Gipertoniya Gipertoniya kasalligi, birlamchi (essensial) arterial gipertoniya, idiopatik arterial gipertoniya — odamlarda koʻp uchraydigan (75% gacha) arterial qon bosimining oshishi. Sabablari: turli oʻtkir yoki surunkali ruhiy (emotsional) iztiroblar, irsiy yoki kasbiy omillar, ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik va b.
G.k. klinik kechishiga qarab ikki xil boʻladi: 1) sokin, uzoq muddat davom etadigan va 2) shiddatli, tez rivojlanadigan va qisqa vaqt ichida bosh miya, buyrak yetishmovchiligi hamda koʻrishning keskin pasayishiga olib keladigan shakl.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan 1978-yilda qabul qilingan G.k.ning tasnifi quyidagi bosqichlardan iborat:I bosqich qon bosimi oshishining koʻrsatkichi 140/90 mm simob ustunidan yuqori boʻlib (mas, 150—180/90-* 105) markaziy nerv sistemasi, yurak-tomir va buyrak sistemasining zararlanishi belgilarisiz kechadi, uzoq muddat davom etmaydi va bemor iztirobdan qutilgandan soʻng hamda qon bosimini tushiruvchi, tinchlantiruvchi dorilar ichilgandan va organizmga maʼlum muddat dam berilgandan keyin uning ahvoli yaxshilanadi va arterial bosim koʻrsatkichlari tez orada moʻʼtadillashadi.
II bosqichda arterial bosimning sistolik koʻrsatkichi 160–179 mm simob ustuniga, diastolik koʻrsatkich esa 100–109 mm simob ustuniga teng boʻlishi va undan ham yuqoriga koʻtarilishi mumkin. Bu bosqichda patologik oʻzgarish asosan yurakning chap qorinchasi gipertrofiyasi bilan belgilanadi, shuningdek, toʻr parda tomirlarining yoyilgan yoki fokal torayishi, mikroalbuminuriya, yaʼni siydikda oqsil moddasi va qon plazmasida keratinin konsentratsiyasining qisman oshishi (1,2—2,0 mg/dl) kuzatiladi. Ultratovush tekshiruvi yoki angiografiya (son arteriyalarida, aortada, yonbosh va son arteriyalarida oʻtkazilgan) orqali aterosklerotik oʻzgarishlar (pilakchalar)nianiqlash mumkin. Klinik shikoyatlari tez-tez bosh ogʻrishi, bosh aylanishi (gipertonik krizlar), yurak sohasida ogʻriq, noxushliklardan iborat.
III bosqichda bemorlarda qon bosimi koʻrsatkichlari yanada yuqori (sistolik-180—209 mm, diastolik esa 110–119 mm simob ustuniga teng va undan ham yuqori) va doimiy boʻladi. Bu bosqichning klinik manzarasi rang-barang boʻlib, nafaqat yurak-tomir sistemasida (stenokardiya, miokard infarqti), balki bosh miya qon tomirlarida ham patologik oʻzgarishlar (gemorragik insult, ensefalopatiya), buyrak yetishmovchiligi (nefroangioskleroz) hamda koʻz toʻr pardasiga qon quyilishi kuzatiladi. Bunday ogʻir asoratlar sodir boʻlgan paytlarda qon bosimi koʻrsatkichlari pasayishi, hatto normallashishi ham mumkin.
G.k.ga toʻgʻri tashxis qoʻyish bemorda ikkilamchi arterial gipertenziya sabablarini bartaraf etishga bogʻliq. G.k.ni davolash murakkab va uzoq, davom etadigan jarayon boʻlib, bemordan vrach koʻrsatmalarini qatʼiy bajarishni talab etadi. Avvalo bemor oʻzining hayot faoliyati, ovqatlanish, ishlash va dam olish rejimlarini oʻzgartirishi, mas, spirtli ichimlik ichish va chekishdan voz kechishi, shoʻr, yogʻliq ovqatlarni kam isteʼmol qilishi, semirishga yoʻl qoʻymasligi, kam suyuqlik ichishi, yengil jismoniy mashqlar qilishi: bir oz yurishi, sekin yugurishi (puls oʻlchab turiladi), changʻida yurishi, velotrenajordan foydalanishi, dam olish kunlarini unumli oʻtkazishi (shahardan chetga chiqish, toza havodan nafas olish, tiniqib uxlash), autotrening bilan shugʻullanish, turli asabiy-ruhiy his-hayajonlardan uzoqroq boʻlishga harakat qilishi kerak. Shuningdek, psixoterapiya, giperbarik oksigenatsiya, elektruyqu, akupunktura va massaj usullaridan foydalanish lozim.
Doridarmonlar bilan davolanish oilaviy vrach yoki kardiologning koʻrsatmasi asosida olib boriladi. Hoz. qon bosimini tushiradigan preparatlarning turlari va son-sanogʻi juda koʻp. Davolovchi vrach G.k.ning bosqichini hisobga olib, bir yoki bir necha gipotenziv preparatlarni bemor mizojini eʼtiborga olgan holda maʼlum muddatga tavsiya etadi va davo natijasini muntazam nazorat qilib boradi.
Ovqatlanish tartibi
To’g’ri ovqatlanish gipertoniyani muvaffaqiyatli davolashda muhim hisoblanadi. Avvalo, kundalik ratsiondan «yomon» xolesterin va ko’p miqdorda tuz saqlagan mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak. Ularga:
Yog’li go’sht;
Charvi;
Qovurilgan ovqatlar;
Dudlangan mahsulotlar;
Tuzlamalar kiradi.
Tandirdan uzilgan yangi non o’rniga bir-ikki kun turgan nonni iste’mol qilish foydalidir. Kundalik ratsionga servitamin, minerallarga boy bo’lgan va kasallikka qarshi kurashishga yordam beruvchi mahsulotlardan ko’proq kiritish kerak. Ularga:
Sabzavotlar;
Mevalar;
Rezavorlar;
Ko’katlar;
Sut mahsulotlari;
Parhezbop go’sht;
Loviya;
Guruch, grechka kabilar.