KUYAR
Dilimda ishqim nihondir, aytay desam til kuyar
Sevgim oshkor etmayin deb, tilni tiysam dil kuyar
Sevgim izhor aylabon ul yorga yetmog'im gumon
Chunki bunday ko'yga tushgan ming bitta ko'ngil kuyar
Dardim dengizdir dilimda, sevgim misoli - sohil,
Toshsa sevgim g'arq bo'larmu, toshmasa sohil kuyar
Sevgi tarixin varaqlab izlasam imkon anga
Ne ajabkim, xonish aylab Mashrab-u Bedil kuyar
Xasta ko'nglim shod etay deb, sayr etarsam bog' aro
Nola aylab, turfa gullar ichra bir bulbul kuyar
Ahli oshiq ichra bormu yorga yetgan, deb edim
Nogahon bir mujda keldi, yo'q, hamma bir xil - kuyar.
Ey Diyor, sen ishqida yor kuymagin devonavor
Yo'qsa ahvoling ko'rib ul dilsiz-u g'ofil kuyar.
08. 07. 2018.
TOPMADI
Gulbog' aro telba bulbul kezdi giryon, topmadi,
Ming oh urib erta-yu kech boqdi har yon, topmadi.
Erta tongda ul boģ aro uchragan gul g'unchasin
To shom qadar tentirab izlardi har on, topmadi.
G'uncha ochilguncha mushtog'-u kutardi intizor
Neki bo'ldi, nogahon ko'z uzdi bir on... topmadi.
Balki bir kun ochilar, deb uzdimu o'zga qo'llar
Ey voh, balki, gulni undirmoqqa guldon topmadi!
Balki ģuncha ochilib òzga dillarni shod etar
Bulbul esa ģunchasin izlardi sarson, topmadi
Oshiq Diyor ko'nglida yor g'uncha yanglig' gul edi
Bulbul uchun gulni topmoq bo'ldi armon, topmadi
Ey muhabbat, senga yetmoq shunchalar mushkulmidi,
Gulbog' aro telba bulbul kezdi giryon, topmadi.
05. 07. 2018.
DARDIM OSHKOR AYLASAM
Dardim oshkor aylasam men, avvalo, sòz boshida
Telba bo'ldim, hamma gap ul Laylining ko'z-qoshida
Bir nigohi birla aylar mingta jonni mubtalo
Tanda jonni bog'labon ul ketdi bir qaroshida
Qarochig'lar misli gavhar, nur sochur yulduz kabi
Asragaylar tiģ kòtargan mingta askar toshida
Tim qaro, tor libos kiygan raqqosadir qoshlari
Aqlim oldi tebranib, bir noz etib o'ynoshida.
Ul qarochiq chaqnidan va raqqosa qosh raqsidan
Afsun bo'lib beixtiyor bot yiqildim qoshida
Ishva aylab, qosh qoqibon uchdi-ketti qush kabi
Ne sababdin aqlim oldi, ne xayol bor boshida?
Qay diyordin bo'lsa ham yor izlagay oshiq Diyor
Topsa, dilrozin olarmu, cho'ksa ham ko'z yoshida
06. 07. 2018.
SABAB
Tandagi ishq otashiga egmaqosh sumbul sabab
Sumbulni jondan sevarga sodda bu ko'ngil sabab
Sodda ko'ngil ishq bog'ida sayr etardi, nogahon
Turfa gullar ichra bir gul ko'rdi, bunga dil sabab
Chunki dil istardi har chog' shul bog' aro yayramoq
Yayramoq-ku, maylikuya, kul bo'di dil shul sabab.
Dilda yondi otashin ishq, tafti tanni kuydirur
Oshkor etdi dilda borin, bunga- nodon til sabab
Dilda borin bilsa hamki ne uchun roz aylamas
Ohlarim sezmoqqa, balki, ul ko'ngli g'ofil - sabab
Balki, sezgan dilda ishqim taftini ul dilrabo
Sevsa hamki qiynamoqqa - qiynoqqa moyil sabab
Ey dilozor, nozlaringdan dilda ishq lov-lov yonar,
Tandagi ishq otashiga egmaqosh sumbul sabab
07. 07. 2018.
RASHKIDAN
Dil bezordir dam-badam oqqan kõzimning ashkidan
Ashkim - ul yor zaxmidan, har dam qiluvchi rashkidan
Yor uchun qursam kõngilda muhtasham ishq qasrini
Ilğamasdan kechdimu yoki muhabbat kõshkidan
Hargiz atyar, õchdi qalbingdan muhabbat gulxani
Qalbim ozod aylabon, koshki kecholsam ishqidan
Sarvigulsan men uchun dunyoda tanho qomating
Mast etar-ku bõylaring, hushbõydir attor mushkidan
Husni tengsiz dilbarim, mislingni qaydan uchratay
Tengsizimsan, husni botuning chiroyli tashqidan
Oshiğingman ikki dunyo, sen-la baxtim bir butun
Senda kõrgan gõzallikni izlamasman boshqadan
Ey dilozor, rashklaringdan dil ozor chekdi chunon
Dil bezordir dam-badam oqqan kõzimning ashkidan
01. 08. 2018.
DIL UCHUN...
Dil uchun kòngil hamonki jon berib bejon erur
Jonima ul jon berarga noz etar janon erur
Anga ishqim har qachon yuksaltirib tog' aylasam
Bemalol beg'am yurur payhon etib jayron erur
Har qachon yorim tomonda yashnagay gulg'unchalar
Bir nazar solmas ekan yor, biz tomon vayron erur
Tong otar o'ylab visolin, kun botar - so'nmas ilinj
Kun bilan tun o'rtasida bu umr sarson erur
Shunchalar ozori kammi, rahmi kelmas bir qadar
Ohlarim g'amgin g'azaldir, to'plasam devon erur
Ey Diyor, qiynab ko'ngilni jon berarsan ne uchun-
Demangiz, bilmam, mudom jonim anga qurbon erur
Mubtalo aylab ko'ngilni o'ylamas aslo bu dil
Dil uchun ko'ngil hamonki jon berib bejon erur.
23. 09. 2018.
KO'ZLARING
Ixtiyorim tark etar boqqanda har on ko'zlaring
Go'yo manzilga yetar, ko'rganda mujgon, ko'zlaring
Hur edim, ishqdan judo, mag'rur edim lek nogaho
Bog'labon ipsiz go'yo mahf etdi maston ko'zlaring
Tunda ham o'ylab bedor, kunduzlari aylab xumor
Qumsagay, mushtog'-u zor ko'nglimga oshyon ko'zlaring
Ikki chashming qa'ridan topdim ulug'roq baridan
Ikki dunyo zaridan ortiqday ahyon ko'zlaring
Ko'zlaringni ko'rgan on dil shodlanar yayrab chunon
Mislini qilsam ayon gar - bog'i rizvon ko'zlaring
Kuylasa dil yoriga, maftun bo'lib dildoriga
Chin oshiq, Diyoriga, jon bersa janon ko'zlaring
Sen-la birga shod yashay, baxtingga baxtimni qo'shay
Aldasam qatlimga shay mujgoni - paykon ko'zlaring
06.12.2018
MEHRINGIZNI SEZDIM, ONA
Tunda zulmat cho'ksa qadri o'tar oyni
Suvsiz qurib bitsa qadr etar soyni
Afu eting men bemehr va beo'yni
Biroz muddat mehringizdan ayro bo'lib
Ayrolikda sezdim, ona, mehringizni
O'ylabmanki, do'stlar ichra qadrim baland
Do'st tutindim qo'lin tutgan har kim bilan
O'ynab-kuldim ikki kunlik "do'stim" bilan
Do'stlar emas ulfatlarga oshno bo'lib
Tanholikda sezdim, ona, mehringizni
Jonim tutib zebo saman qo'llariga
Mehrim poyandoz aylabon yo'llariga
Vaqtinchalik muhabbat hayollariga
Aldanib, chin mehr izlab, gado bo'lib,
Gadolikda sezdim, ona, mehringizni
Quyoshimsiz, siz borsizki olam yorug'
Mehringiz, ham qadringiz har nedan ulug'
Duoyingiz bilan har bir ishim qutlug'
Duoyingiz olmay baxtim qaro bo'lib
Qarolikda sezdim, ona, mehringizni
07.12.2018
SEVGI
Sevgi bu - ojizlik, oshiq tanida
Alanga olsa-yu lovullab yonsa,
Har sahar bir hayol bilan uyg'onsa,
Yor esa ishqini rad etganida
Sevgi bu - telbalik, garchi bilsa ham,
U uchun keraksiz, qadri yo'q zinhor
Har safar ko'ngliga bersa ham ozor
It kabi ortidan qolmaydi har dam
Sevgi - bu o'zgalik, tanang bir tomon,
Yor ishqi ko'yida zanjirband bo'lgan,
O'zicha vaslidan bahramand bo'lgan
Hayoling, o'ylaring yor bilan har on...
Vaholangki, sevgi ko'ngil tanlamas...
Vaholangki, sevgini dil tanlamas...
14.12.2018.
CHEGARA
Diyonatda chegara-imondan gumongacha
Xiyonatda chegara-yolg'ondan yolg'ongacha
Hayot asli ikki yo'l, biri o'ngdir biri so'l
Arosatda chegara-o'ngdan so'l tomongacha
Haqiqat va nohaqlik bahsin qilar har zamon
Adolatda chegara-mangu xush zamongacha
Mardlar tikar jonini yov kelsa Vatan uchun
Mudofotda chegara-qo'rg'ondan dushmangacha
Oshiq sevsa yorini, ma'shuqa undan ortiq,
Muhabbatda chegara-yerdan to osmongacha
Ey do'stlarim dunyoda haq yo'ldan adashmaylik
Haqiqatda chegara-imondan shaytongacha.
12.01.2019.
UCHRATMADIM (Laylisiz Majnun)
Dil bir yorga payvasta lek ul yorimni uchratmadim
Qaddi lola bo'y-bastidek gulyorimni uchratmadim
Bulbul kabi dil intizor, xonish qilib bog'lar kezar
Hushbo'y, ajib gullari bor gulzorimni uchratmadim
Qalbim yonib, bag'rim kuyar, ilohiy ishq hajrin tuyar
Jonim olib jondan suyar xunxorimni uchratmadim
Fursat yetib nasibi ro'z, taqdir aylarmu yuzma-yuz
Men esa izlarman hanuz, dildorimni uchratmadim
Majnun kabi oshiq Diyor Laylisini o'ylab bedor
Ko'ngil mudom aylar xumor, xummorimni uchratmadim
Jismimda jon yo'q xastadek, ruhim emasday aslidek
Dil bir yorga payvasta lek ul yorimni uchratmadim.
10.01.2019.
IQRORMAN
Seni sevish bo'lsa jinoyat
"Qilmishimga" mayli, iqrorman
Kerak emas o'zga inoyat
"Oliy jazo" ayla, tayyorman
O'zing qozi, guvoh ham o'zing,
Qoralovchi, panoh ham o'zing,
Muhabbatning qonuni ila
Hukm ayla, bir og'iz so'zing!
O'sha "mash'um" tungi bazmda
Shu "jinoyat ishga" qo'l urdim
Shundan buyon har nafasimda
Iqrorimga imkon qidirdim
O'sha tundan buyon har kecham
O'tmas seni hech o'ylamasdan
Unutmoqqa imkon bor biroq
Men esa bot sevardim "qastdan"
Loyiq ko'rsang "oliy jazoga"
Shavqat qilma, haq hukm ayla,
Seni sevgan qalbim umrbot
Ozodlikdan mahrum et, mayli!
08.01.2019
................................
Kim ekan u sirli dilrabo
Ko‘rganlarga aylarmish jafo
Kuydirarmush ishq olovida
Ko‘ngillarni u etib shaydo
Aylanarmish oshiqlar so‘ngsiz
Atrofida yutib alamlar
Axir uning chiroyi tengsiz,
Agar kulsa tark etar g'amlar
Ruxsoridan zehni ziyodmish
Ro‘yomisol mukammal malak
Rost ekan bu chin haqiqatmish
Ro‘shnolikdan bermasmish darak
Istar ko‘ngil uni ko‘rmoqlik
Iforidan bahra olmoqlik
Ishq hajrida dil g‘oyibona
Ipsiz bo‘lib qoldi bog‘loqlik
Menku husnin ko‘rmay shunchalar
Maftun bo‘ldimku g‘oyibona
Minglab oshiqlarchi qanchalar
Mast bo‘lgan ekan o‘zdan tona
Agar izlab topib sevgim bot
Aytib, izhor etsam dil yorga
Anglab chin sevgimni, iltifot
Aylarmikan oshiq Diyorga
SITORAM
Sening sirli so‘zlaring
Sog‘intirdi Sitoram
Samimiy suhbatlaring
Sevintirdi Sitoram
So‘zlaringning sehridan
Soatlardir soniya
Soniyalar so‘ngsizdir
Sensizlikda Sitora
Seni sog‘inganimda
Sur’atingni silayman
Siyratingning sirini
So‘ngsizlikdan so‘rayman
Sog‘inchim samosida
Sensizlikda suzarman
Sokinlikning sururin
Sensizlikda sezarman
Senchi, sevgim sinaysan
So‘zlarimdan sir sanab
So‘zlarim sof, sevgilim,
Senga sevgimdir serob
Sen sevgimni sinasang
Sinayvergin sevgilim
Sog‘inchli so‘zlarimni
Sanayvergin sevgilim
Sevgim sabrimga suyanch
Sabrim sog‘inchlarimga
Sog‘inchlarim sang sochar
Sensiz sevinchlarimga
Sensiz sanab soniya
So‘naymi sog‘inchingdan
Sevishingni sen sezdir
Sog‘ayay sevinchimdan
QALBIMGA KISHAN TAQQAN...
Qalbimga kishan taqqan husn-u jamolingmasmi?
Husn-u jamoling ko'rki ― bir dona xolingmasmi?
Nuqta kabi ul menging umrimni yakun aylab,
Yangi sahifa ochgan shul labda bolingmasmi?!
Xolingni nihon aylab, noz aylaganing chog'da
Rozingni ayon etgan ruxsori olingmasmi?
Ruxsori oling dilga ishq otashini soldi,
Shundan beri yondirgan har on xayolingmasmi?!
Vasling umidi birla sarson-u halak, har dam
Telba qilayozgan shul beparvo holingmasmi?
Ag'yorlara qilgaysan ming lutf-u takalluflar,
Bir menga nasib etgan zaxm-u zavolingmasmi?
Oshiq Diyor o'lgaydir ul otashi ishqingdan,
Dardimga davo tanho o'tlig' visolingmasmi?!...
05.05.2019.
Vazni: hazaji musammani bir rukn axrabi bir rukn solim;
Аfoyili: maf'uvlu mafo'iylun maf'uvlu mafo'iylun;
Paradigmasi: - - v / v - - - / - - v / v - - -.
JINOYAT
Sen qotilsan, gunohing og'ir,
Ozodlikda yuribsan kulib
Menga to'nkab ketgansan axir
Jinoyating bo'ynimga ilib
To'rt tomonim - hijron devori
Alam sirtmoqlari - bo'yinda
Sevgimizni o'ldirib qo'yding
Muhabbat atalmish o'yinda
Hech kim xabar topmasin deya
Qalbimning to'riga ko'mgandik
Men bir umr jim yurdimkuya,
Guvoh - yurakka ko'z yumgandik...
Men-ku ozod bo'larman, illo
Sotqin yurak urmaydi unda,
Ming o'tinib so'rayman, Olloh
Gunohidan kechgin, deb shunda...
09.05.2019.
JINOYAT
Men qotilman, gunohim og'ir,
Ozodlikda yuribman kulib.
Senga to'nkab ketganman, axir,
Jinoyatim... "Gunohkor" gulim.
To'rt tomoning ― hijron devori,
Alam sirtmoqlari bo'yningda.
Vafo nomli maydonda, yorim,
Muhabbatni otib qo'ydim-da ―
Hech kim xabar topmasin deya,
Yuragimning to'riga ko'mdim.
Bir umr jim yurardim-kuya,
Bu kun qalbim ko'zini ko'rdim.
Sen-ku ozod bo'larsan, illo,
Tanlar qayta tirilgan kunda.
Va o'tinib so'raysan: “Xudo,
Gunohidan kechgin!”, deb undab...
Biroz bo'lgin sen ham toshbag'ir,
Ta'na qilgin. Ketsang-chi kulib!
Senga to'nkab ketganman, axir,
Jinoyatim... "Gunohkor" gulim...
09.05.2019
KO'NGLIM
Yurakni tirnaydi qandaydir hadik
Olamni uyģotib bahor kelsada
Qishda biz qanchalar sovqotgan edik
Chidadik izğirin, bo'ron bòlsada...
Bahorni qanchalar ko'p kutgan edik
Sovuqda qurigan umidlarimning
Shoxlarin sindirib o't yoqar edik
Azob-u alamlar alangasida
Isinib bahorga intiqar edik
Bahorni qanchalar biz kutar edik...
Qaragin atrofga, unar nabobat
Bahorning isi bor mayin saboda
Biz kutgan onlar ham keldi nihoyat
Quyosh nur sochadi moviy samoda...
Bahorni qanchalar ko'p kutgandig-a
Hammaning qalbida bahor sururi,
Qutlashar muhabbat fasli keldi deb
Atrofda qushlarning chug'ur-chug'uri
O'zgacha zavq berar shodon kulgudek...
Bahorni qanchalar ko'p kutgan edik!
Nega jim yotasan bag'rim pinjida
Havodan bahra ol, atrofga qara,
Bo'ronlar chekingan, ochiq kun juda
Hadik-u horg'inlik, tark etsa zora
Bahorni intizor kutgandik juda
Muhabbat dardidan xastahol ko'nglim
Xiyonat zarbidan bemajol ko'nglim,
Quyoshning taftidan bahra ol ko'nglim
Qishda biz qanchalar ko'p sovuq yedik...
Bahorni qanchalar biz kutgan edik.
01.03.2019.
JANG
Besh oydirki sevgim qamalda
O'rab olgan g'urur lashkari
G'urur ustun kelar amalda
Ko'nglim yorib kirar ichkari
Sen o'shanda so'zlab yolg'on so'z,
Yuragimda ishqni uyg'otib
O'ldirishni buyurgansan o'z
G'ururimni safarbar etib
Sevgim ojiz emasdir ammo
G'olib kelar g'urur tobora.
Murosaga o'rin yo'q aslo,
Tugab borar sevgim madori
Madad berar shirin xotira
Kuch oladi cho'ng hayollardan
Ammo aql yo'l bermas sira
Gururimga bo'ysunib har dam
O'q uzadi kamondan - alam
Ishonchimni o'ldirdi gumon
Qayg'u bo'g'gan quvonchimni ham
Nafrat qilich solar beomon
Sevgi - ko'nglim uchun qilar jang
G'urur - o'lim uchun qilar jang
Ustun kelib, sevgimga g'urur
Qonli o'lim bilan solar chang
Qutqar uni bunday azobdan
Barchasiga o'zingsan chora.
Mayli, bormasang ham, uzoqdan
Sevishingga bersang ishora...
HAR OYLOQ KECHA
Oy mo'ltirar osmonda ma'yus
Quyosh kelar ufqdan oshib
Xayrlashmoq istamas, afsus
Fursat esa o'tmoqda shoshib
Shirin suhbat qurdik tonggacha
Shunday o'tar har oyloq kecha...
Tushunadi faqat u meni
Xasratlarim tinglaydi beun
Hayolida o'ylaydi neni
Ko'zlarimga boqqancha mahzun
Aytilmagan gaplar bor necha,
Shunday o'tar har oyloq kecha
Oy quyoshdan berkinib har tun
Men-la suhbat qurmoq istaydi
Netay, mening holim - o'sha kun,
Yorim esa, oyga o'xshaydi,
Mendan bezor, yor nega buncha?...
Shunday o'tar har oyloq kecha.
Aytgin qamar, tunning fonusi,
Nega faqat yurarsan tunda
Quyosh esa izlar kunduzi
Faryod chekib, joni halqumda...
So'roq qildim quyosh chiqquncha,
Shunday o'tar har oyloq kecha...
Tun - oshiqlar diydor imkoni
Balki quyosh anglamas buni
Sen sevgidan ko'ra hayoni
Ustun bilib, qiynading uni.
Oshiqlarga visol yo'q hech-a?...
Shunday o'tar har oyloq kecha.
Oy mo'ltirar osmonda ma'yus
Quyosh kelar ufqdan oshib
Xayrlashmoq istamas, afsus
Fursat esa o'tmoqda shoshib
Shirin suhbat qurdik tonggacha
Shunday o'tar har oyloq kecha...
22.05.2019.
AYNI DAM...
Salqin havo - shu damda
Dilgir navo - shu damda
Sendan ko'ra yolg'izlik
Dilga ravo shu damda
Qushlar sayrar chorbog'da
Ko'ngil yayrar goh-gohda
Bahor so'nggi ko'z yoshin
To'kmoq istar shu chog'da...
Bulutlarni paypaslab
Ovutmoq istar quyosh
Ammo bulut uvvoslab,
Ko'zdan aylar tarki yosh
Sendan xoli, qandaydir
She'r yozmoq istab bir on...
Ammo o'ylar undaydir
Zanjirbanddek, yo'q imkon.
Shodon damlar eslanar,
Xandon damlar eslanar,
Afsuski, beixtiyor
Armon, g'amlar eslanar
Salqin havo - shu damda
G'amgin navo - shu damda
Sendan qolgan bu darddan
Dil benavo shu damda.
17.05.2019.
XOTIRA
Undan qolgan xotira - bir lolazor
Lolazorki, unda ko'nglim arzi bor
Alvon gullar ichra dilga o't yoqqan
O'shal qizning menda bir dil qarzi bor
Lola terib berar edim mo'l-mo'llab
Hadya etgan evaziga bir bo'sa
Men-chi yana yuragimni qo'sh qo'llab
Tutganimda, oldi-yu lek u esa...
Yanog'imda labing izi chizilgan
Qulog'imda etar kulguying jarang,
Senga hadya qilish uchun uzilgan
Yuragimning joyi hanuz lolarang
Alvon lola, ol yonoqlar, qizil lab...
Lolazorda vujudim-la yonuvdim
Xotiramdan o'chmas sira, o'shanda
O'zimdan ham oldin uni tanuvdim
Undan qolgan xotira - bir lolazor
Lolazorki, unda ko'nglim arzi bor
Alvon gullar ichra dilga o't yoqqan
O'shal qizning menga bir dil qarzi bor...
----------------------------------------------
…
Yo'lga chiqdim yetmoq uchun osmon so'nggiga,
Izladimki, butun umr - to shu kungacha...
Sarhisobin qilib umrim so'nggi tongida
Angladimki, osmon eni - mendan mengacha...
…
Birxillikdan bezdi ko'hna bu ochun
Mudrab yotar, to'zib ketgan har yoni
Shamol kabi esma, jim bo'l, kerakmas.
Bo'ron bo'lib ag'darmasang dunyoni...
…
Yomonlardan bezor edi u, biroq
Ketolmasdi, ayro emas dunyosi..
Yashash uchun yomonlardan kuchliroq
Yomon bo'ldi u, nachora, ilojsiz.
…
Sovuq, qorli tog'man dema injilib,
Olisdagi ranggin bog'larga qara...
Qor-u yomg'ir agar senga yog'masa,
Biyobonlar qilar seni masxara.
Dostları ilə paylaş: |