shoyi kiyimlarni sanab o‘tgan. Shayboniynomada Muhammad Solih oq suvsar va olmaxon mo‘ynasidan tikilgan po‘stin kiygan amaldorlarni tasvirlagan.
Bu davrda Samarqandlik ustalar tomonidan siyoh yoyilib ketmaydigan, silliq, pishiq qog‘oz tayyorlagan. Samarqand qog‘oziga yozilgan juda ko‘p qo‘lyozma asarlar bizgacha yetib kelgan. Ular orasida Kamoliddin Binoiyning «Shayboniynoma», Fazlulloh ibn Ro‘zbehxonning «Mehmonnomai Buxoro» asarlari Mehr Sultonxonimning hadya yorlig‘i va boshqa qo‘lyozma nusxalar bor. Qog‘oz tayyorlash ustaxonalarini ko‘rgan Zahiriddin Muhammad Bobur, «Dunyoda eng yaxshi qog‘oz Samarqandda tayyorlanadi», deb yozgan edi.
Mashhur xattot Sultonali Mashxadiy (1432-1520) xattotlikka oid maxsus risolasida Samarqand qog‘ozida yozishni maslahat beradi. XVI asrda Samarqandda qog‘ozning ko‘pgina turlari, jumladan, «Sultoniy» deb atalgan turini tayyorlaganlar. Bu yupqa, yumshoq va silliq bo‘lganligi uchun «Shoyi qog‘oz» deb atalgan.
Qog‘oz tayyorlovchi usta Mir Ibrohimning faoliyati XVI asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi, u oq chambar ko‘rinishidagi suv qog‘ozdagi belgisi bor alohida qog‘oz turini tayyorlagan. «Miri Ibrohimiy» deb atalgan bu qog‘oz keyingi asrlarda ham mashhur bo‘lgan va Samarqanddan boshqa mamlakatlarga olib ketilgan.
Samarqand bu davrda bo‘yoq ishlab chiqarishi bilan ham shuhrat qozongan. Bo‘yoqchilik ustaxonalari asosan bozorlar va do‘konlar yaqinida joylashgan. Manbalarda Amirzoda Muhammad Qosim bozorida uchta, Xojo Muhammad Chop va Dar mahkamai ko‘hna bozorlarida ikkitadan bo‘yoq ustaxonalari bo‘lganligi eslatiladi. Abdullaxonning elchilari Moskvaga 40 pud bo‘yoq olib borganligi manbalarda qayd qilingan. Bu ma’lumotlar XVI asrda Samarqandda bo‘yoqchilik qay darajada taraqqiy etganligini ko‘rsatadi.
Samarqandliklar mohir savdogarlarlar sifatida dong taratib, Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Arabiston, Rossiya va boshqa davlatlar bilan savdo-sotiq olib borishgan. Samarqand shahri Markaziy Osiyoning eng yirik savdo markazi sifatida shuhrat qozonib, ko‘plab karvonsaroylar va savdo rastalarga ega edi.
Samarqanddagi bozorlarning joylashishi asosan XV asrda qanday bo‘lsa shundayligicha qolgan. Bu davrda Samarqand shahrida o‘ndan ortiq katta va kichik bozorlar bo‘lgan. To‘quvchilar, temirchilar, arqon sotuvchilar, savat to‘quvchilar va boshqa rastalar joylashgan attorlar bozorlari alohida bo‘lgan. Ayrim bozorlar dahalar, masjidlar, shahzoda va aslzodalar nomlari bilan atalgan. Masalan, Puli safid, Amirzoda Muhammad Sulton bozori, namatchilar machiti bozori, Amirzoda Muhammad Qosim, Xoja Muhammad Chop bozori va boshqalar.
Samarqand Shayboniylar davrida ham o‘zining noni bilan mashhur bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, XVI asr boshlarida Samarqandda yaxshi novvoyxona va oshxonalar bo‘lgan. Bozorlar yonida karvonsaroylar, sartaroshxona va hammomlar joylashgan.
Shayboniylar davrida ta’lim sohasida ham islohotlar o‘tkazilgan. Masalan, Muhammad Shayboniyxonning o‘zi bu borada islohotlar o‘tkazgan. Bu islohotning o‘tkazilishiga amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo‘ladi. Xonlarga va sultonlarga barcha sohalar bo‘yicha ilmli, diplomatik qobiliyatga ega bo‘lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko‘ra, ko‘p bosqichli o‘qitish tizimi joriy etilgan bo‘lib, ta’limning quyi bosqichi maktab hisoblangan va bolaga 6 yoshidan ta’lim berilgan. Maktabda ikki yil o‘qigach, o‘quvchilar madrasaga o‘tkazilardi. Madrasada 3 bosqichli ta’lim joriy etilgan bo‘lib, har bir bosqichida 8 yildan tahsil olingan. Shunday qilib, o‘qish 26 yil davom etgan. Shayboniylar davrida dunyoviy ilmlarga e’tibor biroz susaygan ko‘rinsa-da, ammo madrasalar qurilishining davom etishi bu sohada hali ham ishlar davom ettirilayotganligidan darak beradi. Bu davrning mashhur fiqhshunosi shayxulislom Abulmakorim as-Samarqandiy yozgan «Sharhi muxtasarul-viqoya» asari madrasalarda o‘qitilgan.
Shayboniyxon tomonidan amalga oshirilgan bu kabi va boshqa tadbirlar o‘z mohiyatiga ko‘ra markaziy hokimiyatni mustahkamlashga, shayboniy xonlari va beklari hukmronligi kuchayishiga xizmat qilishi zarur edi.
Shayboniylar davlatining ma’lum muddat poytaxti bo‘lgan Samarqandda ushbu sulola hukmronligi davrida madaniy hayot ham anchayin rivojlangan. Shayboniylar me’morchilik ishlariga ham ahamiyat berib, bu davrda bir qator yodgorliklar bunyod etilgan. Sulola vakillari maqsadga mo‘ljallangan qurilish ishlarini amalga oshirganlar. Bu borada nafaqat sulola namoyandalari, balki o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan katta moddiy imkoniyatga ega kishilari ham chetda qolmaganlar. Chunonchi, Samarqanddagi Muhammad Shayboniy qurdirgan Xoniya, Abu Said Kalbobo, Ko‘kaldosh, Mehr Sultonxonim nomi bilan bog‘liq madrasalar shular jumlasidandir. Bu davrda Samarqandda Alayka Ko‘kaldoshning Juma masjidida marmar minbar (1528 y.), Juvonmard Alixon tomonidan hammom (1574 y.), Qozi Soqiy madrasasilari qurilgan. Kuchkinchixon hukmronligi davrida Registon maydonining janubiy tomonida shayboniylar uchun maqbara qurdirgan. Childuxtaron deb nomlangan bu maqbara XX asrning 50-yillarida buzib tashlangan.
Shayboniylar davrida fan va madaniyatning rivojlanishida mazkur sulola namoyandalarning tutgan o‘rni katta bo‘lgan. Avvalo, ularning o‘zlari o‘qimishli shaxslar bo‘lishgan. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkinchixon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon kabi shayboniylar turkiy va forsiyda she’rlar bitishgan. Shayboniylar davrida ham tarix ilmi juda rivoj topgan. XVI asr tarixini yoritib beruvchi «Tavorixi guzidai nusratnoma», Mulla Shodiyning «Fathnoma», Binoiyning «Shayboniynoma», Muhammad Solihning «Shayboniynoma», Abdulloh Nasrullohning «Zubdat al-asror», Fazlulloh Ro‘zbehxonning «Mehmonnomai Buxoro», Zayniddin Vosifiyning «Badoi ul vaqoye», Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» kabi tarixiy asarlarni misol sifatida keltirish mumkin. Muhammad Shayboniyxon davrida Binoiy «Ajoyib ul Maxluqot» geografik asarini ham yozgan.
Bu davrda Samarqand fani va madaniyati rivojlanishiga olim va musiqachi Amir Ali Akbar Samarqandiy, Bog‘i Jarroh Samarqandiy, miniatyurachi rassom Muhammad Darvesh Samarqandiy va Sirojiddin Muhammad Samarqandiylar muhim hissa qo‘shishgan. Muhammad Darvesh Samarqandiy «Dar bayoni chahor daryo» va «Ganjut Tolibin» kitoblarini yozgan.
Shayboniylar davrida Samarqandda boy kutubxona ham bunyod qilingan bo‘lib, bu yerda noyob kitoblar saqlanishi bilan birga kitoblarni tarjima qilish, qayta ko‘chirish, qo‘lyozmalarga nafis minniatyuralar chizish, muqovalash ishlari ham amalga oshirilgan. Kuchkunchixonning tashabbusi bilan fors tilida yozilgan ikki noyob asar, Rashidaddinning «Jome’ ut-tavorix» va Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Bu ikki asar o‘z davrining mashhur minniatyurachi rassomi Muhammad Murod Samarqandiyning suratlari bilan bezatilgan. Bu davrning mashhur musavvirlari Jaloliddin Yusuf va Muhammad Chehralar Jomiy, Navoiy, Vosifiy, Binoiy, Firdavsiy kabi shoirlarning asarlariga minniatyuralar ishlaganlar.
Shayboniylar davrida Samarqandda ko‘plab shoirlar Zayniddin Vosifiy, Kamoliddin Binoiy, Abduraxmon Mushfiqiylar ijod qilishgan. Hirotda tug‘ilgan shoir Binoiy Samarqandga kelib Shayboniyxon saroyida ijod qilgan. Uning «Shayboniynoma» va «Fujuxati xoniy» kabi asarlari bevosita Shayboniyxonning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Shayboniylar hukmronligi davrida Samarqand adabiy muhitida yuqorida nomlari keltirilgan shoirlardan tashqari Boqiy Kaffosh Samarqandiy, Choshniy Samarqandiy, Darvesh Samarqandiy, Havoiy Samarqandiy, Ashrafiy, Yumliy Miyonqoliy, Moiliy Samarqandiy, Haziniy Samarqandiy, Mutribiy Samarqardiy, Mavlono Yusuf Qarobog‘iy, Mirakiy Samarqandiylar ijod qilishgan. Samarqand adabiy muhiti XVI asr o‘rtalari va ikkinchi yarmida Samarqand hokimi Sulton Saidxon davrida shakllandi va rivojlandi. Bu shoirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Mutribiyning tazkiralarida keltiriladi.
Bu davrda tibbiyot sohasida qilingan ishlar ham muhimdir. 1541 yilda Muhammad Husayn Ibn al-Me’roki as-Samarqandiy tibbiy va farmakalogiya ro‘yxatiga oid ilmiy asar yozib, unga o‘ta dorivor o‘simliklardan dori tayyorlash va saqlash uchun ishlatiladigan idishlarning rangdor nafis siyr’atlarini ilova qilgan. XVI asrga oid qozixona hujjatlaridan Samarqandda tabiblar ko‘z kasalliklarini davolash ishlari bilan shug‘ullanganliklarini bilish mumkin. Ko‘z tabibi Shoh Ali ibn Sulaymon shayboniy Navro‘z Ahmadxon huzurida ishlagan. Samarqandda Ko‘chkinchixon zamonida Hirotlik tabib Sulton Ali ishlagan. U kasalliklar va terapiya haqida umumiy ma’lumot beradigan «Tabiblik dasturulamali»ni yozgan. 1526 yilda «Dasturil al iloj» asari yaratilgan. Bu davrda matematik va astronom Muhammad ibn Izzudin Shayx Husayn Abdusamat Samarqandda yashagan. Samarqand qozi kalonining hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, XVI asrda Samarqandda hunarmandchilikning 61 turi mavjud bo‘lgan.
XV-XVI asrlarda Yevropada boshlangan Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida quruqlik savdo yo‘llarining ahamiyati pasayib, suv savdo yo‘llari ahamiyati oshdi. Mazkur holat Buyuk ipak yo‘li ahamiyatning pasayishiga sabab bo‘ldi. Natijada savdo-diplomatik aloqalar pasayib, o‘zaro ichki ziddiyatlar va talonchiliklar kuchaygan. Bu esa mamlakat ichida parokandalikni kuchaytirgan. Diniy va dunyoviy hokimiyat vakillari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar mamlakat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etgan. Ana shunday sharoitda Samarqand taxti tepasiga kelgan shayboniylar temuriylardan meros hokimiyatni saqlab qolish va rivojlantirishga harakat qilishgan. Shayboniylar temuriylar singari o‘qimishli madrasa ta’limini olgan, dunyoviy va diniy bilimlarni egallagan, harbiy san’atda ham, she’riy san’atda ham iste’dodli ziyoli davlat arboblari bo‘lishgan. Shayboniylar davrida adabiyot va san’at, me’morchilikning ravnaq topishida sulola vakillarining ibratli shaxsiy ta’sirlari ham sezilarlidir.