2-Ma’ruza: Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon. Reja



Yüklə 55,4 Kb.
səhifə3/6
tarix10.05.2023
ölçüsü55,4 Kb.
#110619
1   2   3   4   5   6
Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon.

Romantizm metodihayot haqidagi, inson to‘g‘risidagi orzular ifodasidir. Bu metodda yaratilgan asarlarda xayoliy voqyealar, orzulardagi obrazlar asosiy o‘rin tutadi. Shoir, yozuvchi o‘z a'moli (ideali)dagi insonni ko‘rsatish uchun qahramonlarini real hayotdagidan ko‘ra kuchliroq, fidoyiroq, jasurroq qilib gavdalantiradi. “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod obrazi Alisher Navoiyning chin inson haqidagi orzulari ifodasi sanaladi. Ideal obrazni, ideal hayotni ko‘rsatish romantizm metodining bosh xususiyati hisoblanadi. Shuning uchun bu xildagi asarlarda real hayotning o‘zidagidan ko‘ra boshqacha voqyealar ko‘rsatiladi. Fantastik syujetli, mifologiyaga asoslangan asarlar ham romantizm metodiga mansub sanaladi.
“Romantizm ijodiy metodi juda murakkab hodisa bo‘lib, u XVIII asr oxiri, XIX asr boshida yevropa, Amerika adabiyotida paydo bo‘ldi hamda o‘zidan avval adabiyot va estetikada hukmronlik qilgan klassitsizmga qarshi kurashda shakllandi va rivoj topdi”, deyiladi. Biroq Sharq adabiyotida azal-azaldan romantizm ustuvor bo‘lgani aniq. Yoki qadimgi yunon dramaturglarining mavjud jamiyat hayotini o‘zgartirish, adolatli shoh haqidagi orzu-istaklarini ifodalagan asarlari ham romantizm metodiga mansub. Adabiyotning dastlabki asosi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodidagi ertak, dostonlar ham romantizm metodidagi asarlar sirasiga kiradi.
Shuning uchun aytish mumkinki, XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida yevropa va Amerika adabiyotida yaratilgan, jamiyatdagi mavjud hayot tarzidan qanoatlanmaslikni bildiruvchi asarlar romantizm metodining o‘ziga xos yangi bir ko‘rinishi sanaladi. Ular romantizm metodidagi avvalgi asarlardan turmushni, inson dunyosini akslantirish borasidagi o‘ziga xosliklari bilan alohida hodisa sifatida ajralib turadi. Viktor Gyugo(1802—1885), Jorj Sand(1804—1876), Bayron(1788—1824) kabi yevropa adabiyoti peshqadam vakillari asarlarida xuddi Sharq shoirlari dostonlaridagi singari asl inson, adolatli jamiyat haqidagi orzu-havaslar o‘z ifodasini topgan. Faqat ular xuddi “Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” singari xayoliy voqyealarga emas, balki real hayot voqyealariga asoslangan.
Hayot hodisalari va inson dunyosi esa g‘oyat serqirra. Har qanday ijodiy metod ularning ma'lum bir jihatlarinigina qamrab oladi, xolos. Klassitsizm, romantizm, realizm, simvolizm, naturalizm, modernizm ijodiy metodlaridan hyech biri hayot hodisalari va inson dunyosini to‘la-to‘kis akslantirolmaydi. Shuning uchun ijodiy metodlarni biridan birini baland yoki past qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki ularning har biri hayotni va insonni ko‘rsatishning o‘ziga xos muayyan yo‘llaridir. Realizm romantizmdan yuqori, romantizm klassitsizmdan yuksak deyish nojoiz. Chunki “Xamsa”, “Alpomish” romantizm metodiga mansub bo‘lsa, “Sarob”, “Ulug‘bek xazinasi” esa realistik asardir. “Shoh Edip” klassitsizm davrida yaratilgan. Har biri adabiyot tarixining bebaho gavhari bo‘lgan bu asarlarni esa biri-biridan past qo‘yib bo‘lmaydi
Ana shu mezondan kelib chiqsak, realizm ijodiy metodi ham klassitsizm, romantizm, modernizm singari hayotni va inson dunyosini badiiy gavdalantirishning bir yo‘lidir.
Bundan ayon bo‘ladiki, metodlar nisbiy tushuncha. Chunonchi, bitta asar bir necha metodga xos xususiyatlarni o‘zida aks ettirishi mumkin. “Shoh Edip”da ham, “Alpomish”da ham yoki har qanday ertakda ham realizm ijodiy metodi unsurlari mavjudligi yoki “Ulug‘bek xazinasi”, “O‘tgan kunlar”da romantizm ko‘rinishlari (qahramonlar orzu-havaslari, o‘y-xayollari berilgani) borligi shunday dalolat beradi. Shu boisdan, realizm yoki romantizmning dastlab qachon, qaysi adabiyotda paydo bo‘lgani xususida hukm chiqarishga ehtiyoj yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, tadqiqotlarda “XIX asrda, ayniqsa, uning ikkinchi qismida yevropa xalqlari adabiyotida ijodiy metod ma'nosidagi realizm shakllandi. Avvalgi davrlar adabiyotida rivojlangan xislatlar realizm adabiyotida yuksak darajaga ko‘tarildi va adabiyotning asosiy prinsiplariga aylandi. Gumanizm, insonparvarlik realizmning bayrog‘i bo‘lib qoldi... Realizm terminini faqat yevropa xalqlari adabiyoti tarixining XIX asriga (uning asosan ikkinchi yarmiga) nisbatan ishlatish asosli” degan qarashlar ilgari surib kelindi. Albatta, bunday qarashlarning maydonga kelishiga davrning mavjud ijtimoiy-siyosiy muhiti sababchi bo‘ldi. Biroq, Sharq adabiyotining “Boburnoma” singari o‘nlab asarlari ham realizm metodi mezonlariga javob bera oladi. Maxmurning “Hapalak”, Turdining “Tor ko‘ngulli beklar...” singari she'rlarida ham mavjud hayot manzarasi aniq badiiy gavdalantirilgan. Shunday ekan, “Realizm metodi XIX asrda faqat yevropa xalqlari adabiyotida shakllandi”, deyish o‘rinsiz. Qolaversa, gumanizm, insonparvarlik faqat shu XIX asrninggina emas, balki barcha davrlardagi adabiyotning bayrog‘i sanaladi. Chunki Sofokl ham, Alisher Navoiy ham, Fyodor Dostoevskiy ham, Abdulla Qodiriy-yu Cho‘lpon ham o‘z asarlarida insonni ulug‘lagan. Uni koinot gultoji deb sharaflagan.
“Romantizm ijodiy metodi ikki xil, ya'ni inqilobiy romantizm va reaksion romantizm ko‘rinishida bo‘ladi. Inqilobiy romantizmga mansub asarlar jamiyatni inqilobiy asosda o‘zgartirishni targ‘ib etadi. Reaksion romantizm guruhidagi asarlarda jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan hodisalar ideallashtirib ko‘rsatiladi” degan qarashlar ilgari surib kelingani singari realizm metodi ham “tanqidiy realizm”, “ma'rifiy realizm”, “sotsialistik realizm”deb xillarga ajratildi. Ularning har biriga alohida-alohida tavsiflar berildi. Bu xil qarashlar, avvalo, adabiyotga mavjud ijtimoiy hayot ta'siridagi qarash, yondashishlardan kelib chiqdi. Agar romantizmga mansub asarlarda realizmga xos manzaralar mavjudligi, realistik asarlarda romantizm ko‘rinishlari bo‘lishini e'tiborga oladigan bo‘lsak, “inqilobiy romantizm”, “reaksion romantizm”, “tanqidiy realizm”, “ma'rifiy realizm”, “sotsialistik realizm” degan ajratishlar juda nisbiy hodisa ekani bilinadi. M.Gorkiyning “Lochin qo‘shig‘i”, “Izergil kampir”, “Bo‘ron qushi qo‘shig‘i” inqilobiy romantizm namunalari deyildi. Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor, Ahmad Yassaviy asarlarida o‘tmish ideallashtirilgan, deb aytildi. Aslida M.Gorkiyning mazkur asarlarida mavjud turmushni inqilobiy yangilashga ochiqcha da'vat, chaqiriq sezilmaydi. U asarlarda manzara publitsistik jo‘shqinlik bilan badiiy gavdalantirilgan, xolos. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor ham kishilarni haqiqatga, halollikka, mehru oqibat ko‘rsatishga chaqirgan. “Reaksion asarlar” deb kelingan ijod namunalarida ham turmushdagi illatlar qoralangan. Shunday ekan, adabiyotni “diniy adabiyot”, “dunyoviy adabiyot” deb ajratish asossiz. Chunki din va dunyo biri-birini inkor etadigan qarama-qarshi hodisa emas. Agar adabiyot “diniy” va “dunyoviy” deb ajratilsa, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab ijodi qaysi adabiyotga kiritiladi? Ahmad Yassaviy asarlarida dunyo, uning mavjudligi hodisalari inkor qilinganmi? Yoki Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor o‘z asarlarida din boshqa, dunyo alohida hodisa deganmi? Din va dunyo qarama-qarshi qo‘yilganmi? Avvalo, din dunyoga xos hodisa sanaladi. U dunyo ishlari, kishilar hayotini to‘g‘ri yo‘lga soluvchi yo‘riq hisoblanadi. Bu yo‘riqqa odamlar turlicha yondashadi, xolos. Din ahkomlarini anglash, idrok qilish, unga amal qilishning har xil bo‘lishiga din aslo aybdor emas. Sho‘ro siyosatdonlari singari “Din – afyun, reaksion” deyish gumrohlikdir. Din insonparvarlikni ulug‘lovchi, adolat bilan yashashga da'vatlovchi abadiy mo‘jizadir.
Abdulla Qahhorning “Sarob”, “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor” asarlarida mavjud hayot hodisalari aniq, ishonarli, ta'sirchan gavdalantirilgan. Ulardagi qahramonlar, qalamga olingan voqyealarning hayotda bo‘lganiga, bo‘lishi mumkinligiga ishonish mumkin. Chunki ushbu asarlarda turmush hodisalari ko‘zga qanday ko‘rinsa, shu holida manzaralantirilgan. Hayotni ana shu tarzda, ya'ni o‘z ko‘rinishida, mavjud holida akslantirish esa realizm ijodiy metodining asosiy xususiyatidir.
Realizm lotincha realis so‘z bo‘lib, “bor, mavjud narsa, haqiqiy” degan ma'noni bildiradi. Bundan anglashiladiki, realizm dunyoning moddiy jihatlarini qamrab oladigan umumiy tushuncha sanaladi.
Biroq realizm ijodiy metodini ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan tutsa bo‘ladigan hodisalarning ko‘rsatilishidan iborat deb talqin etmaslik kerak. Albatta, insonning orzu-havaslari, xayol, o‘y-kechinmalari tosh yoki gul kabi ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan tutsa bo‘ladigan moddiy hodisa emas. Ammo ular bor, mavjud hodisalar. Ularsiz insoniyat hayotini tasavvur etib bo‘lmaydi. Roman, qissa, hikoya, she'riy asarlarda inson hayotining ko‘zga ko‘rinmas ana shu jihatlari ham ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ya'ni hayotning real hodisalari, kishilararo mavjud munosabatlar gavdalantirilib, qahramonlar orzu-havaslari, xayollari manzaralantirilgan o‘rinlarda realizm ijodiy metodi romantizm ijodiy metodiga xos sifatlar bilan uzviy bog‘lanib ketgan bo‘ladi. Bu esa ikki metodning mushtarakligidan dalolat beradi.
Realizm ijodiy metodining asosiy xususiyati hayot hodisalarini bor bo‘yi bilan ko‘rsatish va undagi mavjud nuqson, kamchiliklarni tanqid qilish deyish unchalik to‘g‘ri emas. Chunki turmushdagi, kishilar fe'l-atvoridagi qusurlar xususida romantizm yoki klassitsizmga oid deyilgan asarlarda ham so‘z yuritilgan.
Ijodiy metodlarni muayyan tarixiy davr doirasida chegaralash ham o‘rinsiz. Chunki tanqidiy realizm namunasi deyilgan Maxmurning “Hapalak”, Muqimiyning “Tanobchilar” asarlariga o‘xshash tanqidiy, hajviy ruhdagi asarlar qadimda ham yaratilgan. Ular hozir ham yozilmoqda.
Sho‘ro siyosati hukmronligi davrida “Sotsialistik realizm metodi — realizmning yuksak bosqichi” deb kelindi. “Sotsialistik realizm voqyelikni haqqoniy, tarixan aniq va inqilobiy rivojda tasvir etish bilan xarakterlanadi” deyildi. Avvalo “voqyelikni haqqoniy, tarixan aniq” ko‘rsatishga intilish barcha davrlar adabiyotiga, har bir yozuvchi, shoir ijodiga xos hodisa sanaladi. Sofoklning “Shoh Edip”ida, “Alpomish”da ham, Fyodor Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo”sida ham voqyelikni o‘ziga xos tarzda ishonarli, demak, haqqoniy va ta'sirchan ko‘rsatishga intilish mavjud. Sotsialistik realizmning “voqyelikni inqilobiy rivojda tasvir etishi” esa juda mavhum, tushunarsiz gap. Avvalo, “inqilobiy rivoj” nima o‘zi? Badiiy asar voqyealarida qanday “inqilobiy rivoj” bo‘lishi mumkin? Syujet rivojida, qahramonlar hayotida, ular o‘rtasidagi munosabatlarda keskin o‘zgarish bo‘lishi mumkin, biroq “inqilobiy rivoj”ni qanday tushunsa bo‘ladi? Avvalo, voqyelik ayrim kishilar iznu ixtiyoridagi hodisa emas. Unda o‘zgarishlar yuz berishi nihoyatda murakkab kechadigan, juda uzoq davom etadigan jarayon. Kishilar hayotida bo‘lgani singari badiiy asar qahramonlari turmushida ro‘y beradigan o‘zgarishlar ham, avvalo, davrning ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-axloqiy iqlimiga bog‘liq bo‘ladi.
“Sovet sharqi xalqlari adabiyotida realizmning mustaqil badiiy hodisa sifatida rivoji va gullashi, butunisicha olganda, XX asrga oiddir, ba'zi ADABIYOTLARda esa XIX asrga oiddir” degan qarash ilgari surib kelindi. Bu xil qarash aslida yevropa adabiyoti bilan Sharq adabiyoti orasidagi tafovutni, ularning har biri o‘ziga xos hodisa ekanligini e'tiborga olmaslikdan kelib chiqqan. Qolaversa, romantizm adabiyot taraqqiyotining quyi, realizm yuqori bosqichi emas. Realizm romantizmni inkor etmaydi. Ularning har ikkisi bir maqsad — hayot hodisalari va inson dunyosini ko‘rsatishning o‘ziga xos yo‘llaridir. Shuning uchun XX asr jahon adabiyotining eng yetuk namoyandalarida realizm va romantizm ijodiy metodi uyg‘unlashib ketgan. Masalan, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”, Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun”, “Qiyomat”, Gabriel Garsia Markesning “Yolg‘izlikda yuz yil” kabi romanlarida hayotning real hodisalari bilan rivoyat, afsonalar, qahramonlarning xayol, tushidagi voqyealar yaxlit olam sifatida gavdalantiriladi.
Romantizm va realizm ijodiy metodiga xos yetakchi xususiyatlarning o‘zaro birikib, yaxlit badiiy olamni namoyon etishi qadim Sharq adabiyoti namunalari, xususan, Firdavsiyning “Shohnoma”, Navoiyning “Xamsa” dostonlarida ham kuzatiladi. Masalan, Shirin mamlakatida tog‘li joyda ajoyib saroy, ko‘shklar barpo etilgani, kanal qazuvchilarning mashaqqat bilan mehnat qilgani real voqyelikka muvofiq keladi.
Jamiyat taraqqiyotining muayyan davrlarida ayrim masalalar alohida dolzarblik kasb etadi. Mamlakatning keyingi rivoji ayni shu masalalarga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Masalan XX asr boshlariga kelib, Turkistonda madaniy-ma'rifiy masalalarni hal qilish va shu asosda mavjud ijtimoiy qoloqlikka barham berish tarixiy zaruriyatga aylandi. Mustamlakachilar zulmi va dinni bid'atlarga to‘ldirish bilan mashg‘ul manfaatparast mahalliy hokimiyat ma'murlari tazyiqi tufayli dunyoqarashi, fikri torayib qolgan mahalliy millat kishilari ongini o‘stirish, ularni mavjud tuzumni o‘zgartirishga da'vatlash benihoya dolzarb bo‘lib qoldi. Yangilik tarafdori sifatida maydonga chiqqan jadidlar maktab-maorif tizimini isloh qilishga, madaniy-ma'rifiy ishlarni milliy manfaatlar nuqtai nazaridan jonlantirishga kirishdilar. Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza, Munavvarqori, Cho‘lpon singari jadidlar ana shu maqsadda yangi usulda o‘qitish maktablari ochdilar, bu maktab o‘quvchilari uchun yangi darslik, qo‘llanma, majmualar yaratdilar. Millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, madaniyat, ma'rifatning zamonaviy darajasiga erishishga da'vatlash maqsadida adabiy-badiiy asarlar yozdilar, teatr tomoshalari namoyish qildilar, tashviqot-targ‘ibot ishlari olib bordilar. Mavjud turmush qoloqliklarini tanqid qildilar. XIX asr oxiri va XX asr boshidagi adabiyotda mana shu tarixiy hodisa o‘z aksini topdi. Shuning uchun mazkur davr adabiyotini “ma'rifatparvarlik realizmi”, “demokratik realizm adabiyoti” deb atash keng tarqalgan.
Ijtimoiy-iqtisodiy turmush tartiblari san'at va adabiyotga o‘z ta'sirini o‘tkazishi o‘zbek adabiyotiga (umuman, sobiq sho‘ro davlati tasarrufidagi millatlar adabiyotiga) sotsialistik realizm metodining joriy qilinishida ham aniq ko‘rinadi.
“Sotsialistik realizm” termini ilk bora 1929 yilda rus matbuoti(“Literaturnaya gazeta”)da paydo bo‘lgan. Proletariat, ya'ni ishchilarni mavjud hayotni o‘zgartiruvchi kuch sifatida ko‘rsatish, ishchilar harakatini jamiyatdagi barcha qoloqliklarga barham beruvchi hodisa deya talqin qilish, yirik xususiy mulk egalarini hayotdagi barcha fojealarning asosiy aybdori tarzida gavdalantirishga asoslangan asarlar “sotsialistik realizm metodi”da yaratilgan deyiladi. Maksim Gorkiyning “Ona” romani mazkur metodda bitilgan dastlabki asar sifatida ibrat timsoliga aylantirildi. “Sotsialistik realizm - hayotni qayta quruvchilar realizmi” deb ta'riflandi.
Har qanday hodisaga “sotsializm”, “kapitalizm” iborasini tiqishtirish urfga aylangan bu davrda barcha ijtimoiy hodisalar keskin tarzda bir-biriga qarama-qarshi qo‘yildi. Ana shu sun'iy mafkuraviy hodisa tufayli “sotsialistik realizm”dan o‘zga barcha metodlardan kamchilik, nuqson izlash, “romantizm: “inqilobiy romantizm”, reaksion romantizm”; “realizm: “ma'rifiy realizm”, “tanqidiy realizm” deb zidlashtirish taomili paydo bo‘ldi. Hodisalarni bu tarzda qarama-qarshi qo‘yishdan maqsad sotsialistik realizm realizmning eng yuqori cho‘qqisi ekanligiga ishontirish edi...
“Ijobiy qahramon” xususidagi sotsializmcha qarashlar ham adabiyotning insonshunoslik mohiyatiga tamoman zid edi. Chunki adabiyotshunoslikda “Realizm va tanqidiy realizm asarlarida ijobiy qahramon o‘z intilishlari va dunyoqarashi bilan jamiyatdan ajralib turuvchi, o‘z muhitiga qarshi boruvchi kishi sifatida tasvir etilar va buning o‘z hayotiy asosi bor edi, chunki ekspluatatorlar hukmron bo‘lgan jamiyatda ijobiy ideallarga ega bo‘lgan inson jamiyatning asoslariga qarshi bo‘lmasligi mumkin emas edi, ayni choqda u o‘z kurashining muvaffaqiyati mehnatkash omma va uning kurashi bilan bog‘liq ekanini ham tushunmas edi. Agar realizm va tanqidiy realizm asarlarida ijobiy qahramon yakka harakat qilishga majbur bo‘lgan va hatto ba'zan individualizm psixologiyasiga mubtalo kishi tariqasida tasvir etilsa, sotsialistik realizm adabiyotida ijobiy qahramon mehnatkash omma bilan chambarchars aloqadan o‘ziga kuch-quvvat oladi” degan qarash ilgari surildi. Sho‘ro davrida “mehnatkash omma” deyilganda, asosan, ishchilar, dehqonlar nazarda tutilardi. Boshqa kasbdagilar ham mehnat qilishi e'tiborga olinmasdi. “Partiyaviylik”, “sinfiylik”, “xalqchillik” kabi sifatlar bilan “ziynatlangan” sotsrealizmning maqtalgan mashhur asarlari “Shoh Edip”, “Xamsa” yoki “Jinoyat va jazo” kabi asarlarga qiyoslanganida esa, ularning qaysi biri ta'sirchanroq ekani ayonlashadi. Sho‘ro siyosatdonlarining “sotsialistik realizm san'at va adabiyotning haqqoniy namunalarini yaratishning eng to‘g‘ri, yagona yo‘l-yo‘rig‘idir” degan ta'kidlari soxta, uydirma ekanligi ham ana shu qiyosda aniq bilinadi.
San'at va adabiyotning asl namunalarini buyurtma berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, maxsus qonun-qoidalar ishlab chiqish bilan yaratib bo‘lmaydi. Chunki ijod, jumladan, adabiyot namunalarini yaratish g‘ayritabiiy, ilohiy hodisa. Bu hodisani boshqarishga urinish hyech qachon ijobiy samara keltirmaydi. Sho‘ro siyosatdonlari esa shoir, yozuvchilar ijodini o‘z g‘oyalari manfaati uchun xizmat qildirishga urindilar. Buning oqibatida bir xil qolipdagi, bir-biriga o‘xshash she'r, roman, qissa, hikoyalar maydonga keldi. Ana shu o‘ziga xos takror tufayli sho‘ro davrida adabiyot rangsizlashdi.
Aslida, asar bitayotgan yozuvchi, shoir “metod”, “uslub”, “oqim” degan nazariy gaplarni ko‘p-da o‘ylab o‘tirmaydi. Uning butun fikr-u xayoli hayotni ko‘rsatish, qahramonlarning jonli, ta'sirchan qiyofasini gavdalantirishga qaratilgan bo‘ladi. Agar ijodkorning xayol-tasavvuriga “metod”, “partiyaviylik”, “xalqchillik” singarilar g‘ov bo‘lib tursa, uning ilhomiga putur yetadi. Haqiqiy ilhom samarasi bo‘lgan asar esa har qanday nazariy yo‘l-yo‘riqlardan yuksak turadi. Siyosatdonlarning g‘oyalari eskirishi, mafkuraviy qarashlar noto‘g‘riligi ayon bo‘lib qolishi aniq haqiqat. Ammo haqiqiy ilhom mevasi sifatida bunyodga kelgan asarlar hamisha o‘z ta'sirchanligini saqlab qoladi. Alisher Navoiy yoki Aleksandr Pushkin romantizm, realizm ijodiy metodi mezonlarini o‘ylab asar yozmagan. Metod va uning ko‘rinishi haqidagi nazariy mulohazalar esa aslida asarlarni bir-biridan farqlash, adabiy davrlar o‘rtasidagi tafovutlarni ko‘rsatish, aniqlash va belgilashning o‘ziga xos mezoni sanaladi. Adabiyot qiyofasini hamisha badiiy asarlar belgilaydi. “Romantizm”, “realizm”, “sotsialistik realizm” singari nazariy gaplar esa o‘sha badiiy asarlar zaminida vujudga keladi. Demak, nazariyalar badiiy asar uchun qolip, yo‘riqqa aylantirilmasligi kerak. Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”ni yaratayotganida sho‘ro adabiyotida sotsrealizm avji hukmron bo‘lgan. Biroq shu nazariya Bulgakovga ilhom berganmi? Umuman, qaysi bir nazariya shoh asarlar yaratilishiga asos bo‘lgan? Mana shu hodisani 2x2q4 tarzida asoslash mumkinmi?
Kornel, Rasin tragediyalari, Moler komediyalari klassitsizm metodiga mansub asarlar deb yuritiladi.

Yüklə 55,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin