13-MAVZU: LUG`AT TARKIBINING FAOL VA NOFAOLLIGI JIHATIDAN TAVSIFLANISHI Qo`llanish doirasi chegaralanmagan leksika (so`zlar) Bu guruh o`zbek millatiga mansub barcha insonlar tomonidan kundalik turmushda ishlatiladigan so`zlar guruhidir. Bu so`zlar guruhi qo`llanish doirasi chegaralangan leksika yokiumumxalq leksikasi deb yuritiladi.
Qo`llanish doirasi chegaralanmagan leksikaning quyidagi xususiyatlari bor:
1. Bunday so‘zlardan yashash joyi, kasbi, hunari, jinsi, madaniy saviyasidan qat’i nazar o`zbek millatiga mansub barcha kishilar foydalanadi.
2. Bu so`zlarning ma’nosi hammaga tushunarli bo`ladi.
3. Bu so`zlar ijtimoiy hayotning barcha sohalariga, barcha so`z turkumlariga oid bo`ladi.
4. Bu so`zlarning ko`p qismini umumturkiy so`zlar va o`zbekcha so`zlar tashkil etadi.
5. Boshqa tillardan kirgan so`zlar ham o`zbek xalqining barchasiga tushunarli bo`lsa, ular ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralanmaydi. Masalan, arab tilidan o`zlashgan shamol, soat, inoq, dohiy, mag`rur, xafa, maqol, hayot, millat, hikoya so`zlari; fors-tojik tilidan o`zlashgan go`sht, non, sozanda, suhbat, sabzavot, ombur kabi so`zlar; rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan traktor, kino, teatr, sirk, kartoshka, fabrika, zavod kabi so`zlar umumxalq tilida qo`llanadi.
Demak, qo`llanish doirasi chegaralanmagan so`zlar o`z qatlamga ham, o`zlashgan qatlamga ham oid bo`lishi mumkin.
Shuni aytish lozimki, umumxalq leksikasi har qanday til lug`atining asosini, yadroisini tashkil etadi. Bu leksika tarkib jihatidan barqaror bo`lib, hayotiy zarur bo`lgan tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qiladi.
Qo`llanish doirasi chegaralangan leksika (so`zlar)
Bunday so`zlar turli sabablarga ko`ra o`zbek tili egalari tomonidan bir xil darajada qo`llanavermaydi.
Qo`llanish doirasi chegaralangan leksikaning quyidagi xususiyatlari bor:
1. Bu leksika tarkibiga kiruvchi so`zlarning ma’nolari barcha o`zbek millati vakillariga tushunarli bo`lavermaydi. Masalan, doyi so`zining ma’nosini faqat xorazmliklar (yoki ularga qo’shni hududdagilar) tushunishadi (bu so`z adabiy iale tog`a degan ma’noni bildiradi).
2. Bu so`zlarning qo`llanish doirasi chegalanishi ularning kelib chiqishiga bog`liq emas. Masalan, kelib chiqishi jihatidan o`zbekcha bo`lgan purkagich (purka+gich) so`zi barcha o`zbek tilida so`zlashuvchilar tomonidan faol ishlatilmaydi (bu so`z ruscha pulverizator so`zining tarjimasidir)1.
O.S.Axmanovaning “Slovar lingvisticheskix terminov” lug`atida dialekt so`ziga quyidagicha ta’rif beradi(tarjima): “DIALEKT - ... 1. Muayyan tilning hududiy, kasbiy yoki ijtimoiy umumiylik bilan chambarchas bog`langan va doimiy hamda bevosita til orqali aloqada bo`lib turadigan u yoki bu miqdorda cheklangan kishilar tomonidan ishlatiladigan ko`rinishi(varianti)dir”2Shundan kelib chiqqan holda, qo`llanish doirasi chegaralangan leksika hududiy dialektal leksika, ijtimoiy dialektal leksika vaterminologik leksika kabi guruhlarga bo`linadi.
Shuni ta’kidlash joizki, bu guruhga kiruvchi so`zlar tarkiban barqaror emas, ya’ni vaqt o`tishi bilan ularning ayrimlari umumxalq leksikasi tarkibiga o`tishi mumkin. Masalan, ijtimoiy dialektal leksikaga tegishli bo`lgan gap yo`qiborasi hozirgi paytda adabiy til guruhiga o`tmoqda (shu nomli teleko`rsatuv ham bor edi).