Ishlab chiqarish sanitariyasining umumiy tushuncha va tariflari. Ishlab chiqarish sanitariyasi – bu ishchilarga ta’sir etuvchi zararli omillarni bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy, gigienik va sanitar-texnik tadbirlar hamda vositalar tizimidir.
Ishlab chiqarish sanitariyasining asosiy vazifasi esa zararli moddalarning belgilangan ruxsat etilgan miqdori (REM) asosida sog‘lom va xavfsiz ish sharoitini yaratishdan iboratdir.
Ma’lumki, iqtisodiyot tarmoqlarining ayrim sohalarida ko‘pgina ishlar ochiq havoda o‘tkaziladi. Bunday holda ishchilarga meteorologik sharoitlar, ya’ni havoning harorati, namligi, bosim, qor, yomg‘ir, quyosh radiatsiyasi va boshqa shu kabi omillar katta ta’sir etadi. Ushbu omillar ikki xil yo‘l ya’ni, havo orqali yoki bevosita muloqatda bo‘lish orqali ta’sir etishi mumkin.
Havo orqali ta’sir etuvchi zararli omillarga ish joyining mikroiqlim holatini belgilovchi ko‘rsatkichlar miqdori, chang, gaz, shovqin, infra va ultratovushlar, yoritilganlik darajasi, elektromagnit maydon, infraqizil va ultrabinafsha nurlanishlar va boshqalarni misol qilishimiz mumkin.
Ikkinchi yo‘l, bevosita kontakt orqali ta’sir etuvchi omillarga esa har xil qattiq va suyuq zararli moddalar, titrash bilan ishlovchi asbob va moslamalar kiradi.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, ularni inson sog‘ligiga ta’sirini o‘rganish va bu ta’sirni bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqish muhim va zarurdir. Bu masala esa mehnat gigenasining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |