2-Ma’ruza: Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon. Reja



Yüklə 55,4 Kb.
səhifə2/6
tarix10.05.2023
ölçüsü55,4 Kb.
#110619
1   2   3   4   5   6
Adabiy tur va janrlar nazariyasi. Adabiy jarayon.

Liro epik asarlar
Ba’zi she’riy asarlar borki, ularda shoir ham voqealarni tasvir etadi, ham shu voqealardan olgan taassurotlarini, kechinmalarini ifodalaydi. Bunday asarlarda epizm bilan lirizm bir –biriga payvandlashib ketadi. Bular liro-epik asarlardir.
Liro-epik asarlarini alohida – alohida guruhlarga, ya’ni katta forma, o’rta forma va kichik formalarga ajratib o’rganish mumkin. Katta forma she’riy romanlar, o’rta formaga poemalar, balladalar va kichik formaga masallar kiradi.

  1. She’riy roman – romanga xos bo’lgan rovoyaviy usul bilan lirik asarning qo’shilishi natijasida vujudga kelgan adabiy shakl. Prozada roman bilan povest o’rtasida aniq chegara bo’lmaganidek, poeziyada she’riy roman bilan poema o’rtasida ham aniq chegara yo’q. She’riy romanning ilk namunasini Rossiyada A.S.Pushkin yaratgan – «Evgeniy Onegin» asari jahon adabiyotida mashhur asarlardan hisoblanadi. Adabiyotshunoslikning fikricha, o’zbek klassik adabiyotida ham bu adabiy formaning namunalari bo’lgan. Masalan, Alisher Navoiyning «Xamsa»siga kirgan ayrim dostonlar she’riy roman talablarga javob berishi haqida kuzatishlar bor (S.Mirvaliyev – «O’zbek romani»). XX asr o’zbek adabiyotida hozirga qadar bu janrning qator namunalari yaratilgan: Mirmuxsin-«Ziyod va Adiba», H. Sharipov – «Bir savol»; B. Boyqobilov «Shukuhli karvon». M.Ali – «Boqiy dunyo»). Shuningdek, B.Boyqobilovning «Yangi Xamsa», «O’zbeknoma» asarlari ham bunga kiradi.

  2. Poema – inson kechinmalari orqali hayotning poetik momentlarini, dolzarb muammolarini aks ettiruvchi epik, lirik, liro-epik va dramatik xarakterdagi yirik hajmli she’riy asar. Shu jihatdan kelib chiqib, poemalar bir necha xilga bo’linadi:

a) epik poemalarda voqeabandlik, rivoyaviy usul ayricha ko’zga tashlanadi («Temirchi Jo’ra»);
b) lirik poemada lirik qahramonning hayot hodisalaridan olgan taassurotlari, kuchli his-tuyg’ulari, qaynoq qalb harorat ifodasi ustunlik qiladi («Nido», «Surat»);
v) liro-epik poemada voqeabandlik bilan qaynoq lirizm qo’shilib ketadi («Hamza» poemasi);
g) dramatik poemada hayot ziddiyatlarini dialog usulida ifodalash birinchi planda turadi («Mahmud Tarobiy», «Pahlavon Mahmud», «Jannatga yo’l»).
O’zbek poemachiligi uzoq tarixga ega. O’zbek xalq og’zaki poetik ijodidagi traditsion epik dostonlar («Alpomish», «Qutlug’ qon»), klassik adabiyotimizdagi dostonchilik («Gul va Navro’z», «Layli va Majnun») hozirgi o’zbek poemachiligining ajdodlaridir. Ayni chokda o’zbek dostonchiligida katta sifat o’zgarishi ham yuz berdi: uning qahramoni, mavzu, g’oyaviy yo’nalishi, uslubi, til va badiiy tasvir vositalari yangilanadi, syujet ixchamlashadi.

  1. Ballada (frantsuzcha ballade- lotincha ballo - raqsga tushaman so’zidan olingan) –inson hayotining dramatik momentlari va poetik nuqtalarini ko’tarinki ruhda ifodalovchi she’riy asar. Ballada, odatda, o’tkir dramatik asos bo’ladi, hayot dramasi qahramonning qalb prizmasidan o’tkazilib tahlil etiladi, keskin vaziyatdagi lirik qahramonning xis – tuyg’ulari ifodalanadi.

Balladalar ham o’z tabiatiga ko’ra epik (M. Shayxzodaning «O’rtoq Navoiy») , lirik (H. G’ulomning «Evakuatsiya ko’prigi»), liro-epik (H.Olimjonning «Jangchi Tursun») kabi xillarga bo’linadi.

  1. Masal (arabcha - namuna)- ta’limiy-axloqiy, didaktik, hikoyaviy xarakterdagi kichik hajmli she’riy yoxud nasriy asar. Masalda, odatda, odamlardagi ayrim nuksonlar allegorik obrazlar vositasida tanqid qilinadi. Allegorik obrazlarni qo’llashda har bir xalqning o’z traditsiyalari bor. Masalan, qo’y ruslarda farosatsizlik ramzi hisoblansa, o’zbeklarda yuvoshlik alomatidir. Masal qaysi xalqning hayotidan olib yozilayotgan bo’lsa, o’sha xalqning milliy – ramziy an’analari hisobga olinadi.

Masalning yana bir xususiyati - qissadan xissa chiqarilishi, shu orqali axloq – odob o’rgatish, didaktik ta’lim berishni ko’zda tutish. Masallar o’z tabiatiga ko’ra xilma-xil bo’ladi: masal – hikoya («Toshbaqa bilan chayon»), masal-ertak («Zarbulmasal»), masal – epigramma («Oyna va Maymun»), masal-pamflet («Yolg’onchi to’ti») kabilar bunga misol bo’ladi.
Adabiyotshunoslikda “adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” istilohlari ko‘p qo‘llanadi. Bu ikki tushuncha adabiyot bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy-siyosiy, madaniy, madaniy ma'rifiy davrni ifodalaydi. “Adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” tushunchalari so‘z san'ati insonning ijtimoiy hayoti, u yashagan davr bilan chambarchas bog‘liqligini bildiradi. Chindan ham badiiy asarlarda muayyan zamon va makonda yashagan kishilar hayoti, ularning dunyo haqidagi tasavvuri, o‘y-kechinmalari va orzu-intilishlari ifodalanadi. Shuning uchun “adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan, biri ikkinchisini taqozo etadigan, biri ikkinchisidan kelib chiqadigan hodisa sanaladi. “Adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” bir-biriga hamishasamarali ta'sir ko‘rsatadi va bir-birini doim boyitib boradi. Shundan kelib chiqqan holda, “adabiy jarayon” atamasi keng va tor ma'noda qo‘llanadi. Keng ma'noda qo‘llanganda “adabiy jarayon” deyilganda adabiyotning qadimgi davrdan to hozirgi paytgacha davom etgan holati nazarda tutiladi. Bu esa “adabiyot tarixi” tushunchasiga ham muayyan darajada mos keladi. “Adabiy jarayon” deganda, tor ma'noda, adabiyotning ma'lum paytdagi manzarasi e'tiborga olinadi. Masalan, “hozirgi adabiy jarayon”, “o‘tgan asr 20-yillaridagi adabiy jarayon”, “60 -70-yillardagi adabiy jarayon” deyiladi.
Adabiyot va san'atdagi yangilanish “novatorlik” so‘zi bilan ifodalanadi. Novatorlik (lotincha novator – yangilovchi, yangilanuvchi) adabiy jarayon bilan bog‘liq bo‘lib, u adabiy an'ana bilan mustahkam aloqada bo‘lib, keyinchalik o‘zi adabiy an'anaga aylanuvchi adabiy-estetik hodisadir. O‘zbek adabiyoti XX asr boshidan shakl va mazmun jihatidan tubdan yangilana boshladi. Bunga Maxmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon singari ijodkorlarning ijodiy intilishlari tufayli erishildi. Ular adabiyotni mavjud voqyelikka yaqinlashtirib, unga drama, roman singari yangi janrlarni olib kirdilar. Novator ijodkorlarning intilishlari tufayli aruz she'r tizimi o‘rnini turkiy tilga xos barmoq she'r tizimi egalladi, adabiy til jimjimador balandparvozlikdan xoli bo‘ldi. O‘zbek adabiyoti yevropa adabiyotiga xos yangi janrlar bilan boyidi. XX asr boshidan adabiy jarayonda jiddiy o‘zgarishlar kechdi. Bir necha yuz yil davomida shakl-shamoyili o‘zgarmagan o‘zbek adabiyoti g‘oyat qisqa adabiy jarayonda – bir necha yil ichida mazmun va shakl jihatidan tamoman yangilanib, uning mavzu doirasi kengaydi, hayot voqyeligiga, avvalgi zamonlarga qiyoslaganda, yanada yaqinlashadi. Ana shu davrda adabiyot to‘g‘risida tasavvur o‘zgarib, adabiyot mavjud hayot voqyeligini aks ettiruvchi o‘ziga xos oynaga aylandi. O‘tgan zamonlarda o‘zbek adabiyoti qiyofasini g‘azal, doston belgilagan bo‘lsa, XX asrdan e'tiboran bu mezon yangilandi. Roman, qisqa, drama janrining salmog‘i ortdi, barmoq asosiy she'r tizimi bo‘lib qoldi.
Adabiy jarayondagi o‘zgarishlar hayot voqyeligini tanlash va unga yondashish, dolzarb mavzularni yoritish hamda shunga muvofiq badiiy tasvir usullarini qo‘llashda namoyon bo‘ladi. Iste'dodli ijodkorlar hayot voqyeligining yangi qirralarini topib, uni ta'sirchan ifoda vositalari orqali yoritishadi. Ularning ijodida adabiy jarayondagi sifat o‘zgarishlari, avvalgi davrga qiyoslaganda farqli jihatlar aks etadi. Adabiy jarayonning o‘ziga xos manzara kasb etishida iste'dodli ijodkorlar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular yangicha mazmundagi asarlari, ularda yaratilgan adabiy qahramonlari, boshqa xalqlar adabiyotidagi janr, ifoda uslublarini qo‘llashi bilan adabiy jarayonga ko‘rk, joziba baxsh etadi. Adabiy jarayonga yangilik olib kirib, adabiyot tarixida o‘zgarishlar hosil qiladigan novator ijodkorlar esa har doim emas, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning muayyan davrida yetishib chiqadi. Buning sabablari omillarini aniq-tiniq sharhlash, izohlashga aql ojizlik qiladi. Chunki bu jumboq sirni mantiq qonunlari asosida ochib bo‘lmaydi. Yaqin o‘tmishda ham yozma adabiyotiga ega bo‘lmagan xalqlar adabiyoti XX asrda gurkirab ravnaq topgani, “iqtisodiyoti yuksak davlat” deyiladigan jahondagi ayrim yetakchi mamlakatlar adabiyotida jiddiy o‘zgarish sezilmasligi, Lotin Amerikasi mamlakatlari adabiyoti so‘z san'atidagi yangilanishlar markazi sifatida e'tibor qozonayotgani shunday deyish uchun asos beradi. Ayni holat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot adabiy jarayonni sifat jihatidan yangilaydigan, milliy adabiyotning rivojini belgilaydigan asosiy omil bo‘lolmasligi, ijtimoiy o‘zgarishar bilan adabiyotdagi yangilanishlar o‘rtasidagi aloqadorlik nisbiy ekanini bildiradi.
Adabiy jarayonning yangilanishi, avvalgi davrlardagidan farqli manzara kasb etishida boshqa xalqlar bilan o‘zaro madaniy aloqalarning kengayishi alohida rool o‘ynaydi. O‘zga malakatlar san'ati va adabiyoti bilan tanishish, ijodkorlari bilan hamkorlik qilish har bir milliy adabiyotni shakl va mazmun jihatidan biyitib uning hayot voqyeligini qamrab olish, inson obrazini gavdalantirish doirasini kengaytiradi. Milliy adabiyotdagi har qanday o‘zgarish boshqa xalqlar adabiyotidan ta'sirlanish natijasida ro‘y beradi va bu o‘zgarish adabiy jarayonda kechadi. O‘zbek adabiyotida roman, ballada, poema, sonet singari janrlarning o‘zlashishi shuni bildiradi.
Adabiy jarayonning o‘ziga xos muhim xususiyati uning adabiyot tarixini boyitishi, kengaytirishi bilan belgilanadi. Chunki bugun ertaga aylangani kabi adabiyotda ayni paytda kechayotgan, unda namoyon bo‘layotgan jarayon ham o‘z-o‘zidan tarix bo‘lib qoladi. Bir-biriga bevosita bog‘liq adabiy jarayon va adabiyot tarixi mavjud an'analarga asoslangan holda, hamisha uch omil, ya'ni ulkan iste'dodli san'atkorlar, ijodda o‘z yo‘lini topishgp intilgan yosh qalamkashlarning izlanishlari hamda adabiy aloqalar kengayishi tufayli yangilanib boyib boradi. Milliy ADABIYOTLAR bir-biriga doim samarali ta'sir ko‘rsatadi. Chunki barcha xalqlar adabiyotida insonning hayoti tasvirlanadi, inson asosiy qahramon sanaladi va ezgulik ulug‘lanib, yovuzlik qoralanadi. Azaldan milliy ADABIYOTLARda insonni ma'nan, ruhan ulg‘aytirib qalbini poklash va uning ongini, dunyoqarashini g‘ayriinsoniy illatlardan xalos etish orqali hayotni go‘zallashtirish mumkinligi g‘oyasi ilgari suriladi. Har bir odamning dilida, har bir xalqning qalbida ana shu orzu mavjudligi, ana shu ezgu g‘oya yashashi bois milliy adabiyotlar bir-biriga samarali ta'sir ko‘rsatadi. Ezgulikni ulug‘lash g‘oyasi har bir adabiyotni nur kabi yoritib turadi. Nurga esa hamisha hamma intiladi.
Adabiy jarayonda adabiy avlodlar paydo bo‘ladi. Adabiyotni doim adabiy avlodlar o‘zgartiradi. “Adabiy avlod” deganda dunyoqarashi, adabiy-estetik didi, san'at va adabiyotga munosabati bir-biriga yaqin ijodkorlar guruhi tushuniladi. Bu guruh yoshi jihatidan ham salkam teng qur bo‘ladi. Ular, har qalay, bir-biridan qirq-ellik yosh farq qilmaydi. Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar avlodi, ulardan keyin Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzodalar avlodi, Asqad Muxtor, Said Ahmadlar avlodi, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinovlar avlodi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzaev, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas Umarbekovlar avlodi, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Hurshid Davron, Murod Muhammaddo‘st, Erkin A'zam, Tog‘ay Murodlar avlodi asarlari o‘zbek adabiyoti tarixiga rang-baranglik bag‘ishlaydi.
Adabiy jarayondagi o‘zgarishlar, o‘ziga xos farqli jihatlar adabiy janrlarning undagi o‘rnida ham ko‘rinadi. Ayonki, hyech qachon adabiy janrlar bir xil darajada “faol bo‘lolmaydi”. Adabiy jarayonda muayyan davrda she'riyat, ma'lum bir paytda drama ustunlik qiladi. Keyingi paytda esa roman, qissa, hikoya janridagi asarlar “peshqadam”likni qo‘ldan bermayapti. Adabiy jarayon manzarasini ko‘proq shu janrdagi asarlar belgilamoqda.
Umuman, adabiyotning barcha jihatlarini qamrab olgan, o‘zida aks ettiradigan adabiy jarayon ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar, adabiy an'analar, adabiy aloqalar, adabiy avlodlar va yana juda ko‘p omillar bilan bog‘liq murakkab hodisadir.
Hayot muttasil harakat, uzluksiz o‘zgarishda kechgani bois hayotning o‘ziga xos badiiy aksi bo‘lgan adabiyotda ham avvalgi davrga qiyoslanganda, albatta, muayyan yangilanishlar yuz beradi. Adabiy jarayon jarayondagi barcha yangilanish adabiyot tarixidagi an'analar zaminida paydo bo‘ladi va ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar, adabiy aloqalar, adabiyot maydoniga zamonaviy dunyoqarashga ega yosh ijodkorlarning kirib kelishi bilan bog‘liq holda kechadi. Shu bois “adabiy jarayon” deganda, odatda, adabiyotning yaqin vaqt oralig‘idagi, masalan, besh-o‘n yil ichidagi manzarasi nazarda tutiladi va shu davrdagi adabiyotga e'tibor qaratiladi. Albatta, “besh-o‘n yil” shartli, nisbiy tushuncha. Chunki “adabiy jarayon”ni fasllarni “mart, aprel, may oylari – bahor, “iyun, iyul – avgust – yoz, “sentyabr, oktyabr, noyabr – kuz, dekabr, yanvar, fevral - qish” deb ajratilganday aniq belgilab bo‘lmaydi. “Adabiy jarayon” astronomik vaqt mezoniga mos kelmaydi. Lekin so‘z san'atining muayyan vaqt oralig‘idagi qiyofasi, manzarasi avvalgi davr bilan qiyoslanganda, qaysidir jihatlariga ko‘ra, albatta, ajralib turadi. Bu davr asarlari o‘zining mavzusi, hayot qoveligining tiklanishi, yondashilishi, inson obrazining gavdalantirilishi, qanday odamlar abadiy qahramon qilib olinishi, ularning qaysi jihati yoqlanishi yoki qoralanishi va boshqa jihatlari bilan alohida farqlanadi. Adabiy jarayon o‘z-o‘zidan adabiyot tarixiga aylanadi. Bunga hyech narsa to‘sqinlik qilolmaydi. Adabiy jarayon adabiyot tarixidan oziqlanib, adabiyotga yangi narsalar qo‘shadi vakelgusidagi o‘zgarishlar uchun poydevor hozirlaydi.
“Adabiyot tarixi” deganda, albatta, o‘tmish adabiyoti, “adabiy jarayon” deganda esa hozirgi paytdagi adabiyot nazarda tutiladi. “Adabiyot tarixi”ning asosida tarixiylik prinsipi yotadi. O‘tgan zamonlarda yaratilgan adabiy-badiiy asralar, ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, o‘sha paytdagi badiiy tafakkur, adabiy-estetik qarashlar qo‘llangan poetik usul va vositalar kabilar adabiy tarixiga daxldor hodisalar sirasiga kiradi. Muayyan davrda yashagan shoir, adib ijodini, o‘tmishda yaratilgan biror asarni o‘rganish adabiyot tarixining ob'ekti va predmeti sanaladi. Adabiyot tarixi o‘tmish zamon, avvalgi davr adabiyoti xususiyatlarini ko‘rsatish orqali zamonaviy adabiyotning sifat o‘zgarishlarini ta'minlaydi.
“Adabiy jarayon” termini XX asr 20 – 30-yillarida paydo bo‘lgan va 60-yillardan keng qo‘llana boshlangan. “Adabiy jarayon” tushuncha sifatida esa adabiyotga tarixiy o‘zgarib boradigan hodisa sifatidaqarash natijasida XIX – XX asr davomida shakllangan. XIX asrdan “adabiy evolyusiya”, “davr adabiy hayoti” terminlari faol ishlatilgan. “Tarix” so‘zi voqyelikning tugallanganini, “jarayon” esa harakatning davom etayotganini bildiradi. harakatning to‘xtamasdan davom etishi esa juda ko‘p omillar bilan bog‘lanadi va ularni taqozo etadi. Adabiyot tarixi bag‘rida yuzaga kelgan adabiy jarayon ham o‘tmish va o‘z zamonasidagi ijtimoiy, ma'naviy, estetik asoslardan oziqlanadi. U shu tarzda kelajakka ko‘prik o‘rnatib, odam va uning hayotini badiiy aks ettirishda erishilgan tajribalarni saralab, qayta ishlab, o‘zgartirib, boshqa xalqlar adabiyotidan ijodiy o‘zlashtirib, so‘z san'atidagi mavjud an'analarni boyitib kengaytiradi.
Har bir davr adabiyotining o‘ziga xos xususiyati avvalo undagi an'analar va yangilanishlarda bilinadi. An'ana va yangilanish barcha sohalarning bo‘lgani singari so‘z san'atining ham yashovchanligini ta'minlaydi.
Kishining hayot tajribasi ortib, yoshi ulg‘aygani sari uning didi, saviyasi, dunyoqarashi o‘sib, ruhi quvvatlanib boradi. Bu esa uning faoliyati takomillashishiga poydevor bo‘ladi.
Adabiyot tarixida ham shunga o‘xshash hodisa kuzatiladi. Barcha milliy adabiyotlar hayot hodisalari va inson dunyosini ko‘rsatishda oddiylikdan murakkablikka qarab o‘sish jarayonini o‘tganligi ayon bo‘ladi. Biroq bu oddiylik va murakkablik bir-biriga zid hodisa emas. Balki ular birining bag‘ridan biri o‘sib chiqqan yaxlitlikdir. Oddiylikning o‘z hikmati, murakkablikning o‘z sinoati borligiga mazkur holat ham o‘ziga xos dalolat bo‘ladi.
San'at va adabiyotda hayot hodisalarini gavdalantirishning umumiy yo‘llari ijodiy metod deb yuritiladi. Ijodiy metodga tadqiqotlarda “yozuvchining hayotiy faktlarni tanlash, umumlashtirish, baholash va badiiy obrazlarda aks ettirishda qo‘llagan asosiy prinsiplari”, “san'atkorning anglanayotgan voqyelikka ijodiy munosabatlarining umumiy ijodiy prinsipi, ya'ni badiiy asarda voqyelikni qayta tiklash prinsipi”, “turmush hodisalarini tanlash, o‘rganish, idrok etish va tasvirlashning asosiy vositasi” deb ta'rif beriladi.
Ayonki, borliq hodisalariga cheksiz ma'no, mazmun joylangan. Har bir davr kishilari ularning muayyan jihatlarinigina anglashga, kashf qilishga erishadi. Hodisalarning ajdodlarga noma'lum sirlari ularning avlodlariga ayonlashadi. Bu jarayon abadiy davom etadi. Shuning uchun har bir avlod o‘zidan avvalgilarga nisbatan dunyo hodisalari mazmunini ko‘proq biladi. Biroq avlodlarning ajdodlaridan ilgarilab ketishi, asosan, borliqning moddiy hodisalarini o‘zlashtirishda, ularning yangi imkoniyatlarini topishda namoyon bo‘ladi. Ammo inson umrining mazmuni, mohiyatini tushunish, idrok qilishda doimo ajdodlar avlodlari uchun ibrat, namuna bo‘ladi. Payg‘ambarlarning o‘gitlari, G‘azzoliy, Naqshband singari mutafakkirlarning inson tabiati va uning hayoti mazmuni xususidagi mulohazalari necha asrlardan beri ibrat, namuna bo‘lib kelayotgani, “Kalila va Dimna”, “Qobusnoma”, “Guliston”, “Bo‘ston”, “Xamsa” kabi asarlardagi fikrlarning hozir ham kishilarni hayratga solayotgani shundan dalolat beradi. Albatta, Konfutsiy, Suqrot yoki imom G‘azzoliy hozirgi zamon kishilari singari uyali telefon olib yurmagan. Ular texnika asri kishilari singari samolyotlarda ham uchishmagan. Biroq texnikaning hayratomuz ko‘rinishlarini ixtiro qilgan, olis sayyoralarni aql-tafakkuri bilan zabt etmoqchi bo‘layotgan asrimizning ixtirochi allomalari inson umrining ma'nosi, mazmuni, bu hodisaning mohiyati, salmog‘i haqida olis ajdodlarimizdan o‘tkazib ta'sirchan fikr aytolganmi? Axir, borliqning barcha ne'matlari inson uchun ekan, u haqida gapirish, uni “kashf etish” har qanday texnik ixtirodan ko‘ra ahamiyatliroq-ku!
San'at va adabiyotdagi ijodiy metodlar aslida inson dunyosini ko‘rsatish, uning ilgari anglanmagan jihatlarini ko‘rsatish borasidagi izlanish yo‘llaridir. Tadqiqotlarda so‘z san'atida inson dunyosini badiiy gavdalantirishning ikki yo‘li: romantizm va realizm yo‘li bor, deyiladi. Bu ham aslida inson tabiati bilan bog‘liq hodisa sanaladi. Chunki odam ham real hayot qo‘ynida, ham orzu-havaslar dunyosida yashaydi. Inson tabiatida mavjud hayot tarziga qanoat qilishdan ko‘ra, turmushni o‘zgartirish istagi, uni yanada yaxshilash havasi baland turadi. Bu havas, ayniqsa, kishining bolalik, yoshlik kezlarida kuchli bo‘ladi.
Ehtimol, shu sababdandir, qadim dunyo adabiyoti asarlarining aksariyati romantizmga asoslangan. Yunon dramaturgi Sofokl Evripid asarlari haqida fikr bildirib, mazkur hodisani bunday sharhlagan: “Men odamlarni ular qanday bo‘lishi lozim bo‘lsa, shunday tasvir etaman, u (ya'ni Evripid — A.U.) esa odamlarni, ular aslida qanday bo‘lsalar, shunday tasvir etadi”. “Alpomish” dostonidagi Alpomish, Barchin, Qaldirg‘och, Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod kabi ijobiy obrazlar ham inson aslida qanday bo‘lishi lozimligi haqidagi orzulardan yaralgan qahramonlardir.
Dunyo adabiyotida qadimdan haqiqiy inson qanday bo‘lishi kerakligi muammosi bosh masala sanalgan. Shuning uchun kishilarning haqiqiy inson haqidagi orzu-havaslarini akslantiruvchi asarlar ko‘p yaratilgan. Homerning “Iliada” va “Odisseya”si ham, “Kalila va Dimna” ham, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”lar ham haqiqiy inson haqidagi orzular aksidir. Asl inson haqidagi orzular aksi bo‘lgan bu asarlar kishilarni ma'nan ulg‘aytirgan, ularni yovuzlik, shafqatsizlik, johillik olamidan uzoqlashishga da'vat qilgan.
Orzu insonning har jihatdan ulg‘ayishi uchun yetakchi asos bo‘ladi. Ana shu omil odam avlodlarini iqtisodiy, madaniy taraqqiyotga yetaklaydi. Hozirgi turmush tarzimizga ham aslida ajdodlarimizning orzu-havasi ilk poydevor bo‘lgan. Orzu-havas, intilish yuksak bo‘lgan o‘tmish zamonlarda adabiyotda ham romantizm metodi hukmronlik qilgan. Bu ijodiy metod, ayniqsa, Sharq adabiyotida ustuvor bo‘lib kelgan. XX asr boshlarigacha o‘zbek adabiyotida ham romantizm metodi asosiy o‘rin tutgan. Albatta, mavjud hayot hodisalariga munosabat sifatida real turmush hodisalarini akslantiruvchi asarlar ham yozilgan. Ularning aksariyati, asosan, tanqidiy, hajviy ruhda bo‘lgan. Real hayotga tanqidiy yondashish esa uni o‘zgartirish orzusidan tug‘iladi. Orzu-havaslarni akslantirish esa romantizm metodining asosi sanaladi.

Yüklə 55,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin