1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega bo‘lish uchun erning normativ qiymatidan kelib chiqqan holda to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlar (keyingi o‘rinlarda — qo‘shimcha to‘lovlar) hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibini belgilaydi.
2. Qo‘shimcha to‘lovlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti hamda Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamentiga muvofiq hisoblab chiqiladi.
Qo‘shimcha to‘lovlarning hisobi ushbu Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq yuritiladi.
2-bob. Qo‘shimcha to‘lovlarning hisobini yuritish 3. Qo‘shimcha to‘lovlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tanlovda ijara huquqini yutib olish uchun ko‘proq ball to‘plash maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining ijara davri muddatiga teng taqsimlangan holda ixtiyoriy ravishda to‘lanadi va tegishli tuman (shahar) budjetiga yo‘naltiriladi.
4. Qo‘shimcha to‘lovlarning hisobini yuritish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida har bir tuman (shahar) uchun daromadlar bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochiladi.
Qo‘shimcha to‘lovlarning hisobi tuman (shahar) soliq inspeksiyasi va (yoki) tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq boshqa vakolatli organlar tomonidan yuritiladi.
5. Qo‘shimcha to‘lovlar sarflanishini nazorat qilib borish uchun budjet tizimi budjetlari xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifidan kelib chiqib, har bir tarmoq xarajatlari alohida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarda yuritiladi.
3-bob. Qo‘shimcha to‘lovlarni undirish muddatlarini belgilash tartibi 6. Ijara davri muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lash grafigi (keyingi o‘rinlarda — to‘lash grafigi) ochiq elektron tanlov natijalari bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘lgan talabgor (keyingi o‘rinlarda — tanlov g‘olibi) va tuman (shahar) hokimligi o‘rtasida tuziladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijara shartnomasiga ilova qilinadi.
Qo‘shimcha to‘lovlar tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Bunda tanlov g‘olibi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olish huquqiga ega bo‘lish uchun zimmasiga olingan qo‘shimcha to‘lovning dastlabki to‘lov sifatida operator maxsus hisobvarag‘iga to‘langan va tuman (shahar) mahalliy budjetiga o‘tkazib berilgan 5 foiz qismi inobatga olinadi va qo‘shimcha to‘lov summasidan kamaytiriladi.
7. Qo‘shimcha to‘lovlarning bir kalendar yili uchun hisoblangan miqdori to‘lash grafigiga muvofiq tanlov g‘olibi tomonidan to‘lanadi.
To‘lash grafigida qo‘shimcha to‘lovlarning har bir kalendar yili uchun hisoblangan miqdori hisobot yilida 15-aprel va 15-oktabrga qadar teng ulushlarda to‘lanishi nazarda tutiladi.
Bunda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash grafigida belgilangan muddatdan oldin ham to‘lanishi mumkin.
Qo‘shimcha to‘lovlar ijara davri muddatiga bo‘lib to‘langanda, qolgan summa to‘lov amalga oshirilgan sanadagi normativ qiymatni o‘tgan yildagi yer normativ qiymatiga nisbatan o‘zgarish koeffitsiyentini ko‘paytirish orqali hisoblanadi.
8. Qo‘shimcha to‘lovlar tanlov g‘olibi tomonidan to‘lash grafigida belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, tuman (shahar) soliq inspeksiyasi va (yoki) tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq boshqa vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda undirish choralari ko‘riladi.