Boshqarishning samarali tizimini shakllantirish



Yüklə 36 Kb.
səhifə1/2
tarix20.11.2023
ölçüsü36 Kb.
#165801
  1   2
biznes tarkibini o\'zgartirish bo\'yicha qarorlar qabul qilishda boshqaruv


Reja:
Kirish

  1. Boshqarishning samarali tizimini shakllantirish

  2. Biznes tarkibini o‘zgartirish va samarali boshqaruv qarorlari qabul qilish

  3. Bozor munosabatlari sharoitida boshqaruvi samaradorligini oshirish

Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar

Bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida respublikamiz korxonalarida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish ya’ni biznes tarkibini o‘zgartirish (qayta tarkiblash) moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish hamda ularni taqsimlash imkonini beradi.


Ushbu tarkibiy o‘zgarishlarning asosiy maqsadi korxonaning tanlagan rivojlanish strategiyasiga muvofiq uning tashkiliy tuzilmasini mukammallashtirish, ishlab chiqarishni markazlash-magan holda boshqarishga erishish hisoblanadi.
Quyidagi holatlar korxonalarda qayta tarkiblash zaruratini yuzaga keltiradi:


  1. mablag‘larni qayta investitsiyalash, rivojlanishning uzoq muddatli dasturini amalga oshirish, ularning uzluksiz moliyalanishini ta’minlash;

  1. boshqarishning samarali tizimini shakllantirish;

  1. birgalikdagi faoliyatdan olinadigan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni qat’iy nazorat qilish;

  1. investitsiya loyihalari (biznes-rejalar)ni yagona standartlar asosida, xorijiy investorlar manfaatlari va tashqi omillar (inflyatsiya darajasi, soliq qonunchiligi, tarmoqning rivojlanish tamoyillari va h.k.)ni inobatga olgan holda rasmiylashtirish;

  1. investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha rejalarni korxona tomonidan bajarilishini joriy nazorat qilish, tezkor boshqaruv qarorlari qabul qilishda loyihalar borasidagi mavjud muammolar haqida rahbariyatga o‘z vaqtida xabar qilish;

  1. korxona moliyaviy-xo‘jalik holati va investitsiya loyihalari samaradorligi tahlili asosida investitsiya faoliyatining strategik rejasini ishlab chiqish;

  1. investitsiya loyihalarini moliyalash strategiyasini rejalashtirish. Bunda investitsiya loyihalariga mavjud moliyaviy resurslarni taqsimlash, ularni samaradorlik darajasiga qarab guruhlash talab etiladi;

  1. fond bozoriga mablag‘larni jalb etish uchun sharoitlar yaratish;

  1. qarzlarni qayta tarkiblash va ularni to‘lash borasidagi muammolarini hal etish.

Biznes tarkibini o‘zgartirish (qayta tarkiblash) bo‘yicha samarali boshqaruv qarorlari qabul qilish quyidagi ijobiy xususiyatlarga ega:



  1. bozor kon’yunkturasining o‘zgaruvchan talablariga muvofiq ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini tez muddatlarda o‘zgartirish;

  1. ishlab chiqarish quvvatlaridan optimal darajada foyda-lanish;

  1. aylanma mablag‘lar aylanishi tezligini ta’minlash va nazorat qilish imkoniyati;

  1. korxonaning ishlab chiqarish va boshqa bo‘linmalari o‘rtasida oqilona baho siyosati yuritilishigaerishish va h.k.

Shuningdek, biznes tarkibini o‘zgartirish natijasida ishlab chiqarish jarayoni va texnologiyasi, mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishni boshqarishda muhim o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu holat esa korxona moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Qayta tarkiblash jarayonida korxonani boshqarishning tashkiliy tizimi tahlil qilib chiqiladi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘limlari, sexlari bozorda talab mavjud bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtiriladi, samarali faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘limlar, ishlab chiqarish shohobchalari tugatiladi. Boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan qarzlar foydalanilmayotgan asbob-uskuna, jihozlar yoki binolarni sotish hisobiga qoplanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonini xomashyo va material, texnik vositalar bilan ta’minlovchi korxona yoki firmalar bilan o‘zaro iqtisodiy munosabatlar ham qayta ko‘rib chiqiladi. Shular qatorida qayta tarkiblashning boshqa chora-tadbirlari ham amalga oshiriladi.
Albatta, bunday usulni qo‘llash birinchidan korxonaning bozor talablaridan kelib chiqqan holda mahsulot ishlab chiqarishi, ikkinchidan xarajatlarni samarasiz yo‘naltirilayotgan qismini tejab qolish va korxonaning pirovard moliyaviy natijasini oshishiga olib keladi.
Qayta tarkiblash jarayoni zarar ko‘rib kelayotgan korxonalar ishlab chiqarishini tiklash yoki amaldagi ishlab chiqarishning samaradorligini oshirishga imkon berishini aniqlash uchun korxonaning so‘nggi yillardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarining holati va dinamikasi, ularga soliqqa tortish tizimining ta’sirini tahlil qilish zarur.
Bunda quyidagi ko‘rsatkichlardan foydalaniladi:

  1. faoliyat yakuniy natijalari (debitorlik va kreditorlik qarzlari tannarx, tushum, taqsimlanmaydigan foyda, rentabellik, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi, xodimlar soni, mehnatga haq to‘lash fondi);

  1. investitsiya va ish faolligining holati (o‘z va qarz mablag‘lari, zaxira va xarajatlarning aylanma mablag‘lar bilan ta’minlanganligi, zaxiralar va o‘z mablag‘larining aylanuvchanligi);

  1. likvidlilik va to‘lovga layoqatlilik (joriy likvidlilik, aylanma mablag‘lar bilan ta’minlanganlik koeffitsiyenti).

Korxona aktivlarini qayta tarkiblashda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:



  1. ishlab chiqarish rentabelligini ta’minlash;

  1. korxonada foydalanilmayotgan aktivlarni sotish va ijaraga berish, garovga berish hamda ro‘yxatdan chiqarish;

  1. tugallanmagan ishlab chiqarish, safarbar etilgan va boshqa mol-mulkni konservatsiyalash;

  1. yangi yuqori sifatli jihozlarni xarid qilish, ijaraga, lizingga olish;

  1. omborlardagi zaxiralarni kamaytirish, foydalanilmayotgan binolarni ijaraga berish;

  1. debitorlik qarzlari qaytarilishi ustidan nazorat qilishni kuchaytirish;

  1. moliyaviy qo‘yilmalarni sotish, garovga qo‘yish, ishonchli boshqaruvga topshirish.

Korxona passivlarini qayta tarkiblash (passivlarning tarkibi va asosiy unsurlari ya’ni ustav hamda zaxira kapitali, jamg‘arma fondi, ijtimoiy soha fondi, maqsadli moliyalash va tushumlar, taqsimlanmaydigan foyda, uzoq muddatli va qisqa muddatli qarz mablag‘lari, kreditorlik qarzlarini tahlil qilish) ham yuqoridagi tartibda amalga oshiriladi.
Ustav kapitali va kreditorlik qarzlarini qayta tarkiblash jarayoniga to‘xtalamiz. Faraz qilaylik, «A» korxonaning ustav kapitali «V» korxonanikiga qaraganda 6 marta ko‘p. Mazkur holatda «V» korxonaning ustav kapitalini qayta tarkiblash korxona mulkdorlari (aksiyadorlar) tarkibining o‘zgartirishni nazarda tutadi. Bu uning moliyaviy ahvolini yaxshilaydi, salohiyatli investorlarni topishga ko‘maklashadi.
Ushbu jarayonning kamchiligi shundaki, bunda korxona mulkdorlari ustav kapitalidagi o‘z ulushlarining qisqarishiga rozi bo‘lishga majbur. Ammo, mulkdorlar ustav kapitalidagi o‘z ulushini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni saqlab qolishlari mumkin. Ayni paytda ular qayta tarkiblash yo‘li bilan ustav kapitalini ma’lum darajada ko‘paytirishdan manfaatdordir, chunki korxona bankrotlikka uchraganda uning barcha majburiyatlari amalga oshirilganidan keyin qolgan mol-mulkni sotishdan mablag‘lar olish mumkin.
Korxonalar va xoldingning moliyaviy ahvoliga budjet hamda budjetdan tashqari fondlarga qarzlar bo‘yicha qayta tarkiblash samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Bankning qisqa muddatli kreditlarini uzoq muddatli qarzlarga qayta rasmiylashtirish maqsadga muvofiqdir.
Faraz qilaylik, «A» korxonadagi kreditorlik va debitorlik qarzlari «V» korxonadagiga qaraganda ikki marta ko‘p. Bunda mol yetkazib beruvchilar va boshqa kreditorlarga qarzlar bir necha usullar bilan qayta tarkiblanadi. Jumladan, bu holda mol yetkazib beruvchilarni korxona ustav kapitalida ishtirok etishga qiziqtirishi mumkin. Bunday holatda ustav kapitalini oshirish va aksiyalar (ulushlar va paylar)ning bir qismini mol yetkazib beruvchilarga sotish qarzlarni to‘lash imkonini beradi.
Qayta tarkiblash asosida mehnatga haq to‘lash bo‘yicha qarzdorlikni ham bartaraf etish imkoniyati mavjud. Bunda qarzni ishlab chiqarilgan mahsulot yoki korxonaning aksiyalari bilan qoplash mumkin. Ammo, buning uchun Nizomga muvofiq xodimlar va aksiyadorlarning roziligini olish talab etiladi.
Passivlar va aktivlarni qayta tarkiblash nafaqat o‘zaro uzviy bog‘langan, balki ular boshqaruv tizimini qayta tarkiblashning uzviy qismi hisoblanadi. Xususan, passivlarni qayta tarkiblash o‘z-o‘zidan aktivlarning qayta tarkiblanishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida boshqaruv tarkibiy tuzilmasini takomillashtirishni talab qiladi.
Qayta tarkiblash maqsadida boshqaruv tuzilmasi uchta yo‘nalishga ajratiladi:

  1. ishlab chiqarishni boshqarish;

  2. xodimlarni boshqarish;

  3. integratsion boshqaruv.

Ishlab chiqarishni samarali boshqarish korxonani rivojlantirish strategiyasiga mos kelishi lozim. Bu esa nafaqat ishlab chiqarishni qayta tarkiblash, balki oqilona kadrlar siyosatini amalga oshirish, moliya-iqtisodiy, marketing va yuridik bo‘linmalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, kadrlarning miqdoriy va sifat tarkibini yangilashga asoslanadi.
Qayta tarkiblashdan oldin ishlab chiqarishni tezkor va strategik boshqarishning tahlili hamda shu asosda boshqaruv qarorlarini qabul qilish amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarishni qayta tarkiblashdan maqsad - ishlab chiqarishni tayyorlanayotgan mahsulotlarga buyurtmalar bilan imkon darajada ta’minlash, ularni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun sharoitlar yaratib berish hisoblanadi. Shuningdek, bunda ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, kapital mablag‘lar tarkibini o‘zgartirish, boshqaruv tizimining qayta tashkil etilishini nazarda tutuvchi tovarlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ular sifatini oshirish istiqbollarini belgilash ham muhim masalalardan hisoblanadi.
Ishlab chiqarishni qayta tarkiblash to‘g‘risida boshqaruv qarorlari qabul qilishning zarurati ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulotning moliyaviy-iqtisodiy va marketing jihatdan tahlilini talab darajasida emasligi hisoblanadi. Marketing tadqiqotlari asosida joriy yilda va kelgusida qanday tovarlarni qancha miqdorda ishlab chiqarish va sotish imkoni mavjudligini aniqlash mumkin.
Qayta tarkiblash jarayonida korxonalarning asosiy ko‘rsatkichlarini tahlil qilish mahsulot ishlab chiqarishning eng foydali yo‘nalishlarini iqtisodiy jihatdan asoslab beradi. Bu ma’lumotlar asosida korxonada boshqaruv va ishlab chiqarish bo‘linmalarining yangi, samarali tarkibi shakllanadi. Qayta tarkiblashda rentabelli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaruvchi bo‘linmalardan tashqari bo‘linmalarni salbiy natijalar (zarur mutaxassislar shtatining qisqarishi, tushumning kamayishi va h.k.)ga olib kelishiga qaramasdan tugatishga to‘g‘ri keladi. Chunki, bu tadbir korxonani iqtisodiy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, ishlab chiqarishni qayta tarkiblashda quyidagilarga asoslanish zarur:

  1. uy-joy kommunal xo‘jaligi, kapital qurilish, yordamchi xo‘jaliklar kabi ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan bo‘linmalarni mustaqil xo‘jalik sub’ektlariga ajratish;

  1. rentabelli ishlab chiqarishni sho‘‘ba va tobe jamiyatlarga ajratish;

  1. tegishli xizmat turlarini sotish jarayonini boshqaruvchi bo‘linmalarga topshirish va h.k.

Bu holatlar korxona moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini xarajatlar va iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan tahlil etishni talab qiladi. Ishlab chiqarishni yuqori iqtisodiy samaradorligi va raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim omillaridan biri xodimlarning malakali kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishidir.
Ishlab chiqarishni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish uchun korxonani qayta tarkiblashning yalpi dasturini ishlab chiqiladi. Mazkur dastur tahliliy amallarning natijalarini sintezlash, ular asosida qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishish yo‘llari, usullari, shart-sharoitlarini aniqlash, bu boradagi zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Qayta tarkiblash dasturi maqsad va vazifalar, qayta tarkiblanayotgan korxonaning umumiy xususiyatlari, moliyaviy-iqtisodiy holatining tahlili, tovar bozorlari kon’yunkturasi va mahsulotlar assortimenti tahlili, boshqaruv tizimi, aktivlar va passivlarni qayta tarkiblash, qayta tarkiblash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning taqvim rejasi, moliyaviy reja, mas’ul ijrochilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, qayta tarkiblashning samaradorligi, xatarlarni baholash, kafolatlar, qayta tarkiblashni amalga oshirilishining nazorati kabi bo‘limlardan iborat bo‘ladi.
Qayta tarkiblashning yalpi dasturini ishlab chiqish va joriy etish korxonalarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularni rivojlanish strategiyasi va bozordagi xatti-harakatlari, shuningdek, ishlab chiqarish va marketingni rejalashtirishda hal etiladigan vazifalarni inobatga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
Dastur korxonani boshqarishning vakolatli organi tomonidan muhokama qilinadi va tasdiqlanadi. Ushbu organ tomonidan dasturning ijrochilari va rahbari tayinlanadi.
Dastur bajarilishining borishi haqida hisobotlar korxonaning boshqaruv organiga taqdim etiladi va zarur hollarda unga tegishli tuzatishlar kiritiladi. Dasturning amalga oshirilishi bo‘yicha ishlar tasdiqlangan moliyaviy rejaga muvofiq moliyalashtiriladi. Mazkur dastur korxonani qayta tarkiblash bo‘yicha tadbirlar taqvim rejasining bajarilishi bilan yakunlanadi.
Qayta tarkiblashning yalpi dasturi nafaqat iqtisodiy nochorlik holatiga tushib qolgan korxonalarga, balki samarali faoliyat ko‘rsatib turgan korxonalarga ham foydali bo‘lishi mumkin. Chunki, u oqilona boshqaruv qarorlari qabul qilish zaruratini asoslash, ishlab chiqarishni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilashga ko‘maklashadi. Dasturni amaliyotga joriy etish korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Korxonalarda biznes tarkibini o‘zgartirish bo‘yicha oqilona boshqaruv qarorlari qabul qilish boshqaruv tizimi samaradorligini tahlil qilishga bevosita bog‘liq.
Bozor munosabatlari sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar boshqaruvi samaradorligini oshirish mamlakat iqtisodiyotini istiqbolli rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Mazkur holatda korxonalarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ichki va tashqi omillar ta’sirida takomillashadi. Ular oldiga o‘z faoliyatlarini bozor tamoyillaridan kelib chiqqan holda tashkil etish talabi qo‘yiladi.
Bu kabi talablar korxonalarga xaridorlar ehtiyojlarini optimal darajada qondirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan hamda tashqi muhit o‘zgarishlariga moslashuvchan boshqaruv tizimini vujudga keltirishni taqozo etadi.
Ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashda boshqaruv samaradorligi alohida o‘rin egallaydi, chunki har bir iqtisodiy tizim va jarayon samarali boshqarishni talab qiladi. Iqtisodiyotning boshqarish samaradorligi deyilganda, avvalombor, boshqarish jarayonining natijaviyligi tushuniladi.
Agar korxona boshqaruv faoliyatining natijaviyligi xodimlar faoliyatining pirovard natijaviyligi bilan to‘g‘ri kelsa, boshqarishda murakkab, ko‘p qirrali ob’ektni baholash bo‘yicha to‘liq (umumiy) yoki shaklan samaradorlik yuzaga keladi.

Yüklə 36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin