Biologiya darslarida interfaol metodlarning ahamiyati
BIOLOGIYA DARSLARIDA INTERFAOL METODLARNING AHAMIYATI. ANNOTATSIYA: ushbu maqolada biologiya darslarida interfaol metodlarning ahamiyati, qo’llash haqida yoritilgan.
KALIT SO’ZLAR: So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ulkan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilayotganligi barcha sohalarda malakali kadrlar va yetuk mutaxassislarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Bu o‘z-o‘zidan o‘quvchilarimizning darslarga qiziqish xususiyatini oshirish va o‘qituvchilarning har tomonlama ta’lim tarbiyaga e’tiborini kuchaytirishni talab etadi. Yuqoridagi talablarning ta’lim tizimi uchun juda muhim ekanligi, aksariyat xorijiy davlatlardagi kabi ta’lim va fan sohalari rivojlanishini baholash va monitoring qilish orqali ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ilg‘or tajribalarni sohaga jalb qilish kerakligini anglatadi.
Ma’lumki, ta’lim jarayoni oʻquvchilarning bilim olish, koʻnikma va
malakalarni egallash, ularning ilmiy dunyoqarashi, ijodiy izlanishlarini rivojlantirish maqsadiga yoʻgʻrilgan oʻqituvchi va oʻquvchilarning oʻzaro hamkorligi sanaladi, boshqacha aytganda, ta’lim mazmunining oʻqitish metodlari yordamida oʻzlashtirilishiga erishishdir. Metod soʻzi umumiy ma’noda muayyan maqsadga erishish usulidir. Oʻqitish metodlari tom ma’noda oʻqituvchining bilimlarni oʻquvchilar ongiga yetkazish va ayni paytda ularni oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirib olish usulidir.
Didaktikada oʻqitish metodlari quyidagi metodologik va nazariy qoidalarga asosan ta’riflanadi: oʻqitish metodi oʻqitish jarayonining oʻziga xos pedagogik sharoitda ob’ektiv reallikni bilish metodlarining ifodasi sanaladi, ya’ni oʻqitish metodlari yordamida oʻquvchilarning bilish faoliyati tashkil etiladi va boshqariladi.
Oʻqitish metodlari oʻquvchilarni oʻqitish, tarbiyalash va rivojlantirish maqsadida qoʻllaniladi. Bu ularning asosiy funksiyalari sanaladi, shuningdek, mazkur metodlarning undovchi, ragʻbatlantiruvchi, uyushtiruvchi va nazorat qiluvchi funksiyalari ham mavjud.
Oʻqitish metodlari yagona ta’lim jarayonining ikkita sub’ekti boʻlgan oʻqituvchining pedagogik va oʻquvchilarning oʻquv-bilish faoliyatini uygʻunlashtiruvchi, hamkorligini ta’minlovchi faoliyat usulidir.
Biologiyani oʻqitish davomida tanlangan oʻqitish metodlari biologik bilimlarni va koʻnikmalarni egallashni ta’minlashi kerak. Biologiyaning koʻpgina mavzulari amaliy xarakterda boʻlib, ularni faoliyat orqali hal qilishni talab qiladi. Oʻquvchilar diqqatini nazariy bilimlarni oʻrganishga va maqsadni arzirli natijalarni qoʻlga kiritishga qaratish kerak, shuningdek, oʻquvchilardan muhim nazariy bilimlarni egallash bilan bir qatorda oʻz ustida mustaqil ishlashlari ham zarurligi talab etiladi. Nazariy bilimlarni eshitib oʻrganish orqali egallash xotira uchun ma’lum qiyinchiliklarni tugʻdiradi va yana oʻz-oʻzini boshqarish jarayonini buzadi. Shu sababli, oʻz-oʻzini boshqarishni va dars davomida oʻqitishni oʻzida jamlagan oʻqitish metodlaridan foydalanish juda muhim. Amaliy metodlarni qoʻllashning ijobiy natijalari shundaki, ular oʻquvchilarni tanqidiy oʻylashga, rejalashtirishga, savollarga javob topishga, bahslashishga va yechim topishga ruhlantiradi. Dalaga sayohat va dala ishlari kabi dala mashgʻulotlari oʻquvchida amaliy va shaxsiy bilim koʻnikmalarini rivojlantiradi, fanga qiziqishini orttiradi. Dala mashgʻulotlari oʻquvchining tabiatni va atrof-muhitni kuzatishiga sharoit yaratadi, shuningdek, sinf xonasida egallagan bilimlarini sinashga, bilimlarini tajribada qoʻllashga imkon beradi, oʻquvchi bilimi va xulq-atvorida ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi1. Interfaol metodlar faol metodlarning zamonaviy koʻrinishi, deb ham qaraladi. Faol metod – oʻqituvchi va oʻquvchi oʻzaro hamkorligining shakli, bunda oʻquvchi passiv tinglovchi emas, balki oʻqituvchi bilan birday faollikka ega. Faol metodda oʻqituvchi-oʻquvchi munosabatlari demokratik koʻrinishda boʻladi. Agar oʻqituvchi oʻqitish jarayonida faol metodlarni qoʻllasa, oʻquvchi dars jarayoniga qiziqadi, uning faol ishtirokchisiga aylanadi. Oʻquvchi tayyor ma’lumotni eslab qolishidan koʻra, zarur boʻlgan xulosalarni mustaqil ravishda, bahs, fikrlash, amaliy tajriba orqali oʻzi chiqarsa, foydaliroq boʻladi. Bunday yoʻl bilan olingan bilimlar haqiqatan ham keyingi rivojlanishga asos va foyda boʻladi.