6-bob. Ochiq elektron tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi 30. Talabgorlarning har bir ko‘rsatkichiga qo‘yilgan ballar ushbu Reglamentga 4-ilovada keltirilgan mezonlarga muvofiq savdo platformasi orqali avtomatik ravishda hisoblab chiqariladi.
31. Eng ko‘p ball to‘plagan talabgor ochiq elektron tanlov g‘olibi deb topiladi va operator tomonidan tanlov o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilinadi hamda bir vaqtning o‘zida tanlov g‘olibining shaxsiy kabineti, uyali aloqa telefoniga va elektron pochta manziliga bu haqda xabar yuboriladi.
Talabgorlar to‘plagan ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda kalendar tartibida arizani birinchi bo‘lib topshirgan talabgor ochiq elektron tanlov g‘olibi sifatida e’tirof etiladi.
32. Tanlov obyekti bo‘yicha yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini imzolash uchun tanlov g‘olibiga besh ish kunlik muddat beriladi.
G‘olib qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga ega bo‘lish uchun erning normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadigan qo‘shimcha to‘lovni to‘lashni o‘z zimmasiga olganda, ijaraga olish shartnomasi qo‘shimcha to‘lovning 5 foizi operatorning maxsus hisobvarag‘iga shaxsiy kabinet orqali to‘langandan so‘ng imzolanadi.
2023-yil 1-apreldan boshlab tanlovlarda qo‘shimcha to‘lovning 5 foizini to‘lamagan va/yoki shartnoma imzolashni rad etgan (muddatida imzolamagan) tanlov g‘olibi hamda uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sischilari hisoblangan shaxslar — savdo qoidasini buzgan ishtirokchi deb e’tirof etiladi va ular ushbu holatni birinchi marta sodir etgan taqdirda, rad etgan sanadan boshlab o‘n ikki oy muddatga, ikkinchi marta takrorlaganda esa muddatsiz davrga tanlovlardan chetlatiladi.
Ushbu cheklovlar tanlov g‘olibi va uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sischilari hisoblangan shaxslar savdo qoidasini buzgan ishtirokchi deb e’tirof etilgunga qadar ularning ishtirokida savdolari boshlangan va/yoki yakunlangan boshqa lotlar bo‘yicha tanlov jarayonlariga hamda ularning natijalariga qo‘llanilmaydi.
33. Operator ochiq elektron tanlov yakunlangan kundan keyingi kundan kechiktirmasdan QR-kodini (matrik shtrixli kod) qo‘llash orqali tanlov natijalari to‘g‘risidagi maxsus raqam qo‘yilgan elektron bayonnomani rasmiylashtiradi va ushbu bayonnoma bilan birga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini ERI bilan yoki platformada yaratilgan maxsus identifikatsiyalash imkoniyatidan foydalangan holda tasdiqlash uchun va tanlov g‘olibining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
34. Bayonnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
tanlov o‘tkazilgan sana;
bayonnoma rasmiylashtirilgan sana;
tanlov g‘olibi haqida ma’lumot hamda uning tanlov takliflariga berilgan ballari;
tanlov obyekti haqida ma’lumotlar;
buyurtmachi va tanlov g‘olibi o‘rtasida tanlov obyekti bo‘yicha yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini tuzish muddati.
35. Agar tanlov g‘olibi bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng tanlov obyekti bo‘yicha yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini imzolashdan bosh tortsa, tanlovning salohiyatli g‘olibiga (agar ballar teng bo‘lsa — arizani oldinroq bergan talabgorga) operator tomonidan besh ish kunlik muddat beriladi.
Tanlovning salohiyatli g‘olibi tanlov obyekti bo‘yicha yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini imzolashga rozilik bildirgan taqdirda, u tanlov g‘olibi deb e’tirof etiladi va belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga
31-ILOVA
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega bo‘lish uchun to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibi to‘g‘risida NIZOM