Abdurahmon Tole` XVIII asrda yashagan buxorolik munajjim va tarixchi olimdir. U Abulfayzxon davri (1711-1747)da yashab ko`pgina tarixiy voqealarni o`z ko`zi bilan ko`rgan va “Tarixi Abulfayzxon” asarini yozgan. Bu asar XVIII asrning birinchi yarmidagi O’rta Osiyoning siyosiy ahvoliga oid qimmatli manba` bo`lib, Ashtarxoniylar davlatining o`zaro urushlar kuchayib ketgan va Eron shohi Nodirshohning bosqinchilik yurishi natijasida inqirozga yuz tutgan davri haqida hikoya qiladi. Asarda bundan tashqari Rajabxon boshchiligida mustaqil Samarqand bekligining tashkil topishi, Zarafshon vohasi va Shahrisabz vodiysida bo`lib o`tgan g`alayon hamda qo`zg`olonlar va ularning sabablari haqida ham qimmatli ma`lumotlar bor.
Muhammad Ya`qub Kenja ibn Ali Mirzo Buhoriy (tahminan 1771-1831) o`z davrining yirik tarixchi olimlaridan bo`lgan. U mang`itlar sulolasining ikkinchi hukmdori Doniyolbiy otaliq (1758-1785)ning o`g`lidir. Muhammad Ya`qub “Gulshan ul-Muluk” (“Podsholar gulshani”) asarini yozgan. Asarning birinchi qismida Buxoroning qadiimiy tarixi, uning hukmdorlari shajarasi bayon qilingan. Ikkinchi qismida esa, O’rta Osiyoning XVIII asr va XIX asr boshlaridagi davri tarixi o`z aksini topgan. Shu asrning oxirlarida Muhammad Sharif tomonidan tuzilgan va tarixiy voqealar solnomalarini o`zidaaks ettiruvchi “Tadj-at-tavorix” asari qimmatli dalillarga boy kitobdir.
Kitobda voqealar rivoji Shayboniylardan boshlanib, XVIII asrning so`nggi davrlari bilan yakunlanadi. XIX asrning birinchi yarmida yozilgan Muhammad Ya`qub Kenja ibn Ali Mirzo Buhoriyning “Fatxnomai sultoniy” tarixiy asarida soliqlar islohotlari, Xitoy-qipchoqlarning qo`zg`olonlari va 1826 yildagi siyosiy voqealar haqida qiziqarli ma`lumotlar berilgan.
“Muntahab ut-tavorix” (“Yilnomalar to`plami”) 1843 yilda tarixchi olim Muhammad Xakimxonto`ra Ma`sumxon To`ra o`g`li tomonidan yozilgan tarixiy asardir. Unda payg`ambarlar haqidagi rivoyatlar, qadimiy Eron, Arab Halifaligi, Somoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, mo`g`ullar, Temuriylar va Boburiylar davri tarixidan qisqacha ma`lumotlar berilgan. Ayni zamonda ushbu kitobda Buxoro va Qo`qon xonlikninglarining tashkil topishidan boshlab XIX asrning 42-yillarigacha bo`lgan davr tarixi o`z ifodasini topgan. Ma`sumxon To`ra o`g`li asarda o`zining Rossiyaga, arab mamlakatlari va Eronga qilgan sayohatlaridan olgan taassurotlarini ham hikoya qiladi. “Muntajab ut-tavorix” asari XIX asrda O’rta Osiyodagi mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum va madaniyatini o`rganishda g`oyatda muhim manba`dir. Asarning o`zbek tiliga tarjima qilingan nuchasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanmoqda (Inv.-594).
Bu davrda badiiy ijod bobida ham ilg`or va yirik mutafakkirlar qalam tebratganlar.Jumladan, o`zbek va fors-tojik tillarida ijod qilgan Mutribiy “Tazkirot ash-shuaro” kitobida badiiy ijod bilan shug`ullangan 320 dan ortiq shoir va yozuvchilarning nomlarini tilga oladi. Afsuski ularning bosib o`tgan ijodiy yo`llari to`g`risida yetarli ma`lumotlarga ega emasmiz.
XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrda yashab ijod etgan qalam sohiblaridan biri Voladir. U tahminan 1786-1793 yillarda Buxoro amirligiga qarashli Yangiqo`rg`on hududida tavallud topgan. Vola qo`zi tug`ma ojiz bo`lsada, favqulodda kuchli aql, xotira, qobiliyat va yoqimli ovoz egasi bo`lgan.
Shoir amirlikni larzaga solgan qipchoqlar qo`zg`oloni (1821-1826) ga xayrixohlik bilan qaragan, xalq boshiga tushgan kulfat va mashaqqatlarni u bilan birga kechirib, jabrdiydalar xuquqlarini himoya qilgan va ilg`or qarashlari uchun hokimlar tomonidan iskanjaga olingan.
Vola o`zbek va fors-tojik tilida ikki devon tuzgan bo`lsada u hozirgacha topilgan emas. U she`r va g`azallarida ulug` insoniy fazilatlar, haqiqiy va sof sevgi va muhabbatni kuylaydi. Buni biz Navoiy, Mahzun va Xofiz g`azallariga yozgan muhammaslarida yanada yorqinroq ko`ramiz.
Shoir Vola 1872-1873 yillarda qashshoqlik va muxtojlikda vafot etgan.
XIX asrdagi o`zbek va tojik adabiyoti tarixida salmoqli o`ringa ega bo`lgan, ammo ijodi yetarli darajada o`rganilmagan shoir va tabib Hoziqdir. O`zbekiston Sharqshunoslik institutida Muhammad Husayin Bulg`oriy tomonidan tuzilgan “Marsad ut-tasonif” nomli (“To`plamlarni o`rganish joyi”) antalogiyada O’rta Osiyo va Eron qhoirlaridan katta bir guruhining` shu jumladan shoir Hoziqning ham o`zbek va tojik tillarida yozilgan 354 misra she`ri bor. Bundan tashqari Hoziqning bir necha g`azal va qasidalari 1820-1821 yillarda Namanganlik shoir Fazliy tomonidan Qo`qonda tuzilgan “Majmuat uch-shuaro” (“Shoirlar anjumani”) qo`lyozmaasarda ham uchraydi. Uning o`zbek va tojik tillarida yozgan she`rlaridan tuzilgan to`plam Rossiya FAning S.Peterburgdagi sharqshunoslik institutining bo`limida № 470 S sonli xujjatda saqlanadi.
Hoziqning asli ismi Junaydullo bo`lib, Hirotda tug`ilgan, tug`ilgan va vafot qilgan yillari noma`lum, vafotini 1843 yil deb tahmin qilinadi. Shoir 1799-1800 yillarda Hirotdan Buxoroga kelgan. Buxoroda uzoq yashash imkoniyati bo`lmaganligidan 1820 yilda Qo`qonga, u yerdan Xivaga, so`ng yana Qo`qon-Buxoro va umrining so`nggi yillarini Shahrisabzda o`tkazgan. Albatta bunday sarson va sargardon bo`lib yurishlar orzu-havas tufaylidan emas, balki hayot ehtiyojlari va nochorlikdan edi. Hoziq amir Nasrullo odamlari tomonidan Shahrisabzda qatl etilgan.
Shoirning chuqur insonparvarlik g`oyalari bilan sug`orilgan otashin shye`rlari, yurak torlariga larza soluvchi nozik va ohangdor g`azallari uzoq yillardan beri sevib o`qiladi va yoqimli ohanglarda kuylanadi. Ularda mehnatkash xalq qismatigaachinish, ayrim zolim boylar va qonho`r to`ralarga nafrat jo`shib kuylanadi. Zodagonlar va saroy ahli oltin va zarlar ishida ko`milib yotgan bir paytdaasosiy boylikni yaratuvchi mehnatkash xalq: dehqonlar, hunarmand va kosiblar, olim va shoirlar ochlik va qashshoqlikda yashayotgan davrning jirkanch tomonlarini fosh qilgan shoir oltinning hayotda naqadar katta kuchga ega ekanligini zo`r badiiy mahorat va o`tkir kinoyalar bilan tasvirlaydi.