Mavzu: “Bilish nazariyasi va uning kategoriyalari.”
Bajardi: Xalbayeva Y.
Guruh: 106 MT
Qabul qildi: Kunisheva N. Angren 2023 Mavzu: Bilish nazariyasi va uning kategoriyalari. Reja: Bilish nazariyasi, borliq va bilish rivojlanishining umumiy qonunlari haqidagi talimot.
Gnoseologiya (epistemologiya)ning mazmuni va mohiyati.
Bilish nazariyasi haqida mutafakkirlar fikri.
Insonning o‘zini qurshagan dunyoga bo‘lgan munosabatlaridan biri - bilishdir. Inson o‘z hayoti davomida faqat tashqi dunyoni, yani tabiat va jamiyatnigina bilib qolmasdan, balki o‘zini, o‘zining ruhiy-manaviy dunyosini ham bilib boradi.
Insonning dunyoni bilishini falsafa ham, boshqa hamma aniq fanlar ham o‘rganadi. Bunda aniq fanlar dunyoning turli tomonlarini, ularning qonuniyatlarini va xususiyatlarini o‘rgansa, falsafa esa inson bilishining eng umumiy tomonlarini, qonuniyatlarini va xususiyatlarini o‘rganadi va ochib beradi. Aristotel ko‘rsatishicha, alohida fanlar borliqning ayrim tomonlarini o‘rgansa, falsafiy bilish borliqning eng umumiy tomonlarini o‘z ichiga oladi. Falsafa keng ko‘lamdagi kategoriyalar, tushunchalar vositasi bilan butun g‘oyalarni sintezlashtiradi.
Bilish nazariyasi, borliq va bilish rivojlanishining umumiy qonunlari haqidagi talimot. Bilishning falsafiy nazariyasiga ko‘ra, bilish moddiy va manaviy borliqning inson miyasidagi muayyan maqsadga qaratilgan faol aks etishidir. Inson bilishining manbai esa ayni shu moddiy va manaviy borliq, ularni tashkil qilgan predmetlar, hodisalar va jarayonlardir. Bu predmetlar, hodisalar va jarayonlar insonga tasir qilib, uning miyasida aks etadi. Ular moddiy va manaviy borliqning inson miyasidagi subektiv obrazlari, ramzlari va belgilaridir. Bu jihatdan inson bilishi, avvalo, moddiy va manaviy borliqning xususiyatlariga va shu bilan birga, ularni faol inikos ettiruvchi inson miya mexanizmining rivojlangan darajasiga bog‘liqdir.
Bilish insonning tabiat, jamiyat va o‘zi to‘g‘risida bilimlar hosil qilishga qaratilgan aqliy, manaviy faoliyat turidir. Inson o‘zini qurshab turgan atrof-muhit to‘g‘risida bilim va tasavvurga ega bo‘lmay turib, faoliyatning biron-bir turi bilan muvaffaqiyatli shug‘ullana olmaydi. Bilishning mahsuli, natijasi ilm bo‘lib, har qanday kasb-korni egallash faqat ilm orqali ro‘y beradi. SHuningdek, bilish insongagina xos bo‘lgan manaviy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir.