https://telegram.me/e_kutubxona
1
Erix Mariya Remark
DUSHMAN
(hikoya)
Sinfdosh do‘stim leytenant Lyudvig Brayerdan Urushda o‘z ko‘zing bilan
ko‘rgan qaysi voqea xotirangdan o‘chmas bo‘lib saqlanib qolgan», deb
so‘raganimda undan Verden, Som yoki Flandriyadagi janglar haqida eshitaman
deb o‘ylagandim. Zotan, u bu frontlarning hammasida bo‘lgan, eng og‘ir
janglarda qatnashgan edi. Biroq u meni ajablantirib tamoman boshqa voqeani
so‘zlay boshladi.
«Xotiramga muhrlangan hodisalar ko‘p, ammo qalbimga sira o‘chmas bo‘lib
o‘rnashgan voqea bizni front ortiga, oldingi chiziqdan olis fransuz qishloqchasiga
jo‘natishganida boshlangan edi. Jangda biz juda qaltis joyda himoyani saqlab,
artilleriyaning tinimsiz o‘qlari ostida qolib ketdik, shu bois bizni frontdan ancha
uzoq joyga jo‘natishdi, chunki katta talafotlar bergandik, qaytadan kuch
to‘plashimiz kerak edi.
Avgustning nihoyatda yoqimli, qalbga rohat bag‘ishlaydigan kunlari edi. Injilda
tasvirlangandek, go‘zal yoz kunlari, xuddi bir paytlar Shampandagi yerto‘lalardan
birida o‘lja qilganimiz ko‘hna sharob kabi sarxush qilardi bizni. Ust-boshimizni
bitdan tozalab oldik: ba’zilarimizga yap-yangi ichkiyim tarqatishdi, boshqalar esa
ko‘ylaklarini qozonga solib, obdan qaynatdilar; hamma yerda ozodalik hukmron
ediki, buning fusunkor go‘zalligini kir-chirga botib yuradigan askargina teran his
qila oladi. Bolaligimda onam kattakon vannada cho‘miltirgach, kraxmallangan,
mazali shirinkulcha hidi taralib turgandek top-toza kiyimlarni kiydirgan osuda
kunlardagi kabi yoqimli his edi bu.
Askar bo‘lgach, tabiatga boshqalardan ko‘ra o‘zgacha ko‘z bilan qaraydi kishi.
O‘sha avgust kunlari shafqatsiz o‘lim yoqasidagi dahshatli turmush sharoitlarida
oyog‘imizga tushov bo‘lgan minglab taqiq va majburiyatlardan xalos bo‘ldik,
dam olish daqiqalari va soatlarida shunchaki hayotning o‘zi haqida, tirikligimizni,
to‘rt muchamiz butligini, borliqni ko‘ra olishimizni, nafas olayotganimizni va
erkinligimizni o‘ylab quvonchimiz ichimizga sig‘may ketdi.
Dostları ilə paylaş: |