4-mavzu: O‘rta Osiyodagi ilk davlat



Yüklə 33,19 Kb.
səhifə1/2
tarix13.04.2023
ölçüsü33,19 Kb.
#97325
  1   2
4-mavzu


4-mavzu:O‘rta Osiyodagi ilk davlat uyushmalari. Qadimgi Xorazm, Baqtriya va So‘g‘diyona davlatlari. O‘rta Osiyo Ahamoniylar davlatitarkibida (mil.avv. VI-IV asrlar)


Reja:
1.Qadimgi fors bitiklari va ilk yunon manbalarida tarixiy madaniy viloyatlar va qadimgi davlatlar.
2. Farg‘ona va Choch. Qadimgi Baqtriya. 
3.So‘g‘diyona. Qadimgi Xorazm. 
4.Sak-massagetlar. Ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar.
Qadimgi Baqtriya, Xorazm va Sug‘diyona davlatlari.
5. O‘rta Osiyo Ahamoniylar davlatitarkibida (mil.avv. VI-IV asrlar)
Hozirgi Afg‘onistonning shimoli-sharqi, O‘zbekistonning janubi va Tojikistonning janubi-g‘arbida joylashgan hududlar turli yozma manbalarda Bahdi, Baqtrish, Baqtriyona, Baqtriya,
Baxli, Baxlika, Tuxolo kabi nomlar bilan eslatib o‘tiladi. Zamonaviy adabiyotlarda uni Baqtriya deb atash e'tirof etilgan(“Shohnoma”da Baxtar zamin, qadimgi turkiylarda Bahodirlar yurti).
Arxeologik ma'lumotlarning guvohlik berishicha, milloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalariga kelib Surxon vohasida qadimgi dehqonchilik madaniyatining jadallik bilan rivojlanishi asosida ilk davlatchilikka o‘tish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon bosqichma-bosqich rivojlanishning o‘ziga xos xususiyat va qonunlariga ega edi. Agar davlatchilik asosini shahar madaniyati tashkil etilishini hisobga oldigan bo‘lsak, bu jarayon O‘zbekistonning janubida, Baqtriya hududida milloddan avvalgi II ming yillik birinchi yarmidayoq shaharmonand qishloq Sopollitepa misolida boshlangan edi. A.Asqarovning fikricha, agar Sopollitepa o‘zining qadimgi shaharsozlik madaniyatiga xos barcha alomatlari bilan protoshahar, ya'ni, Avestoda tilga olingan “vara” inshoatini eslatsa, Jarqo‘ton yodgorligi O‘zbekiston hududida birinchi bor shakllangan tom ma'nodagi shahar edi. Jarqo‘ton qadimgi Sharq shaharlaridan tarkibiy jihatidan farq qilmaydi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Jarqo‘ton ko‘rinishidagi ko‘hna shaharlarni qadimgi Sharqdagi nom-davlatlar shakllari bilan qiyoslash uchun dalillar yetarli. Ammo, Mesopatamiya nom- davlatlarining asosiy belgilaridan bo‘lgan yozuv Jarqo‘tonda mavjudligi hozircha bahslarga sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, milloddan avvalgi II ming yillikning so‘nggi choragiga kelib qadimgi Baqtriya hududlarida davlatchilikning nom yoki voha tipidagi siyosiy uyushmalari shakllana boshlaganligiga ilmiy asoslar bor.
Milloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmi Baqtriya hududlarida ko‘pgina tarixiy-madaniy o‘zgarishlar bo‘lib o‘tadi. Bu o‘zgarishlar quyidagi jarayonlar bilan bog‘liq edi:
1.Temir buyumlarning paydo bo‘lishi va keng tarqalishi.
2.Qal'alari bo‘lgan qishloqlarning paydo bo‘lishi va keyin ularning shaharlarga aylanish.
3.Moddiy madaniyatning sezilarli darajada o‘zgarishi.
4.Sharqiy Eron kabilalarining migratsiyasi.
Arxeologik nuqtai nazardan, yuqoridagi davr Marg‘iyona tipidagi Yoz I madaniyati mavjud bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotchilar Yoz I madaniyati davrini milloddan avvalgi II-I ming yillik bo‘sag‘asi – VIII-VII asrlar bilan belgilaydilar. Surxon vohasidan aynan mana shu madaniyatga o‘xshash yodgorliklar ko‘plab ochib o‘rganilgan. Bu davrda Baqtriyaning to‘rtta- Ulonbuloqsoy, Bo‘stonsoy, Urgul va Halqajar vohalari o‘zlashtirilgan bo‘lib, arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Kuchuktepa, Jarqo‘ton, Bandixon va Qiziltepa ularning marakazlari edi. Yuqoridagi vohalar o‘troq ziroatkorlar va chorvador-sastarlar harbiy boshliqlarining mulklari, markazlar esa ularning qarorgohlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Tarixning otasi Gerodotning “Tarix” asarida Baqtriya xalqi Misr va Bobil kabi yirik davlatlar qatorida tilga olnadi. Yunon tarixchisi Ktesiy Knidskiy Baqtriya haqida qimmatli ma'lumotlar beradi. Tarixchi davlatdagi ko‘plab shaharlar, mustahkam poytaxt shahar Baqtra (Balx), Baqtriya podshosi Oksiart, uning bitmas-tuganmas boyliklari haqida hikoya qiladi. Tadqiqotchilarning fikrlarga qaraganda Qadimgi Baqtriya podsholigi qudratliligi jihatdan qo‘shni viloyatlardan ancha ustun bo‘lib, ular orasida alohida mavqega ega bo‘lgan. Baqtriyaning tabiiy boyliklari undan tashqari hududda ham Old Osiyoga qadar mashhur edi. Ayniqsa, Badaxshon lojuardi (lazurit) va la'li juda qadrlangan.
Avestoning eski qismlarida Axuramazda yaratgan “eng yaxshi o‘lkalar va mamlakatlar orasida to‘rtinchi bo‘lib go‘zal va bayroqlari baland ko‘tarilgan “Bahdi mamlakati” atamasi uchraydi. Ayrim olimlarning fikricha bu “baxtar” atamasiga mos kelsa kerak. Baqtriya haqidagi keyingi qadimgi ma'lumotlar Axamoniylar podsholarining mixxatlarida va bo‘rtma tasvirlarida uchraydi. Misol uchun, Axamoniylar podsholarining markazlaridan biri Persepol shahridagi saroy devorlarida bo‘rtma rasmlarda baqtriyaliklar idishlar ko‘targan va ikki urkachli Baqtriya tuyalari bilan tasvirlanadi. Demak, Baqtriya mustaqil satraplik sifatida Axamoniylar davlatining iqtisodiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
A.Sagdullaevning tadqiqotlariga ko‘ra, Baqtriya haqidagi turli ma'lumotlar qadimgi yunon tarixchilari-Gerodot, Ktesiy, Arrian, Strabon, Kursiy Ruf, Diador,Pliniy kabilarning
asarlarida ham mavjud bo‘lib, ular bu davlatning qadimiyligi va yuksak madaniyati haqida ma'lumotlar beradi. Xususan, Ktesiy Knidskiy Ossuriya podshosi Nin Belidning Baqtriyaga qilgan yurishi, uning baqtriyalik ayol Semiramidaga uylanganligi, Baqtriya podshosi Oksiart va uning boy xazinasi haqida ma'lumot beradi. Ktesiyning Baqtriya chegaralari haqidagi ma'lumotlari ham qiziqarlidir. Uning xabar berishicha: g‘arb tomondan Baqtriya tekisligiga boradigan yo‘lni tog‘lar to‘sib turadilar, ulardan faqat dovonlar orqali o‘tib borish mumkin. Baqtriya Tanaisdan Hind daryosiga cho‘zilgan bo‘lib, Tanais uni Yevropadan, Hind daryosi esa Hindistondan ajratib turadi.
Gerodot o‘zining “Tarix” asrarida Baqtriya va baqtriyaliklarni 45 marta tilga oladi. “Baqtriya” atamasi Esxilning milloddan avvalgi V asrda sahnaga qo‘yilgan “Fors”lar tragediyasida ham uchraydi. Yana bir qadimgi tarixchi Strabon Baqtriyani “oriylar o‘lkasining javohiri” sifatida ta'riflaydi.
Yozma manbalar ma'lumotlari ko‘p hollarda arxeologik ma'lumotlar bilan tasdiqlanadi. Arxeolgiya ma'lumotlarining guvohlik berishicha, milloddan avvalgi VII-VI asrlarda Baqtriyada shaharlar shakllanib bo‘lgan edi. Oltindilyortepa (Aorn), Baqtriya (Boloi Hisor) va Qiziltepa kabi ko‘hna shaharlar mustahkam himoya devorlar bilan o‘rab olinadiki, ular bu hududlarda davlatchilik rivojlanishining asosi edi.
E.V.Rtveladze Baqtriyadagi bu davrga oid tadqiqotlarni umumlashtirib, ushbu hududlardagi aholi joylashuvining quyidagi o‘nta vohasini ajratadi: Ulanbuloqsoy, Sherobod, Urgul (Bandixon), Halqajar, Yuqori Surhon, O‘rta Surxon, Amudaryo, Vaxsh, Quyi Kofirnihon, Boytudasht.
Shunday qilib, milloddan avvalgi I ming yilikning o‘rtalariga kelib qadimgi O‘zbekistonning janubida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan bog‘liq ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lib o‘tadi. Yuqoridagi sanab o‘tilgan vohalarning har biri ma'lum hududiy-siyosiy birlashmani tashkil etgan bo‘lib, o‘z nomiga, ma'muriy markazlariga, yirik shaharlariga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi. Misol uchun, Surxondaryodagi Qiziltepa ko‘hna shahri atrofida to‘rtburchak shaklda qurilgan qadimgi uy-qo‘rg‘onlari (Qizilcha) 3-4 ta qo‘shni uylardan iborat bo‘lib, alohida joylashgan qishloq jamoasini tashkil etganlar. Har bir katta oila jamoasini ma'lum uy-joy, chorva va yerga egalik qilib, ma'lum darajada iqtisodiy mustaqil bo‘lgan. Qishloq jamoalarining hududiy, iqtisodiy va ijtimoiy birlashuvi, ibtidoiy davrlarga oid urug‘-kabilaviy birlashuvdan tubdan farq qilib, ilk davlatchilik shakllari paydo bo‘lganligidan dalolat beradi.
Mil. avv. VII-VI asrlar Baqtriya jamiyatida hududiy bo‘linish shakllanib, aholining o‘troqlashuv jarayonlari yanada kuchayadi. Ko‘hna shaharlar qishloq xo‘jalik atroflariga ega bo‘lib, qal'alar paydo bo‘ladi, muhim savdo yo‘llari bo‘ylarida tayanch istehkomlar barpo etiladi. Turli binolar bunyod etishda mudofaa inshoatlarining ahamiyati yetakchi o‘rin egallaydi.
Qadimgi Baqtriya dehqonchilik rayonlarining tuzilishi tabiiy-geografik joylashuv va shart-sharoitlarga qarab turlicha bo‘lgan. Manzilgohlarning soni va o‘zlashtirilgan yerlarning umumiy maydoniga qarab madaniy-xo‘jalik vohalar bir nechta guruhlariga bo‘lingan. Vohalarning chegaralari sug‘orma dehqonchilik hududlari va sug‘orish tarmoqlarning chegaralari bilan uzviy bog‘liq edi.
Tarixiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, ko‘p hollarda davlatchilik jamiyatning ichida, o‘z ichki qonuniyatlari asosida paydo bo‘ladi va rivojlanadi. Shakllana boshlagani 3,5 ming yildan kam emasligi ilmiy jihatdan asoslangan Baqtriya davlatchiligi buning yorqin misolidir.
Qadimgi Xorazm davlati O‘rta Osiyodagi yana bir yirik davlat uyushmasi-Qadimgi Xorazm davlati hisoblanadi. “Katta Xorazm” va “Qadimgi Xorazm” masalasi bo‘yicha o‘zbekistonlik va xorijlik ko‘plab olimlar turli-tuman tadqiqotlar olib borgan bo‘lsalarda bu masalalar hamon tadqiqotchilarning bahs- munozaralariga sabab bo‘lib kelmoqda. Avesto va yunon-rim tarixchilari ma'lumotlari bu munozaralarning asosini tashkil etadi. Undan tashqari, o‘tgan asrning 50-60 yillaridan boshlab bugunga qadar olib borilgan arxeolgik tadqiqotlar natijalari ham Xorazm davlatchiligi tarixi bo‘yicha boy materiallar berdi.
Avvalo, so‘ngi yillardagi ibtidoiy davr yodgorliklarining qiyosiy tadqiqotlaridan (X.Matyakubov) xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Xorazm mil.avv IV-III m.y. dayoq O‘rta Sharqning qadimgi sivilizasiyalar olami bilan uzoq Shimolni bevosita bog‘lovchi xalqa rolini o‘tay boshlagan. Bronza davri Suvyorgan va Tozabog‘yob madaniyatlari qadimgi Xorazm yerlarini o‘zlashtirib bir-biri bilan qizg‘in aloqada bo‘lgan, Shimol va Janubdan ta'sir qabul qilib, yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilgan kabilalar madaniyati edi.
Ularning urug‘ jamoalari yarim yerto‘la uy -joylarda istiqomat qilib motiga dehqonchiligi va chorvachilik bilan shug‘ullanib, ibtidoiy ishlab chiqarish xo‘jaligi sari ilk qadam tashlaganlar. Ammo, ularning moddiy xo‘jalik taraqqiyoti darajasi O‘rta Osiyoning janubiy mintaqalari (Baqtriya, Marg‘iyona) dagi kabilalarga nisbatan ancha orqada edi.
Amirobod madaniyati (mil.avv IX-VIII asrlar) davrida Amudaryo quyi havzasida yashovchi aholi hali davlatchilikdan bexabar bo‘lib, irrigasiya xususiyati ibtidoiy urug‘-kabilachilik an'analarini saqlab qolgan aholi jamiyatiga xos edi. O‘rta Osiyoning Janubiy mintaqalariga qaraganda Xorazm vohasi aholisi uzoq vaqt beqaror suv oqimi sharoitida, noqulay tabiat injiqliklari girdobida qolib kelgan. Qadimgi yozma manbalar ma'lumotlari va mavjud arxeologik yodgorliklarning qiyosiy tahliliga ko‘ra, Xorazmda davlatchilik ildizlarining paydo bo‘lishigan asos bo‘lgan ilk shaharsozlik madaniyati sohiblari - Xorazmiylar ko‘chib kelgach tarkib topdi va rivojlandi. “Xorazm” atamasining kelib chiqishi haqida ko‘plab fikrlar mavjud. Olimlarning katta guruhi “Xorazm” atamasining ikkinchi komponenti –zmi, - zamni hind-evropa tillariga mansub – zemo – yer, o‘lka, mamlakat ma'nosini beradi degan xulosaga kelganlar. So‘zning birinchi komponentiga kelganda olimlar fikrlaridagi yakdillik yo‘qoladi va u turlicha – “Ozuqaga boy mamlakat”, “Unumdor yer” (E.Byurnuf, E.Zaxau, U.Geyger, U.Tomashek), “Go‘zal mamlakat” (F.Yusti), “Unumsiz, yomon yer” (F.Shpigel'), “Pastlik yer” (P.Lerx, N.Veselovskiy, X.Klipert), “Quyoshli yoki Sharqiy o‘lka” (S.Tolstov, P.Savel'ev, F.Sulaymonova), “Sharqiy zamin”, “Kunchiqar mamalakat” (I.Mo‘minov) tarzida talqin etiladi.
Yana bir guruh olimlar “Xorazm” atamasi uch leksima asosida (Uvarizami, u – “yaxshi”+ vara – “qal'a”,”qo‘rg‘on”+zimi-“er”) paydo bo‘lgan deb hisoblab, mazkur tarixiy atamaning ma'nosini “yaxshi qo‘rali yer”, “Ajoyib qal'ali o‘lka” yoki “Mustahkam qo‘rg‘onli diyor”(Bogolyubov, A.Muhammadjonov) tarjima qiladilar. So‘ngi tadqiqodlarda “Xorazm” atamasining o‘zagi qadimgi turkiy asoslarga ega bo‘lishi mumkin degan fikrlar ilgari surilib (“Xuar” (“Suvar”) – “suv”(“xu”) – suv, “Ar”-er, odam, “m”- birinchi shaxs qo‘shimchasi) va u “Suv(daryo) odamlari” yoki “suv egalari” (M.Zakiev, Sh.Kamoliddin, O‘.Nosirov) deb tarjima qilingan.
Olimlarning ta'kidlashicha, Avestoda tilga olingan Aryoshayona yoki Aryanam Vaychax shu manbada eslatilgan Kavi Vishtaspning podsholigi bo‘lib, milloddan avvalgi IX-VIII asrlarda Drang‘iyona, Satagadiya, Ariya, Marg‘yona va Amudaryoning o‘rta oqimidagi viloyatlarni birlashtirgan. G‘arb tadqoqtchilari V.Xenning va I.Gershevichlar Kavi Vishtapsning davlati Marv va Xirot atrofida joylashgan “Katta Xorazm” deb hisoblaydilar. “Katta Xorazm” muammosi Gerodot ma'lumotlaridan boshlangan. U “Tarix” asarining uchinchi kitobida quyidagicha ma'lumot beradi: “Osiyoda bir vodiy bor. Uning barcha tomoni tog‘ bilan o‘ralgan, tog‘ni esa beshta dara kesib turadi. Bir vaqtlar bu vodiy xorasmiylarga tegishli bo‘lib, xorasmiylar, parfiyaliklar, saranglar va tamaneylarga chegaradosh yerlarda joylashgan. Vodiyni o‘rab turgan tog‘dan Akes nomli yirik daryo boshlanadi”. Shuningdek, Gerodot, Akes daryosida to‘g‘on qurilgani va bu to‘g‘on xorasmiylarga tegishli ekanligi haqida ma'lumot beradi.
Gerodotdan sal oldinroq yashab o‘tgan Gekatey parfiyaliklarning sharqiy tomonida joylashgan “Xorazm”ni, “bir qismi tekisliklarda, bir qismi tog‘larda yashovchi xorazmliklarni” eslatib o‘tadi. Tadqiqotchi V.A.Livshis ham bu “Katta Xorazm”ni Marv va Hirotning to‘rtta rayoniga joylashtiradi.
S.P.Tolstov va Ya.G‘ulomovlar bu nazariyaga qarshi bo‘lib, xorazmliklar O‘rta Osiyoning janubidan ko‘chib kelmaganlar balki, Xorazm davlati Quyi Amudaryoda qadimgi zamonlardayoq vujudga kelgan deb xulosa qilganlar. Ammo bu davlatning chegaralari hozirgi Xorazm viloyati hududlaridan ancha keng bo‘lgan.
O‘rta Osiyoning tarixiy geografiyasi bilan shug‘ullanuvchi olim I.N.Xlopin “Katta Xorazm”ning yirik siyosiy birlashma sifatida Ahamoniylardan oldingi davrda mavjud bo‘lganligi va Akesning Tajan-Xerirud daryosi bilan bir ekanligi haqidagi fikrlarni asossiz deb hisoblaydi. Olimning ta'kidlashicha, “Ahamoniylardan oldingi davrda O‘rta Osiyo hududida xalqlarning xorazmiylar boshchiligida xech qanday ilk davlat birlashmalari yo‘q edi”. Shu bilan birga u Ahamoniylardan oldingi davrda O‘rta Osiyoning janubida, “bir necha uncha katta bo‘lmagan markazlar” mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini e'tirof etadi.
O‘rta Osiyo janubidagi dexqonchilik madaniyati va ilk shaharlar bo‘yicha mutaxassis hisoblangan A.A.Asqarov so‘nggi yillarda Qadimgi Xorazm masalalariga o‘z e'tiborini qaratdi. Olimning e'tirof etishicha, Xorazm vohasining qadimgi davri o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bu hududiy kenglik Amudaryoning quyi havzasi hisoblanib, O‘rta Osiyoning bu yirik daryosi bir necha yuz yillar davomida yuqori oqimlardan quyiga unumdor loyqa oqizib kelib, jaunbiy Orol bo‘ylarida sug‘orma dehqonchilik madaniyatining rivojlanishi uchun zamin yaratgan. Ammo, bu zamin eng qadimgi davrlarda ajdodlarimiz tomonidan o‘zlashtirilib, sug‘orma dehqonchilik madaniyatining Marg‘iyona va Baqtriya singari makoni bo‘la olmadi.
Arxeologik manbalarning ma'lumot berishicha, ilk temir davriga kelib Xorazm hududlarida paydo bo‘lgan Amirobod madaniyati davrida janubiy Xorazm aholisi Amudaryo quyi havzasining o‘zanlari bo‘ylab barpo etilgan keng va sayoz kanallar yordamida ziroatchilikka qulay joylarda dehqonchilik qila boshlaydilar hamda o‘troq hayot asta-sekin ularning turmush tarziga aylana boshlaydi. Ammo, Amudaryoning quyi havzalari, uning to‘qayzor va qamishzor keng maydonlari, serunum yaylovlari chorvachilik xo‘jaligining taraqqiy etishi uchun juda qulay edi. Shuning uchun ham qadimgi Xorazmda Quyi Sirdaryo sak-chorvadorlarning Quyisoy madaniyati keng rivojlangan.
Yunon geografi Strabon xorazmiylarning ajdodlari massagetlarga borib taqalishi haqida ma'lumotlar beradi. S.P.Tolstovning fikricha, Xorazm tarixining massagetlargacha bo‘lgan davrida bu zaminda Suvyorgan va Tozabog‘yob madaniyatlari aralashuvidan tarkib topgan Qovunchi kabilalari yashar edilar.

Yüklə 33,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin