«Ayollar ko’ylagi yoqa va yengiga ishlov berish. Old va ort bo’l-fayllar.org (1)
«Ayollar ko’ylagi yoqa va yengiga ishlov berish. Old va ort bo’lak yelka, yon qirqimlarini biriktirib tikish» O’tgan mavzuda ayollar ko’ylagining old va ort bo’laklariga ishlov berilgan edi
«Ayollar ko’ylagi yoqa va yengiga ishlov berish. Old va ort bo’lak yelka, yon qirqimlarini biriktirib tikish»
O’tgan mavzuda ayollar ko’ylagining old va ort bo’laklariga ishlov berilgan edi. Old va ort bo’laklarini tayyor holatga keltirib qo’yilgandan so’ng ko’ylak yoqasiga ishlov beriladi. Ikki bo’lakdan iborat adip bilan yaxlit bichilgan ustki yoqaga yelimli qotirma yopishtiriladi, bo’laklari qirqimlar bilan biriktirib tikiladi. Ostki yoqa o’rta qirqimlari ham bir-biri bilan biriktirib tikib olinadi. Qaytarma manjetli yengni esa oldin manjeti tayyorlanib olinadi. Manjet yaxlit bo’lakdan iborat hollarda, o’ngini o’ngiga qo’yib yon tomoni biriktirib tikiladi. Choklari yorib dazmollanadi. Manjet o’ngiga ag’dariladi va ikki bukib dazmollanadi. Yeng qirqimlari biriktirib tikilib yo’rmalangandan so’ngra tayyor manjet qirqimlarini yeng uchi qirqimlariga to’g’ri keltirib, manjetni yengning teskarisiga qo’yib tikiladi, chok qirqimlari yo’rmalanadi. Chok haqini yeng tomonga bukib, biriktirma chokdan 0.1-0.2 sm kenglikda yengga bostirib tikiladi.
Tayyor holdagi old va ort bo’laklarini bir-birining ustiga o’ngini o’ngiga qilib ziylari tekislanib yelka va yon qirqimlari ko’klanadi. So’ngra biriktirib tikiladi. Yon qirqimini biriktirib tikishda old va ort bo’lak bel chiziqlariga qo’yilgan kertimlar bir-biriga to’g’rilanib to’g’nog’ich to’g’naladi va ko’klanadi. So’ngra to’g’nog’ich olib tashlanib mashinada biriktirib tikiladi.
Tavsiya etilgan ko’ylakni tikishda oldin old bo’lak relef qirqimlarini biriktirib tikiladi, chok haqi bir tomonga yotqizib dazmollanadi.
Old bo’lak relef chok haqi qirqimlari maxsus mashinada yo’rmalanadi. Modelga muvofiq old bo’lak o’ng tomonidan relef ziylaridan bezak bahyaqatori yuritiladi. Ko’ylak old bo’lagiga bezak uchun kiritilgan koketkani relef bo’laklari tikib tayyor qilingan old bo’lakka kertimlari asosida o’ngini-o’ngiga to’g’rilab to’g’nog’ich to’g’naladi va biriktirib tikiladi. Choklar koketka tomonga yotqizib dazmollanadi. Koketka chok haqining qirqimlari maxsus mashinada yo’rmalanadi. Old bo’lak o’ngiga ag’darilib koketka ziylaridan bezak bahyaqatori yuritiladi.
Ort o’rta bo’lak qirqimini shlitsa kertimigacha biriktirib tikiladi, choklar bir tomonga yotqizib dazmollanadi. Shlitsa qismiga yelimli qotirma namlangan mato yordamida dazmollanib yopishtiriladi. Shlitsa qismi qirqimlari alohida-alohida maxsus mashinada yo’rmalanadi. Orqa bo’lak relef qirqimlari, koketkasi old bo’lak relef qirqimlari koketkasi kabi tikiladi.