O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALARI VAZIRLIGI
MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI
FALSAFA FANIDAN
Mustaqil ish 2 Bajardi: Norsafarov.O
Tekshirdi: Xudoyqulov. A
Mavzu: Rivojlanishning umumiy qonunlari va kategoriyalari.
Hissiy, empirik, nazariy, mantiqiy, intuitiv, bilish
darajalarining o‘zaro aloqasi va farqi.
Jamiyat taraqqiyotida tarixning mazmuni, yo‘nalishlari va
konsepsiyalari.
Ommaviy madaniyatning shakllanish tarixi va uning turlari:
aksilmadaniyat, submadaniyat, populyar madaniyat, ekran
madaniyati.
Insonni tushunishga dualizm va monizm nuqtai nazaridan
yondashuv.
Qadriyat tushunchasining ma’nosi va uning umumiy tavsifi.
Reja: 1. Rivojlanishning umumiy qonunlari va kategoriyalari.
2. Hissiy, empirik, nazariy, mantiqiy, intuitiv, bilish darajalarining o‘zaro aloqasi va farqi.
3. Jamiyat taraqqiyotida tarixning mazmuni, yo‘nalishlari va konsepsiyalari.
4.Ommaviy madaniyatning shakllanish tarixi va uning turlari: aksilmadaniyat, submadaniyat, populyar madaniyat, ekran madaniyati.
5.Insonni tushunishga dualizm va monizm nuqtai nazaridan yondashuv.
6.Qadriyat tushunchasining ma’nosi va uning umumiy tavsifi.
Rivojlanishning umumiy qonunlari va kategoriyalari.
Rivojlanish — tabiat va jamiyatdagi qonuniyatli oʻzgarish; bir sifat holatidan boshqasiga, eskidan yangiga oʻtish. Rivojlanish natijasida obyektning — tarkibi yoki strukturasining yangi sifat holati vujudga keladi. Rivojlanish tabiat, jamiyat va bilish tarixini tushuntirishning umumiy tamoyilidir. Rivojlanishning 2 shakli mavjud: obyektning sekin-asta sodir boʻluvchi miqdor oʻzgarishlari bilan bogʻliq evolyutsion rivojlanish va obyekt tuzilmasidagi sifat oʻzgarishlaridan iborat inqilobiy rvojlanish Evolyutsion rivojlanish jamiyatda bir tizimning asta-sekin, keskin portlashlarsiz bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini, inqilobiy rivojlanish esa keskin portlash yoʻli bilan bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini bildiradi. Evolyutsion rivojlanish jamiyatning yangi bosqichga uzluksiz va talafotlarsiz oʻtishiga imkon beradi. Bunday oʻtishda muayyan vaqt zarur boʻladi. Inqilobiy Rivojlanishda jamiyatning eski asosiy tayanch nuqtalari yoʻq qilinib, keskin sifatiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yangi jamiyatga oʻtishning evolyutsion rivojlanish yoʻlini tanladi. Bu yoʻl jamiyat aʼzolarining manfaatlariga zid kelmaydigan, muayyan vaqtni talab qiladigan va pirovardida samarali boʻladigan yoʻldir. Rivojlanishning progressiv, taraqqiyot turi (qarang Taraqqiyot) bilan regressiv, tanazzul turi (qarang Inqiroz) farqlanadi. Hozirgi zamon fanida rivojlanishning maxsus ilmiy nazariyasi ishlab chiqilmoqda, unda asosan, qaytariluvchi jarayonlarni qarab chiquvchi klassik tabiatshunoslikdan farq qilgan holda, nochiziqli, sakrashsimon oʻzgarishlar bayon qilinadi (yana qarang Miqdor oʻzgarishlariiing sifat oʻzgarishlariga oʻtishi qonuni, Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni, Inkorni inkor qonuni). Rivojlanishning umumiy qonunlari. Hodisalarni tavsiflashdan ularning mohiyatini anglab etishga o‘tish hodisalarda umumiy jihatlarni topishni talab etadi. Bunda vazifa turli hodisalar o‘rtasida umumiy jihatlarni topishdangina iborat emas. Hodisalarni birlashtiruvchi va ularning birligini belgilovchi asosni tushunib etish zarur. Bu asos – hodisalarni «biriktiruvchi» va ularni bir-biriga yo‘ldosh bo‘lish, uyg‘unlashish va muvofiqlashishga majbur qiluvchi amalda mavjud bo‘lgan barqaror aloqani aks ettiruvchi qonundir. Qonunlarni bilishga hodisalarni ilmiy o‘rganish natijasida erishiladi. Odatda, bu olimlarning tafakkurdan uzoq zahmat chekishni talab etuvchi juda og‘ir ishdir. Voqelikning biron-bir qonunini aniqlash uchun olim o‘rganilayotgan hodisalar haqidagi dastlabki ma’lumotlarning ko‘p sonli to‘plamlariga tayanishiga to‘g‘ri keladi. Bu ma’lumotlar shunday tartibga solinishi va umumlashtirilishi lozimki, hodisalarning mazkur sohasi asosiy elementlar va munosabatlarni farqlash imkonini beradigan tizim sifatida namoyon bo‘lsin. Shunday so‘ng elementlarning rang-barang munosabatlari orasida tizimning va tizim ayrim elementlarining har qanday o‘zgarishlarida saqlanib qoluvchi umumiy, o‘zgarmas, invariant aloqalarni aniqlash talab etiladi. Qonun – tizimning elementlari o‘rtasidagi umumiy va invariant aloqa. Ularning uchta turi mavjud. Voqelik qonunlari bizning ongimizdan, biz ularni bilish-bilmasligimizdan qat’iy nazar mavjud va amal qiladi. Fan qonunlari odamlar tomonidan anglab etilgan voqelik qonunlarining ongimizdagi in’ikosi hisoblanadi. Har bir fan voqelikning muayyan sohasini o‘z predmeti sifatida o‘rganar ekan, mazkur sohada amal qiluvchi qonunlarni aniqlaydi. Ilmiy nazariya bilan qamrab olingan soha qancha keng bo‘lsa, uning qonunlari shuncha umumiy bo‘ladi. Fanda qonunlarning umumiylik darajasiga ko‘ra murakkab ierarxiyasi mavjud. Umumiylik darajasi pastroq bo‘lgan qonunlar umumiyroq qonunlarning ayrim ko‘rinishlari sifatida amal qiladi va so‘nggi zikr etilgan qonunlardan ularning oqibatlari sifatida keltirib chiqariladi. Masalan, geometrik optikada yorug‘likning aks etish va sinish qonunlari elektromagnit to‘lqinlar tarqalishining umumiyroq qonunlaridan, ular esa, o‘z navbatida, elektromagnit maydoni nazariyasining yanada umumiyroq qonunlaridan kelib chiqadi. Har qanday qonun muayyan sharoitda amal qiladi. Qonun amal qilishining bazis va lokal sharoitlarini farqlash lozim. Bazis sharoitlar qatoriga qonunning amal qilish sohasini belgilovchi sharoitlar kiradi. Mazkur sharoitlardan tashqarida qonun amal qila olmaydi (ular yo‘q bo‘lgan taqdirda ularda amal qilayotgan tizim ham yo‘q bo‘ladi). Lokal sharoitlar qatoriga qonunning amal qilish sohasidagi sharoitlar kiradi .qonun bu sharoitlarning har qanday variatsiyasida o‘z kuchini saqlab qoladi, lekin ularning o‘zgarishlari qonunning amal qilish natijalarining o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi. Qonun lokal sharoitlarga nisbatan invariant, lekin u bazis sharoitlarga nisbatan invariant emas. Masalan, Arximed qonuni uchun suyuqlik va unga solingan jismning, og‘irlik kuchining mavjudligi bazis sharoitlar hisoblanadi. Bu sharoitlarga nisbatan Arximed qonuni noinvariantdir: ular mavjud bo‘lmasa, qonun amal qilmaydi. Bu erda suyuqlikning tarkibi va solishtirma og‘irligi, jismning fizik tuzilishi va shakli lokal sharoitlar hisoblanadi. Ularga nisbatan qonun invariantdir. Ammo uning amal qilishi turli natijalarda aks etishi mumkin: ayrim hollarda jism suvda suzadi, ayrim hollarda esa – u cho‘kib ketadi. Odamlar qonunlarning amal qilish sharoitlarini o‘zgartirib, ulardan o‘zlari istagan natijalarga erishish uchun foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. Yangi bazis sharoitlarni yaratish yo‘li bilan esa ular ayrim qonunlarning amal qilishini to‘xtatish va boshqa qonunlarni amalga kiritishga qodirlar. Hodisalarning muntazamligi, takroriyligida qonunlarning amal qilishi (shuningdek fenomenlogik qonun, empirik bog‘lanish) qonuniyat-deb ataladi. Qonuniyatlar – bu qonunlarning namoyon bo‘lishidir. Falsafa qonunlari tabiat va jamiyatda insonningsh ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan biri ikkinchisini taqozo qiluvchi qonunlardir. Falsafa qonunlari tizimida dialektik ziddiyatlilik qonuni markaziy o‘rinni egallaydi. Qonunning muhim jihatlarini aniqlash uchun uning asosiy kategoriyalarini ko‘rib chiqish kerak. Tahlilni qarama-qarshilik tushunchasidan boshlaymiz. Qarama-qarshiliklar birligi qonuni. Qarama-qarshilik – narsalar va hodisalardagi bir-birini taqozo qiluvchi va bir-birini istisno etuvchi tomonlar, xossalar, tendensiyalar, jarayonlarni aks ettiruvchi falsafiy kategoriya (assimilyasiya – dissimilyasiya, o‘zgaruvchanlik – tug‘malik, ishlab chiqarish – iste’mol qilish, yaxshilik – yomonlik va sh.k.). Qarama-qarshiliklar – o‘zaro bog‘lanishli bo‘lgan tushunchalar. Turli jihatlardan olingan taqdirda, ular o‘zaro birlikni tashkil etmaydi va bir-biriga zid bo‘lmasligi mumkin. Qarama-qarshiliklar o‘rtasida ikki xil munosabat mavjud: yagonalik munosabati va qarshi harakatga doir munosabat. (qonunning klassik ta’rifida «kurash» atamasi ishlatiladiki, u qonunning mohiyatini soddalashtiradi, chunki mazkur atama ko‘proq jamiyatga tegishlidir.) Qarama-qarshilik birligi nima? Birinchidan, qarama-qarshiliklar birligi – bu ularning uzviyligi. Har bir qarama-qarshilik boshqa bir qarama-qarshilikning mavjudlik sharti hisoblanadi. Ular alohida-alohida mavjud bo‘lishi mumkin emas (agar qarama-qarshiliklardan biri yo‘q bo‘lsa, ularning ikkinchisi ham yo‘q bo‘ladi). Ikkinchidan, qarama-qarshiliklar birligi ular bir-birini taqozo etgan va bir-biriga o‘tgan holdagina muayyan mazmun kasb etadi. Har qanday qaramaqarshilik o‘zida mavjud bo‘lmagan, lekin boshqa qarama-qarshilikda mavjud bo‘lgan jihatga muhtoj bo‘ladi. Ular bir-biri bilan o‘zaro ta’sirga kirishadi. Qarama-qarshiliklar bir-biriga ta’sir ko‘rsatish orqali bir-biriga o‘tadi. Bu qaramaqarshiliklar makonda bir-biridan ajratilgan, turli jinsli hodisalar sifatida mavjud bo‘lmasligini, ularning har biri o‘zida boshqasining muayyan jihatini mujassamlashtirishini anglatadi (masalan, o‘quv jarayoni o‘qituvchi va talablar mavjudligini nazarda tutadi). Qarama-qarshiliklarning qarshi harakat («kurash»)ga doir munosabati nima? Qarama-qarshiliklar bir-birini taqozo etar va rivojlanar ekan, biri boshqasiga «beparvo» bo‘lmaydi, balki bir-biriga o‘zaro ta’sir ko‘rsatadi. Ularning o‘rtasida qarshi harakat, kurash boradi. Uning mohiyati yagonalikka barham berishdan iborat. Qarama-qarshiliklarning har biri ikkinchisini o‘zidan itarib chiqaradi, undan xalos bo‘lishga harakat qiladi. Shunday qilib, qarama-qarshiliklar kurashi qarama-qarshiliklar bir-birini inkor etgan, bir-birini istisno qilgan holda yuz beradi. Qarama-qarshiliklar birligi narsaning barqarorligini aks ettiradi va nisbiy, o‘tkinchi hisoblanadi. Qarama-qarshiliklarning kurashi mutlaq xususiyat kasb etadi, u hech qachon to‘xtamaydi. Ziddiyatlar – narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarining bir-birini istisno etish va bir-biriga o‘tish munosabatlaridir. Ziddiyatlar borliqning barcha hodisalari va jarayonlariga xos bo‘lib, o‘zgarish va rivojlanishning manbai, harakatlantiruvchi kuchi sifatida amal qiladi. Ayni shu sababli ziddiyat dialektik ziddiyatlilik qonunining mohiyatini yoritib beruvchi bosh kategoriya hisoblanadi. Ziddiyat – bu qarama-qarshiliklar munosabatigina emas, balki ularning tarqalish jarayoni hamdir. Shu tufayli ham, Gegel g‘oyalariga asoslanib, ziddiyat tarqalishining quyidagi bosqichlari (fazalari) farqlanadi: ayniyat, tafovut, qaramaqarshilik, ziddiyat va asos (ya’ni ziddiyatning echilishi). Dialektik ziddiyat – bir-birini istisno etuvchi qarama-qarshiliklarning bilvosita birligidir. Qarama-qarshiliklar – ziddiyatlarning negizi, bog‘lovchi bo‘g‘inlar esa – ularni echish mexanizmidir. Quyidagi faktlar bog‘lovchi bo‘g‘inlar roli va qarama-qarshiliklar tushunchasiga misol bo‘lishi mumkin: Irsiyat va o‘zgaruvchanlik qutblarida nafaqat organizmning avvalgi holati, balki o‘zlashtirilgan yangi belgilari ham saqlanishini ta’minlovchi genetik kod bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda jamiyatning o‘ta boy va o‘ta qashshoq qatlamlari qarama-qarshiliklari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘rta sinf bajaradi. O‘rta sinf mamlakat aholisining aksariyat qismini tashkil etishi lozimligi, aks holda jamiyat holati doimo beqaror bo‘lishini Aristotel qadim zamonlardayoq qayd etgan edi. Zero, mayda mulkdorlar olgan daromadining bir qismini o‘z ishini rivojlantirishga yo‘naltiradi, bozor kon’yunkturasini o‘rganadi va unga juda tez moslashadi, bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan boyitadi. Yana bir misol – shaxs va jamiyat munosabatlari. Ma’lumki, shaxs va jamiyat qaramaqarshiliklar hisoblanadi, shaxs a’zo bo‘lgan ijtimoiy guruhlar ularning o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida amal qiladi. Bu va boshqa dalillar bilishda ichki qarama-qarshiliklar mavjudlgini ham, bog‘lovchi bo‘g‘inlarni ham hisobga olish muhim ekanligini ko‘rsatadi. XX asr 30-yillarining boshida ingliz fizigi Pol Dirak pozitronlar, ya’ni elektronlarga o‘xshash, lekin musbat zaryadga ega bo‘lgan zarralar mavjudligini bashorat qildi. Garchi olim o‘z nazariyasida biron-bir xato topmagan bo‘lsa-da, aksilzarralar mavjudligiga uning ishonchi yuq edi. Shunday qilib, qarama-qarshiliklar aloqasi va ziddiyatlarni echishning bir-biri bilan bilvosita bog‘liqligi umumiy xususiyat kasb etadi, aloqa usuli esa bog‘lanish xususiyati bilan belgilanadi. Bog‘lovchi bo‘g‘inlarning o‘zi ziddiyat qaramaqarshi a’zolari xossalarining uyg‘unligidan tashkil topadi. Ayniyat va tafovut. Predmetning rivojlanishi va ziddiyatlarning echilishi bir necha bosqichdan o‘tadi. Dastlabki bosqich – predmetning o‘z-o‘zi bilan nisbiy ayniylik holati. Tabiatda mutlaq ayniyat mavjud emas. Masalan, har bir organizm hatto oqsil molekulasining tuzilishi darajasida ham o‘ziga xos belgilarga egadir. Har qanday predmet hech qachon o‘z-o‘zi bilan ayniy bo‘lmaydi. Masalan, ko‘zguga kelar ekansiz, siz o‘z qiyofangizda hech qanday farq ko‘rmaysiz. O‘z do‘stingiz bilan oradan besh yil o‘tib uchrashgach, ikkalangiz ham: «U juda o‘zgarib ketibdi!», deb o‘ylasangiz kerak. Tafovut - avvalgi holatdan saqlanib qolgan xossalar ustunlik qilgani holda, ayni bir predmet xossalarining mos kelmasligidir. «Tafovut» - har xillik, o‘z-o‘ziga, boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga mos kelmaslik munosabati. Tafovut kuchli yoki ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Kuchli tafovut – predmetning o‘z-o‘zi bilan ziddiyatga kirishish omili. Bu qarama-qarshilik bosqichi bo‘lib, uning echilishi predmetning butunlay o‘zgarishiga olib keladi. Shunday qilib, ziddiyatlarning kuchayishi va o‘z echimini topishi rivojlanish manbai hisoblanadi. Rivojlanish manbai va rivojlanishni harakatlantiruvchi kuchni farqlash lozim. Rivojlanish manbai – ichki hodisa, predmetning ichki ziddiyatlaridir. Vaholanki, tashqi ziddiyat ham rivojlanishni harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi mumkin. Masalan, siz shamollab qoldingiz. Ayni holda tashqi muhit sizning holatingiz o‘zgarishini harakatlantiruvchi kuch bo‘ldi. Dialektik ziddiyat tarkibida asosiy tomon manfiy xususiyatga ega, chunki u mazkur ziddiyatni bartaraf etish, inkor qilishga qaratilgan. Musbat tomon mazkur ziddiyatni saqlashga qaratilgan. «Ayniyat» tushunchasi ziddiyat tarqalishining dastlabki bosqichini anglatadi. Bu bir xillik, narsa, hodisa, jihatning o‘z-o‘ziga yoki boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga o‘xshashlik munosabati. Ziddiyatning vujudga kelishi yagonaning ikkilanishi sifatida, yagonaning o‘z-o‘zini qarama-qarshiliklarga differensiatsiya qilishi sifatida yuz beradi. Ikkilanish chog‘ida bir vaqtning o‘zida ayni shu munosabatda qarama-qarshiliklar birligi ham, ularning kurashi ham vujudga keladi. Ziddiyatning shakllanish jarayonida qarama-qarshiliklar kurashi birinchi o‘ringa chiqadi va rivojlanishning ichki, teran manbaiga aylanadi. Ziddiyatning o‘zida qarama-qarshiliklar har xil rol o‘ynaydi. Faolroq, harakatchanroq qaramaqarshilik ziddiyatning etakchi tomoni hisoblanadi. Qarama-qarshiliklar kurashi oxir-oqibatda yangi sifat holatiga olib keladi. Paydo bo‘luvchi yangi hodisalar o‘zlariga xos bo‘lgan yangi ziddiyatlarga ega bo‘ladi. Bu ziddiyatlar mazkur hodisalar rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Ziddiyatlarning rivojlanish jarayoniga yanada chuqurroq kirish uchun ularning tarqalish bosqichlari (fazalari)dan tashqari, ularning holatlarini ham farqlash zarur. Predmetli-moddiy, «etilgan» ziddiyatning holati deganda qarama-qarshiliklarning amal qilish usuli, «birligi va kurashi»ning namoyon bo‘lish xususiyati tushuniladi. Ayni shu xususiyat bu qarama-qarshiliklarning rivojlanish xususiyati va faollik darajasini belgilaydi. Ziddiyatning rivojlanish jarayonida bosqichlarni yoki tarqalgan, «etilgan» ziddiyatni tavsiflovchi holatlarni ham farqlash mumkin. Ijtimoiy tizimlarga tatbiqan ziddiyatlarning rivojlanish bosqichlariga nisbatan bunday yondashuv ularning quyidagi holatlarini aniqlash imkonini beradi: garmoniya, disgarmoniya, konflikt. Shuni qayd etish muhimki, ziddiyatlar rivojlanayotgan har qanday tizimda mazkur tizim mavjudligining boshidan oxiriga qadar mavjud bo‘ladi. Holatlar, miqdor ko‘rsatkichlari, qarama-qarshiliklarning o‘zaro aloqasi xususiyati, ularning tizimdagi roligina o‘zgaradi.