Birovning haqini yeyish - xiyonat
Hayotda o‘zgalarning haqiga tajovuz qiladigan, o‘zgalar molini o‘zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko‘zga uddaburon kishilar bo‘lib ko‘rinsa-da, nochor va bechora kishilar aynan o‘shalardir.
Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar.“Muflis (hech vaqosi yo‘q nochor) kim bilasizlarmi? Sahobalar: bizning oramizda biror narsasi, biror dirhami ham bo‘lmagan kishi muflisdir, deyishdi. Shunda Rasululloh mening ummatimdan haqiqiy nochorlar shunday kishilarki qiyomat kunida namoz, ro‘za, zakotlari bilan kelishadi, shu bilan birga, dunyo hayotida mana buni so‘kkan, yana birini ayblagan, boshqa birining molini yegan va yana boshqasining qonini oqizgan, yana birini nohaq urgan. Bas unday kishining yaxshi amallari qiyomat kunida ana u haqdoriga olib beriladi agar haqdorining har biriga haqlari olib berilgunga qadar yaxshi amallari tugab qolsa ularning xatolari olinib bunga yuklanadi so‘ngra do‘zaxga uloqtiriladi”, - dedilar.
Ha, haqiqiy nochorlar mana shu toifadagi kishilardir. Agar yaxshiligi bo‘lsa ham o‘zgalarini aldab, molini o‘zlashtirgani bois o‘sha yaxshiligidan ham mahrum bo‘luvchilardir.
Hayot taqozosi bilan insonlar doimo bir-birlari bilan turli xil moliyaviy muomala qilishga muhtojdirlar. Lekin bu aloqada maqsadni halol yo‘l bilan amalga oshirish, harom yo‘llardan va o‘zgalarni haq-huquqlariga hamda mol-mulklariga tajovuz qilmaslik shartdir.
Hayotda o‘zgalarning moliga ko‘z olaytirib, ularga xiyonat qilganlar qiyomatda Allohning huzurida hisob beradilar va albatta haqlar Alloh tarafidan o‘z egalariga olib beriladi. Dunyoda qilgan tajovuzlari, xiyonatlari ularga alamli azobning kelishiga sabab bo‘ladi. Qur'oni Karimning Niso surasida Alloh Taolo aytadi:
“Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq yo‘l bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, bundan mustasno”.
Birovni haqini yeyish ikki xil yo‘l bilan bo‘ladi: birinchisi – zulm orqali. Bunga zo‘rlik bilan tortib olish, xiyonat, o‘g‘irlik, talonchilik bilan yeyish kiradi. Ikkinchisi hazil – o‘yin orqali. Bunga qimor va turli ermaklar kiradi. Rasululloh yana aytadilar: “Kim qayerdan mol topayotganiga e'tibor bermasa, Alloh ham uni do‘zaxning qaysi eshigidan kirishiga e'tibor bermaydi”. Demak, har bir inson o‘zini bu ishlardan ehtiyot qilmog‘i lozim. Bugungi kunda tovlamachilik, o‘zgalar haqiga tajovuz qilishning bir qancha ko‘rinishlari ommalashgan.
Jumladan, tijoratda o‘z sherigiga xiyonat qilish, bozorlarda tarozidan urish yoki molni aybini berkitib sotish, qarz olib qaytarib bermaslik va hokazolar bu ishlar ayrim ibodatli kishilar, hatto ayrim hajga borganlarning orasida ham uchrayotganligi achchiq bo‘lsada haqiqat. Bu kabi ishlar oilalardan, jamiyatdan baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, insonlar orasida ishonchsizlik, adovatni paydo qiladi.
Payg‘ambarimiz: “Kim xiyonat qilsa u bizdan emas”, - deganlar. O‘z yaqinidan qarz olib turli yolg‘on bahonalar bilan qaytarib bermaslik, unga nisbatan zulm ekanligi ham hadisda bayon qilingan. Nasaiy qilgan rivoyatda: “Mening jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilib qatl qilinsa va yana tiriltirilib so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, to qarzini ado etmaguncha jannatga kirmas”, - deyiladi. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzini uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarz uzilsagina jannatga kiradi.
Ulamolarning fatvolarida quyidagi so‘zlar bor: “Boshqalarning haqini nohaq yeguvchilar sirasiga xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetim molini yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarz olib undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kiradi”.
O‘tmishda ajdodlarimiz birovning haqidan qattiq xazar qilishgan, o‘zganing haqini olish u yoqda tursin, o‘zlari bilmagan holda tasodifan kelib qolsa ham undan zudlik bilan qutilishgan. Mazhabboshimiz Imom A'zam (r.a)ning taqvolari, halolliklari, o‘zganing haqidan astoydil qochganlari tarixda ma'lum va mashhurdir. Bu zot savdogarlik bilan shug‘ullanib yurganlarida molning aybini aytishni unutib sotib yuborgani uchun savdogarchilikdagi o‘ttiz yillik sheriklari Hafs ibn Abdurahmon bilan sheriklikni uzganlar va o‘sha moldan kelgan daromadni hammasini sadaqa qilib yuborganlar.
Buni qarangki, ulug‘larimiz hatto shubha aralashgan moldan ham o‘zlarini shu qadar ehtiyot qilganlar. Islom dini insonning jonini qanchalik himoya qilgan bo‘lsa, uning molini ham shunchalik himoya qiladi. Ya'ni birovning joniga tajovuz qilish katta gunoh bo‘lganidek, uning moliga tajovuz qilish ham ulkan gunohdir. Firibgarlik qilib molni o‘zlashtirgan yoki qarz olib uni egasiga qaytarmayotgan kishilar yoki omonatga xiyonat qilganlar qiyomatda Allohning rahmatidan mahrum kishilardir. Demak, bunday ishlarni qilayotgan kishilar, avvalo, o‘zlariga o‘zlari zulm qilayotgan kishilardir. Shu o‘rinda kishi e'tibor qilishi lozim bo‘lgan muhim jihat bor.
Ma'lumki, mazkur yo‘l bilan topilgan ozuqa oilada farzandlarga olib boriladi, bunday ishlarda juda katta xatar bor. Ya'ni o‘g‘rilik,aldov yoki zo‘rlik bilan topilgan ozuqani yeb katta bo‘layotgan farzandlar kelajakda kim bo‘ladi? Bu ayni insonni o‘ylantiradigan masala.Ularning axloqi, tarbiyasi, fe'l-atvori qay holatda bo‘ladi?
Harom taomdan ulg‘aygan bola, albatta, buzuq, zulmkor, axloqsiz bo‘lib ulg‘ayadi. Unga hech qanday pandu nasihat, ta'lim – tarbiya kor qilmaydi. Chunki haromda shayton bor, harom luqma bilan birga bolaning taniga shaytoniy tabiat ham kirib, singib boradi. Bejizga Qur'oni Karim o‘rtadagi molni nahaqlik bilan, botil yo‘l bilan yeyishdan qaytarmagan. Bekorga oxirzamon Payg‘ambari Muhammad alayhissalom ummatlarini faqat halol rizq topishga, o‘zganing haqidan hazar qilishga chaqirmaganlar. Harom do‘zaxga eltadi, halol esa jannat kafolatidir.
Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim halol yeb-ichsa, sunnatga muvofiq amal qilsa,odamlarga zarar yetkazmasa, albatta, jannatga kiradi”, - deganlar. Birovning haqini yeyish harom ekani Qur'oni Karim va Sunnati Nabaviyada sobit bo‘lgan. Kim o‘zini bularga tolib sanasa haromdan xazar qilsin, o‘zganing haqiga tajovuz qilishdan tiyilsin. Shundagina islom ummatiga munosib solih insonlardan bo‘la oladi.Alloh Ta'olo barchamizni birovning haqidan xazar qiladigan halol va haromni farqlaydigan, insofli, diyonatli va taqvodor bandalardan aylasin!
Karmana tumani ”Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov