5-Mavzu: Informatsiyani kodlash mexanizmlari. Ma'lumotlarni kodga solish. Retseptorlarga nur, mexanik va boshqa rag'batlar ta’sir qilganda, ushbu ta’sirlarni belgilovchi axborotni, sensor tizimning po'stloq markazi qabul qilib olish uchun, uni miyaga mukammal va «tushunarli» bo'lgan asab impulsiga aylantirish lozim. Bir signalni ikkinchi signal yordamida ifodalashni kodlash deb aytiladi. Retseptorlar muxim uzgarishlar to'g'risidagi axborotlarni kodga solib, miya bevosita qabul qila olmaydigan signallarni «tushuna oladigan» shaklga soladi. Ta’sirotlarni kodlashda eng avvalo, rag'batning bor yoki yo'qligini belgilash kerak. Bu vazifani odatda analizatorlarning po'stloq, osti qismida on- va off- neyronlar bajaradi. Boshqa neyronlar ta’sirotlarning sifat belgilarini, keyin esa ularning miqdorini kodlaydi. Kodlash jarayonida faqat retseptorlargina emas, balki sensor tizim zanjirining keyingi halqalari xam ishtirok qiladi. Tashqi ta’sirotlarni saralash va kodlashni, birinchi navbatda, retseptorlarning tuzilishi xususiyatlari va ularning ma’lum rag'batni qabul qilishga ixtisoslashganligi ta’minlaydi. Masalan, nurni qabul qilishga moslashgan ko'ruv analizatori tovushga befarq bo'ladi va o'z navbatida, tovush to'lqinlariga sezgir bo'lgan eshituv analizatori nurdan ta’sirlanmaydi. Tabiati bir bo'lgan ta’sirlovchilarni qabul qiladigan retseptorlarda xam farq bor. Masalan, ta’m sezuvchi retseptorlarning bir turi shirin moddalar ta’sirida qo'zg'alsa, ikkinchisini sho'r modda qo'zg'atadi. Demak, sensor rag'batlarning turli belgilarini taxlil qilishda, markazga bir xil retseptorlardan emas, balki bir necha xil retseptorlardan borgan axborotlar e’tiborga olinadi.
Sensor tizimlar rag'bat kuchini kodlashda impulslar tezligini o'zgartirishdan foydalanadi. Kodlashning keng tarqalgan muxim usuli, impulslarni boylamlar shaklida vujudga keltirish va har qaysi boylamda impulslarning soni va joylashish tartibini o'zgartirishdan iborat. Bunday kodlash ta’sirlovchiningxossalari to'g'risidagi axborotni boylamdagi impulslarni soniga, oralig'idagi masofaga, impulslarni boylamning bosh, o'rta yoki oxirgi qismlarida zichroq bo'lishiga bog'lab sensor markazga yetkazilishini ta’minlaydi. Kodlashning yana bir turi, behisob parallel axborotlarni o'tkazuvchi yo'llarni birin-ketin ishga solish va ishlab turgan kanallarning sonini o'zgartirishdir.Signallarni detektorlash. Texnikaviy aloqa tizimlarida axborotlar manzilga uzatilishdan oldin kodga solinadi, manzilga yetgach koddan chiqariladi. Masalan, telefon mikrofoniga aytilgan gap impulslari dekodlashtirib, asl holiga, ya’ni tovush to'lqinlaridan iborat nutqda aylantirib eshitiladi.Sensor tizimlarda dekodlash, ya’ni masalan, tovush retseptorlardan impuls sifatida markazga yetib kelganda, yana qaytib tovushga aylanishi kuzatilmaydi. Bu tizimlarda detektorlanish sodir bo'ladi, ya’ni ta’sirlovchining ayrim belgilari tahlil qilinadi va ularning biologik ahamiyati baholanadi. Bu tahlilni maxsus ixtisoslashgan detektor neyronlar bajaradi. Masalan, ko'ruv sensor tizimining miya po'stlog'idagi detektor neyronlari, yo'l-yo'l chiziq ko'ruv doiraning ma’lum qismida bo'lib, kerakli burchak xosil qilsagina ko'zg'aladi. Burchak o'zgarsa yoki chiziq ko'ruv doirasining boshqa qismiga o'tsa, bu neyronlar ko'zg'almaydi, ammo boshqa neyronlar faol holatga o'tadi. Turli detektor neyronlar ta’sirlovchining barcha xossalarini tahlil kilib, obrazning shakllanishini ta’minlaydi.Sensor tizim (lotincha sensus — sezish) deganda, asab yo'llari orqali retseptor apparatlari va o'zaro bir-biri bilan bog'langan, MAT ning ma’lum bir tuzilmalarining yig'indisi tushuniladi. Uning vazifasi bir xil fizik tabiatga ega bo'lgan ta’sirlarni tahlil qilib, tashqi signalni kodlash bilan tugallashdan iborat. Obrazni tanish analizatorning so'nggi va eng murakkab vazifasi hisoblanadi. Ushbu jarayon, obrazni tasnif etish, uni organizm ilgari uchratgan va tanish bo'lgan obyektlarning qaysi bir guruhiga mansub ekanligini aniqlashdan iborat. Bunga afferent signallarni batafsil qayta ishlash, ularning ayrim belgilarini ajratish va bu belgilarni detektor neyronlar tomonidan, ayrim tahlil qilish yo'li bilan erishiladi. Miyada ta’sirlovchining modelini ko'rish va unga o'xshash boshqa modellardan farqlash obraz tanishning vazifasiga kiradi. Obrazni tanish, organizmning qaysi obyekt yoki vaziyat bilan uchrashgani tug'risida xulosa qilish bilan tugaydi. Obrazni tanish, oldimizda nima yoki kim turganini, kimning ovozini eshitayotganimizni, qanday ta’m yoki hid sezayotganimizni idrok qilish imkoniyatini beradi.