2-Ma’ruza: Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon. Reja



Yüklə 55,4 Kb.
səhifə1/6
tarix10.05.2023
ölçüsü55,4 Kb.
#110619
  1   2   3   4   5   6
Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon.


2-Ma’ruza:
Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon.
Reja:

  1. Adabiy tur va janrlar. Epik tur va uning janrlari.

  2. Lirik tur va uning janrlari .

  3. Dramatik tur va uning janrlari.

Mavzuga oid tayanch tushunchalar va iboralar: Epos, lirika, drama, hayotni byevosita ko’rsatish, hayotni taassurotlar asosida ko’rsatish, lirizm, ichki monolog, epik element, turlar va janrlarning qorishiq holda uchrashi, epik, kichik epik shakl o‘rta epik shakl, katta epik, epopeya, roman, tarixiy, harbiy roman, sarguzasht-fantastik roman, ijtimoiy-falsafiy roman, ijtimoiy-pisixologik roman, zamonaviy roman, povest, hikoya, novella, ocherk, pamflet, felyeton, hujjatli felyeton, adabiy felyeton va h.k.
Adabiy asarlar shakli jihatidan benihoya rang – barangdir. Shuning uchun ularni alohida – alohida guruhlarga ajratib o’rganish lozim. Buyuk rus tanqidchisi V.G.Belinsiky «Poeziyaning xil va turlarga bo’linishi» nomli klassik maqolasida rang-barang adabiy asarlarni uch asosiy turga, ya’ni epos lirika va dramaga ajratib tahlil qiladi, har bir adabiy turga mansub bo’lgan janrlarni aniqlaydi, ular tabiatini chuqur ochib beradi. Adabiyot tirixida dastlab hayotni tasvirlashning epik va lirik usullari paydo bo’lgan. Keyinroq bu ikki usulning qo’shilishi natijasida dramatik usul kelib chiqqan. Epik usulning o’ziga xosligi shundaki, bunda hayot voqea – hodisalari, odamlar byevosita ko’rsatiladi. Lirik asarda esa, asosan, hayotning byevosita o’zi emas, balki shoirning hayotdan olgan taassurotlari ifodalandi. Dramatik usulda ham hayot voqea – hodisalari, ham ichki ham tuyg’ular tasvirlanadi. Hayotni tasvirlashning shu usullari – adabiy turlar (epos, lirika, drama) adabiy jarayonning asosini tashkil etadi.
Adabiy turlar nazariyasini o’z asarlarida keng ishlab bergan V.G.Belinskiy bu nazariyaga juda muhim qo’shimcha va tuzatishlar kiritdi. Uning fikrcha, adabiy asarlarni turlarga va undan ham maydaroq xil (janr)larga taqsim etish, guruhlash har bir adabiy turning xususiyalarini aniqroq tushunib olish uchun qo’llanilgan shartli bir usuldir. Aslida adabiy turlar o’rtasida o’tib bo’lmas dyevor yo’q. Masalan, epik turga mansub bo’lgan romanda shunday tasvirlarni uchramizki, ular o’zlarining mazmuni, lirizimining quvvati jihatidan she’rga o’xshash taassurot qoldiradi. Romanlarda beriladigan tabiat tasviri, shubhasiz, lirizm bilan sug’orilgan bo’ladi. Demak, epik asarda ham ma’lum darajada lirikaning xususiyati mavjuddir. Bu lirizm romanda, ayniqsa, «ichki monolog»larda, ya’ni personajlarning o’z-o’zlari bilan so’zlashuvlari, uylarida juda yaqqol ko‘rinadi. Shu bilan birga, «ichki monolog» - aslida dramatik turga mansub monolog priyomining bir turi bo’lib, romanda u faqat talaffuz etilmaydigan, boshqalarga eshittirilmaydi, xolos.
Dramada esa epiklik elementi bo’ladi. Xuddi romanda bo’lganidek, unda ham voqea, hayotning u yoki bu daraja yaxlit tasviri katta o’rin oladi. Yuqorida qayd etilganidek, «Alisher Navoiy» dramasida bosh qahramon obrazi uning hayotida bo’lib o’tgan bir qator voqealar tizmasi sifatida tasvir etiladi. Shu bilan birga, ba’zi vaqtlarda personajlar o’zlarining shu ondagi xislarini izhor etishga o’tadilar, ya’ni dramada lirikaga xos xususiyatlar yuzaga chiqadi. Shunday qilib, drama o’zida eposni va lirikani harakat bilan birlashtiriladi.
Lirikaga kelsa, unda ham ma’lum voqea tasvir etiladi. Hatto eng kichik lirik asar ham ma’lum ma’noda epiklik elementiga egadir. Faqat lirik asarda, ko’pincha kishining oniy kechinmalari tasvirlangani uchun lirik jinsga mansub asar syujetdan xolidek tuyuladi. Aslida lirik asarda juda kichik (mikro) voqea – kichik ayni shu onda boshidan kechirayotgan hayotiy hodisa tasvir etiladi. Lirik asar lirizm va epizm elementlaridan tashqari dramatik turning xususiyatiga ham ega: she’riy asar hajman qanchalik kichik bo’lsa ham, kishining o’tkir va qaltis bir xissiy holati, hayajoni tasvirlanadi.
Adabiyotda turlar va janrlarning qorishiq holda uchrashi ularning har birining mustaqil holda mavjud ekanini rad etmaydi. Shuning uchun ham Belinskiy o’zining shu masalaga bag’ishlangan maqolasini «Poeziyaning hamma turlari mana shulardir. Ular faqat uchta, bundan ortiq bo’lishi mumkin emas», degan so’zlar bilan yakunlaydi.
Epik tur va uning janrlari.
Voqealarni keng hikoya qilishga asoslangan adabiy asarlar gruppasiga epik tur yoki epos (yunoncha epos- rivoya, hikoya, so’z, nutq)deb ataladi.
Adabiyot xarakterlar, tiplar yaratish san’ati bo’lgani uchun adabiy turlar ham xarakterlar yaratish jihatidan bir-biridan farq qiladi. Eposda xarakter yaratishning o’ziga xos xususiyati shundaki, unda voqelikni rivoji bilan ko’rsatib berish orqali xarakterlar namoyon bo’ladi.
Epik tur kichik, o’rta va katta formalarga bo’linadi. Kichik epik forma – latifa, ertak, fel’eton, hikoya, ocherk janrlarini, o’rta epik forma – povest va katta epik forma – epopeya va roman janrlarini o’z ichiga oladi.

  1. Epopeya (yunoncha – epopia - rivoyatlar, qo’shiqlar majmui) – millat yoxud xalq taqdiri xal bo’ladigan voqea – hodisalarni aks ettiruvchi asar. Epopeyada xalq hayoti, uning kurashi va qahramonliklari keng tasvirlanadi.

Epopeya hali jamiyat garmonik holda bo’lgan paytda (dushman sinflarga ajralib ketmagan davrda) qoldim Yunonistonda paydo bo’lgan. Milliy tarixning afsonalar qobig’iga o’ralgan qahramonlik voqealari epopeya uchun material bo’lgan. Masalan, Troya urushi haqidagi afsona bir necha epopeyalar uchun tasvir ob’ekti, bo’lgan. Gomer klassik yunon epopeyasiga asos solgan. Uning epopeyalarining asosini Troya urushi voqealari tashkil etadi. V.G.Belinskiy fikricha, Gomerning harbiy tematikaga, urush konfliktlariga murojaat qilishi tamomila tabiiy bir holda. Yangi zamon epopeyalari uchun boshqa temalar ham muhim ahamiyat kasb etgan. Epopeya uchun eng muhimi milliy xarakterning va uning ahamiyatining muhim xususiyatlarini aks ettirishdir. Shu sababli asrlar o’tgan sari jamiyat taraqqiyoti taqozosi bilan epopeyaning ham mazmuni o’zgarib, yangilanib, boyib borgan. Jamiyatda sotsial qarama – qarshiliklarning keskinlashuvi va tsivilizatsiya erishgan yutuqlar yangi tipdagi epopeyalar yaratishni taqozo qildi. Evropada XIII-XVI asrlarda Gomer traditsiyalarini muvaffaqiyatli davom ettirgan so’z ustalari Dante («Ilohiy komediya») va Gyote («Faust») bo’ldi. XIX asrda esa jahon adabiyotida yangi tipdagi epopeyalar paydo bo’la boshlagan. O. Balzaknning «Inson komediyasi» turkum romanlari, N.V.Gogolning «O’lik jonlar», E. Zolyaning «Rugon Makkar», F. Dostoyevskiyning «Aka-uka Karamazovlar», L.Tolstoyning «Urush va tinchlik», «Anna Karenina» kabi asarlari ham mazmun jihatidan, ham shakl jihatidan yangi tipdagi epopeyalardir.
O’zbek adabiyoti tarixida ham epopeya elementlari mavjud. Lutfiyning «Gul va Navro’z», Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Saddi Iskandariy», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma», Muhammad Solihning «Shayboniynoma» kabi asarlarida epik tasvir o’rin tutadi, ularda, afsonaviy yoki yarim afsonaviy tarzda bo’lsa-da, o’zbek xalqi hayotidagi muhim voqealar yoritilgan. Lekin o’zbek adabiyotida chinakam realistik epopeya keyinroq paydo bo’ldi. S.Ayniyning «Qullar», Oybekning «Navoiy», M.Ismoiliyning «Farg’ona tong otguncha», X. G’ulomning «Mash’al», Said Ahmadning «Ufq» kabi asarlari roman-epopeyalardir.

  1. Roman ( frantsuzcha) – roman tillarida yaratilgan adabiy asar) – insonning xususiy hayotini jamiyat bilan bog’liq, keng tasvirlovchi yirik epik janr. Muayyan shaxs taqdiri, uning o’z – o’zini anglab etishi (ongining uyg’onishi, xarakterining tashkil topishi va shakllanishi) roman markazida turadi, shaxslar taqdiri vositasida ijtimoiy hayotning u yoxud bu jihatlari ifodalanadi.

«Zamonamizning epopeyasi romandir. Eposning hamma asosi, muhim xususiyatlari romanda bordir, faqat farqi shundaki, romanda boshqa elementlar boshqa manzara hukm suradi. Bunda qahramonlik hayotining afsonaviy o’lchovlari, kahramonlarining azamat siymolari yo’q, bunda xudolar ishtirok qilmaydi: romanda odatdagi, prozaik hayotning hodisalari ideallashtiriladi, umumiy til ostiga olinadi», deb ta’rif bergan V.G.Belinskiy yana u davom etib, «Roman uchun hayot odamdadir, inson qalbining, inson ruhining mistikasi, inson taqdiri, xalq hayotiga uning hamma munosabatlari roman uchun boy materialdir», deydi u.
Agar o’tmishdagi eposda davlat, jamiyat, xalq vakillari (dohiylar, sarkardalar, bahodirlar) obrazlari yoxud butun bir kollektivning donoligi va kuch-kudratini o’zida mujassamlashtiruvchi qahramon obrazi diqqat markazida turgan bo’lsa, romanda shaxsning individual taqdiri va intilishlarini ifodalaydigan qahramon obrazlari birinchi planga chiqqan.
Romanda xarakter yaratish masalasi g’oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli romanda individual taqdir prizmalari orqali hayotning, xalq tumushining u yoxud bu jihatlari badiiy tadqiq qilinadi. Chinakam etuk roman xalq hayotining ma’naviy ko’zgusi hisoblanadi. Roman keng qamrovli, ulkan fikr maxsus bo’ladi.
Roman janrning ba’zi xususiyatlari antik dunyoning so’nggi davrlari va o’rta asrlarda yaratilgan ayrim asarlarda ko’zga tashlangan bo’lsa-da, haqiqiy roman Uyg’onish davrining oxirlarida (feodalizmning emirilishi, kapitalizmning qaror topishi jarayonida) yaratilgan V.G.Belinskiyning ko’rsatishicha, roman janr sifatida Valter Skott asarlari bilan yuksak badiiy taraqqiyotga erishgan Ispaniyalik Migel Servantesning «Don Kixot», nemis yozuvchisi Gyotening «Yosh verterning iztiroblari», amerika yozuvchisi Kuper romonlari «Poselentso’», «Posledniy mogikan», «Bravo» jahon adabiyotida romanchilikning ilk klassik namunalaridir.
Roman janri XIX asrda o’zining gullab-yashnash pallasiga qadam qo’ydi Stendal, Balzak, Dikkens, Goncharov, Turgenyev, Dostoyevskiy, L.Tolstoy kabi tanqidiy janri realizm san’atining namoyandalari roman janri taraqqiyotida muhim rol o’ynaydilar.
O’zbek adiblari asrimizning 10-yillarida roman janriga ko’l urgan Hamzaning “Yangi saodat yoxud milliy roman”, Mirmuxsin Shermuhammedovning “Befarzand Ochildiboy” asarlari «roman» degan izoh bilan yaratilgan. Lekin ular realistik roman talabalariga javob bera olmaydi. Haqiqiy roman janri keyinroq A.Qodiriy romanlari misolida paydo bo’ldi.
Hozir romanning xilma-xil ko’rinishlari mavjud: tarixiy («O’tgan kunlar», «Navoiy») harbiy («Quyosh qoraymas»), zamonaviy («Qora ko’zlar»), sarguzasht – fantastik («Sariq dyevni minib»), ijtimoiy – falsafiy («Davr mening taqdirimda») ijtimoiy - psixologik («Sarob») romanlar shu jumlaga kiradi.
50-60 yillarda roman janrining «krizisi» haqida ayrim chiqishlar bo’ldi. Frantsiyadagi «Yangi roman» deb nom olgan moderistik oqim bu borada aktivlik ko’rsatishdi. Hozirga kundagi bu janrning mavqei, taraqqiyoti bunday chiqishlarning asossiz ekanini ko’rsatdi.

  1. Povest (ruscha povestvovat- rivoyaviy hikoya qilish) yoki qissa – bosh qahramon taqdiri vositasida, hayotning u yoxud bu qirralarini o’rta epik formada (rivoyaviy usul bilan) aks ettiruvchi asar. Ayrim adabiyotshunoslarning fikricha, povestning predmeti – hayotning sokin va epik oqimi. Badiiy xususiyat ko’proq avtobiografik povestlarga va bosiq ohang hamma povestlarga ham xos xususiyat emas. Chunki adabiyotimiz tarixida shunday povestlar ham borki, ular o’tkir dramatizm bayon ohangi ham vaziyatga qarab tez-tez o’zgarib turadi (Ch.Aytmatov, A.Qahhor, A.Mutor).

Adabiyotimiz tarixida shunday povestlar ham borki, hajm jihatidan romandan qolishmaydi («Obid ketmon»). Yana shunday povestlar ham borki, ularning hajmi kattarok hikoyadan farq kilmaydi («Eski maktab», «Qishlok hukm ostida»). Bunday paytlarda, asarning janr xususiyatlarini yozuvchining badiiy tafakkur tarzi va bayon usuli belgilab beradi.
V.G.Belinskiy XIX asr rus adabiyotida povest janrining eng yaxshi namunalari sifatida N.V.Gogolning «Taras Bulba», A.S.Pushkinning «Kapitan kizi», «Dubrovskiy» va boshqa qator asarlarni keltiradi. XX asr adabiyotida esa K. Paustovskiy, V.Tendryakov, Ch.Aytmatov, V.Rasputin kabi yozuvchilarning povestlari jahonga mashhurdir.
O’tmish yozma adabiyotimizda, xususan, xalq og’zaki ijodida qissachilik Rabg’uziyning «Qissasi Rabg’uziy», Yusuf Amiriyning «Chog’ir va Bang», Yaqiniyning «O’q va yoy», Abdulvahobxo’ja o’g’li Poshshoxo’janing «Miftohul-adl», «Gulzor», Majlisiyning «Qissai Sayfulmuluk» kabi asarlari o’tmish qissachiligining namunalaridir. Biroq bu asarlar tom ma’nodagi povestlar emas, ularda hayot voqea - hodisalari afsonaviy tarzda aks ettirilgan. O’zbek adabiyotida realistik povest XX asr boshlarida paydo bo’lgan. 20-yillarda S.Ayniy («Buxoro jallodlari», «Odina»). A.Qodiriy («Kalvak Maxzumning xotira daftarlaridan»), 30-yillarda ulardan tashqari A.Qahhor («Qishloq», «Yodgor», «Shum bola»), Sh. Rizo («Qor yog’di izlar bosildi»)lar bu borada katta ishlar qilishdi.
4.Hikoya, novella (italyancha novella - yangilik) – inson hayotidagi u yoki bu hodisani xarakter bilan bog’liq holda rivoyaviy usulda tasvirlovchi kichik epik asar. U, odatda, kishi hayotidagi g’oyat muhim bir voqea tasviriga bag’ishlanadi va undan oldingi va keyingi voqealar esa batafsil bayon qilinmaydi. Hikoya – muayyan bir davr va vaziyatdagi kishi hayotining bir parchasi «Hikoya, - deb ta’kidlaydi Jek London, - bu hayotning yakunlangan epizodi: kayfiyat, vaziyat, harakat birligi».
Nazariy adabiyotlarda hikoyaga bir qator xususiyatlar ko’rsatilgan. Masalan. L.I.Timofeyevning fikricha, hikoya inson hayotidagi alohida bir voqea asosiga kuriladi, unda xarakter ancha shakllangan bo’ladi, asar qahramonlari ko’p bo’lavermaydi, ular birgina voqeada ishtirok etadilar. Shu sababli hikoyaning hajmi katta bo’lmaydi.
Hikoyaga xos mazkur xususiyatlarning hammasini har bir hikoyadan qidirib bulmaydi. Chunki olimning yuqoridagi mulohazalarida realistik hikoyachilikka xos etakchi xususiyatlar umumlashtirilgan. Masalan, A.Chexov, M.Gorkiy, A.Qahhor kabi hikoyanavislarning asarlarga bu fikrlar to’g’ri kelsa-da , ba’zi bir hikoyalar bunday nazariy qarashlar ramkasiga sig’maydi. (M.Sholoxovaning «Inson taqdiri»ga o’xshash).
Hikoyada ijtimoiy va manaviy hayotning turli – tuman masalalari ko’tarib chiqishi mumkin, ammo ular roman yoki povestdagidek keng ko’lamda tasvir etilmaydi. Hikoya rivoyaning intensivligi va qisqaligi bilan xarakterlanadi. Lakonizm – hikoyaning tasvir mezoni. Hikoyada romandagidek qistirma epizod ham lirik chekinish ham bo’lmaydi, aniqrog’i, uning imkoniyati bularni ko’tarmaydi. Xarakterning muayyan vaziyatdagi holatini voqeaning, keskin, kuchli burilish nuqtasida, dinamik syujet, kuchli dramatizm, kutilmagan echim asosida ko’rsatish - hikoya uchun eng xarakterli xususiyatdir. Detal hikoyada hayotning tipiklashtirishning asosiy vositalaridan biri bo’ladi. Hatto butun boshli bir hikoya bir detal zaminiga qurilishi ham mumkin (A.Qahhorning «Anor» hikoyasi).
Hikoya jahon adabiyotida o’zining bir necha asrlik tarixiga ega. O.Balzak, Mopassan, J.London, A.Chexov, E.Xemenguey, M.Gorkiy va boshqa so’z ustalari yaragan hikoyalar g’oyat mashhurdir.
O’zbek adabiyoti tarixidan ham hikoya janridagi o’ziga xos taraqqiyot yo’li bor. Alisher Navoiyning «Xamsa» sidagi, Poshshoxo’janing «Miftoxul -adl» va «Gulzor»ida hikoyatlar, o’zbek xalq og’zaki ijodidagi ertaklar o’zbek hikoyachiligining o’tmishidagi namunalaridir. Inqilobdan so’ng yangi tipdagi hikoya – sotsialistik realizm hikoya paydo bo’ldi.
5.Ocherk (ruscha ocherkat – tasvirlash, chizish) – ijtimoiy hayot voqealarini, real kishilar faoliyatidagi muhim hidisalarni, zarur ijtimoiy muammolarni rivoyaviy usulda aks ettiruvchi epik asar. Ocherk o’z tabiatiga ko’ra hikoyaga yaqin turadi. A.Qahhor bu ikki janrni bir-biriga shunday qiyoslaydi: «Ocherk o’zi ko’rgan, mushohada qilgan kishilar, hodisalar to’g’risida yozgani uchun fantaziyadan… foydalangan taqdirda ham ma’lum chegaradan nari o’tolmaydi. Hikoyanivis masalan, o’zining keksa qahramonida yoshlik tuyg’usi uyg’onganini aytmoqchi bo’lsa, unga shu xis uyg’onganligini ko’rsatadigan bir ish qildiradi, so’zlatadi. Ocherkist o’z qahramonida shunday tuyg’u uyg’onganini aytmoqchi bo’lsa, unga hech qanday ish qildira olmaydi, so’z ham ayttira olmaydi, chunki bu qahramon konkret odam… Soxta voqea hikoyani bir pul qilganiday, erkin fantaziya ocherkni bir pul qiladi. Ocherkist hikoyanavisda bo’lgan bu imkoniyatdan mahrum bo’lsa, uning boshqa imkoniyatlari bor. U hikoyada o’ziga o’rin topolmaydigan muhokama qilish, xulosa chiqarish, o’z fikrini bayon qilishdek imkoniyatlarga ega… ».
Ocherkist hayot bor bo’lgan odamlarni va real voqealarni tasvirlar ekan, ijod jarayonida u hayotda o’z ko’zi bilan ko’rgan faktlarni quruq bayon qilish yo’lidan bormaydi, aksincha, tipik xarakterlarni tipik sharoitda haqiqiy namoyon etadigan chinakam realizm yo’lidan boradi. Demak, ocherk ham hayot tipiklashtirilib tasvirlanadi. Biroq ocherkda tipiklashtirish printsipini o’ziga xos xususiyatga ega. Ocherkda fantaziya, xayol vositasida emas, balki avtor o’z ko’zi bilan ko’rgan (hayotda yuz bergan) voqea va faktlar asosida tipik obraz yaratiladi. Konkretlilik va aniqlik ocherkning xarakteri xususiyatlaridandir.
Ocherkning hajmi ham qat’iy chegaralangan emas. U kichik hajmli, lokonik shaklda ham bo’ladi. (H.Olimjonning «Zaynab» ocherki). Katta hajmli, chunonchi, povest va hatto roman bilan tenglashadigan ocherklar ham bo’lishi mumkin (Radishchyevning «Pokiston taassurotlari» asarlari ).
Ocherk janrlarining o’zi qator xillarga ajraladi: portret ocherk, yo’lovchi ocherk, problematik ocherk, harbiy ocherk , ilmiy ocherk va x.k.

  1. Pamflet (inglizcha «Pamfillius» nomli komediyaning nomidan olingan, XVI asr) – tanqidining adabiy shakli hisoblanadi. U ma’lum ijtimoiy tartibni, ayrim shakllarning nojo’ya xatti –harakatini keng o’quvchilar ommasiga tushunarli usulubda fosh etuvchi satirik asardir.

Pamfletda – butun sotsial tuzum yoki guruhning mohiyati va mafkurasi tanqid qilinadi. Masalan, M.Gorkiy o’zining «Sariq iblis shahri» asarida Amerika tuzumini, pul bandalari basharasini fosh qiladi.
7. Feleton (frantsuzcha «varaqa» degani) – badiiy publitsistik janr. Feletondan jamiyatdagi ayrim illatlar, ba’zi kishilarning xulq – atvoridagi nuqsonlar tanqid qilinadi.
Feleton asosida konkret fakt yotadi. Feleton ham hujjatli va adabiy feletonlarga bo’linadi. Adabiy feletonda umumlashma obraz yaratiladi (A.Qahhorning «Ig’vogar» feletoni). Xiujjatli feletonda konkret faktlarga tayaniladi (Said Axmad – «Tekinxur»).
Feletonchi tasvirlangan voqea va qahramondaridagi illat va xulk-atvorni yorqinrok ko’rsatish maqsadida mubolag’adan, ba’zan, hatto fantastik tasvir uslubidan ham foydalaniladi.
Muhokama uchun savollar:
1. Dramada epik va lirik turga xos xususiyatlar qanday ko’zga tashlanishi mumkin?
2. O’zbek adabiyoti tarixida epopeya elementlarini qanday asarlar misolida ko’rish mumkin?
3. Badiiy publitsistikaning ommaviy publitsistikadan nima farqi bor?

Lirika (yunoncha lirikos - lira jo’rligida kuylash) – badiiy adabiyotning asosiy turlaridan biri bo’lib, biror hayotiy voqea – hodisa ta’sirida inson qalbida tug’ilgan ruhiy kechinma, fikr va tuyg’ular orqali voqelikni aks ettiradi.
Lirikada ochib berilgan kayfiyatni ham tug’dirgan hayot sharoitlarini tasavvur qilishga imkon beradi. Lirikaning bosh qahramoni ko’pincha shoirning o’zi bo’lib (umumlashma obraz shaklida), u lirik qahramon sifatida namoyon bo’ladi. Voqelikni lirik qahramon kechinmalari orqali aks ettirishi lirikaning bosh xususiyatdir.
Adabiyot tarixida voqeaband she’rlar ham bo’ladiki, ularda ishtirok etuvchi shaxslar obrazi ko’zga tashlanib turadi. Shoir shu obrazlar vositasida hayotning u yoxud bu jihatlarini badiiy ifodalaydi.
Lirik she’riyat o’z g’oyaviy – tematik xususiyati va tasvir usuliga ko’ra quyidagi yo’nalishlarga ajraladi: intim lirika, garajdanlik lirikasi va peyzaj lirikasi.
1.Intim lirika (lotincha intimus –eng chuqur, ichki) – lirik qahramonning qalb sirlarini, oshiqona xis-tuyg’ularini ifodalaydigan lirik she’rlardir. Bunda qahramon o’z-o’zi bilan sirlashadi, eng yaqin dusti yoxud syevgili yori bilan dardlashadi, shaxsiy xis-tuyg’ularini lirik tarzda bayon qiladi. Intim lirikaning poetik mazmunini Vatan muhabbati, hayot lazzati, tabiat go’zalliklari,ishq nash’asi, do’st madxi, visol ishtiyoq, ayriliq azob, umr va burch haqidagi uylar kabi juda ko’p tuyg’ular tashkil etishi mumkin.
Ingliz adabiyotshunosi Terri Iglton: “Agar shoir mening sevgilim qizil gulga o‘xshaydi, desa, biz bunga ishonamiz. Shoirning ehtirosga to‘la bu kabi so‘zlarini eshitganimizda, o‘qiganimizda biz unga hyech qanday e'tiroz bildirmaymiz. Chunki shoirning o‘z ma'shuqasini qizil gulga qiyoslashi g‘alati tuyulmaydi, hyech kimni ajablantirmaydi. she'rda so‘zlarning muayyan tartib bilan jarangdor musiqiylik hosil qilishi hyech qanday e'tiroz bildirishga o‘rin qoldirmaydi. Negaki shoir qandaydir ayolni ta'riflash orqali muhabbat tuyg‘usini madh etadi. Shoirning so‘zlari, umuman, adabiyot biologiya darsligi yoki sut sotuvchining qaydlari singari biror bir ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, biz uni xush qabul qilamiz. Chunki unga ehtiyojimiz bor” deydi1.
Intim lirikaning ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Klassik shoirlarimiz bu borada boy meros qoldirgan. O’zbek yosh shoirlari ham ajoyib intim she’rlar yozishmokda.
Qaro ko’zum , kel-u mardumlug’ emdi
fan qilgil,
Ko’zum qarosida mardum kibi vatan
qilgil. (A.Navoiy).
Seningsiz menga kom yo’qdir,
Asal ichsam zahar bo’lg’ay,
Sening birlan shirin so’zim,
Zahar yutsam shakar bo’lg’ay. (E.Vohidov).
intim she’rlarda ham fikr va kechinmalarning haqqoniy, real, tabiiy bo’lishi, obralarning yorqin, aniq va ta’sirli chiqishi talab etiladi. U pessimizm va yig’loqilikni, tayinsiz nola-faryodga berilishni inkor etadi.
2.Grajdanlik lirikasi yoki publistik lirika. Bu – vatanparvarlik, erksyevarlik, xalqparvarlik ruhi bilan yo’g’rilgan – lirik qahramonning grajdanlik tuyg’ulari ufurib turadigan lirik she’rlardir. Grajdanlik lirikasi xalq tarixining muayyan bosqichidagi dolzarb masalalarining ko’tarib chiqishi va ularga aktiv munosabat bildirilishi bilan xarakterlanadi.
Grajdanlik lirikasi o’tmish adabiyotimizda etakchi tendentsiya darajasiga ko’tarila olmagan edi. u asosan lirika bag’rida yashaydi. O’zbek sovet poeziyasida esa garajdanlik lirikasi salmoqli o’rin to’tadi. Hamzadan tortib.A.Oripovgacha lirikaning bu yo’nalishida o’zbek shoirlari ko’plab asarlar yaratishgan
3.Peyzaj (frantsuzcha peys – joy, makon) lirikasi. Bunga tabiatning rang-barang manzaralari, yil fasllari (bahor, yoz, kuz, qish) ko’rinishlari, tabiat hodisalari (yog’in-sochin, bulut, momoqaldiroq kabi) o’simliklar, dov-daraxtlar, ob-havo, harorat va hokazolarni lirik tuyg’ular qobig’ida ifodalalovchi she’rlar kiradi.
Peyzaj lirikasi deb yuritiladigan she’rlarda yuzaki qaraganda, shunchaki tabiat hodisalarining quruq o’zi aks ettirilayotganga o’xshaydi. Aslida esa shoir (yoxud lirik qahramon)ning tabiatdan olgan taassurotlari tasvir etiladi.
Navbahor ochildi gullar, sabza bo’ldi bog’lar,
Suhbat aylaylik kelinglar, jo’ralar, o’rtoqlar.
Xush bu maxfilda tiriklik ulfatu axbob ila,
O’ynashib, gohe tabiatni qilaylik chog’lar.
(Muqumiy)
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko’tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o’shshaygan qoya labida.
Nafis chayqaladi bir tup na’matak.
(Oybek).
4.Ramziy lirika. Bunda voqelik, insoniy his-tuyg’ular ramzlar, simvollar orqali aks ettiriladi. Simvolik poeziyaning asosiy xususiyati shundaki, bunday she’rlarda shoirlar hayot voqealarining o’zini yoki nomlarini emas, balki ularning ichki mohiyatini, ruhiy olam sirlarini yangilashga kashf etishga intiladigan. Masalan, E.Vohidovning «Sadoqat» (keksa qarag’ayning kavlanishi), A.Oripovning «Bulbul » she’rlari bunga misol bo’lishi mumkin.
5.Hajviy lirika. Hajviy lirika mumtoz poeziyada ham, hozirgi she’riyatimizda ham keng tarqalgan jarnlardan biridir. Unda ijtimoiy hayotning – ma’lum tomoni yoki ayrim guruh va shaxslarning yaramas salbiy illatlari fosh etiladi.
Alisher Navoiy o’zbek mumtoz adabiyotida hajviy lirikaning ijobiy namunalarini yaratadi ( «Soda shayx», «Ul shayxki…», «Ey voiz»). Shuningdek, Maxmur («Xapalak», «Xojatlarni chiqaruvchi qozi dargohiga murojaat»), Muqumiy («Tanobchilar», «To’y», «Avliyo») kabi shoirlar ijodida ham bu yo’nalish muhim o’rin tutadi.
Lirik she’riyatda quyidagi janrlar mavjud: g’azal, qasida, qo’shiq, qit’a, ruboiy, masnaviy, murabba muxammas, musaddas, musamman, tuyuq, munozara, muqaddimot, mustazod, tarji’band, tarkibband, soqiynoma, muammo, muvashshah, tarix, chiston, marsiya, manzuma, sonet, madhiya va b.k.

Yüklə 55,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin