3-ma’ruza. Buxoro amirligining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. (2 soat)
Reja:
Amirlikning hududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi.
Amirlikning davlat boshqaruvi tizimi.
Mansablar, unvonlar va amallar
Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo.
Madaniyat va din. Ta’lim, ilm-fan, adabiyot va tarixnavislik.
Buxoro amirligi ba’zi manbalarda viloyat deb nomlanuvchi bir nechta bekliklarga bo’lingan edi. Har bir viloyat yoki beklik boshida hukmdor – hokim, mir yoki bek deb ataluvchi amaldor turardi. Shuning uchun rus ilmiy adabiyotlarida bu ma’muriy bo’linmalar ko’pincha bekliklar nomi bilan atalgan.
Buxoro amirligi ma’muriy jihatdan Chordjo’y, Karmana, Ziyovuddin, Nurota, Xatirchi, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog’, G’uzor, Boysun, Qorategin, Dehnov, Hisor, Darvoz, Baljuvon, Shug’non-Rushon, Qabadiyon, Ko’lob, Qo’rg’ontepa, Qarshi, Sherobod, Kalif, Karki, Burdaliq, Kabaliq, Sarijo’y kabi 28 ta beklik va Konimex, Karako’l, Vandanza, Pirmast, G’ijduvon, Varganza, Vobkent, Shofirkon, Yortepa kabi 9 ta tumanlikka bo’lingan.Amirlikdagi bekliklar soni ham, hududi ham doimo bir xil bo’lmagan va beklikning hajmi mahalliy sharoitga, aholining soniga, shuningdek amirning ixtiyoriga bog’liq bo’lgan. U xohlasa beklikning kattalashtirishi yoki kichikroq qilib qo’yishi mumkin edi.Ko’rib o’tilayotgan davrda eng yirik bekliklar Shahrisabz, Hisor va Qarshi bekliklari hisoblangan. Ularni amirning qarindoshi yoki to’la ishongan kishisi boshqarardi. Kichikroq bekliklarga Denov, Sherobod, Chiroqchi, Kitob va boshqa bekliklar kirar edi. Nihoyat ba’zilari, masalan, Kelif bekligi shaharcha va uning atrofidagi bir nechta qishloqlardan tashkil topgan edi.
Qarshi bekligini boshqarish odatda valiahdga topshirilar edi.
P. Shubinskiy “XIX asrning 90-yillari boshida barcha bekliklar ichida 11 tasi asosiylaridir, ulardan eng boyi bu Hisor bekligidir, u amir xazinasiga har yili yarim million so’m daromad keltirardi, eng kambag’allari-Kelif va Uch-o’chiq bekliklaridir, ular yiliga faqat 8000-10000 so’m to’lashardi xolos”, – deb yozgan edi.Bekliklar soni biz ko’rib chiqayotgan davrda yigirmatadan ortiq edi. Ba’zi manbalarda ularning soni 28 ta deb ko’rsatiladi. A. Gubarevich-Radobilskiy esa, XX asr boshida Buxoro amirligida 24 beklik, 7 alohida amlokdorlik va 10 tuman bor deb hisoblaydi. 1920 yili, Buxoro amirligining mavjud bo’lgan oxirgi yilida, Buxorodagi RSFSRning muxtor vakilining bergan ma’lumotlariga qaraganda, deyarli rus boshqaruvida bo’lgan Shug’non va Rushon kabi Pomiroldi tumanlarini hisoblamaganda, amirlikda 28 ta beklik bo’lgan.
Amirlik shimolida, Nurota tog’larida – Nurota; Zarafshon havzasi quyi oqimining o’ng sohilida-Xatirchi va Bog’ikalon, chap sohilida Ziyovuddin va Karmana, qo’yi oqimida – Buxoro; Amudaryo vodiysida (Surxon quyiladigan joydan qo’yiroqda) oqim bo’ylab – Kalif, Karki, Burdaliq, Chorjo’y, Usti; Qashqadaryo havzasi yuqorisida – Kitob, Shahrisabz, Yakkabog’; G’uzardaryoda-G’uzor; Qashqadaryo oqimi bo’ylab quyida – Chiroqchi va Qarshi; Sheroboddaryo havzasida – Sherobod va Boysun; Surxon va Kofirnixon havzasida – Hisor; Qabadiyon, Dehnov, Sarijo’y; Panj havzasida – Darvoz, Qorategin, Baljuvon, Qo’rg’ontepa, Qo’lob bekliklar joylashgan.Ko’pgina manbalarda ta’kidlanishicha, Hisor bekligi xonlikning ma’muriy boshqaruvida maxsus o’rinni egallagan bo’lib, u amirning Sharqiy Buxorodagi valiahdi qarorgohi sifatida ham muhim o’rin tutgan.
Dostları ilə paylaş: |