Reja: 1. Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarini tashkil
etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi
Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalari boshqaruvining tashkiliy tuzilmalari
Yangi korxonani tashkil qilishda ta’sischilar tarkibi belgilanib, ta’sis hujjatlari, ya’ni korxona Nizomi, korxonani tashkil etish haqidagi ta’sischilar shartnomasi va boshqa me’yoriy hujjatlar ishlab chiqiladi. Shu bilan bir qatorda korxona rahbari va taftish komissiyasi raisini tayinlash haqida ishtirokchilar majlisining 1-sonli bayonnomasi rasmiylashtiriladi. So‘ngra bankda vaqtinchalik hisob raqami ochiladi. Bu hisob raqamiga korxona ro‘yxatdan o‘tgandan keyin 30 kun ichida Nizom kapitalining 50 foizi kelib tushishi lozim. Keyin korxona ta’sis etilgan joyidagi mahalliy hukumat idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tadi.
Birja, auditorlik firmalari va chet el sarmoyasiga ega bo‘lgan korxonalar esa O‘zbekistan Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tadi.
Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi vakolatli organlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ta’sischilarning arizasi;
notarial idoralari tomonidan tasdiqlangan ikki nusxadagi ta’sis hujjatlari (korxona Nizomi, korxonaning ta’sis shartnomasi);
korxona manzilini tasdiqlovchi hujjat;
davlat bojini to‘laganligi to‘g‘risida bankdan berilgan hujjat;
hokimiyatning vakolatli organlari tomonidan korxonaning nomlanishi to‘g‘risida berilgan guvohnoma;
muhr va tamg‘aning uch nusxadagi namunasi.
Yangi korxonani tashkil etishda qonun tomonidan belgilangan tartibning buzilishi yoki uning ta’sis hujjatlarining qonun talablariga mos kelmasligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etilishiga olib keladi.Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish sabablari asoslanmagan yoki korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan muddatlarda amalga oshirilmasa, sudga murojaat etish mumkin.
Korxona mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralariga zarur hujjatlarni ilova qilib, ariza topshirgan paytdan boshlab, uzog‘i bilan 7 ish kunidan 30 ish kunigacha bo‘lgan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Korxonaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi yagona davlat reyestriga kiritish uchun 10 kun muddat ichida Davlat statistika qo‘mitasiga xabar qilinadi. Korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan korxonaga: hokimiyatning korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi qaroridan ko‘chirma nusxasi, hokimiyat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tasdiqlangan korxona Nizomi hamda korxonaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi davlat orderi topshiriladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan va tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat etilgandan so‘ng korxona rahbariyati:
dumaloq muhr va tamg‘aga buyurtma berishi;
bankda hisobvarag‘i ochishi;
soliq inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazishi;
aholini ijtimoiy himoyalash fondidan ro‘yxatdan o‘tkazishi;
bandlik markazidan ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Dumaloq muhr va tamg‘ani tayyorlatishga buyurtma berishdan oldin korxona rahbari korxona joylashgan tumandagi ichki ishlar bo‘limiga, korxonaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi hokimiyat qaroridan ko‘chirma, hokimiyat tasdiqlagan ikki nusxadagi muhr va tamg‘a chizmalarini taqdim etishi kerak.
Ichki ishlar bo‘limi ruxsatni alohida xat ko‘rinishida beradi. Chizmalar esa kerakli yozuvlar bilan ma’qullanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
Bankda hisob raqami ochish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
hokimiyatning mahalliy kengashi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi qaroridan ko‘chirma yoki notarius tasdiqlagan ma’lumotnoma;
soliq organidan ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotnoma.
Shundan so‘ng bank muassasasi arizachiga hisob raqami ochadi, uning raqamini korxona Nizomining asl nusxasiga yozadi va bosh hisobchining imzosi qo‘yilib, bankning gerbli muhri bosiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin barcha tabdirkorlik sub’yektlari soliq organiga ro‘yxat (identifikatsiya) raqami olish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan vaqtdan e’tiboran 10 kun mobaynida murojaat qilishlari lozim.
Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami soliq to‘lovchilarga, yuridik shaxslarga soliq organi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirgan ma’lumotlar asosida beriladi.
Davlat soliq inspeksiyasida tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bir marta amalga oshiriladi va tadbirkorlik faoliyatini to‘xtashi munosabati bilangina bekor qilinadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari o‘z identifikatsiya raqamini O‘zbekistan Respublikasi Soliq Kodeksiga muvofiq qo‘llaniladigan barcha hujjatlarda ko‘rsatishi shart.
Yangi korxonani tashkil etishning yakunlovchi bosqichida ishtirokchilar o‘z omonatlarini to‘laligicha kiritadi (ro‘yxatdan o‘tgandan keyin bir yildan kechikmaslik kerak), bankda doimiy hisob raqamini ochadi, korxona tuman soliq inspeksiyasida ro‘yxatga olinadi, o‘zining dumaloq muhri va burchakli shtampiga ega bo‘ladi. Shu vaqtdan boshlab korxona mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Agar korxona aksiyadorlik jamiyati sifatida shakllanayotgan bo‘lsa, uning ta’sischilari aksiyalarni sotib olish uchun unga obuna bo‘lishi lozim. Aksiyalarni sotib olish uchun obuna ochiq bo‘lganda ta’sischilar kelajakda aksiyalarga obuna bo‘lish haqida xabarnoma chiqaradi. Xabarnomada aksiyadorlik jamiyatining predmeti, maqsadi va muddati, ta’sis majlisining vaqti, Nizom jamg‘armasining hajmi, aksiyalarning miqdori va turi, ularning qiymati, aksiyalarga yozilish muddati va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Aksiyaga obuna bo‘lganlar ta’sis majlisi bo‘lgan kuniga qadar aksiyalar qiymatining 30%ini kiritishi lozim. Agar aksiyalar ta’sischilar o‘rtasida bo‘linadigan bo‘lsa, badal miqdori 50%dan kam bo‘lmasligi lozim. Aksiyador barcha aksiyalarni aksiyadorlik jamiyatini ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng bir yildan kechiktirmasdan sotib olishi lozim.
Keyin ta’sis majlisi o‘tkaziladi. U quyidagi masalalarni hal etishi kerak:
aksiyalarga obuna tugagandan so‘ng nizom jamg‘armasi miqdorini aniqlash;
aksiyadorlik jamiyati boshqaruv organini saylash;
jamiyatnin faoliyat yo‘nalishlarini belgilash va boshqalar.
Ta’sis majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan keyin yangi tashkil qilingan aksiyadorlik jamiyati ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan jamiyat o‘z faoliyatini yuritishga kirishadi.
2009 yilda ham tadbirkorlarning o‘z ishini tashkil etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarini qisqartirish ishlari davom ettirildi. Masalan:
arxitektura-rejalashtirish topshiriq to‘plamlarini olish qiymati – 4 barobar;
kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish qiymati – 2 barobarga pasaytirildi.
Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi ruxsat berish jarayonlarining qisqartirilishi va to‘lovlarning optimallashtirilishi bilan bog‘liq tadbirlar natijalarini quyidagi jadval orqali yaqqolroq ko‘rish mumkin
2. Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalari boshqaruvining tashkiliy tuzilmalari
Har bir tarkibda rasmiy va norasmiy aloqalar mavjud. Rasmiy aloqalar, avvalo, vertikal aloqalardir. Ular rahbarlikning va bo‘ysunishning turiga ko‘ra, bir-biridan farq qiladi.
Agar rahbarlik to‘laqonli bo‘lib, quyi organ quyi faoliyatga doir barcha masalalarga daxldor bo‘lsa, u holda bu xildagi aloqa chiziqli rasmiy aloqa deb ataladi.
Agar rahbarlik cheklangan bo‘lib, quyi organ faoliyatiga doir masalalarga daxldor bo‘lsa, u holda bu xildagi aloqa funsional rasmiy aloqa deb ataladi.
Organlar o‘rtasida vertikal aloqadan tashqari gorizontal aloqalar ham mavjud bo‘lib, ular muvofiqlashtirish, uyg‘unlashtirish va hamkorlik qilish tarzidagi aloqalardir.
Boshqaruv tarkibida rasmiy aloqalar asosiy o‘rinni egallaydi.
Lekin norasmiy aloqalar ham muhim ahamiyatga egadir.
Ba’zan ular tashkilotning ishini yo‘lga qo‘yishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Norasmiy aloqalar turli xil bo‘lishi mumkin. Bular jumlasiga korxonadagi qarindoshlik aloqalari, unda tarkib topgan umumiy manfaatlar, masalan, kasblar, qiziqishlar, sport bilan
shug‘ullanish yoki do‘stona munosabatlar kiradi.
Norasmiy aloqalarga ham e’tibor berish kerak. Chunki:
norasmiy aloqalar rasmiy tarkibning barcha bo‘g‘inlari bilan bog‘langan bo‘ladi;
qator munosabatlar ishdan tashqarida paydo bo‘ladi va korxona-ning barcha ishiga ta’sir ko‘rsatadi;
norasmiy tizim o‘zining ko‘pgina ko‘rsatkichlari bo‘yicha korxo-na faoliyatining samarali tashkil qilinishiga imkon beradi.
Ammo norasmiy aloqalarning salbiy jihatlari ham yo‘q emas. Ehtiyotkorlik, sezgirlik yo‘q bo‘lgan joyda guruhbozlik, mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik va shunga o‘xshash ko‘rinishlar paydo bo‘lishi mumkin.