Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi



Yüklə 44 Kb.
tarix05.10.2023
ölçüsü44 Kb.
#152530
KICHIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIK MAMLAKATIMIZ IQTISODIYOTINING USTUVOR YO‘NALISHI


KICHIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIK MAMLAKATIMIZ IQTISODIYOTINING USTUVOR YO‘NALISHI

Jahon bankining keltirishicha, O‘zbekiston 2017 yilda raqobatbardosh va inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish bo‘yicha muhim islohotlar jarayonini boshladi. Asosiy islohotlar valyuta kursini liberallashtirish, import tariflarini pasaytirish, tanlangan tovar va xizmatlar narxlarini erkinlashtirish, monopoliyaga qarshi qo‘mitani tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Aytish o‘rinliki, ushbu dastlabki sa’y-harakatlar xususiy sektorni rivojlantirish, ko‘proq va yaxshi ish o‘rinlari yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.


Darhaqiqat, mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rib kelinayapti. Bunda an’anaga aylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan «ochiq muloqoti» o‘ziga xos o‘ringa ega.


Bo‘lib o‘tgan muloqot davomida davlatimiz rahbari tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildiki, bular tadbirkorlik rivoji va davlatimiz ravnaqida muhim ahamiyatga ega. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslar kichik biznesga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, o‘rta biznesni rivojlantirishga hissa qo‘shadi, yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirish imkoniyatini oshiradi, yuqori daromadli korxonalarni ko‘payishiga ko‘mak beradi. Soliq ma’murchiligini soddalashtirish va byurokratiyani yo‘q qilishga doir tashabbuslar esa tadbirkorlarga yangi marralarni zabt etishlari uchun zamin yaratadi.
Mana uch yildirki, ushbu muloqot o‘tkazilib kelinayapti. Bu davrda nafaqat davlatimiz, balki dunyo hamjamiyati ham pandemiya va geosiyosiy vaziyat tufayli global muammolar og‘ushida iqtisodiy noaniqliklar girdobida hayot kechirdi. Tan olib aytish kerak, dunyo hamjamiyatning oxirgi uch yildagi hayotiga xalqaro maydonda bo‘layotgan o‘zgarishlar kuchli ta’sir qilib, mamlakatlar iqtisodiyotiga, shu jumladan, milliy iqtisodiyotimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Yuzaga kelgan vaziyatda davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilgan islohotlar va strategik maqsadlarning amaliy ijrosi milliy iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlab, xalqimizning munosib hayot kechirishiga zamin yaratdi.
Xalqaro hayotdagi o‘zgarishlarni birinchi navbatda tadbirkorlar his qiladi, desak aslo mubolag‘a emas. Chunki, global darajada sodir bo‘layotgan turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilishi ular faoliyatiga katta ta’sir qiladi. Bundan tashqari hamkorlari faoliyat yuritayotgan mamlakatlar valyutasining qadrsizlanishi va global miqyosda inflyasiya darajasi yuqori bo‘lishi ham tadbirkorlar uchun muayyan qiyin vaziyatni keltirib chiqaradi.
Ochiq muloqot ushbu jihatlar atroflicha muhokama qilinib, galdagi ustuvor vazifalarni hal etishning aniq takliflari o‘rtaga tashlandi.
Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ochiq muloqot arafasida 2021 yilda 15 mingdan ortiq, 2022 yilda 12 mingdan ziyod, joriy yilda esa 6 ming ta murojaat kelib tushgan. Demak, muammolar yechimini topgan sari murojaatlar soni ham kamayib bormoqda.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar va muhim qarorlar qabul qilinishi natijasida o‘tgan so‘nggi bir yil davomida kichik tadbirkorlar soni 40 ming taga ko‘paydi va ularning umumiy soni 490 ming tani tashkil qilayapti. O‘rta tadbirkorlar soni esa 2 ming taga oshib, hozirda ularning soni 10 ming taga yetdi. Yirik korxonalar soni ham o‘tgan qisqa davrda 400 taga ko‘paydi. Endilikda ularning umumiy soni 1500 ta bo‘ldi.
Birgina, o‘tgan yilgi murojaatlardagi takliflar asosida biznes sub’ektlari mikro, kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘lindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratilib, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi. Natijada bu tumanlardagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda qariyb 1 trillion so‘mlik imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobidan 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi o‘tgan yilga nisbatan 1,5-2 barobar oshdi. Boshqacha aytganda, joriy yilning birinchi yarmida 7 trillion so‘mdan 11,5 trillion so‘mga ko‘paygan.
Agar dunyo tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida yirik korxonalar soni kamayib, kichik korxonalar soni keskin o‘sdi. Chunki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bozor iqtisodiyoti talablariga tezda moslashib, innovasiyalarni o‘zlashtirishda ilg‘or bo‘lib bormoqda. Bozor dinamikasi va o‘zgarishlariga bu tahlit moslashish tadbirkorlikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda.
So‘nggi yillarda kichik biznesning o‘sishi mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida ham o‘z aksini ko‘rsatayapti. Shu bois, mamlakatimizda rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayapti. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mahalliy ehtiyojlarni to‘liq qoplash va mahsulotlarni eksport qilishdagi ahamiyati hisobga olinib, mazkur sektorni rivojlantirish bo‘yicha strategiya va yo‘l xaritalari ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilayapti. Bu jarayonlarning barchasi iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohani isloh etish, erkin tadbirkorlik faoliyatini qaror toptirish borasidagi islohotlar mantiqiy izchillikda amalga oshirilib kelinayotir. Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish va uning huquqiy himoyasini ta’minlash borasida barcha zarur tashkiliy va huquqiy mexanizmlar yaratildi. Amalga oshirilayotgan islohotlar va chora-tadbirlar natijasida biznes muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik faoliyati iqtisodiy taraqqiyotimizni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayapti.
So‘nggi olti yilda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda huquqlarini himoya qilish sohasida jami 3 087 ta huquqiy hujjatlar, shu jumladan, 153 ta qonun qabul qilindi. Qabul qilingan qonunlar, Prezident farmonlari, qarorlari hamda Hukumat qarorlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olishning xabardor qilish tartibi joriy etildi, ularning moliya-xo‘jalik faoliyatini faqat soliq idoralari tekshirishi mumkinligi va tadbirkorlarga nisbatan har qanday sanksiyalar sud qaroriga binoan qo‘llanilishi, hisobot taqdim etishning barcha shakllari va turlari, tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuv va tekshirishlar soni keskin qisqartirildi. Xususan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar o‘tkazishga moratoriylarni belgilash amaliyoti joriy etildi.
2018 yil 1 sentyabrdan boshlab, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan rejali va nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunbuzilishi haqidagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida hamda “xavfni tahlil etish” tizimi asosida tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi belgilandi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yilishi belgilanib, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 16 ta nazorat funksiyalari bekor qilindi.
Albatta, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishida huquqiy asoslar bilan birga, uning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi ham muhim ahamiyatga ega. Muloqot davomida ma’lum qilindiki, biri biznes sub’ektlari loyihalarini moliyalashtirishga 10 foiz tadbirkor investisiya kiritsa, qolgan 90 foizini yangi tashkil etilgan “Biznesni rivojlantirish banki” hamda davlat tomonidan moliyaviy resurs yo‘naltiriladi. Bu tadbirkorlar uchun ulkan rag‘bat bo‘lib, o‘z tashabbuslarini amalga oshirish uchun keng maydon yaratadi.
Mamlakatimizda ishbilarmonlik va investisiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinayapti. Ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar natijasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning umumiy muddati deyarli 787 kundan 471 kungacha qisqartirildi, tadbirkorlik sohasida 132 ta lisenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi. Davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili bo‘yicha foydalanish tartibi joriy etildi, davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
Shuningdek, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishini ta’minlash maqsadida 2017 yilda har bir tuman (shahar)da davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Mazkur tizimni isloh qilish natijasida mavjud 750 dan ortiq davlat xizmatlaridan 172 tasi Markazlar, 308 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda «Lisenziya» axborot tizimi orqali interaktiv shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.Bugungi kunga qadar 207 ta markazlar hamda ularning 141 ta filiallari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga jami 32 mln. tadan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishing yangi shakllari joriy qilinishi natijasida 17 ta davlat xizmatini kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Markazlar orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishni joriy etish natijasida 200 dan ortiq tartib-taomillar qayta ko‘rib chiqilib, soddalashtirildi.
Alohida qayd etib o‘tish zarurki, mazkur yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar lisenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institusional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.
Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur huquqiy hujjat bilan 50 ta lisenziyalar, 124 ta ruxsat berish hujjatlari hamda 34 ta xabarnomalarning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi. Endilikda unda nazarda tutilmagan yangi tartib-taomillar turlarini joriy etish taqiqlanadi. Ya’ni, amalga oshirilishi uchun lisenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat va vakolatli organni xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlari ro‘yxatlari qonun bilan tasdiqlanadi hamda tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng ushbu ro‘yxatlarga kiritilmagan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy tartib-taomillardan o‘tishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan o‘tish qat’iy tartibda “Lisenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi. Ilk bor vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi. Bunda jismoniy va yuridik shaxslar xabarnoma yuborish orqali xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga muvofiq ekanliklarini tasdiqlaydi. Avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi hujjatlarni taqdim etish jarayonida ustuvor ravishda inson aralashuvisiz tekshiruvdan o‘tkaziladi Ma’lumot uchun eslatib o‘tamiz, xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat jumlasiga faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinishi talab etilmaydigan, biroq davlat tomonidan tartibga solinishi hamda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlarning hisobini yuritishni ta’minlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olish orqali amalga oshiriladigan faoliyat turlari kiradi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilib, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining 46 mingdan ziyod loyihalariga 15 trillion so‘mdan ortiq miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investisiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qarzlar hisobdan chiqarish “soliq amnistiyasi” amaliyoti qo‘llanildi. Koronavirus pandemiyasi davrida turizm, transport, farmasevtika va to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Misol uchun turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash, tashqi savdo operasiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llash to‘xtatildi.
Tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga kechiktirish taqdim etildi, muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta’minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qo‘llanilmadi. Kichik tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilindi.
Mikrofirma va kichik korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirildi, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asbob-uskunalar va butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari yuzasidan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun, agarda mazkur buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kundan ortiq bo‘lsa, moliyaviy jazo choralari qo‘llanilmasligi belgilandi.
Tadbirkorlik faoliyatining chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, uzumchilik oziq-ovqat va dorivor o‘simliklari yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berildi. Jumladan, faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari va Dorivor o‘simliklar ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanilishi belgilandi. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, uzumchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va kasanachilikni rivojlantirishning subsidiyalash tartibi belgilandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jami 565 mlrd so‘mlik qarzlari hisobdan chiqarilib, 19 435 nafar shaxsning tadbirkorlik faoliyati tiklandi. Pandemiya davrida tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytirilib, ularga 86 trln so‘m kredit, 33 trln so‘mlik imtiyozlar va boshqa turdagi ko‘maklar ko‘rsatildi. Mazkur choralar natijasida pandemiyadan zarar ko‘rgan 100 mingdan ziyod korxona o‘z faoliyatini tiklab oldi.
Bu kabi vaziyatlarda zudlik bilan va puxta o‘ylangan qarorlarning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etganini alohida qayd etish zarur. Aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarurati bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga vaqtinchalik imtiyozlarning berilishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. Shuning bilan birga, individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investisiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan imtiyozlar berildi. Imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlandi.
Mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangilangan Bosh qomusimizda ham mulk huquqini himoyalashga qaratilgan hayotiy normalar o‘rin oldi.
2018 yildan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalaridan foydalanish huquqini elektron auksion orqali sotib olish tartibi joriy qilinib, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faqat ma’lum holatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish vakolati qoldirilgan. Bunda, yer uchastkalarini auksionga chiqarishning maqsadga muvofiqligi masalasida mas’ul idoralar bilan kelishish jarayoni ham to‘liq “Yerlektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
2021 yilning ikkinchi yarmidan boshlab esa barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan sharoitni joriy etish maqsadida, hokimlarning tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkasini ajratish bo‘yicha vakolatlari to‘liq bekor qilinib, barcha yer uchastkalaridan foydalanish huquqini olish masalasi faqatgina elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etildi.
2022 yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘ziga ajratilgan yer uchastkalarni xususiylashtirish huquqi berildi, shuningdek, yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini elektron auksion orqali sotib olish imkoniyati taqdim etildi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy faolligi oshishi, soliq ma’murchiligida yangi instrumentlarning joriy etilishi va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish natijasida 2021 yilda soliq turlari bo‘yicha ham sezilarli ravishda o‘sish kuzatilib, 2020 yilga nisbatan foyda, qo‘shilgan qiymat solig‘i soliq tushumlari 1,3 baravarga, noruda qazilmalardan soliq va suv solig‘i tushumlari 1,4 baravarga, yer solig‘i 1,7 baravarga o‘sdi.
Yashirin ish o‘rinlarini legallashtirishga qaratilgan tadbirlar natijasi bilan daromad solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslar soni 502 mingtaga oshdi hamda o‘zini o‘zi ish bilan band qilish tizim orqali ro‘yxatga olinganlar soni 1,2 mln. tani tashkil etdi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 6,5 ming xotin-qizlarga davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 100 mlrd 341 mln so‘m kredit resurs mablag‘lari ajratib berildi.
Shu bilan bir qatorda, 2021 yilning o‘zida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil davomida 96 873 nafar xotin-qizlarga 1 trln 197 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 6,5 ming xotin-qizga Davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 100 milliard 341 million so‘m miqdorida kredit resurs mablag‘lari ajratib berildi.
2022 yil yakunlari bo‘yicha esa, 90 mingta yuridik va 96 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tijorat banklari tomonidan hududlardagi 54,9 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga 41,9 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish choralari ko‘rildi.
O‘tgan 2022 yildagi “ochiq muloqot”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish orqali bandligini ta’minlash orqali 121 ming 731 nafar yoshlarga 2 trln 894 mlrd so‘m kredit ajratildi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 103 mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, ular tomonidan 200 951 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, 233 ming nafardan ziyod xotin-qizlarga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 4,7 trln so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Umuman olganda mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda. Natijada o‘tgan bir yilda 55 mingdan ortiq biznes uchun mo‘ljallangan binolar barpo etildi, pul aylanmasini 1 million dollardan oshirgan tadbirkorlar soni 5 mingtaga ko‘payib, 26 mingtani tashkil etdi, eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetib, jami eksport hajmi 30 foizga ko‘paydi.
2023 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur huquqiy hujjatga asosan, mamlakatimizda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi. 2023-2024 yillarda dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard AQSh dollari miqdorida kredit ajratiladi. Bunda dasturga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun 2023 yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan tijorat banklariga 100 million AQSh dollari ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 200 million AQSh dollari miqdorida kreditlar jalb qilinadi. Kredit liniyasi mablag‘lari tijorat banklariga 10 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 foiz stavkada beriladi.
Mazkur jarayonda bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilishini alohida qayd etib o‘tish joiz. Jumladan, tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda 2025 yil 1 yanvargacha, tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari darajasidan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk va yer soliqlaridan imtiyoz beriladi.
Shuningdek, fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam darajasining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi. Tadbirkorlarga ayrim turdagi soliqlar hamda bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz bir yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari va yerga bo‘lgan huquqlarni auksion orqali sotib olganida, to‘lovlarni 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish borasida belgilangan ustuvor vazifalarga ham alohida e’tibor qaratib o‘tish lozim. Belgilab qo‘yildiki, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish), shuningdek, barcha soliq turlari bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish bir kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, tovarlar importida va tovarlar yoki xizmatlar realizasiyasida to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini bojxona va soliq organlarining hisob tizimlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi. Eng e’tiborlisi, bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yo‘lak” qoidalari amal qiladi.
Ko‘rilayotgan ushbu chora-tadbirlar hududlarning yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishga xizmat qilishi bilan birga, aholining bandligi hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishida ham muhim omildir. Bu zanjirning bir butun bo‘lishi iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Iqtisodiy o‘sish, o‘z navbatida, farovonlik olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, hamjihatlikda amalga oshirilayotgan islohotlar mavjud qiyinchiliklarga qaramay o‘z samarasini berib kelayapti. Kichik va o‘rta biznes, xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish, fuqarolarning daromadlari va farovon yashashini ta’minlashga alohida hissa qo‘shmoqda. Mazkur jarayonlarning muvaffaqiyati va yuqori samarali bo‘lishida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan islohotlar strategiyasining aniq va izchil amalga oshirilganligi mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yüklə 44 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin